Ehtirom 2

“Yillar o‘tadi, asrlar o‘tadi, yangi avlodlar mutlaqo yangi jamiyatda, jahonning eng ilg‘or mamlakatlaridan biriga aylangan (bunga ishonchim komil) hur O‘zbekistonda yashaydi. Ona yurt tarixi, mustaqillik uchun kurash tarixini o‘rganadi. Ana shu muborak tarixda Sharof Rashidovning ham qutlug‘ nomi hurmat va g‘urur bilan tilga olinadi”.

 Islom KARIMOV.

 

 

Tarix g‘ildiragi shiddat bilan aylanmoqda. O‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalariga kelib, jahon hamjamiyati tarzi keskin o‘zgardi. Ikki qarama-qarshi qutb parchalandi. “SSSR” deb nomlangan soxta imperiya barbod bo‘ldi. O‘tmishga to‘g‘ri baho berish, uni asosli talqin etish bugun va kelajakda bizni har qanday xatolardan asraydi. Sharof Rashidov vafot etgach uning o‘tmish faoliyatiga o‘sha davr ruhi berilib, bir yoqlama baho berish uzoq vaqt davom etdi. “Xalq so‘zi” gazetasining 1992 yil 5 noyabrdagi sonida chop etilgan “Adolat ro‘yobi” nomli maqolada shunday qayd etilgandi: “Sharofrashidovchilik” degan sun’iy atamaning to‘qib chiqarilgani, xuddi jinoyat kodeksidagi modda singari bu ayb bilan ko‘plab kishilar qatag‘on qilingani shunchaki anglashilmovchilik emas, balki mustabidlar 37-, 50-yillarda o‘tkazgan qirg‘in, millatning yetuk farzandlarini yo‘q qilish tadbiri ekani bugun ma’lum bo‘lib qolyapti.

Shunday qilib, zamon g‘ildiragi teskari aylana boshlagan paytlarda kechagina soyasiga salom berib yurganlar ham sohilning narigi tomoniga o‘tib, unga tosh otishdan uyalmadilar. Biroq iymoni butun, e’tiqodi mustahkam kishilar uning nomini, xizmatlarini unutmadilar. Ular qatorida sadoqatli shogirdlari, birga ishlagan safdoshlari, hatto uni biror marta ko‘rmagan, lekin buyukligini qalban his etgan ko‘plab kishilar bor edi. Uning jasadi dafn etilgan yer katta-kichikning qadamjoyiga aylandi. Bu xalqning o‘z farzandiga chinakam mehri edi”.

1989 yil iyun oyida mamlakat  rahbarligini o‘z zimmasiga olgan Islom Karimov bunday ta’na-dashnomlarga chek qo‘ydi va Sharof Rashidovning xizmatlariga xolisona baho berish fursati yetilganini mardlik bilan elga oshkor qildi. Va Birinchi Prezidentimiz Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanada so‘zlagan nutqi mavzusini “Xalqimizning otashqalb farzandi” deb nomladi. Bunda atoqli davlat arbobi va yozuvchining o‘ttiz yildan ortiq – to‘qqiz yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti Rayosati raisi, 1959 yil martdan O‘zbekiston Kompartiyasi MKning birinchi kotibi vazifasida qariyb 24 yil, umrining oxirigacha ishladi. Buyuk yo‘lboshchi — Islom Karimovning: “Istiqlol kunimizga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Ko‘pgina ajdodlarimiz kabi Sharof Rashidov ham mustaqillik kuniga yetib kelolmadi. Biz bugun to‘liq ishonch bilan ayta olamizki, Sharof Rashidov mustaqillik poydevoriga munosib g‘isht qo‘ya olgan arboblardan edi”, Yoxud... “tarixiy shaxslar... biz ularning o‘z davrida kelajak avlodlar uchun qoldirgan salmoqli merosi, ijobiy ishlari, kerak bo‘lsa, umumjahon tsivilizatsiyasiga qo‘shgan hissalarini qadrlaymiz”, – degan samimiy fikrlari Sharof Rashidovning umri boqiy buyuk va g‘olib allomaga aylanganidan dalolat beradi.

Taniqli shoir Sa’dulla Hakimning:

Elimga qoldirdim qalbim mulkini, —

Nima demasinlar tang muholiflar, —

Zamon o‘qiyverar “Tarix hukmi”ni,

Hayot kitobidan o‘chmas “o‘oliblar!”,

degan teran fikri atoqli yozuvchiga bo‘lgan e’tirofidan bir namuna, xolos. Chunonchi, frantsuz adibi Romen Rolan: “Kishining qalbi millat uchun tepayotgan bo‘lsa, u odam chinakam buyukdir”, — deydi.

Sharof Rashidov o‘zbekona mehnatsevarlik, kamtarlik, ulug‘vorlik, uddaburonlik, ishbilarmonlik kabi ajoyib xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan inson edi. Ma’lumki, uning mas’ul lavozimda ish boshlagan davri shaxsga sig‘inishga qarshi kurash murosasiz tus olgan payt edi. Shunday holatda ham Mirzacho‘l, Qarshi, Markaziy Farg‘ona hamda Surxon-Sherobod cho‘llarining boy xazinasi inson manfaatlariga bo‘ysundirishga qaratilgan maqsadli faoliyatni amalga oshirdi. O‘tgan 20 yil ichida 1335 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtirilib, 662 ta xo‘jalik tashkil etildi. Bu xo‘jaliklarda katta hajmda bunyodkorlik ishlari bajarildi.

