BILIMI ZO‘R MINGNI YIQAR

Shu yil 5-mayda “2017— 2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Xo‘sh, bu yil oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Umuman, mazkur qarorning zarurati va mohiyati nimada? Shu kabi savollarimizga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalarini tashkiliy-metodik ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Barno RAJABOV bilan suhbat uyushtirdik.

 

 

— O‘tgan davr mobaynida tizimda kuzatilgan ayrim nuqsonlardan xabarimiz bor. Yuqorida nomi zikr etilgan Qaror xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi. Avvalo, bu yil oliy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot bersangiz.

— Hayotimizda kun sayin yangi innovatsion texnologiyalar, shunga monand yangi sohalar paydo bo‘lyapti. Bilamizki, yangilik kirib kelayotgan har bir jamiyatda birinchi galda mutaxassis yetishmovchiligi masalasi o‘rtaga chiqadi. Shu ma’noda qarorning birlamchi omili sifatida Respublika iqtisodiyotini rivojlantirish uchun tashkil etilayotgan yangi turdagi korxona-tashkilotlarning mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash masalasini keltirib o‘tgan bo‘lardim. Bundan tashqari, xalq bilan olib borilayotgan ochiq muloqotlar davomida oliy ta’lim sifatini oshirish borasidagi fikrlar inobatga olinishi ushbu qarorga poydevor bo‘lib xizmat qilganini ta’kidlab o‘tish joiz. Eng chekka tumanlarimizdagi qishloq, ovullarda tibbiyot va ta’lim muassasalaridagi iqtidorli va munosib kadrlarga bo‘lgan talab esa maqsadli qabul haqidagi bandga asos bo‘ldi, nazarimda. 

Qarorda aytilganidek, qo‘shimcha qabullar soni oliy ta’lim muassasasining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bu haqdagi alohida hujjat ham yaqin kunlarda qabul qilinadi. Ta’kidlash lozimki, hujjat e’lon qilingunga qadar aytilgan taxmin, mulohazalar asossizdir. “Falon institutga mana buncha kvota ajratilibdi, mana buncha miqdorda kontrakt puli belgilanibdi!” kabi so‘zlarga ishonish natijasida turli xil tushunmovchiliklar kelib chiqmasligini istardik. Inchunun, bugun tizimda kuzatilayotgan yangiliklar, o‘zgarishlarga ham mish-mishlar ketidan quvmasdan, qarorni o‘qib, nafaqat o‘qib, uqib fikr yuritishni taklif qilardim. Bu borada ba’zi OAV, ayniqsa, bir nechta ommaviy saytlar misolida aytish mumkinki, ishonchsiz manbalarga suyanib, kvotalar soni, mablag‘ miqdori haqida asossiz xabar tarqatib, xalqni chalg‘itib qo‘ymaslik kerak! Bu kabi xabarni olgan abiturientda, men 68 ball to‘plasam, bas, o‘qishga kirar ekanman, degan tushuncha paydo bo‘lib qoladi! Aslida esa qarorda ham ko‘zda tutilganidek, 68 ball da’vogarlik degani, xolos. O‘qishga qabul qilinadi, degani emas! Chunki undan avval bir qancha da’vogarlar bo‘lishi mumkin. Qabul soni esa chegaralangan. Shu ma’noda har bir abiturient “O‘qishga kirib olsam bas”, deb emas, “grantga kirishim kerak”, deb harakat qilsin. “Shartnoma to‘lovi yildan-yilga oshadi, ota-onamga og‘irligimni tushirmay, yaxshisi, hozir bor kuchim bilan harakat qilay”, deb o‘ylasin. Bu qaror dangasaga soya bo‘lishi uchun emas, kerakli kadrlarni ko‘proq yetishtirib chiqarish uchun qabul qilinganini hamma tushunib yetsin. 

Yana bir gap. Qabul balliga kichik miqdor — 4-5 ball yetmay qolgan abiturientlarga ma’lum tartibda kamroq, sezilarli darajada past, biroq 68 balldan yuqori, ammo o‘tish ballidan ancha past to‘plaganlarning to‘lov shartnoma puli ko‘proq miqdorda oshib boraveradi. Shunga ko‘ra “O‘qishga baribir kira olarkanman-ku” deb, bamaylixotirlikka berilish kerak emas. Chunki bilimdan qanchalik ko‘p yutqazsangiz, mablag‘dan ham shunchalik yutqaza borasiz. Ota-onaning cho‘ntagini “quritish” esa hech qaysi farzandga ham yoqmasa kerak. Endilikda harbiy tavsiyanomaga ega abiturient avvalgidek test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdorida emas, balki o‘zi to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida imtiyozga ega bo‘ladi. Ko‘rinib turganidek, o‘qishga qabul turli imtiyozlardan ko‘ra bilimga ko‘proq bog‘liq. Chunki 100 ball to‘plagan imtiyoz egasiga 50 ball qo‘shilsa, 40 ball yig‘a olgan boshqa imtyozli “harbiy” 20 ballgagina ega bo‘ladi. Natijada, o‘qishga kirish imkonini boy beradi. Shunday ekan, bilimi zo‘r mingni yiqar, degan naqlni unutmaslik kerak. 

