XALQNING ROZILIGI – ENG KATTA BAXT

Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil siyosat tufayli hayotimizning yil sayin farovonlashib borayotgani bir qarashda oddiy holdek tuyulsa-da, aslida uncha-muncha davlatga nasib etavermaydigan eng katta voqelikdir, desak mubolag‘a bo‘lmas.

 

Shu kunlarda chekka qishloqlarga chiqsangiz, ko‘zni quvnatuvchi o‘zgarish va yangilanishlardan ruhlanib, ertangi kunga ishonchi yanada ortib borayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rasiz. Bugun yoshu qari islohot islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun, degan hayotbaxsh tamoyilning amaldagi ifodasini ko‘rib, his etib turibdi. Xususan, aholi salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida qilinayotgan keng qamrovli ishlarni olaylik.

Hozir kardiologiya, jarrohlik, ko‘z mikroxirurgiyasi, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, endokrinologiya, pulmonologiya va ftiziatriya, akusherlik va ginekologiya, dermatologiya va venerologiya, pediatriya va boshqa yo‘nalishlardagi maxsus ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida yuqori sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda. Ularda har yili 50 mingga yaqin murakkab operatsiyalar bajarilib, 600 mingdan ziyod bemorga ambulator xizmat ko‘rsatiladi. Birgina 2016 yilda  tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun 80 million dollar qiymatidagi kredit va grant mablag‘lari yo‘naltirildi, farzand ko‘rish yoshidagi ayollar va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida eshitish bo‘yicha nuqsoni bo‘lgan 350 dan ortiq bolada koxlear implantatsiya operatsiyalari amalga oshirildi. 700 ming bola pnevmokokk infektsiyasi va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlandi. 

Bu kabi ishlar tahsinga loyiq, albatta. Zero, yaratib berilgan shuncha sharoit va imkoniyatlardan oqillik bilan foydalanmaslik mumkin emas. Shu bilan birga, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tiborga qanday javob berilyapti, degan savol haqida ham durustroq o‘ylab ko‘rishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Eng muhimi, shu choqqacha qancha yutuqlarga erishilgan bo‘lmasin, bugun ularga mahliyo bo‘lib o‘tiradigan zamon emas.

Nima uchun bunday deyapmiz?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev sog‘liqni saqlash tizimining mutasaddilari va mas’ullari bilan shu yilning yanvar va fevral oylarida ikki marta uchrashib, tizimdagi bor muammo va kamchiliklarni ochiq-oydin ko‘rsatdi, ularni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni vijdon amri bilan bajarishga da’vat qildi.

Sababi – mazkur sohadagi ahvol yaqin-yaqingacha qoniqarsiz bo‘lib, tizimda bir talay muammolar yuzaga kelgan ediki, ularni hal etmasdan turib, istiqboldagi ulkan marralarga erishib bo‘lmasdi.

Bilamizki, tilimizda “issiq jon” degan ibora bor. Bu deyarli har birimizning tibbiyot xodimlariga ishimiz tushib turadi deganidir. Xo‘sh, ana shu vaqtlarda ularning xizmatidan doim ham ko‘nglimiz to‘layaptimi? 

To‘g‘risini aytganda, aksariyat tumanlardagi tez tibbiy yordam, shoshilinch tibbiy yordam, tug‘ruqxonalar yoki qishloq vrachlik punktlaridagi ayanchli ahvolni ko‘rib, hafsalamiz pir bo‘lgan paytlar ko‘p bo‘lgan. Tizimdagi mavjud ahvol ko‘ngildagidek bo‘lmagani uchunmi, xalqimiz orasida “tani-joning sog‘ bo‘lsin” degan ezgu niyatdan ko‘ra “kasalxonaga hech qachon ishing tushmasin” deganga o‘xshash uchirma gaplar ham tez-tez quloqqa chalinadi. 

Toshkent viloyatining tumanlaridan birida yashovchi do‘stim o‘tgan yili chuqur qayg‘u va alam bilan so‘zlab bergan quyidagi voqea hech esimdan chiqmaydi: o‘tgan yili shu vaqtlarda otamning to‘satdan tobi qochdi. Uyga tez yordam chaqirib, tuman shifoxonasiga olib bordik. Shifokorlar avvaliga otamga qon bosimi oshgan, deb tashxis qo‘yishdi. U kishining yurak atroflari o‘qtin-o‘qtin og‘rir, azobdan rang-ro‘ylari sarg‘ayib ketgan edi. Otam shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida bor-yo‘g‘i ikki kungina yotdilar. Bu orada navbatchi shifokorlar bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘yish u yoqda tursin, tegishli dori-darmon va ukollarni ham eplab yozib berisholmadi. Oqibatda uchinchi kun tushdan keyin otamning ahvollari yanada og‘irlashdi. Navbatchi shifokor tavakkaliga tinchlantiruvchi ukol qilib, ahvolini battar holatga solib qo‘ydi. So‘ngra zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga olib o‘tishdi va sal o‘tmay jonlari uzildi. Bu bo‘limdagi ishlovchi shifokor menga: “Shu vaqtgacha qaerda edinglar? Otangiz bizning kasal ekanlaru, sizlar bo‘lsangiz, shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotqizibsizlar”, deb tanbeh berdi.

