TARIX TILGA KIRGANDA

Mehribon ota-onang, yaqin odamlaring haqida yozish naqadar yoqimli, shu bilan birga, shunchalar qiyinki... Kamina ham bunga amin bo‘lganman. Ushbu satrlarni qog‘ozga tushirish uchun necha bor chog‘landim, biroq har gal qo‘limga qalam olganimda, yurak o‘zgacha uradi. Shu bois bu yumushni orqaga surib keldim. Lekin yozishim kerak edi. Bu burch menga nafaqat bu dunyodan ko‘z yumganlar oldida, balki ularning ruhini shod etib, xotirasini e’zozlayotganlar oldida ham qarzdorligimni anglatib turadi.

 

Yozuv stolim ustida bir taxlam oq qog‘ozu olti kishining mangulikka bitilgan tasviri.

Suratning orqa tomoniga: “U 26/IV.43.Orlov/ oblast, st. Rojdestvo” deb bitib qo‘yilgan. Boshqa hech qanday yozuv yo‘q. Suratdagilarning o‘ngdan birinchisi mening otam, qolganlari esa uning safdoshlari. Ulardan ikki kishini onam (Alloh rahmat qilgan bo‘lsin!) yaxshi tanir edi. Chap tomondan: jingalak sochli, kulib turgan qiz Zifo Shamsuddinova, uning yonidagisi esa Umrzoqov ekan. Zifo juda yoshligiga qaramay, frontga ko‘ngillilar safida ketgan. (Uni xizmatdoshlari Zebo deb chaqirishgan. “Qizil Armiya” fronti gazetasi tahririyatida matn ko‘chiruvchi, kotiba bo‘lgan ekan).

Suratga tikilib, xayol suraman. Hech narsa ko‘ngilga sig‘maydi. O‘sha mash’um dahshatli tunda ulardan qaysi birining umri guldek xazon bo‘ldi ekan?! 

Balki ushbu suratdagilardan kimlardir hayotdir, ehtimol, ularni tanigan-bilganlar bordir?!

...Otam vafot etganida yettinchi sinfda o‘qirdim. Ularning olovli kunlar haqidagi hikoyalaridan ba’zilarini tinglaganman. Hozir hikoya qilayotganlarimni onam so‘zlab bergan edi. 

...Otam xizmat qilgan 1-Belorussiya fronti ixtiyorida “Qizil Armiya” gazetasi tahririyati o‘rmon ichkarisida besh-olti vagonga joylashgan bo‘lib, oldingi vagonlar ish joyi va bosmaxona, oxirgi ikki vagon yotoqxona va oshxona vazifasini o‘tar ekan. 

Qirq uchinchi yilning o‘n oltinchi oktyabri. Tun. Qop-qorong‘i o‘rmon. Katta serjant Solih Abdukarimov, ya’ni mening otam uch kunlik ketma-ket navbatchilikdan bo‘shab, oldingi vagonda ishlab o‘tirgan shu gazetaning muharriri Jalolxon Azizxonov oldiga kirib:

— Vaqt allamahal bo‘lib qoldi, dam olsangiz bo‘lardi, o‘rtoq komandir, — debdi. U kishi:

— Siz boravering, men biroz ishlab, so‘ng yotaman, — degan.

Voqea tafsiloti nihoyatda hayajonli kechganini onamning so‘zlaridan bilinib turardi.

...Vagonlarning har ikki tomonida navbatchi soqchilar. Kunduzgi g‘ala-g‘ovurlardan charchagan, hayot-mamot kurashi borayotgan oldingi jabhalardan horib-tolib qaytgan jangchi muxbirlar, tahririyatning boshqa xodimlari ham dam olishmoqda. Oxirgi vagondan patefonning ovozi eshitiladi...

Bir payt dushman samolyotining chinqirig‘i eshitiladi. Hammayoq bir zum yop-yorug‘ bo‘lib, ko‘zlarni qamashtirdi. Dahshatli portlashdan zamin larzaga keldi. Odamlar o‘zlarini vagonlardan tashqariga otdilar. Oldingi ikki vagon alanga olib yonar edi. Hamma o‘zini o‘t ichiga urdi, yonayotganlarni, yaradorlarni vagonlardan tashqariga olib chiqa boshladilar. Fashist samolyoti tashlagan bomba oldingi ikki vagon o‘rtasiga tushgan, bu vagonlar tamoman o‘t ichida qolgan edi.

Portlash natijasida Azizxonov vagon derazasidan otilib tushgan, u o‘zini bilmay yotar edi. Shu vaqt yana fashist samolyotining chinqirig‘i eshitildi. Odamlar o‘zlarini panaga urdi... 

Ko‘pincha dushman samolyoti bomba tashlaganidan keyin yana uchib kelib, o‘z “hunar”ini “tantanali” ravishda suratga tushirib, ko‘ringan odamlarni o‘qqa tutib ketardi. Buni bilgan soldatlar o‘zlarini panaga olar edi. Bu gal samolyot yonayotgan vagonlar tepasidan uchib, hech qanday o‘q uzmay qaytib ketdi. O‘rmonning achchiq tutun, yaradorlarning oh-nolalari tutgan edi.

Tong saharda dahshatli manzara yaqqol namoyon bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning o‘zi o‘n sakkiz kishi edi. Bir qancha kishi, jumladan, Azizxonov ham qattiq yarador bo‘ladi. U dam hushini yo‘qotar, dam hushiga kelib, “Zebo, Zebo qani?” deb alahlardi.

