BOKSCHILARDAN NAVBATDAGI G‘ALABA

Sport ixlosmandlarining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning nursiz  o‘yinlaridan  keyin yurtimiz bokschilari ularni quvontira oldi. Shu kunlarda aksariyat sport shinavandalari futboldan ko‘ra yakkakurash sport turlariga, ayniqsa, boksga muxlislik qilishni o‘zlariga ma’qul ko‘rishmoqda. O‘zbekiston bokschilari dunyoda yuksak mahorat sohiblari sifatida e’tirof etiladi.

 

Binobarin, 2016 yil avgust oyida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi olimpiada o‘yinlarida o‘zbek o‘g‘lonlari dunyo boks tarixida alohida sahifa ochganliklari ham bejiz emas. Olimpiada shovqinlari uzoqlamasdan turib xalqaro boks federatsiyasi, mamlakat terma jamoalari ishtirokidagi musobaqaga start berdi.

Bu yilgi bahslarida eng kuchli 12 jamoa uchta guruhga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashmoqda.  Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning VII mavsumida «Uzbek Tigers» jamoasi «C» guruhida ishtirok etishmoqda. Vakillarimizdan tashqari ushbu guruhda Xitoy klubi «China Dragons», Qozog‘istonning «Astana Arlans» hamda Rossiyaning «Patriot Boxing Team» jamoalari ishtirok etishyapti. 

5-turda «Uzbek Tigers» jamoasi Toshkentda Qozog‘istonning «Astana Arlans» jamoasi bokschilarini qabul qildi. 31 mart kuni Toshkentning Grand Mir Hotel mehmonxonasida «Uzbek Tigers» va «Astana Arlans» jamoalarining uchrashuv oldi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jamoalar ustozlari bokschilarning bo‘lajak bahsda jiddu-jahd bilan ringga chiqishlarini ta’kidlagandi. O‘sha kunlari boks muxlislari «O‘zbekiston» sport majmuasida O‘zbekiston va Qozog‘iston charm qo‘lqop ustalari ishtirokida  ajoyib bellashuvlarga guvoh bo‘lishdi. 

Mazkur jamoalarning dastlabki to‘qnashuvlari, Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda qo‘shni yurt bokschilari 4:1 hisobidan g‘alaba qozanishgan. 

Ushbu mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan murabbiylarimiz tarkibga olimpiada chempionlari va tajribali bokschilarni kiritishdi. Shu kuni bokschilarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun «O‘zbekiston» sport majmuasiga tashrif buyurgan muxlislar ham ajoyib muhitni taqdim etishdi. Bahs avvalidan yakuniga qadar ishqibozlar bokschilarimizga dalda bo‘lishdi. Sportchilarimiz ham sport majmuasiga tashrif buyurgan ishqibozlarga bir-biridan chiroyli janglarni namoyish etishdi. Jumladan, 64 kilogramm vaznda Elnur Abduraimov Dilmurod Mijitovni — 3:0, 56 kilogramm og‘irlikdagi bokschilar jangida Abdulhay Shorahmatov — Ilyos Suleymenov — 3:0, 75 kilogrammda Isroil Madrimov  Saparbay Aydarovni — 3:0,  49 kilogramm vaznda Hasanboy Do‘smatov  — Temirtas Jusupov — 3:0 hisobida mag‘lub etdi. 91 kilogramm vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Zuhriddin Mahkamov esa Anton Pinchukka shu hisobda yutqazdi. Yakuniy hisob 4:1. 5-turdan keyin bokschilarimiz «S» guruhidan Qozog‘iston jamoasidan keyin  ikkinchi o‘rinda borishmoqda. Ammo, Rossiyalik bokschilar ham ikkinchi o‘ringa juda yaqin joylashishgan. Navbatdagi jang rus bokschilariga qarshi bo‘lishini inobatga olsak,  «Uzbek Tigers» jamoasini qiyin janglar kutayotganini kuzatishimiz mumkin. Bunday printsipial bahslar esa ishqibozlarga katta quvonch va xursandchilik ulashishi turgan gap.

Bellashuvlardan so‘ng bokschilarimizning fikrlari bilan ham qiziqdik. 

— Bu bosqichda asosiy raqibimiz ustidan g‘alaba qozonganimizdan xursandmiz, – deydi Elnur Abduraimov. – Ostonadagi dastlabki uchrashuvdagi mag‘lubiyat uchun revansh oldik. Qozog‘iston va O‘zbekiston bokschilari printsipial raqiblar hisoblanadi. Qo‘shnilarimiz bilan bo‘ladigan janglarda barcha bokschilar faqat yutishga harakat qiladi. Bu galgi bellashuvlar ham oson bo‘lmadi. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarganimiz uchun g‘alaba qozondik deb o‘ylayman. Sport saroyida bizga madad bo‘lgan tomoshabinlarga ham minnatdorlik bildiraman. Bunday nufuzli sport musobaqalarida to‘plangan tajriba o‘ylaymanki, 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan olimpiadada bizga qo‘l keladi. Mening asosiy maqsadim Tokio olimpiadasiga yo‘llanma olib, unda O‘zbekiston sha’nini himoya qilish. 

Ta’kidlash joizki, «Uzbek Tigers» jamoasi  WSB doirasida shu vaqtgacha 5 marta jang o‘tkazdi. O‘zbekiston vakillari avvaliga Xitoyda China Dragons jamoasidan 2:3 hisobida yengilgan, keyingi turda Qozog‘istonda Astana Arlans jamoasiga 1:4 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan 3-tur bahsida «Uzbek Tigers» Rossiyaning «Patriot Boxing Team» jamoasini 5:0 hisobida taslim qildi. 4-turda esa O‘zbekiston jamoasi «China Dragons» jamoasidan 5:0 hisobida ustun keldi.

Albatta, bunday yirik turnirlarning o‘tkazilayotgani yosh bokschilar avlodining voyaga yetishishida ajoyib imkoniyatdir. Yurtimizda esa mahoratli va iste’dodli bokschilar juda ko‘p. Ularning mahoratlarini ana shunday janglarda toblab borsak, dunyo olimpiadalarida O‘zbekiston  madhiyasi sadosi ostida bayrog‘imiz baland hilpirayveradi.

 

Jobir XO‘JAQULOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.