Kechirasiz,  bu vazifani kim bajarishi kerak edi? Egniga oq xalat kiyib, “shifokorman!” deya masrur yurgan hamkasblaringiz emasmi? O‘shanda  dod-faryodimiz ichimizda qoldi. Chunki o‘zbekchilikka xos bo‘lgan, ya’ni vafot etgan insonning boshida to‘polon ko‘tarish yaxshi emas, degan andishaga borib, e’tirozimizni ichga yutishga majbur bo‘ldik. 

Shunga o‘xshash holatlar faqat tuman shifoxonalarida uchraydimi desak, shahardagi vaziyat ham bundan pesh emas. 

Tug‘ruqxonalardagi ahvolni-ku gapirmay qo‘ya qolaylik. U yerdagilarni nechta sog‘lom farzand tug‘ilishi emas, qancha “suyunchi” undirilishi ko‘proq bezovta qilayotganini yuz-ko‘zlaridagi alomatlar bildirib turadi. Bu holatni anglamasangiz, o‘zlari sha’ma qilishlari odatga aylanib ulgurdi.

Yaqinda ko‘p narsaga aqli yetadigan baobro‘ bir tanishim bilan shu haqda suhbatlashib qoldim. U tug‘ruqxonalardagi “oldi-berdi”lar haqida gapirar ekan, “u yerdagi shifokor va hamshiralargayam oson tutmang, ulardayam oshqozon bo‘lgach, nima ham deya olasiz?” deya fikrimga e’tiroz bildirdi. 

Oshqozon-ku hammada ham bor, lekin insof va diyonat qaerda qolyapti?! Ko‘pchilikni o‘ylantirgan bu savollar suhbatdoshimga ta’sir qildi chog‘i, indamadi. 

Mavzuni chuqurroq o‘rganish maqsadida shu kunlarda Toshkent shahri va viloyatining ayrim tumanlaridagi uch-to‘rtta kasalxonani aylanib chiqdim. Ularda barcha xodimlar o‘z ishi bilan band, palatalardagi ozodalik va tozalik me’yorida. Bemorlarning ko‘zlarida sog‘ayib, otday bo‘lib ketishga ishonch yaqqol sezilib turardi. Bundan angladimki, tibbiyot muassasalaridagi avvalgi ahvol sezilarli darajada jonlanib, shifokorlarning ham vazifasiga bo‘lgan munosabatlari butkul o‘zgara boshlabdi. Hatto bemorlardan biri: “Har ehtimolga qarshi o‘zim bilan ba’zi ukol va dorilarni olgandim, o‘zimizda bor deb qaytarib berishdi” deganini zo‘r xursandchilik bilan eshitdim. Shuningdek, hozirgi kunda shahar, tuman va qishloqlarda uyma-uy yurgan hamshiralarni ko‘ryapmiz. Ular bemor shifoxonaga emas, shifokor bemorning oldiga borib, kasallikning oldini olishi kerak, degan foydali maslahatga quloq tutishmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, tibbiyot xodimi bemorni rozi qilmasdan turib, hech qachon biri ikki bo‘lmasligini tushunib yetmoqda.

Shu o‘rinda tabiiy savollar tug‘iladi: tibbiyot xodimlarimiz ilgari qaerda edi? Nega davlat rahbarining tanqidiy mulohazalaridan keyingina jonlanib qolishdi? Deylik, sohaga ajratilgan mablag‘larni oqlash, mavjud zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, eng muhimi, xalqning roziligini olish uchun albatta shunday bo‘lishini kutish kerakmidi?

Nima uchun bunday deyapmiz?

Guvohi bo‘lib turganimizdek, vaqt o‘tgan sari dunyo har tomonlama taraqqiy etib bormoqda. Bu tabiiy jarayon. Zero, taraqqiyot bo‘lgach, raqobat ham bo‘lishi tabiiy. Lekin muammo shundaki, ayni vaqtda turli sabablarga ko‘ra, fanga ma’lum va ba’zan noma’lum bo‘lgan har xil kasalliklarning soni va turi ortmoqda, ularni davolash esa tobora murakkablashib, tibbiyot xodimlaridan butunlay yangicha yondashuv, alohida mas’uliyat va bilimni talab etmoqda. 