Yaradorlarni “sanchast”ga jo‘natib, askarlar halok bo‘lganlarni dafn etish uchun qabr qazidilar. O‘n sakkiz jangchi hamda endigina o‘n to‘qqiz bahorni ko‘rgan, hali o‘n gulidan bir guli ham g‘uncha ochmagan Zifoning ham umri shu yerda tugadi. (Hozir Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi katta ko‘chalardan biri Zifo Shamsuddinova nomi bilan ataladi. — Muallif).

Otamning “qabr tepasida Qur’on tilovat qilib, shahidlarning ruhlariga baxshida etgan edim”, degan gaplari sal-pal esimda.

...Bomba tushganida vagonlarning ikki tomonidagi soqchilardan biri halok bo‘lgan, ikkinchisi esa soppa-sog‘ qolgan. Buni qarangki, otam kechasi navbatchilikni topshirgan ekanlar. 

Shu o‘rinda rahmatli buvimdan eshitganimni so‘zlab bermoqchiman.

— Toshkentni chor Rossiyasi bosib olganida (1865 yil 15 — 17 iyun), — deb hikoya qilar edi u kishi, — onam uch oylik chaqaloq ekanlar. “Yov bosdi, yov bosdi” deb hamma yashirinishga tushgan. Odamlar qo‘liga ilingan narsalarini olib, shahardan chiqib ketishga shoshilgan. “Ey Parvardigor, senga omonat” deb onamni — uch oylik chaqaloqni boloxonada terib qo‘yilgan chalmalar ustiga yotqizib ketishibdi. Uch kundan keyin “omon”, “omon” bo‘lgach uyga qaytib, ko‘rishsaki, chaqaloq “inga-inga”lab oxirgi nafasini olib yotganmish. “Uraman desa chora yo‘q, asrayman desa balo yo‘q”, deb ana shunga aytiladi, bolam.

Otam 1942 yil 23 iyulda, “Qizil O‘zbekiston” gazetasi tahririyatida ishlab turgan vaqtlarida Qizil Armiya safiga chaqirilgan. Turli qog‘ozlarni varaqlar ekanman, ushbu hujjatga ko‘zim tushdi. Unda shunday yozilgan edi:

1-Belorussiya fronti. “Qizil Armiya” gazetasi redaktsiyasi.

22.IX.1945 № 0163

1-Bellorussiya fronti 48251-A harbiy qism komandiri

N.Potapov

 

Ma’lumotnoma

Qizil askar Abdukarimovga berildi shu haqdakim, u 1942 yil sentyabr oyidan 1945 yil 27 sentyabrga qadar 1-Bellorussiya frontining 48251-A harbiy qismida haqiqiy harbiy xizmatni o‘tadi. U “Berlinni olganligi uchun” medali bilan mukofotlanishga haqli.”

“Qizil Armiya” gazetasi tahririyatining xodimi, katta serjant Solih Abdukarimov jangovar qalamkash jurnalist do‘stlari Jalolxon Azizxonov, Mirzakalon Ismoiliy, Meli Jo‘ra, Ilyos Muslimlar bilan birgalikda fashizmni o‘z uyasida tor-mor etishda baholi qudrat hissasini qo‘shdi. Qo‘mondonlik topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajargani uchun bir necha bor mukofotlarga sazovor bo‘ldi. “Stalingrad mudofaasi uchun”, “Varshavani ozod qilganlik uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun”, “Berlinni olganlik uchun”, “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Ulug‘ Vatan urushi yillaridagi mehnati uchun” jangovar medallari bilan mukofotlandi. 1945 yil iyul oyida — Postdam konferentsiyasi o‘tayotgan kunlarda ushbu shaharchada edi.

Otam 1945 yil oktyabr oyida Qizil Armiya safidan qaytgach, dekabr oyidan boshlab O‘zbekiston SSR davlat nashriyoti bosh boshqarmasida mehnat faoliyatini davom ettirdi. Bu dargohda umrining oxiriga qadar (1955 yil 22 dekabr) samarali ishladi.

Afsuski, otamning frontdan yozgan xatlari saqlanib qolmagan. Balki urush va urushdan keyingi yillarda bahorda — dalaga, kuzda — shaharga “ko‘chdi-ko‘chdilar”da yo‘qolib ketgandir. Lekin aminmanki, maktublar ona yurt, oila sog‘inchi, farzandlar va ota-ona mehri bilan yo‘g‘rilgan. Mana, otamning maktublaridan birida bitilgan, rahmatli onamning xotiralarida qolgan nazmiy misralar:

Ohkim, qildi urush 

shahriyorimdan judo,

Ohu ko‘z, qoshlar qaro 

nozik niholimdan judo.

So‘zi shakar, o‘zi dilbar 

Sur’atim, San’atlarim,

Qayratim, Tal’atlarim, 

jondan azizimdan judo.

Ko‘zi dardlik, o‘zi g‘amlik 

mehribon onam mening,

Xasta yotgan, bag‘ri biryon 

mehribon otam mening.

Sog‘misiz, omonmisiz, 

aqlu raso Qori ukam,

Ishlaringiz yaxshimi, 

jondan aziz katta akam.

Nabixo‘ja, Alixo‘ja 

nomlaringiz dilda jo,

Zikrxo‘ja, Qanixo‘ja, 

Botiru o‘ulom ukam...

Shularni eslab yuragim qa’ridan bir nido keladi. “Aslo urush bo‘lmasin, yurtimiz tinch, hayotimiz farovon bo‘lsin.”

 

Sur’at ABDUKARIMOV

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.