Hayotdan rozi bo‘lib yashash baxti

Bu dunyodan rozi va xotirjam bo‘lib yashash, ertangi kunga ishonch bilan qarash, menimcha, har bitta inson hayotining asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Zero, hamisha ertangi kundan umidvor bo‘lib mehnat qilamiz, yashaymiz. O‘tmishda qanchadan-qancha ota-bobolarimiz shunday umidlar bilan yashab, mehnat qilishgan, Vatanning buyuk imoratiga bittagina bo‘lsada, g‘isht qo‘yishga urinishgan. Nadomatlar bo‘lsinki, o‘tgan necha asrlar davomida ularning niyat va orzulari sarob bo‘lib qolaverdi.

 

Ming shukurki, istiqlolning o‘tgan davri mobaynida xalqimiz bir qadar qaddini ko‘tarib, dunyoga yuzlandi. Bugungi kunga kelib esa davlatimiz va jamiyatimiz rivojlanish va taraqqiyotning yangi bosqichiga jadal qadam qo‘ydi. Ayni paytda yurtimizda bo‘layotgan har bir o‘zgarish va yangilanishlarda hammamiz buni ko‘rib, chuqur his etib turibmiz. Eng muhimi va quvonchlisi, bu yangilanishlar hech bir yurtdoshimizni befarq qoldirmayapti. Negaki, shu Vatan fuqarosi, shu millat farzandi sifatida har birimiz jonajon O‘zbekistonimizning yanada gullab-yashnashi, obod bo‘lishi, jahondagi taraqqiy topgan davlatlardan hech bir jihatdan kam bo‘lmasligidan manfaatdormiz. 

Joriy yil 7 fevralda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmon ham mana shu yo‘ldagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat Vatanimiz taraqqiyotining istiqboldagi 5 yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarining aniq-tiniq belgilab bergani bilan g‘oyatda qimmatlidir, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Harakatlar strategiyasining qamrovi juda keng bo‘lib, unda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalari o‘z aksini topgan. Xususan, Farmonda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi – davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani taraqqiy ettirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish borasida aniq, hayotiy islohotlar, ularni amalga oshirishning mexanizmlari belgilab berilgan. Mazkur sa’y-harakatlarning amalga oshishi shak-shubhasiz, mamlakatimizda islohotlar samaradorligini tubdan yuksaltirish, davlat va jamiyatni jadal rivojlantirishga shart-sharoitlar yaratish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek ulug‘vor maqsadlarga xizmat qiladi. 

Aytish kerakki, Harakatlar strategiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan keng jamoatchilik, ishbilarmon doiralar, davlat organlari vakillarining uchrashuvlari, xalq bilan muloqotlar chog‘ida bildirilgan mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning dolzarb va muhim masalalari o‘rin oldi. Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu hujjatda qayd etilgan maqsad va vazifalar ertangi kunga katta umid va ishonch bilan boqayotgan har bir yurtdoshimizning taqdiri va hayoti bilan chambarchas bog‘liqdir. 

Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, kelgusi besh yil mobaynida yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqqan holda, har bir yil bo‘yicha Davlat dasturlari qabul qilinishini e’tiborga olgan holda amalga oshiriladi. Uning dastlabki yo‘nalishi “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlandi. Bu jarayonda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi sifatini tubdan yaxshilash, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutiladi. Bugungi kun talabidan kelib chiqsak, xalq bilan muloqotning eng qulay vositasi “Elektron hukumat” tizimi hisoblanadi. Joriy yilda bu yo‘nalishda ham keng ko‘lamli ishlarning amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Harakatlar strategiyasida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va demokratlashtirish, davlat xizmati tizimini takomillashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, davlat boshqaruvi sohasida zamonaviy mutaxassis kadrlar tayyorlash va ularning kasb malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Ko‘ppartiyaviylik tizimining joriy etilishi tufayli fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biriga aylangan siyosiy partiyalar orqali xalqimizning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki yanada kengayib borayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Bunga ayniqsa, o‘tgan yili 4 dekabrda mamlakat prezidentligiga o‘tkazilgan saylovlarda yana bir karra amin bo‘ldik. Endilikda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishning bosqichma-bosqich jarayonlarida siyosiy partiyalarga katta vakolatlar hamda imkoniyatlar berilayotgani fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim o‘ringa ega bo‘ldi.  

Ma’lumki, demokratik tamoyillarning mustahkamlash va fuqarolik jamiyatining shakllantirish jarayonlarida sud hokimiyati alohida o‘rin tutadi. Sir emaski, xalqimiz sudni adolat va haqiqatni qaror toptiruvchi najot dargohi deb biladi. Keyingi yillarda fuqarolik va jinoyatchilikka oid ko‘pgina sudlov ishlarining turli instantsiyalarda oylab, yillab cho‘zilishi kishilarda sud-huquq organlariga nisbatan ishonchsizlik paydo qildi. 

Davlat dasturida esa qonun ustuvorligini va sudning chinakam mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, qarorlar qabul qilishda sudlar mustaqilligini ta’minlashi kerak bo‘lgan Oliy sud kengashini tuzish, professional sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bunday chora-tadbirlar sudlarning odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan himoyalanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshiradi.  Shu ma’noda protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirish, quyi instantsiya sudlarining kamchiliklarini mustaqil bartaraf etish va uzil-kesil qaror qabul qilish yuzasidan yuqori sud instantsiyalarining vakolatlari kengaytirilishi sohada sezilarli siljishlarga olib keladi. 

Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda ijtimoiy sohani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bunda esa shubhasiz, aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini saqlash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, mamlakatimizning olis hududlarini ham elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi nufuzini oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’limni sifat jihatdan yanada yaxshilash borasida bir qator chora-tadbirlar belgilangan. 

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyov joylarda bo‘lganida, xususan, Surxondaryo viloyatiga tashrifida ko‘p sohalar qatorida, ijtimoiy sohaga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur viloyatning bir qancha tumanlarida yaqin kelgusida yirik meva-sabzavotni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar, issiqxonalar va chorvachilik komplekslari ishga tushirilishi munosabati bilan ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Asosiysi, bunday istiqbolli loyihalar respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda. 

Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilganidek, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, har tomonlama sog‘lom oilalarni qaror toptirish alohida ahamiyatga ega. Bu masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar Davlatimiz rahbarining soha xodimlari bilan har bir uchrashuvida takror va takror muhokama etilib, tegishli yechimlar qabul qilinmoqda. Harakatlar strategiyasi tibbiyot sohasini izchil rivojlantirish, soha xodimlarining kasb malakasi va mas’uliyatini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. 

Ushbu hujjatda yoshi ulug‘ insonlar, keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari ham alohida qayd etilganligi tahsinga loyiqdir. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash yuzasidan ustuvor vazifalar belgilangan. Qishloq hududlarida arzon uy-joylar, suv va gaz ta’minoti quvurlari, bugungi talablarga mos zamonaviy yo‘llar qurish ham Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyatini yaqqol ifodalab turibdi. Hech shubha yo‘qki, mazkur islohotlar, yangilanishlar xalqimizning hayotdan qoniqib, rozi bo‘lib yashashiga, uning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytdigan bo‘lsak, har birimiz bugungi shiddatli zamon talabini his etmasdan, eskicha ishlashga aslo haqimiz yo‘q. Zero, qabul qilingan Harakatlar strategiyasi ham xalqimiz yuksak orzu-umidlarini ro‘yobga chiqishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.  

 

           Abdumajid AZIMOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.