Ma’lumki, inson doimo sog‘-salomat yashashni istaydi. Bordiyu, oilada kimdir kasal bo‘lsa, barchaning e’tibori unda bo‘ladi. To davolanib oyoqqa turmagunicha, har qanday muhim yumush bir chetga surib qo‘yiladi. Xuddi shu vaqtda bemorga o‘z vaqtida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmasa, oilaning ahvoli ne kechishini tasavvur etish qiyin emas.  Agar bu hol bir necha oylab davom etsa-chi? Bunday bemorlar ko‘plab bo‘lsa-chi? Bu e’tiborsizlik butun bir oila yoki jamiyatning hayotiga, uning kelajakdagi orzu-o‘ylari va rejalarining ro‘yobiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?

Xorijiy davlatlarda bu borada ahvol qanday ekan, degan haqli savol tug‘iladi, albatta. Masalan, Buyuk Britaniyada bugungi kunda davlat xarajatining 17 foizi sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Vaholanki, mamlakat byudjetining 19 foizi pensiya ta’minotiga, 15 foizi ijtimoiy yordamga, 12 foizi ta’lim sohasiga, 6 foizi mudofaa uchun ajratiladi. Har bir britaniyalik umumiy amaliyot shifokoriga biriktirilgan. 

Yoki aholi soni bo‘yicha jahonda yetakchi bo‘lgan Xitoyda esa sog‘liqni saqlash sohasiga yalpi ichki mahsulotning 5,5 foizi yo‘naltirilmoqda. 2015 yilga kelib, bu mamlakatda hamshiralar soni 2,8 million, farmatsevtlar esa 550 mingga yetdi. Maxsus dasturga muvofiq, 2009—2011 yillarda 2 mingta hududiy kasalxona, 29 mingta qishloq-tuman shifoxonasi bunyod etildi, 11 mingta daha shifoxonasi qurildi va ta’mirdan chiqarildi. Turli darajadagi tibbiyot muassasalariga 1,89 million xodim tayyorlash uchun mablag‘ ajratildi. Birgina 2009—2014 yillarda milliy sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga 488 milliard dollar kiritilgan.

Mamlakatimizda ham sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, davolashning zamonaviy texnologiya va usullarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonuni bilan mustahkamlandi.  1998 yil 10 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni zamonaviy talablarga javob beradigan va mamlakatimizning barcha hududlarida aholiga malakali xizmat ko‘rsatadigan, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha yaxlit tizimni shakllantirishda muhim omil bo‘ldi. Mazkur hujjatga muvofiq mamlakatimizda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy tibbiy xizmat tizimi tashkil qilindi. Ushbu xizmat qishloq vrachlik punktlari va shahar oilaviy poliklinikalar tarmog‘ini qamrab olgan.  Demak, soha rivoji uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Hamma gap ulardan qay darajada foydalana olishda. 

Yana bir mulohaza. Hozir respublikamizdagi ilmiy tekshirish markazlari, shahar, hatto tuman shifoxonalariga eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar olib kirilmoqda. Bunday yangiliklar kishini xursand qiladi, albatta. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ya’ni bizda ulardan to‘g‘ri va samarali foydalanishni biladigan, sarflangan mablag‘ va bildirilgan ishonchni oqlaydigan mutaxassislar yetarlimi? Nima uchun yurtimizda sharoit, imkon bo‘la turib, hali-hanuz yurak, oshqozon yoki boshqa murakkab operatsiyalarni o‘tkazish uchun katta xarajat sarflab, Germaniya yoki Hindistonga borishga to‘g‘ri kelmoqda? Qachon chet ellik bemorlar davo topish ilinjida bizning shifoxonalarga kelishadi?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu yil 5 yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan uchrashuvda “...bugun zamon o‘zgarmoqda, odamlarning talabi oshib bormoqda. Xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib, eng so‘nggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini istaydi. Bizga shu ham bo‘laveradi, degan tushuncha endi o‘z umrini o‘tab bo‘ldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor”, dedi.

Bu shunchaki aytilgan gap emas. Bizningcha, mazkur talab bugungi kunda har bir tibbiyot xodimining kundalik faoliyatidagi eng ustuvor vazifaga aylanishi lozim. Zero, shifokor uchun xalqning roziligini olishdan ko‘ra yuksakroq baxtning o‘zi bormikin?

 

Tohir SHOMURODOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.