Fidoyilik yuksaltirar yurtimizni

Yaqinda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Qarorda ko‘rsatilganidek, “Buyuk va bebaho ne’mat – mustaqillikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyati yillar o‘tishi bilan tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelmoqda”.

 

 Buni ayniqsa, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida yangi sifat o‘zgarishlari bilan  amalga oshirilayotgan Davlat dasturi doirasida, keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari, yangilanishlar, odamlarning yashash tarzi o‘zgarib, ularda yurtimiz ravnaqiga daxldorlik hissi oshayotganida ko‘rmoqdamiz. Zotan, Prezidentimiz yurtimizning qaysi go‘shasida bo‘lmasin, odamlar dardi bilan yashash, ularni rozi qilish, muammolarni o‘z vaqtida hal qilish aholi turmush farovonligining ortishida asosiy omil ekanligini qayta-qayta uqtirib kelmoqda.

Men ushbu maqolada Qoraqalpog‘istonning Mustaqillik yillaridagi muvaffaqiyatlaridan biri – Orol bo‘yi hududini obod qilish, Mo‘ynoq tumani aholisining hayot tarzini ijobiy tomonga o‘zgartirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi o‘sish sur’atlarini tezlashtirish, hududni toza ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarini talab darajasiga yetkazish singari masalalarga to‘xtalib o‘tishni lozim topdim.

 2016 yil dekabrda Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, xalqimiz bilan saylov oldi uchrashuvida: “Qoraqalpog‘iston Respublikasi mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida qanday katta o‘rin tutishini barchamiz yaxshi bilamiz va buni yuqori baholaymiz”, – degan edi.

Bu haqda so‘z yuritganda, muhim bir voqea esimga tushadi. 2010 yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq Bosh kotibi janob Pan Gi Mun O‘zbekistonga tashrif buyurganida, men Birinchi Prezidentimizning topshirig‘iga binoan yuksak martabali mehmonning Qoraqalpog‘istonga safari davomida unga hamrohlik qildim. Biz vertolyotda parvoz qilib, butun Qoraqalpog‘iston hududini, qurib borayotgan Orol dengizini kuzatdik.

O‘shanda mehmonga Orol dengizi bilan bog‘liq ekologik ofat haqida, jumladan, dengiz tubidan har yili 700-800 million tonna tuz bo‘ronlari havoga ko‘tarilishi haqida gapirib bergan edim. Bunday ayanchli manzarani o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ishoninglar, janob Bosh kotibning ko‘zidan yosh chiqib ketdi. “Men dunyodagi halokat sodir bo‘lgan juda ko‘p joylarni ko‘rganman, – dedi u o‘shanda. – Lekin bunday og‘ir ekologik holatni umrimda birinchi marta ko‘rib turibman. Shunday keskin vaziyatga qaramasdan, shu yerda yashab mehnat qilayotgan odamlarga, ularning sabr-bardoshiga qoyil qoldim”, deb aytganini eshitganman. Bu gaplarni janob Pan Gi Mun keyinroq televidenie orqali ham aytganidan xabardorsiz.

 

Haqiqatan ham, hayotning og‘ir sinov va qiyinchiliklariga qaramasdan, o‘z zaminiga sadoqat ko‘rsatib yashayotgan va matonatli qoraqalpoq elining mustahkam irodasiga tan bersak,  arziydi. Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog‘iston, ayniqsa, Mo‘ynoq tumani farovonligi uchun yaratib berayotgan imkoniyatlaridan mamnun bo‘lmoqdamiz. Jumladan, shu yilning boshida Prezidentimiz Mo‘ynoq tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosini hal qilishga qaratilgan “Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq suv inshooti qurilishi” loyihasining boshlanishiga tamal toshini qo‘ygan edi. Endilikda 101 kilometr uzunlikda vodoprovod quvurlari yotqizilib, tuman aholisi uchun toza ichimlik suvi yetkazib berildi. Xalq farovonligini ta’minlash, yashash sharoitini yaxshilashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari Mo‘ynoq tumani kelajagini belgilab bermoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan mazkur bunyodkorlik ishlariga 26,6 milliard so‘m sarflandi. Qurilish-montaj ishlari bosh pudratchi – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsionerlik jamiyatiga qarashli “SPMS” maxsus ko‘chma mexanizatsiyalashgan stantsiya qo‘li gul quruvchilari tomonidan sifatli amalga oshirildi. Mo‘ynoq tumani aholisi uchun mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi bayramiga munosib sovg‘a sifatida tuhfa qilingan ushbu inshootning ishga tushirilishi natijasida bir kecha-kunduzda 7 ming kubometr toza ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyati yaratildi.

