BUNYODKORLIK SARI DADIL ODIMLAR

Qashqadaryo kengliklariga boqqanda quyoshning ko‘zi tinib ketadi, deydi voha kayvonilari. Darhaqiqat, bir uchi cho‘lu biyobon, bir uchi salobatli tog‘lap qurshovida xuddi keksa alp otaxondek yonboshlab mizg‘iyotgan ma’vo bag‘ri ma’danlarga boyligi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining belbog‘i, desak sira yanglishmaymiz. Bugungi kunda yurtimizda qazib chiqarilayotgan tabiiy gazning 70 foizi, neftning qariyb 78 foizi, gaz kondensatining 80 foizi, g‘allaning 13 foizdan ortig‘i, paxtaning 14 foizdan ziyodi ushbu viloyat hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ham bunga dalolatdir.

 

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida shu yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurgandi. Yurtboshimiz viloyat faollari bilan uchrashuv chog‘ida vohada barcha sohalar kabi sanoat izchil rivojlanayotganiga diqqatni qaratdi. Haqiqatdan, yalpi hududiy mahsulotda bu sohaning ulushi 38 foizni tashkil etadi. “Muborak neft-gaz”, “Sho‘rtan neft-gaz” unitar sho‘’ba korxonalari, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Tolimarjon issiqlik elektr stantsiyasi, “Hisor neft-gaz” kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimiz sanoatida salmoqli o‘rin tutadi.

Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning 51,6 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ishlab chiqarilayotgani tufayli ish bilan band aholining qariyb 80 foizi shu tarmoqda mehnat qilayotgani sir emas. Qishloq xo‘jaligi sohasida ham yangicha islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi besh yilda 3200 gektar paxta maydoni qisqartirilib, kartoshka, meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Natijada daromad manbai oshmoqda.

— Ikki yildirki, tomorqamizdan issiqxona barpo etgan edik, — deydi Qarshi tumanidagi Istiqlol mahallasida yashovchi Komil Toshmurodov. — Tomchilab sug‘orishni yo‘lga qo‘yganmiz. Suv ortiqcha isrof bo‘lmaydi. 3 sotixdan ziyod maydondan dehqonchilik qilib, yiliga 2 marta hosil olayapmiz. O‘tgan yili oktyabr oyida ekilgan 600 tupga yaqin ko‘chat hosili terilib, bozorga chiqarilayapti. Oila a’zolarimiz bilan birga mehnat qilib yaxshigina daromad topayapmiz. Hap tup pomidor ko‘chati hosili o‘rtacha 6-7 kilogrammga to‘g‘ri kelmoqda. Prezidentimizning biz qo‘li qadoq dehqonlarga yaratayotgan sharoitidan minnatdormiz.

— Boqimandalik — kishini o‘z-o‘ziga bog‘lab qo‘yadi, ishchanlik kayfiyatidan mosuvo etadi, — deya gapga qo‘shiladi oila bekasi Gulandon Xo‘jaqulova. — Biror-bir kunimiz yo‘qki, bo‘sh o‘tsa. Ko‘chatlarni har xil kasalliklardan asrashni ham o‘rganib oldik. O‘zimiz qo‘lda changlatamiz. Qarabsizki, hosilimiz mo‘l, meva bo‘liq, ko‘zni yashnatadi. Oilamiz kamini tushgan daromadlar bilan to‘ldirib borayapmiz.

Dehqon kayfiyatida jamiyat farovonligi, el-yurt obodligi aks etadi. Viloyatning qay bir tumani dehqonlari bilan muloqotda bo‘lsangiz, ularning yaratuvchilik yo‘lida ishga yangicha munosabatlarini ko‘rib dilingiz shodlanadi.

Birgina o‘tgan yilda amalga oshirilgan ayrim ishlarga jinday nazar tashlanganda viloyatda ulkan bunyodkorlik ishlari qay tarzda dadil odimlayotganiga guvoh bo‘lamiz. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning rahnamoligida Qarshi shahrining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga, Shahrisabz shahrining 3300 gektardan 4900 gektarga kengaytirilgani, istiqlolning 25 yillik to‘yi arafasida Qashqadaryo ustidagi qadimiy Amir Temur ko‘prigi qayta ta’mirlanib, daryoning ikki kirg‘og‘ida kishilar dam oladigan maskanlar barpo etilishi, Toshkent — Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar elektr poezdining qatnovi yo‘lga qo‘yilishi katta voqelikdir.

