HALOVATNI ISHDAN TOPGANLAR...

O‘ngirlarda izg‘irin kezib, etni junjiktiradi. Qushlar chug‘uridan uyg‘onayotgan osmon erinibgina qabog‘ini ko‘taradi. Dunyo yangidan ko‘z ochib, tong oqara boshlaydi. Ochilboy akaning sahar-mardondan yo‘lga otlanganini ko‘rgan ayoli gap qotadi:

 

— Qish chillasidayam so‘pi azon aytmay dalagami? Choy-poy ichib, keyinroq borsangiz-chi?!

 — Sen choyingni tayyorlayver, ungacha bitiradigan ishlarim bor.

— Yig‘im-terim paytimidiki, alag‘da bo‘lasiz?..

Ochilboy aka har bir fursat g‘animat ekanini aytib o‘tirmaydi. Yigirma yildan oshibdiki, u uchun qishu yoz deyarli birday. O‘ziyam tinmaydi, oila a’zolariyu qo‘l ostidagilarni ham tindirmaydi. Hayot harakat, qarama-qarshiliklar kurashidan iborat, boqibeg‘amlik qilib o‘tiraversang, shunga o‘rganib qolasan, deydi sal-pal oqsayotganlarni ko‘rsa...

BUNDAY QAHRAMON BIZGA HAM KERAK

Ha, Farg‘ona viloyati Furqat tumani Qashqaqum qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fermer Ochilboy Begmatov haqida so‘z yurityapmiz. Uni yaxshi biladiganlar umr yo‘llari tekis bo‘lmagan, ammo amalga oshirgan ezgu ishlariga tan bermaslik noinsoflik bo‘lardi, deydi. Avvaliga Ochilboy aka haqida tumandagi 30-sonli maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Zubayda opa Ro‘ziqulovadan eshitdik. 

– Biz ham gazeta-jurnal varaqlab turamiz, birda arziydigan, birda ko‘ngil to‘lmaydigan kishilar haqida yozasizlar. Shunday paytda Ochilboy aka ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi. Tuman aholisiga beminnat yordam ko‘rsatayotgan, bog‘chamizgayam bir necha marta ko‘mak bergan bu insonni nafaqat viloyat, respublika gazetalariga olib chiqsa arziydi. O‘zini o‘zi reklama qilib, chopib yuradiganlar toifasidan bo‘lmagani bois ham uni ko‘pchilik bilmaydi, – deydi opa. – Bankdan kredit olmay, o‘zi sarmoya yig‘ib, tashlandiq yerlarni o‘zlashtirdi, hozir to‘rtta fermer xo‘jaligini boshqarib kelyapti. 

Tabiiyki, bunday qahramon bizgayam kerak. Shunday qilib, Furqat tumani tomon yo‘l oldik. Qishloqdoshlaridan u haqda biroz surishtirdik. Hudud aholisi undan minnatdor, kam ta’minlangan oilalarning to‘y-hashami bormi, ta’mirtalab hovli-joyi bormi, qay biriga sigir-buzoq, mol-hol kerak – shu kishi zimmasiga olib kelayotgan ekan. O‘zi xushfe’l, samimiy inson, deya iliq gaplar aytishdi. 

Kutilmagan mehmonlarni ko‘rib, Ochil aka quvonchini yashirmadi. Maqsadimizni aytganimizda, kamtarlik bilan o‘z hayot yo‘li, mehnat faoliyati haqida hikoya qilib berishga rozi bo‘ldi.

