PARLAMENT VA SIYOSIY PARTIYALAR islohotlarning tashabbuskori bo‘lishi zarur

Siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraktsiyalari faoliyatini kuchaytirmasak, qonun ijodkorligi va qabul qilingan qonunlar ijrosi kutilgan natijani bermaydi.

Shavkat Mirziyoev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2017 yil 12 iyul kuni parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Prezidentimiz o‘z nutqida siyosiy partiyalar va deputatlarning faoliyatini chuqur tanqidiy tahlil etib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflarini bildirdi. Shu kunlarda ushbu ma’ruza yuzasidan keng jamoatchilikning fikri OAVda berilmoqda. Muxbirimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi fraktsiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlik guruhi a’zolarining fikrlari bilan qiziqdi.


To‘lqin KARIMOV, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraktsiyasi a’zosi: 

—Qo‘shma majlisda davlatimiz rahbarining siyosiy partiyalar va deputatlar hamda senatorlar faoliyatini juda to‘g‘ri tanqidiy baholadilar. Ma’ruzada aytilganidek, barcha deputatlar haligacha o‘ziga yuklatilgan vazifani yetarlicha tushunib yetmagan. Buni inkor etib bo‘lmaydi. O‘zimning faoliyatimda ham bunday kamchiliklar mavjud. 

Shuningdek, Prezidentimiz ijro hokimiyati idoralari faoliyatini nazorat qilishda deputat va senatorlarni o‘zining asosiy ko‘makchilari ekanligini ta’kidladi. Barcha darajadagi deputatlar endilikda nafaqat ijro hokimiyati idoralarining kamchilik va nuqsonlari haqida ma’lumotlar berishi, balki mavjud masalalarni yechimi bo‘yicha asosli takliflarini berishlari va bu takliflarni ijro hokimiyati bilan birgalikda amalga oshirishlari hamda nazoratini ta’minlashlari kerak. Bu o‘z navbatida har bir siyosiy partiya, parlamentdagi har bir partiya fraktsiyasining haqiqiy qiyofasi va pozitsiyasi aniq namoyon bo‘lishiga xizmat qiladi.

Prezidentimiz,  islohotlar jarayonida siyosiy partiyalarning o‘rni nima uchun sezilmayapti? — deb savol qo‘ydilar.  Haqiqatda hozirgi vaqtda siyosiy partiyalarda ishchanlik muhiti yetishmayotganligini e’tirof etish kerak. Partiyalar o‘z faoliyatlarini bugungi kun talabidan kelib chiqib tubdan qayta qurishi, dasturda belgilangan vazifalarning hayotga, jamiyatga tatbiqini, jarayonning nafaqat kuzatuvchisi balki yaratuvchisi bo‘lishi zarurligini tushunib yetdik. Bu borada Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi quyidagi ishlarni tashkil etishi maqsadga muvofiqdir:  

Birinchidan: Partiyaning o‘z saylovoldi dasturlari mohiyatini o‘z deputatlari hamda aholi e’tiboriga yetkazishi vazifaga aylanishi kerak.  Dastur ijrosi bo‘yicha yangi qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident va hukumat qarorlari asosida har oyda aniq chora-tadbir belgilanib, har bir partiya xodimiga, deputatlarga, partiya faollariga aniq vazifalar qo‘yilishi hamda ijrosi nazorat qilinishi zarur. Dasturiy vazifalar bajarilishi yuzasidan Partiya o‘z elektoratiga har oyda hisobot berib borishi, bu jarayonning partiya faollari va elektorat vakillari tomonidan muntazam muhokamasini yo‘lga qo‘yish shart. Ijro jarayoni hamda jamiyatni, aholini tashvishga solayotgan har bir masala bo‘yicha partiyaning pozitsiyasi OAVda berib borilishi zarur.

Ikkinchidan: O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tuman Kengashlari tomonidan qishloqlarda tashkil etiladigan kichik sanoat hududlari to‘g‘risida (joyi, yo‘nalishi, kommunikatsiyasi, moliyaviy manbaalari va ijrochilari ko‘rsatilgan) takliflarni tuman xokimligiga taqdim etish.

Uchinchidan: O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tuman Kengashlari hududdagi fermerlar bilan birgalikda paxta maydonlarini qisqartirib, ular o‘rniga daromad keltiradigan va eksportbop ekinlar ekish bo‘yicha takliflarni tayyorlab tuman hokimligiga taqdim etish lozim. 