– Toza ichimlik suvi xalqimizning ko‘p yillik orzu-armoni edi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi boshlig‘i Jangaboy Jusipov. – Shu paytgacha aholi Amudaryo yoki yerosti suvidan foydalanib kelar edi. Bunday xayrli ishga bosh bo‘lgan Prezidentimizga butun mo‘ynoqliklar nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18 yanvardagi “2017–2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishning davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorida nafaqat tuman markazi, balki eng chekka ovullardagi aholini ham sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash nazarda tutilgan. Xususan,  “Nukus, Beruniy, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Qorao‘zak tumanlarining suv ta’minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiyalash” loyihasi doirasida buyurtmachi “O‘zkommunxizmat” agentligi va Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magida Mo‘ynoq tumanining 6 aholi punktida yashovchi 826 xonadon aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz tomonidan Mo‘ynoq tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilib, joriy yilning 28 fevralida “2017-2018 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, tumanda 72 loyiha amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda 36 loyiha ro‘yobga chiqarilishi natijasida 200 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratishga erishildi.

Bu xalq o‘tmishda ham, hozirgi kunda ham barcha mashaqqatlarga chidam berib, hech qachon ertangi kunga ishonchini yo‘qotmasdan kelayotganining o‘zi buyuk bir ibrat namunasidir. Yaratganning qudratini qarangki, qoraqalpoq elining ana shunday sabr-bardoshiga yarasha ulardan o‘z marhamatini ayagani yo‘q. Garchi Orol dengizining suvi kamaygan bo‘lsa-da, bu bepoyon zamin bag‘ridagi boshqa boyliklarni mo‘l-ko‘l qilib bermoqda. Buning tasdig‘ini ushbu mintaqada topilayotgan va ishga tushirilayotgan tabiiy boyliklarning yangi-yangi konlari va zaxiralari misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Xususan, qurilishi 2012 yilda boshlangan Ustyurt gaz-kimyo majmuasida gazni taqsimlaydigan, etilen, polietilen, polipropilen ishlab chiqaradigan va energiya manbalari bilan ta’minlaydigan jami beshta zavod, shuningdek, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari barpo etilgan. Ular dunyodagi eng zamonaviy yuqori texnologiyalar bilan ta’minlangan, eng so‘nggi rusumdagi uskunalar o‘rnatilgan. Umumiy qiymati 4 milliard dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

Majmuada 1300 ga yaqin mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda. Ustyurt gaz-kimyo majmuasida mahsulot ishlab chiqarish jarayoni sinov tariqasida o‘tgan yili boshlangan edi. 2015 yilda 54,9 ming tonnadan ziyod suyultirilgan uglevodorod gazi, 34 ming tonnadan ortiq gaz kondensati ishlab chiqarildi. Magistral gaz quvurlariga 1,8 milliard kub metrdan ortiq etan va gaz, «O‘zbekenergo» aktsiyadorlik jamiyati energiya tizimiga 87,5 ming megavattdan ziyod elektr energiyasi yetkazib berildi. Ayni paytda piroliz distillyati Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga benzin tayyorlash uchun yuborilmoqda. Polietilen va polipropilen qator xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. Shu kunga qadar qariyb 150 million dollarlik 186 ming tonnadan ortiq polietilen va polipropilen Markaziy va Sharqiy Osiyo, MDH va Yevropa mamlakatlariga jo‘natildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilga borib polietilen ishlab chiqarish hajmi 4,1 barobar oshadi.

Bugungi kunda bu yerdagi hayot manzaralari butunlay o‘zgarmoqda. Ya’ni barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullar yangicha chiroy ochib borayotganini, zamonaviy korxonalar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, kommunikatsiya tarmoqlari barpo etilayotganini ko‘rib, ko‘zimiz quvonadi. Bularning barchasi avvalo mustaqillik sharofati, butun mamlakatimiz qatori Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti ham yuqori sur’atlar bilan rivojlanib borayotganining natijasidir.

Ma’lumki, ilgari Orolbo‘yi suv havzalarida yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlangan. Amudaryo va Sirdaryo suvining Orolga quyiladigan umumiy hajmi keyingi ellik yil ichida qariyb 5 barobar, Orol dengizining suvi esa 14 barobardan ko‘proq kamaydi. Orol dengizi suvining sho‘rlanish darajasi 25 marta ortishi baliq va boshqa dengiz mavjudotlarining deyarli butkul yo‘qolishiga olib keldi. Orolbo‘yi mintaqasida o‘simliklar va yovvoyi hayvonlar turi keskin kamayib, jumladan, sutemizuvchilarning 12, qushlarning 26 va o‘simliklarning 11 turi yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turibdi. Orolning qurigan qismi o‘rnida 5,5 million gektar maydondan ziyod yangi Orolqum sahrosi hosil bo‘ldi.