— Qarorga ko‘ra, kvotalar 8784 taga ko‘paygan. Ayni jarayonda respublikaning turli viloyatlaridan keladigan talabalarni turar joy bilan ta’minlash, o‘quv xonalari, umuman, moddiy-texnik baza hisobga olingandir. Qolaversa, kelajakda ularni ish bilan ta’minlash masalasi ham muhim...

— Qarorda aytilganidek, qo‘shimcha qabullar oliy ta’lim maskanlarining imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. O‘qituvchilar soni, auditoriyalar, moddiy texnik bazaning yetarlilik darajasi va shular orasida talabalar turar joyining imkoniyatlari ham inobatga olinadi. Ammo bu kvota yildan-yilga oshib borishi mumkin. Chunki yaqin besh yillik uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20-apreldagi imzolagan 2017—2021 yillarda “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qariyb hamma OTM moddiy texnik bazasi mustahkamlanadi. Shu ma’noda agar talabalarga qo‘shimcha turar joy va o‘quv binolari kerak bo‘lsa, har bir ta’lim muassasasi ushbu holatni o‘z rivojlantirish dasturiga kiritadi va masala o‘rnatilgan tartiblarda hal etiladi.

Kelajakda kutilayotgan ishlar va bugun olib borilayotgan islohotlarga qarab turib, aytish mumkinki, yaqin yillar ichida mamlakatimizda yangi kasb egalari, yangi korxonalar va tashkilotlar paydo bo‘ladi. Yangi ish o‘rinlarining paydo bo‘lishi tabiiy jarayonga aylanib qoladi. Bugungi kunda aksariyat katta, nomdor korxona, tashkilotlarda xodimlarni suhbat asnosida ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonda xalqona tilda aytganda, talabalar saragi-sarakka, puchagi-puchakka ajraladi. Bilimi bo‘lmagan yoki salohiyatsiz xodim o‘z-o‘zidan ish o‘rnini raqobatchisiga bo‘shatib berishga majbur. Ana shu mexanizm respublikamiz bo‘ylab yo‘lga qo‘yilishi natijasida kerakli kadrlarni ish bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘lamiz.

Xabaringiz bor, davlatimiz tomonidan ta’lim muassasalari bitiruvchilariga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun imtiyozli kreditlar ajratib kelinmoqda. Avvallari imtiyozli kreditlar faqatgina o‘rta maxsus bilimlilarga berilgan bo‘lsa, endilikda oliy ta’lim bitiruvchilariga ham mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bugungi kunda 9 000 nafar talaba tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan. Ana shu maqsadli reja asosida ham oliy ta’limni yakunlagan talabaning bandligi kafolatlanishi bilan bir qatorda yana o‘zi kabi bir qancha yoshlarni ham ish bilan ta’minlashga erishiladi. Aslida tadbirkorlik deganda nimani tushunish kerak? Nazarimda bu borada biz xorij texnikasini o‘rgangan holda, o‘zimizning imkoniyatlardan kelib chiqib ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Xorij tajribasini o‘rganishda xitoyliklar haqida shunday gap yuradi: Xitoy qishloqlarining bir burchidagi xonadon televizorning kichik murvatini yasaydi, undan keyingisi ekranini, navbatdagi xonadon yana boshqa kerakli jihozni... Shu tariqa qishloqning boshidan oxiriga qadar televizor tayyor holatga kelib qoladi. Biz ham ana shunday birlashishimiz, bir-birimizni to‘ldirishni o‘rganishimiz kerak. Bu jarayon esa hammamizga bog‘liq. Oliy ta’limda o‘qiyotganga, o‘qitayotganga, uni qabul qilayotganga ham... Hamma o‘z vazifasiga vijdonan yondashsa, sohalarda hech qanday muammo yuzaga kelmaydi, deb o‘ylayman.

— Taassufki, oramizda farzandini o‘qishga kiritish uchun kimlargadir ishonib, pul berib, aldanib qoladiganlar ham uchrab turadi. Qolaversa, sohada nopok, tamagir kimsalar ham yo‘q emas. Bu haqda sizning fikringiz qanday?

— Abiturient yetarlicha tayyorgarlik ko‘rsa va o‘z imkoniga qarab oliy o‘quv yurtini tanlasa, uning o‘qishga kirishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Ammo bilimiga ishonmasdan, kimlardandir najot kuta boshlasa, nopok kishilarga yo‘l ochib bergan bo‘ladi. Zero, qaerga bormang, o‘zingizga ishonchingiz bo‘lmasa, sizdan tama qiladiganlar topiladi. O‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abiturient har qanday holatda ham halol yo‘ldan borsa, o‘z-o‘zidan poraxo‘rlikning oldi olingan bo‘lardi, nazarimda. 

