Farzandlarimiz tarbiyasiga befarq bo‘lmaylik

Mamlakatimizda farzandlarimizni jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilgan. Mantiqan bir-birini to‘ldiruvchi “Oila yili”, “Sog‘lom avlod yili”, “Sihat-salomatlik yili”, “Ijtimoiy himoya yili”, “Yoshlar yili” va “Sog‘lom bola yili”da amalga oshirilgan barcha ishlar hamda yoshlar tarbiyasi va ularning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar izchil davlat siyosatining amaliy ifodasi hisoblanadi.

 

Shu ma’noda mo‘’tabar arbob Islom Karimovning “Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”, degan e’tiroflari farzandlarimiz jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini ekanidan dalolatdir.

Haqiqatan ham oldimizda turgan eng ulug‘ maqsadimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagini ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning kelgusida jahon hamjamiyatida qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan bolalarimiz qanday insonlar bo‘lib yetishishiga bog‘liqdir. Shu bois ham bola tarbiyasi hayotiy zaruratdir.

Oilada bola tarbiyasi uning go‘dakligidan boshlanadi. Bilamizki, bola hayotining ko‘p qismi oila davrasida kechadi. Umuman, har qanday oilaning mustahkamligi, oilaviy tarbiyaning ta’sirchanligi va samaradorligi ko‘p jihatdan oilada qaror topgan o‘zaro munosabatlarga, ularning ma’naviy-axloqiy iqlimiga bog‘liq. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad(s.a.v.)ning bir necha Hadislarida aytilganidek, ota-onalarning farzandlariga qoldiradigan eng katta merosi ularga o‘rgatadigan axloqi va odobidir.

Sharq mutafakkirlari ham bolaning oiladagi tarbiyasi xususida o‘z asarlarida juda ko‘p to‘xtalib o‘tganlar. Jumladan, buyuk alloma va mutafakkir Abu Ali ibn Sino o‘zining “Donishnoma” asarida bola tarbiyasi uchun avvalo ota-ona mas’ulligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga alloma o‘z asarida ota-onaning ilmli, fozil va dunyoqarashi keng bo‘lishini alohida uqtirib, farzand tarbiyasidan mas’uliyatliroq ish yo‘qligini ochib beradi.

Abu Ali ibn Sino yosh bolani yaxshi axloqli, jismonan sog‘lom qilib kamol toptirishda shaxsiy namuna bo‘lish usulini ko‘p uqtiradi: “Bola tarbiyasida, eng avvalo, oila hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Chunki oilada katta yoki kichik narsa bo‘lmaydi. Hammasi, hatto eng oddiy bo‘lib ko‘rinadigan kundalik munosabatlar ham bolaga ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, rostgo‘ylik, samimiylik, sadoqatlilik va shirinsuxan bo‘lish bola kamolotidagi muhim hayotiy vositalardan biridir”.

Ulug‘ mutafakkir Kaykovus ham o‘zining “Qobusnoma” asarida farzandning aql egasi bo‘lishini hamma narsadan ulug‘ deb bilib, shunday nasihat qilgan edi: “Agar molsizlikdan qashshoq bo‘lsang, aqldan boy bo‘lmoqqa harakat qil, chunki mol ila boy bo‘lmoqdan, aql ila boy bo‘lmoq yaxshiroqdir. Aql ila mol jam etsa bo‘lur, ammo mol ila aql o‘rganib bo‘lmas. Bilki, aql bir qimmatbaho narsaki, uni o‘g‘ri ololmas, u o‘tda yonmas va suvda oqmas”.

Bola tarbiyasining eng muhim jihati, bu ota-onaning sabr-toqatli, xotirjamligi va hamjihatligidadir. Ammo oila notinch bo‘lsa, bola na bog‘chada, na maktabda va na tashqi hayotda o‘zini yurish-turishi-yu, idrokiga javob bera oladi. Bunday muhitda o‘sgan bolaning asabi toliqib, serjahl bo‘lib qoladi va u voyaga yetgandan so‘ng o‘zboshimchalik bilan g‘ayritabiiy hamda g‘ayriqonuniy ishlar qilishgacha borib yetadi.

Olimlarning fikriga ko‘ra ota-onalarning oiladagi mas’uliyatini quyidagicha belgilash mumkin:

- bolaga sog‘lom turmush tarzi, ilk huquqiy, iqtisodiy bilimlarni berish, axloq-odob me’yorlariga va tibbiy-gigienik talablarga rioya qilishni uqtirib borish;

- qiziqishlariga qarab bo‘sh vaqtini to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgatish;

- sport bilan shug‘ullantirish, turli harakatli o‘yinlar, mashqlar orqali bolani chiniqtirish, uni ekologik va estetik jihatdan tarbiyalash;

- bolalarning jinsini, ya’ni o‘g‘il yoki qiz bolaligiga qarab tarbiyaga xos alohida xususiyatlariga e’tibor qaratish, suhbatlar tashkil etish;

- dunyoviy va diniy bilimlarni egallashga jiddiy e’tibor berish hamda bolalardagi vatanparvarlik tuyg‘ularini o‘stirish maqsadga muvofiqdir.

Farzandni qanday bo‘lsa shundayligicha, ya’ni o‘zining alohida xususiyatlari, odatlari bilan qabul qilinishi bola shaxsining takrorlanmasligini, o‘ziga xosligini tushunish ota-onaga sabr va mas’uliyatni yuklaydi. Farzand ota-ona ongida ular istagandek mukammal shaxs bo‘lmasligi mumkin, lekin ularning dunyoqarashini rivojlantirish, kamchiliklarini, hissiyotlarini, har bir bolaning o‘ziga xosligini, tabiatan berilgan iqtidorini sezib tarbiyalash ota-onaga yuklanadigan vazifadir. Bunda oiladagi keksalarimiz, ya’ni buva va buvilarning ham farzand tarbiyasida katta hissasi bo‘ladi.

Oiladagi bolaning rivojlanishida, o‘ziga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishida, atrofidagilarini hurmat qilish, mehr-muhabbat ko‘rsatish va birdamlikda harakat qilishga o‘rgatishda ularning o‘rni beqiyosdir. Ota-ona, buva-buvilar o‘z hayot faoliyatlarida uchraydigan qiyinchiliklar, yo‘l qo‘ygan xatolarni to‘g‘ri talqin qilib, ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch, mehnatsevarlik va sabr-toqat hissini shakllantiradilar. Ota-ona o‘z bolasining xato va kamchiliklarini yuziga solishdan, boshqalarga namuna qilib ko‘rsatishdan qochishi kerak. Shunda bolada kelajakka bo‘lgan ishonch va intilishlarni ta’minlaydi. Bolaga “Seni bugungi ishing yaxshi, ertaga bundan ham yaxshi bo‘ladi” – degan fikrni bildirib turish yaxshi natijalar beradi. Tarbiyaning bu yo‘li bolaning ruhiy va jismoniy salomatligini mustahkamlaydi, oldiga qo‘ygan maqsadi yo‘lida sabot bilan harakat qilishini ta’minlaydi.

A.ALIMOV, 

Toshkent shahar, 

“Qatortol” masjidi imom xatibi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.