 

Alisher XAMRAYEV, 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraktsiyasi a’zosi:

—Mamlakatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida “Siyosiy partiyalar o‘z dasturiy maqsad va vazifalarini, mafkuraviy sohadagi ishlarini qayta ko‘rib chiqib, ularga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi, bunda jahon tajribasini o‘rganish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish foydadan xoli bo‘lmaydi”,  deb ta’kidlab o‘tdilar.

Partiyalarni jamiyat siyosiy sahnasidagi sustkashligiga nima sabab? Eng avvalo, partiyalar faoliyatida mafkuraviy bo‘shliqni paydo bo‘lganligi, jamiyatdagi siyosiy hokimiyat boshqaruv tizimlariga teng taqsimlanmaganligidir.

Partiyalar ilgari surgan g‘oyalar va saylovoldi maqsadlar aynan bir xil so‘zlar bilan ifoda etilmagan bo‘lsada, mohiyat jihatdan bir-birlariga juda o‘xshash. To‘g‘ri, bizdagi siyosiy partiyalarning ustuvor maqsadlari yurt tinchligi va taraqqiyotidir. Ammo bu maqsadlarga erishishning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yo‘llari va usullari nahotki bir-birlariga shunchalar o‘xshash bo‘lsa? Partiyalarning nizom va dasturlari o‘qib tahlil qilinsa, bu hujjatlar siyosiy partiyalar tomonidan chuqur tahlillarga asoslanib ishlab chiqilganligiga shubha uyg‘onadi.

Demak, partiyalar safiga nazariyotchi, tahlilchi va amaliyot ijrochilarni jalb etishga e’tibor berilishi lozim. 

Partiya faoliyati jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, e’lon qilingan islohotlarga hozirjavob bo‘lishi kerak. Partiyalarning harakat dasturi nazariyotchilar tomonidan muntazam yangilanib turilsa partiya zamonaviylashib siyosiy faollashib boraveradi.

Siyosiy partiyalar a’zolarini g‘oya va maqsadlar birlashtiradi. Partiyada g‘oya va maqsadlar jamiyatning siyosiy va boshqa ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilanmasa, yoki ularning dolzarbligi yo‘qolsa, bunday siyosiy partiyaning mavjudligi haqida so‘z yuritish befoyda.

Partiya o‘z g‘oyalarini hayotga tadbiq etishi uchun siyosiy partiyalarning mavjudligining birdan bir kursatkichi, maqsad bo‘lmog‘i zarur. Bu konstitutsiyada belgilangan asoslarga tayangan holda hokimiyatga erishish maqsadidir. Hokimiyatga intilmas ekan, bunday siyosiy partiya nomigagina partiya bo‘lib qolaveradi. Jamiyatda partiyalarning g‘oya va maqsadlari o‘rtasidagi siyosiy kurashning madaniy shakli qaror topishi, siyosiy sahnada sog‘lom raqobat paydo bo‘lishiga va pirovard natijada xalq manfaatlarini yuzaga chiqishiga va ta’minlanishiga sabab bo‘ladi. Prezidentimizning xalq noiblari va siyosiy partiyalardan qilayotgan talablari juda o‘rinli. Ayniqsa, «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasiga doir e’tirozlar haqlidir. O‘ylaymanki, partiyamiz elektorati bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kelgusida shunchaki, emas, xalqning, davlatning siyosiy hayotida muhim o‘rin tutadigan kuchga aylanadi. 


Akmal UMARALIYEV, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraktsiyasi a’zosi:

—Joriy yilning 12 iyul kuni Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari hamda videoselektor orqali mahalliy Kengash deputatlari va siyosiy partiyalarning faollari bilan tanqidiy va tahliliy, ochiq hamda samimiy muloqot o‘tkazdilar.

Davlatimiz rahbari nutqida Xalq demokratik partiyasi o‘zini pensionerlar, kam ta’minlangan aholi qatlamlari manfaatlarining himoyachisi sifatida namoyish etadi. Lekin, xolisona aytadigan bo‘lsak, partiya shu maqsad yo‘lida haqiqatan ham amaliy ish olib boryaptimi?.. Yoki “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha partiya tomonidan amaliy harakatlar bo‘lyaptimi, — deya ta’kidladilar.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning hozirgi bosqichida partiyamiz o‘zining vakillik organlari orqali davlat jamiyat rivoji uchun zarur bo‘lgan qonunlarni qabul qilish, qonunlarning izchil amalga oshirilishini ta’minlash, olib borayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirishda faol ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining taqdiri, ularning uy-joy bilan ta’minlanishi, jamiyatda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishiga doir huquqiy normalar ijrosi joylarda tahlillar asosida o‘rganib, ular asosida qonunchilikni yanada takomillashtirish zarur deb hisoblaydi.