 

YERNING HAM JONI BOR

1947 yilda tavallud topgan Ochilboy akaning yoshligidan dala ishlariga mehri o‘zgacha ekan. Fermerlikka yo‘l ochib berilgan dastlabki yillardayoq u shu sohada o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi. 1995 yilda “Odil-F” fermer xo‘jaligini tashkil etdi. Kasbi iqtisodchi bo‘lgani bois xomcho‘tda adashmadi, rejalari, hisob-kitobi o‘zini oqladi. Shartnoma rejalar bajarilgach, unga qo‘shimcha yer berildi. Bir paytlar shirkat xo‘jaliklari suv chiqara olmagan tashlandiq, changalzor yerlarni o‘zlashtirishning o‘zi bo‘lmadi, albatta. Ushbu maydonni suv bilan ta’minlash, ekin ekish uchun yaroqli holga keltirguncha uch yil mashaqqat chekdi. O‘sha 2000 yillari ish oldinga siljimay qiynalgan kezlari oila a’zolarining qistovi bilan bu yerni tashlab ketmoqchi ham bo‘ldi. Ammo g‘ururi ustunlik qilib, sabr-matonat bir kuni mevasini berishiga ishondi. Nihoyat, nasos yordamisiz suvni teskari usulda olib o‘tib, dala maydonlarida sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘ydi. Shu tariqa “Tajriba” fermer xo‘jaligiga asos soldi.

Ochilboy aka endi hech qanday qiyinchilikdan cho‘chimasdi, negaki, dastlabki urinishdan nafaqat ko‘ngli to‘ldi, balki yer o‘zlashtirishning hadisini oldi, matonat belida belbog‘ bo‘lib, kuch berib turdi. Bir paytlar har gektaridan bor-yo‘g‘i 10-12 tsentnerdan hosil olingan, o‘nlab fermer xo‘jaliklari uddalay olmay, tashlab ketgan 50-60 gektar sho‘rxok, yantoqzor yerlar ham uning tajribasiyu ko‘magiga muhtoj edi. Kattalar uning bu yerlarni ekin maydoniga aylantira olishiga unchalik ishonmadi. Chunki chorva mutaxassislarining fikricha, bu yerlarda chorvachilik faoliyatini yurgizishning ham imkoni yo‘qdek edi. Ana shunday murakkab sharoitdagi yer maydonlarida astoydil mehnat qilib, ekin ekib o‘stirishga erishdi. Oziqli yer oqsatmas, deganlaridek endilikda Ochilboy aka ushbu maydonning o‘zidan 25-30 tsentnergacha hosil olib kelayotir. 

Abjir, tinib-tinchimas qahramonimiz bu bilan qanoatlanib qolmay, o‘tgan yili optimallashtirish doirasida “Davlatjon Ochilov” va “Qashqaqum” fermer xo‘jaliklarini tashkil etdi va jami ekin maydonini 268 gektarga yetkazdi. 

— “Yerini aldagan o‘zini aldar”, deydi xalqimiz. Bu ko‘p sinovlardan o‘tgan haqiqat. Yerning ham joni bor, aldamaslik kerak. Joni bo‘lmaganda bizga shuncha ne’matni yetishtirib berarmidi?! Faqat unga jon kirgizishni bilishimiz lozim, o‘z vaqtida ishlov berish, o‘g‘itlash zarur. Ota-bobolarimizni ham yer boqqan, shu bois bugun naqlga, hikmatga aylangan gaplarni aytib ketishgan. Yerni boqmagan yerga boqadi, deyishadi. Ozgina qiyinchilikdan qochgan odam oxir-oqibat yer chizib qoladi-da, – deydi Ochilboy aka suhbatimiz asnosida. – Mana, hozir qishning qorli-qirovli kunlarida ariq, zovurlarni tozalash, dalalarga mahalliy o‘g‘itlar chiqarish ishlari bilan bandmiz. Tajribamdan so‘z ochishni so‘rayapsiz. Yaxob suvi bilan yerning sho‘rini yuvishda men marza olib ortiqcha xarajat qilmayman. Bu ishni jo‘yaklarga suv oqizish yo‘li bilan amalga oshiraman. Joriy yilda ham yuqori hosil olib, yuzimiz yorug‘ bo‘lsa, maqsadimiz shu-da.

Darvoqe, omborxonalarni ko‘zdan kechirayotib, Ochilboy akaning 60 tonna sulfat ammoniy, 50 tonna karbamid, 50 tonna superfosfat mineral o‘g‘itlarini zaxirada ushlab turganiga guvoh bo‘ldik. Ishning ko‘zini biladigan odam, deb shundaylarni aytsang arziydi. Nafaqat ishni, nuktadonlikni ham eplaydigan bu odamning gaplari xotiramizni titkilab, quyidagi maqolni yodga soladi: yerni yer qilsang, u seni sher qiladi. Haq gap, mana, fermerlarning sheri bo‘lib yurgan qahramonimizning hayot yo‘li buning tasdig‘i-ku!