Butun dunyoda yapon kadrlariga bo‘lgan talab kuchli ekanini bilamiz. Xo‘sh, nega shunday? Bilasizmi, kunchiqar yurt odamlari farzandini o‘n ikki yoshidan boshlab aniq bir maqsadli, yo‘naltirilgan soha bo‘yicha tayyorlay boshlaydi. Shu tariqa bola maktabni tamomlaguncha o‘z yo‘lini, kelajakda qaysi soha vakili bo‘lishini aniq belgilab oladi va o‘zining bu borada nimalarga qodir ekanini yaxshi biladi. Bizda-chi? O‘qishga hujjat topshirishga bir-ikki yil qolgandagina tayyorgarlik boshlanadi. Ya’ni o‘quvchi ikki yil davomida test sinovlarida beriladigan savollarga javob topish uchungina o‘qiydi. O‘zi egallamoqchi bo‘lgan kasbga layoqati bor-yo‘qligi haqida o‘ylashga vaqt bo‘lmaydi unda! Bu yoqda litsey yoki kollej berayotgan bilim ham o‘lda-jo‘lda qolib ketadi... 

Shu ma’noda farzandlarimiz qaysi oliy o‘quv yurtiga bo‘lmasin, shunchaki orzu-istaklar bilan emas, amaliy tayyorgarlik, sobitqadamlik, ishonch bilan borishlari kerak, deb hisoblayman. Bu borada faqat repetitorlarga suyanib qolmasdan, balki ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari salohiyatidan ham unumli foydalanish kerak. Faoliyatimiz davomida ota-onalardan ko‘pgina xatlar keladi. Ularning aksariyati shikoyatdan iborat. Oliy ta’limda o‘qiyotgan farzandining bittagina fandan baho ololmagani sababli haydalishi nohaqlik ekani yoki o‘qituvchilarning farzandiga nohaq past baho qo‘ygani kabi arznomalar. Ammo shu paytga qadar biror ota-ona ta’lim sifatining yaxshi emasligi yoki yaxshi bo‘lsa-da, bundan-da yaxshiroq o‘qitish kerakligi haqida taklif yo e’tiroz bilan murojaat qilmagan. Siz yuqorida poraxo‘rlik haqida gapirdingiz. Mana uning ildizi qaerda?! Ba’zan farzandlarimiz ham, o‘zimiz ham yaxshi mutaxassis bo‘lishga emas, mutaxassislik diplomiga ega bo‘lishgagina harakat qilamiz va natijada... Xullas, tizimda yangilik qilishni istasak, barchamiz birga, birgalashib harakat qilishimiz kerak, nazarimda.

Yana bir yangilik ham ko‘rib chiqilyaptiki, unga ko‘ra, balki kelasi yildan boshlab, qabul jarayoni oldidan abiturient bilan suhbatlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Ya’ni bunda uning tanlagan sohasiga qanchalik layoqatli-layoqatsiz ekani aniqlanib, kerakli tavsiyalar beriladi. Va ana shu jarayon videokuzatuv ostida bo‘lishi, shu orqali vaziyatning haqqoniyligiga, shaffofligiga erishishni niyat qilganmiz. Ma’lum bir yo‘nalishlarda esa yozma ishlar olinib, betaraf kommissiya tomonidan tekshirishlar olib borilishi ham mumkin. Bu borada Davlat test markazi bilan hamkorlikda ishlaymiz, albatta.

— Shu mavzuda aholi fikrini o‘rganganimizda, qabul jarayonida turli qing‘irliklar kuzatilmasligi uchun test tizimi o‘rniga yuzma-yuz savol-javob o‘tkazish samaraliroq bo‘lishini aytishdi. Bu haqda nima deysiz?

— Qizig‘i, ayni paytda ko‘rib chiqilayotgan taklif-mulohazalar orasida bu taklif ham bor. Ya’ni xalq bilan muloqotlar davomida bu kabi fikrlar ham bildirilgan. Lekin bilasizmi, test tizimining qabul qilinishiga doir hujjatlarni ko‘zdan kechirsangiz, birinchi omil siz aytgan o‘sha qing‘irliklar, noqonuniy o‘qishga kirishlarning oldini olish uchun joriy etilganini ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Ammo so‘nggi yillar davomida biz hisobga olmagan, hatto kutmagan yo‘llar ham paydo bo‘ldiki, ular jarayonni bir muncha o‘zgartirib yubordi. Lekin bu biz yana suhbat, og‘zaki savol-javob tizimiga o‘tishimiz kerak, degani emas, menimcha. Bu kabi holatlarga chek qo‘yish borasida ichki tizim bilan chora-tadbirlar tuzib, tez orada amalga tatbiq etishni rejalashtirganmiz...

 

“Hurriyat” muxbirlari  

Sitora TOJIDDINOVA,

Feruza XAYRULLAYEVA

suhbatlashdi.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.