Shavkat Mirziyoev mamlakatimizning barcha hududi qatori Qashqadaryo viloyati rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ulkan reja va maqsadlarni o‘zining saylovoldi dasturida ishlab chiqqan edi. Viloyatga tashrif davomida ushbu istiqbolli loyihalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi, aholi qatlami bilan muloqotda bo‘ldi. Loyihada mo‘ljallangan “Nishon ko‘zgu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tomonidan Qarshi shahrida avtomatlashtirilgan kushxona, go‘shtni saqlash va qadoqlash kompleksi tashkil etilmoqda. Xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelingan. Kushxona va muzlatkich oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi va xavfsizligini ta’minlaydi. Muhimi, yuzdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Shu o‘rinda qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashtirilgan Yakkabog‘ tumanidagi “Qorabayir otchilik majmuasi” tashkil etilishi bilan qirqdan ortiq ish o‘rinlari ochiladi. Bu yerda 200 yilqi boqiladi.

Xalq farovonligini oshirishda qishloq xo‘jaligining chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarini rivojlantirish muhim o‘rin tutadi. Imkoniyat izlagan har qanday mushkullikni yecha oladi. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etishdan oliy maqsad shu. 

Koson tumanida ikki ming bosh qoramolni boqishga mo‘ljallangan umumiy qiymati 14 milliard so‘m bo‘lgan chorvachilik kompleksi kelgusi yilning birinchi choragida ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Bu majmuaning qurilishi uchun 12 gektar, chorva mollariga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun 750 gektar yer maydoni ajratiladi. Bu yerda yiliga 4 ming 280 tonna sut va 210 tonna go‘sht yetishtirish hamda 140 ish o‘rni yaratiladi.

— Hozirgi paytda Ukrainadan “Simmental” zotli sigirlarni olib kelish bo‘yicha ish olib borayapmiz, — deydi Koson tumanidagi Istiqlol xususiy korxonasi rahbari Kamol Qurbonov. — Loyihada ko‘rsatilgan chorva mollarining asosiy qismini joriy yilning o‘zidayoq keltirish ko‘zda tutilgan. Inshoot zamon talablari asosida jihozlanadi. Chorva mollari Germaniya texnologiyasi asosida parvarish qilinadi. Sog‘ib olingan sut to‘g‘ri qayta ishlash tsexiga yo‘naltiriladi. Iqlimimizga mos, chidamli, mahsuldor qoramollarni ko‘paytirishni va aholiga yetkazishni mo‘ljallayapmiz. Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chog‘ida loyihamiz bilan tanishdi, yuqoridagi masalalarga alohida e’tibor qaratib, tavsiyalar berdi.

Viloyatda go‘sht va sut yetishtirish mahsuldorligini oshirish, bunda chorvachilik sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, naslchilikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmokda.

o‘uzor tumanidagi “Jamila-Jasmina” fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli bo‘lib, asosan chorvachilikka ixtisoslashgan. Ayni paytda 20 bosh qoramol, 200 boshdan ziyod qo‘y-echki parvarish qilinayapti. Xo‘jalikda naslli qoramollar ko‘paytirish va sut hamda go‘shtni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish fermer Zubayda Jo‘raevaning bosh maqsadi.

— Nafaqat chorvachilik sohasi bo‘lgan, balki asalarichilikka e’tibor qaratayapmiz  — deydi u. — Bugungi kunda 70 ta asalari oilasini parvarish qilayapmiz. O‘tgan yili bir tonna uch yuz kilogramm asal yig‘ib olgandik. Parrandachilikda ham salmoqli natijalarga erishayapmiz. Ming bosh tovug‘imiz bor, ulardan har kuni 800 tagacha tuxum olamiz.

Nishon tumanida Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirishga ixtisoslashtirilgan agrofirma tashkil etilmoqda. Agrofirmada baliq uvildiriqlari yetishtirilib, suv omboriga o‘tkaziladi. Bu yerda baliq chavaqlari yetishtiruvchi inkubatsion tsex, 600 tonnalik muzlatkich, baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona, 800 tonna maxsus omuxta yem ishlab chiqaruvchi tsex tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yiliga 500 tonna baliqni qayta ishlovchi agrofirmada 90 ish o‘rni tashkil etiladi.

Qamashi tumanida 5000 kurka boqishga mo‘ljallangan majmua shu yilning so‘nggi oyida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Majmuada yiliga 20 ming kurka jo‘jasi yetishtirilib, shu bilan birga “Qamashi momiq quyonlari” agrofirmasi loyihasi bo‘yicha 30 ming quyon yetishtirish, yiliga 120 tonna go‘sht va 40 ming dona teri tayyorlash ishlari amalga oshiriladi. Ayni kunlarda agrofirmada ish qizg‘in ketayapti.