Ayni paytda u boshqarayotgan xo‘jalikda 30 nafar doimiy, 50 nafar ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritadigan xodim bor. 

– Qo‘l ostingdagilarning terisi qotmasdan turib maoshini to‘lash farz, – deydi Ochilboy aka shu haqdagi savolimizga javoban. – Rahbar o‘z xodimidan ishni talab qilishdan avval kerakli sharoitni yaratib berishi zarur. Yig‘im-terim mavsumida yotoqqa kelgan hasharchilar uchun ikkita dala shiyponi qurib, u yerda ham zaruratini muhayyo qilib qo‘ydik.

Ishbilarmon fermerning qishloq xo‘jaligi texnikalari ham yetarli. Ikkita TZ-28, bitta MTZ-80, ikkita TTZ-100 traktorlari, ikkita “Klass-Dominator” kombayni, bitta “Orion-630” seyalkasi, ikkita aylanma plug, bitta “Klass” haydov traktori, bitta “Press podborshik”, “KPD” silos tayyorlash uskunasi, uchta kultivator, bitta “DT-75” buldozeri va boshqalar shay holga keltirib qo‘yilgan. Ikkita “Damas” va bitta “Matiz” avtomashinalari ham xo‘jalik a’zolari ixtiyorida.

 

SINOVLARDA TOBLANDI QADDIM

Quvonch va qayg‘u yonma-yon yuradi, deb bejiz aytishmagan ekan. Ochilboy akani ham qayg‘u chetlab o‘tmadi. Ayni qarovsiz yerlarni o‘zlashtirishga kirishilgan yillari (1999) bir muddat yotib qoldi. Shifokorlar infarktni boshdan kechirganini aytishdi. Bir ko‘zining ko‘rish qobiliyati ham pasaydi. Bunga uzoq yillik tinimsiz mehnat ham hissa qo‘shgandir, balki. O‘tgan yili o‘ng oyog‘idan ham ajraldi. Shunday qilish zarurligini aytishganda, yuragi bir qalqib tushdi, ammo o‘zini qo‘lga oldi. Har narsada bir hikmat bor, deya ko‘ndi. Hayotning ana shunday qattiq zarbalariga dosh berdiyu tushkunlikka tushmadi. To‘rt muchasi sog‘ odamday yana ishini davom ettiraverdi.

Ochilboy aka bilan uzoq yildan buyon yonma-yon yurgan xo‘jalik mexanigi Yusufjon Aliqulovdan u haqida so‘raganimizda: 

– Bu odam haqiqatparvar, samimiy, atrofdagilarga mehribon, ammo nohaqlikni ko‘rsa chidab turolmaydi. Ishini boshlagan yillari uni Fermerlar kengashiga rahbar qilib saylashgan edi. O‘sha paytlar ikkita fermerning yerini olib qo‘ymoqchi bo‘lib, tuman sudiga berishdi, shunda Ochilboy aka viloyat sudiga ishonchnoma bilan borib, fermerlarning haq-huquqlarini tiklab berdi. Tuman aholisining bu insondan minnatdorligi bekorga emas, – deya javob qildi.

 

HAR TO‘KISDA BIR AYB

Ochilboy aka ko‘p tarmoqli tadbirkor. Chorvachilik sohasini ham besh qo‘lday biladi. Mana, natijalarni ko‘ring-u o‘zingiz baho bering. Dastlabki yillari sakkiz bosh buzoq, to‘qqiz bosh qo‘y bilan chorvaga qo‘r tashlagan qahramonimizni xudo yorlaqab, ishini o‘ngladi. Hozirgi kunda mayda shoxli mol 300 boshni, sigir-buzoqlar esa 200 boshni tashkil etib turibdi. Afsuski, har to‘kisda bir ayb bor. Chorvachilikni kengaytirish maqsadida molxona qurish uchun yer maydoni so‘rab qilingan murojaati ancha vaqtdan buyon javobsiz qolib kelmoqda.