Bunda shubhasiz, Sharof Rashidovning xizmati katta bo‘lgan. Bu yutuqlar Markaz bilan hisoblashish, uning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishdek tazyiq ostida, ayni paytda, milliy manfaatlarni ma’lum darajada boy bermaslik tamoyili asosida qo‘lga kiritildi. U Toshkentni sevardi, uni dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biriga aylantirish orzusi bilan yashadi. Bu orzu-niyat ifodasini 1966 yilgi zilziladan keyin qayta tug‘ilgan poytaxtning jamoliga qarab bilish mumkin. Chilonzor, Yunusobod, Qoraqamish kabi yangi dahalarda ko‘plab turarjoylar bunyod etildi. Toshkent metropoliteni qurilishi bilan bog‘liq tashvishlar Sh.Rashidov faoliyatining muhim qirralaridan birini tashkil etdi. Hamma narsa, hatto igna olish yoki biror ishga kichik xodim tayinlash uchun Markazning ruxsati bilan hal qilinadigan sharoitda O‘rta Osiyoda yagona zamonaviy yer osti qatnov vositasini qurishga ruxsat va mablag‘ olish uchun u ozmuncha zaxmat chekmagan, deysizmi?!

Sharof Rashidov O‘zbekistonda ilm-ma’rifatning homiysi sifatida ham katta e’tiborga loyiq inson edi. Xalq madaniyatini o‘stirishga qaratilgan “Adabiyot va san’at” dekadalari, “Toshkent ruhi”ni butun jahonga taratgan Osiyo va Afrika yozuvchilarining konferentsiyalarining muntazam o‘tkazilishi uning xizmat faoliyati davrida an’anaga aylangandi. Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali obro‘li kinoanjumanlar qatorida jahon madaniyati tarixida o‘zining munosib o‘rnini egalladi. U muhim davlat ishlari bilan qattiq band bo‘lishiga qaramay, badiiy ijodni ham tark etmadi. Uning yirik asarlari 40 dan ortiq xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Ko‘p yillar birga ishlagan o‘sha davrga nisbatan “mafkura yetakchisi” bo‘lgan Oqil Salimov shunday eslaydi: “Markazkomda bo‘lgan uchrashuvlarning birida qanchalik og‘zi mahkam, ehtiyotkor bo‘lishiga qaramay: “Hamma narsa ham bizning ixtiyorimizda emas-da” – deb qo‘ydi ma’yus ohangda. Shu so‘zlar bilan o‘zi mansub bo‘lgan davrning butun mohiyatini ifodalagan edi. Ya’ni, ko‘p narsalar Markazning xohishiga, ko‘rsatmasiga bog‘liq bo‘lgan. Biz hech qachon na iqtisodiy, na siyosiy mustaqillikka erishmaganmiz. Bu narsa Rashidovning faoliyatida o‘z izini qoldirmay iloji yo‘q edi. Arbob sifatida ba’zan izchil emasligining boisi ham shunda! Buni hozirgi kunimiz o‘lchovlari bilan emas, o‘sha davrning hukmron ruhini nazarga olib yondoshmog‘imiz kerak”.

Milliy masala Sharof Rashidovning faoliyatidagi eng nozik nuqta bo‘lgan, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Bu borada uning davr siyosatiga moslashgan qusrlari ham yo‘q emas. Bu haqda gapirganda uni faqat “ehtiyotkor odam edi”, deyish ozlik qiladi. Buning ustiga u shu masalada go‘yo tanasidagi nozik yara tinchlik bermayotganday doimo cho‘chib, sergaklanib turishini qayd etish kerak. U o‘z xalqining manfaatlariga ba’zan jabr qilib bo‘lsa ham markaz bilan murosaga borishga majbur edi. Kelishib ish ko‘rishga urindi. Ba’zan ruhiy azoblar iskanjasida qolib, o‘zi bilan o‘zi kurashdi.

Darvoqe, inson, xalq, millat tarixiy xotira bilan tirik va barhayotdir. Boqiy mustaqillik chorak asrdan oshdiki, Birinchi Prezident orzu-kashfiyoti: “jamiyatimiz jahonning eng ilg‘or mamlakatlaridan biriga aylanadi”, degan ulug‘ g‘oyasi Sharof Rashidovning 75 yillik yubileyida aytilgan bo‘lsa, o‘z ijobati ila amalga oshirildi. 

Qiyosiy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, har ikkala arbob ona yurtimiz baxtu istiqboli va saodati uchun fidoyilik hamda qahramonlik jasoratlarini ko‘rsatganining guvohi bo‘lib turibmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning zukko va sinchkovligi tufayli xalq mehrini qozongan atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarorida: “Respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyat bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash”ga qaratilgan katta e’tibor tarixiy haqiqatni yuzaga olib chiqdi.

Davlatimiz rahbarining Qarorida o‘zbek xalqi o‘zining aziz farzandi xotirasining yuz yilligini hurmat qilib, tavallud ma’rakalarida uning nomini Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Islom Karimov singari mutafakkirlar, davlat arboblari, donishmandlari, adiblari qatoriga faxr va iftixor bilan qo‘yajak g‘oyasi ufurib turibdi. 

Tarix falsafasida shunday talqin bor: daqiqani abadiyatdan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidovning sermazmun, ammo ziddiyatli hayotini ham o‘zbek xalqining boy tarixidan, hayotidan ayri holda tasavvur etish mumkin emas! Haqiqatdan ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev saylovoldi tadbirlarda Sharof Rashidov nomini tikladi hamda e’zozladi. Jizzax tumanini uning nomi bilan atash taklifini berdi. Demak, yurt sohibi xalq g‘amini o‘ylaguvchi, tarixiy shaxslar hurmat-izzatini joyiga qo‘yuvchi bo‘lsa, Yaratganning o‘zi ham, qolaversa, xalq ham uni qo‘llab-quvvatlaydi. 

 

Karim NORMATOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.