— Quyon go‘shti parhezbop, inson salomatligiga foydali, — deydi agrofirma rahbari Baxtiyor o‘afurov. — Quyonchilikni rivojlantirish maqsadida ozuqabop ekinlar ekish uchun 275 gektar yer ajratildi. 1,5 gektar maydonda zamonaviy texnologiya uskunalari bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan inshootlar qurilishi aprel oyi o‘rtalarida boshlanadi. Firmamizga investitsiya kiritish majburiyatlari asosida nol qiymatda 2 ta bino ajratildi. Binoni ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Aholining bo‘sh qatlami bilan shartnoma asosida “Mikrokreditbank” tomonidan ajratilgan mablag‘lar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Korxona shu yilning to‘rtinchi choragida to‘liq ishga tushirilishi mo‘ljallangan. Firmamizga quyonlar keltirilmoqda.

Raqamlarga behuda murojaat qilmayapmiz. Viloyatning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish bilan aholini ish bilan ta’minlash, mehnat daromadini oshirish, turmush tarzini yaxshilash bugungi kunning talabidir.

Ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan viloyatda olamshumul ishlar olib borilmoqda. Birgina Qarshi tumanidagi Fayzobod qishlog‘ida qad rostlayotgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona qurilishi hayratingizga hayrat ulashadi. Zamonaviy binokorlik texnikalari, xorijda ishlab chiqarilgan turli ko‘tarma kranlar, turli qurilish jihozlariyu tayyor beton mahsulotlarni ortib ichkari kirib chiqayotgan yuk mashinalari guldurosidan zamin titraydi. Bir zum bo‘lsin, mashinalarning to‘xtab qolishiga ko‘zingiz tushmaydi. Erta tongdan ufq shafag‘i qizarib-qorayib tun quyilguncha ish qaynaydi.

— O‘zaro hamkorlik har ikki tomon uchun ham manfaat keltiradi, — deydi “LT Tekstil Interneyshnl” qo‘shma korxonasi direktori Chen Ji. — Biz behuda O‘zbekistonni tanlamadik. Chunki bu yerda yengil sanoat tarmoqlarini  rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. O‘zbek paxtasiga jahon bozorida talab katta. Paxta sifati va tolasining pishiqligi bo‘yicha dunyoda yetakchilik qiladi. To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “LT Tekstil Interneyshnl” qo‘shma korxonasida viloyatda yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlab, bozorga tayyor mahsulot chiqarish mo‘ljallangan. Paxtadan tayyorlangan mahsulotlar ikki barobar ko‘p daromad keltiradi. Birinchi bosqichda paxta tolasidan ip-gazlama ishlab chiqariladi. Bu jarayon joriy yilning ikkinchi choragida boshlanadi. Ikkinchi bosqich kelgusi yilning to‘rtinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyihani tayyorlash jarayonida O‘zbekistonning barcha viloyatlari iqlim sharoitini o‘rgandik. Qashqadaryo viloyatini tanlashimizga bois, bu hududda yetishtirilgan paxta tolasining pishiqligi, sohaga ixtisoslashgan kasb-hunar kolleji mavjudligi hisobga olindi. Ushbu yilda 60 nafar kollej bitiruvchisini Xitoyga malaka oshirishga yuborishni rejalashtirganmiz. Ularning sohani chuqur o‘rganishida va samarali faoliyat boshlashida ahamiyatlidir.

Haqiqatdan ham, bu korxona ishga tushsa, yiliga 22 ming tonna raqobatbardosh aralash kalava ip va 50 million kvadrat metr ip-gazlama ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan korxona mahsulotlarining 80 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Prezidentimizning sa’y-harakati bilan istiqbolli loyihalarda ko‘zda tutilgan korxonalar, agrofirmalar tez fursatlarda qad rostlasa, bo‘sh ish o‘rinlari ochilib aholi ish bilan ta’minlanadi, ikkinchidan, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qayta ishlanib, xaridorgirligi bilan katta daromad keltirishiga shak-shubha yo‘q. Qolaversa, qo‘li qadoq bobodehqonlarimiz, usta bog‘bonlarimiz, qo‘li chevar to‘quvchilarimiz, saxovatli mehnatkashlarimizning qalb qo‘ri bilan yaratilgan turli mahsulotlar jahon bozorini ishg‘ol etmoqda. Qashqadaryoliklar Yurtboshimizning saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan loyihalar amalga oshayotganidan faxr tuyg‘usi bilan bunyodkorlik sari dadil odim tashlashayapti.

 

O‘roz HAYDAR,

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi 

Qashqadaryo viloyat bo‘limi rahbari

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

CHEVARLIK SINOATI

2017-07-19 08:55:00

BOYSUN MO‘JIZALARI (Ikkinchi maqola)

2017-07-19 09:23:19

Cho‘lpon

2017-07-19 09:03:02

Go‘zal axloq targ‘ibotchisi

2017-07-19 09:16:48

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.