Halovatni ishdan topgan bu inson yetti gektar maydonga sun’iy ko‘l tashkil etib, baliq urchitishni davom ettirayotganiga ham guvoh bo‘ldik. To‘g‘ri-da, baliq yetti xazinaning biri-ku! Qolaversa, ushbu mahsulotning inson salomatligi uchun nihoyatda muhimligini hisobga olsak, buyam ezgu ishning doyasi. Bundan tashqari, Ochilboy fermerning uch sotix yerdagi issiqxonasida limon yetishtirilyapti, kelgusida o‘n sotix yer ajratib, limonariya tashkil qilishni mo‘ljallab turibdi. 1,5 gektar maydonda o‘rik, shaftoli, yong‘oq va xurmo singari mevali daraxtlardan iborat bog‘ barpo etilganiga esa ancha bo‘lgan. Ayni paytda dala maydonlari atrofiga o‘n ming tup terak, ming tupdan ortiqroq tut, o‘n ming tupdan ziyod tol nihollarini o‘tqazib, parvarish qilib kelyapti.

O‘n to‘qqiz yildan buyon foydalanilmay yotgan hammom binosini sotib olib, qayta ta’mirlagani va tuman aholisining ehtiyojini qondirish uchun uni ishga tushirganini ham aytmasak bo‘lmas. Afsus bilan qayd etamiz, chekka tuman va qishloqlardagi azaliy muammo – gaz yo‘qligi sabab ayni paytda undan to‘la-to‘kis foydalanish imkoni bo‘lmayapti. Yaxshi tomoni, ikkita savdo do‘koni aholiga xizmat qilmoqda. 

Bizga tuman ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan yana bir binoni ko‘rsatishdi. Olti yil avval qurilgan ekan. Ikki qavatli mazkur inshootni ishlab chiqarish markaziga aylantirish ko‘zda tutilgan. Birinchi qavatida kolbasa va go‘sht mahsulotlari, ikkinchi qavatida esa tikuvchilik tsexlari tashkil qilish rejalashtirilgan. Mazkur reja amalga oshsa, hududdagi sakson nafar yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Buning uchun Ochilboy aka 300 million so‘m mablag‘ sarflab, qurilish ishlarini nihoyasiga yetkazgan. O‘n ming AQSh dollariga tikuvchilik va mini kolbasa tsexi uskunalarini olib kelib o‘rnatgan. Biroq kattalarning to‘ralarcha munosabati tufayli shuncha yildan buyon ushbu binoga egalik huquqini ololmay sarson. Yozgan murojaatlaridan hozirgacha natija bo‘lmagan. Barcha sohalardagi oqsashlarga chek qo‘yilib, har bir yo‘nalish qayta ko‘rib chiqilayotgan bugungi kunda ushbu muammoning ham yechim topishiga va jonkuyar bir insonning mehnatlari yuzaga chiqishiga ishonamiz, albatta.

 

MUXTASAR SO‘Z

Qisqasi, bu odamni chin ma’noda zamonamiz qahramoni desak, yanglishmaymiz. Ha, uning bosib o‘tgan yo‘lini ko‘pga ibrat qilsa arziydi.

Biz mushtariyda Ochilboy Begmatov to‘g‘risida ozgina tasavvur uyg‘otdik, xolos. Aslida, uning ishlari birgina ocherkka sig‘maydi. Biz bilan xayrlasharkan, qahramonimiz keng maydonda durkun o‘sayotgan ko‘m-ko‘k bug‘doy maysalariga qarab, kelgusida amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida o‘ylab qoldi. Uning rejalari ulkan, niyatlari xolis. Zero, qishloq xo‘jaligining rivoji, so‘lim go‘shalarning chiroy ochishi uchun ana shunday qahramonlar kerak.

 

Ma’rufa SOLIYEVA,

Xolida FAYZIYEVA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.