Lekin bugungi kunda Prezidentimiz rahnamoligida bu yerlarda “Yashil qalqon” – ishonchli himoya” shiori ostida nabotot olamining shakllanishi va rivojlanishida eng muhim omillardan biri suv resurslaridan keng foydalanilmoqda.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “hayvonot va o‘simlik olami bioxilma-xilligini, jumladan, kichik suv havzalari yaratish orqali saqlash va qayta tiklash, mintaqaning noyob flora va faunasini asrab-avaylash darkor”. Shuni hisobga olgan holda, vohada kamayib borayotgan o‘simliklarni chuqur o‘rganish, ularni saqlab qolish va rivojlantirishning maqbul usullarini ishlab chiqish yo‘lida muayyan natijalarga erishilmoqda. 

Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston nabototida o‘simliklarning mingdan ortiq turini uchratish mumkin. Ularning aksariyatini ko‘paytirish hamda iqlimga moslashtirish natijasida bugungi kungacha 300 dan ziyod turdagi o‘simliklar ko‘paytirilgan bo‘lsa, shundan 30 tasi xalq xo‘jaligida foydalanishga tavsiya etilgan.

Bir vaqtlar mavj urib turgan dengizning suvi pasayib, hududda 5,5 million gektar tuzli qum maydonlari hosil bo‘lgan. Bu holat mintaqa tabiati, odamlar hayoti, o‘simliklar va hayvonot olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida umumiy qiymati 4 milliard so‘mlikdan ziyod 50 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. 

Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Qoraqalpog‘istonda bo‘lganida, Orol dengizi va uning atrofidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. A.Guterrishning Mo‘ynoq tumani aholisi, ayniqsa, turli soha vakillari bilan suhbati Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yanada ochib berishga xizmat qilishi shak-shubhasizdir.

Prezidentimizning Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga qaratilgan qarori ijrosi tumanda ichimlik suvi muammosini hal qilish, gaz, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, qo‘yingki, ijtimoiy sohadagi barcha muammolarni hal etishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Orol bo‘yi hududiga ekoturizmning olib kirilishi bu sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yorqin namunasidir. Shuningdek, dengiz hududida shifobaxsh minerallarga boy balchiqda emlanish uchun zamonaviy, xalqaro standartlarga javob beradigan oromgohlar va sihatgohlar yaratish ishlari diqqatga sazovordir.

Quvonarlisi, Orol bo‘yida yashovchi aholini, ayniqsa, Mo‘ynoq tumaniga tez-tez qadam ranjida qilayotgan chet ellik turistlarning dengizda motor qayiqlarda sayr etishini yo‘lga qo‘yish borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mo‘ynoqda balandligi 18 metrga yetadigan “Mo‘ynoq mayog‘i”ni yaratish ayniqsa yoshlarni juda quvontirmoqda. Tumanda o‘lkashunoslik muzeyining qayta ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etayotganligi Mo‘ynoqqa kelayotgan chet ellik mehmonlarning diqqat-e’tiborini tortmoqda.

Shu kunlarda xalqimiz Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligini eng ulug‘ va eng aziz bayram sifatida nishonlashga tayyorgarlik ko‘rar ekan, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar erkin va ozod hayotimizning samarasi ekanligini e’tirof etmoqda. Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan Farmon va Qarorlar mustaqillikni mustahkamlashga, yurt ravnaqi, tinchlik-osoyishtaligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Ana shunday kunlarda biz yurt dardiga, Orol muammolariga hamdard yurtdoshlarimizni kelajakka yuksak ishonch bilan yashayotgan Mo‘ynoqqa bir kelib ko‘ring, deb taklif qilamiz. Bu yerda shu kunlarda ekofestivallar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Yozuvchi-shoirlar, olimlar, adabiyotshunoslar, kitobsevarlar bilan birga Ajiniyoz, Berdaq bobolarimiz ijodiy meroslariga oid adabiy anjumanlarni o‘tkazish uchun olib borilayotgan qizg‘in ishlarga guvoh bo‘lasiz. Shuningdek, Mo‘ynoqning keng va ravon ko‘chalarida qad rostlagan ko‘rkam to‘yxonalar, kafe, restoranlar, zamonaviy inshootlarni ko‘rib, boshingiz osmonga yetadi.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori xalqimizga katta ko‘tarinkilik baxsh etayotgan shu kunlarda shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tobora ochilib borayotgani, aholi uchun namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilayotgani, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanayotganligi, yo‘llarimiz tekis va ravon bo‘lib barchamizni yangi manzillarga chorlayotgani “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” deya qalblarimizni Vatan kelajagi uchun faxr va iftixor to‘yg‘ulariga belamoqda.

 

Guliston ANNAQILICHEVA,

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, 

Senator

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Kelajak energiyasi va global iqlim ...

2017-09-20 07:30:32

BOYSUN MO‘JIZALARI

2017-09-20 07:38:36

«INTIZORLIK BILAN KUTAMIZ»

2017-09-20 07:28:18

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.