Shuning bilan birga, partiya tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan elektorat manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qator loyihalar orqali, nogironlarni maxsus kolyaskalar bilan ta’minlash, ularning turar-joy va ma’muriy binolarga kirib-chiqishi, metro va avtobuslardan bemalol foydalanishi uchun panduslar va platformalar qurish kabi masalalarni talab va ehtiyojlari jihatidan alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. 

Bu esa yangicha ruhda olib borilayotgan islohotlar, xalqimizni, ayniqsa, partiyamiz elektorati bo‘lgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlariga har tomonlama mos kelayotganini alohida e’tirof etish joiz.

Shuningdek, partiya fraktsiyasi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi faoliyati ustidan parlament va deputatlik nazoratini samarali amalga oshirish, aholidan ko‘tarilayotgan muommolarni o‘rganish va hal qilishda amaliy yordam berish, sohadagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish va parlament eshituvini tashkil etish maqsadga muvofiq. Bunda O‘zXDPning qabul qilinayotgan qonunlarga o‘z pozitsiyasini bildirish, parlamentdagi partiya fraktsiyamizning haqiqiy qiyofasi va pozitsiyasini aniq belgilash kerak.

Mazkur yo‘nalishda qonunlar, davlat dasturlarining to‘liq ijrosini ta’minlash, belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish borasidagi ishlarda deputatlik vakolatlari doirasida faol ishtirok etishimiz maqsadga muvofiqdir. 

 

Jamshid PIRMATOV, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraktsiyasi a’zosi: 

— Parlament faoliyatida ommaviy axborot vositalari orqali chiqish qilish va xalqimizni uni faoliyati bilan yaqindan tanishtirish borasida ham yondashuvlarni o‘zgartirishimiz kerak. Parlament bugungi kunda xalq ishonib, o‘z ovozini bergan vakillik organi ekanligini va odamlar ongida bugungi o‘zgarishlarni inobatga olib parlamentni tom ma’nodagi ko‘zguga, ochiq shaffof bo‘g‘inga aylantirishimiz lozim. Toki har bir saylovchi o‘z vakillarini istagan vaqtida kuzatish, ishiga baho berish, o‘z munosabatlarini bildirish shu yo‘l bilan tom ma’noda jamoat nazoratini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lsin. Buning uchun endi saylovchilar bilan onlayn rejimda muloqot qilish, shu bilan birga parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonunlarni, qizg‘in bahs-munozaralar, deputatlar va ekspertlarni fikrlarini onlayn kuzatish imkoniyatiga ega sharoit yaratish ustida ish olib borishimiz kerak.

 

Xayrullo GAPPOROV, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a’zosi:

— Muhtaram Prezidentimizning ma’ruzasida siyosiy partiyalar va Ekologik harakatning o‘tgan davrdagi faoliyatini tanqidiy ruhda tahlil qilgan holda islohotlarni yanada chuqurlashtirish, Parlament rivojlanishining yangi tarixiy bosqichi yo‘lida oldimizda turgan muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, yurtboshimiz tomonidan hayotimizning barcha jabhalari qatori ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi muammolarga va ularning yechimlarini qayd etdilar. Xususan, aholini, ayniqsa, qishloq joylarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, maishiy chiqindilarni to‘plash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yoshlarning ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Darhaqiqat, Yurtboshimiz tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan mazkur masalalardan kelib chiqib, biz Ekoharakat deputatlar guruhi oldida turgan qonunchilik mexanizmini yanada takomillashtirish vazifalarini qo‘ydi. Jumladan, ishlab chiqilayotgan qonunlarni xalqaro amaliyot va andozalarga mos bo‘lishi, ularni keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, parlament nazorati bo‘yicha zamonaviy usullarni joriy etish hamda qonunchilik ijrosining so‘zsiz bajarilishi ta’minlash bo‘yicha parlament nazoratini oshirish eng muhim vazifalardir. Ushbu vazifalarni bajarish uchun barcha deputatlar qatori men ham o‘zimning intelektual salohiyatim, barcha kuch-g‘ayratim va shijoatimni sarflashni xalqimiz oldidagi burchim deb hisoblayman.  

Jobir XO‘JAQULOV yozib oldi.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.