Kelajak energiyasi va global iqlim o‘zgarishi

Yildan-yilga insoniyatning elektr quvvatiga bo‘lgan ehtiyojining oshishi, mavjud gaz va neft zaxiralarining kamayishi muqobil elektr manbalaridan foydalanishni kengaytirish zaruratini tug‘dirmoqda. Zero, global ekologik muammolardan biri bo‘lgan iqlim o‘zgarishi bevosita insoniyatning atrof-muhitga salbiy ta’siri ostida yuz berdi.

 

Sayyoramizda aholi sonining ortishi, ishlab chiqarishning o‘sishi, sanoat, avtomobilsozlik va boshqa sohalarning rivoji haddan ziyod energiyadan foydalanishga olib keldi. Oqibatda elektr quvvatini ishlab chiqarish borasida sarflanayotgan gaz, ko‘mir va neft mahsulotlarini yoqishdan chiqayotgan karbonat angidrid va issiqxona gazlari havoni yanada isitib, iqlimning o‘zgarishiga sabab bo‘layotir. Bugun mazkur muammo faqatgina ekologlar, tabiat muhofazasi yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan olimlarnigina bosh og‘rig‘i emas. Uning hal qilinishi jamiyatdagi barcha sohalar bilan bog‘liqdir. Chunki qaysi yo‘nalishga nazar tashlamang, uning albatta elektr quvvatiga ehtiyoji borligini ko‘rasiz, bu esa o‘z navbatida atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorini oshiradi. 

Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida joriy yilda “Kelajak energiyasi” mavzusiida bo‘lib o‘tgan “Expo — 2017” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida mavzu yuzasidan 12 ta konferentsiya o‘tkazilib, ularning barchasida atmosferaga karbonat angidridning chiqarilishi, samarali energiya texnologiyalarini joriy qilish, shuningdek, barqaror energetikadan samarali foydalanish borasidagi munozaralar, bahslarni o‘z ichiga oldi.

Joriy yilning 21-22 avgust kunlari tashkil etilgan “Iqlim o‘zgarishi muammosi uchun energetik qarorlar” mavzusidagi xalqaro forumda Yevropa, Afrika, Amerika, Osiyo mamlakatlaridan kelgan olimlar, biznes, davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlari, jurnalistlar ishtirok etishdi.

— Qozog‘iston Respublikasi uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarning yetakchi eksportyorlaridan biridir, — deydi Qozog‘iston Respublikasi Energetika vaziri Kanat Bozumbaev. — Shu bilan birgalikda mamlakat jahon hamjamiyati, kelajak avlod oldidagi mas’uliyatini his qilgan holda toza texnologiyalarni rivojlantirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga tayanib ish ko‘radi. Qozog‘iston Respublikasida iqlim o‘zgarishi muammosini hal qilish davlat oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.

“Expo — 2017” xalqaro ko‘rgazmasi hamda “Kelajak energiyasi” xalqaro forumi energiyaning yangi turlari va muqobil energiyani hayotga tatbiq etishdagi eng ilg‘or tajribalarni qo‘llash borasidagi tajribalarni o‘rtoqlashish maydonchasiga aylandi. Forumda aynan o‘zining tijorat g‘oyalarini muqobil energetika asosida amalga oshirayotgan tadbirkorlarning qatnashishi uning dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi.

— 2040 yilga kelib energiyadan global miqyosda foydalanish 30 foizga o‘sadi, — dedi o‘z ma’ruzasida “Kazenergy” raisi o‘rinbosari Uzaqbay Qarabalin. — Urbanizatsiya o‘sayotgan hamda industralizatsiya jadal ravishda amalga oshirilayotgan Hindiston, Xitoy, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘ladi. 2014 yilda rivojlanayotgan mamlakatlar Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning ehtiyoji birgina Xitoy va Hindistonning ehtiyoji bilan yaqin 20 yilda teng bo‘ladi.

Konferentsiyada ma’ruza qilganlar Parijdagi iqlim o‘zgarishi borasidagi kelishuvning dunyoda amalga oshirish uchun 2040 yilga kelib jahon energetikasiga 44 trillion dollar miqdordagi sarmoyalarni kiritish zarur bo‘lib, ularning 20 foizi muqobil energetikani rivojlantirishga yo‘naltirilishini qayd etishdi.

Forumga taklif etilgan AQShdagi Stenford universitetining energetika siyosati va mablag‘larini o‘rganish bo‘yicha Stayer-Teylor markazining xodimi, olim Jefri Bolning fikriga ko‘ra esa, yangi energiya manbalari jahon iqtisodiy tizimini butunlay o‘zgartirib yuboradi.

Shu bilan birgalikda konferentsiya ishida ishtirok etgan “Centre For Innovation In Voluntary Action”ning direktori Maykl Norton Xitoyning muqobil energetika borasida olib borayotgan ishlari, shuningdek, o‘zi rahbarlik qilayotgan Markazga ekologik jihatdan toza energiya manbai bo‘yicha butun jahondan kelib tushayotgan g‘oyalar ustida to‘xtaldi. Binolarning energetik tavsifi Yevropa institutining ijrochi direktori Oliver Rapf elektr quvvatini tejovchi “aqlli uylar”ni ko‘plab qurish, hozirgi kunda mavjud uylarda issiqlikning behuda sarfini olish uchun eshik va derazalarni germetizatsiya qilish borasida to‘xtalib, mazkur yo‘nalishda kompaniya tomonidan olib borayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

— “Aqlli uy” nima uchun kerak? Hozir havo harorati insonning aybi bilan oshib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, unga moslashish va atmosferaga zararli gazlarni chiqarmaydigan, muqobil energiya manbalarida ishlovchi uylarni qurish zarur, — dedi u. — Ularning faoliyatini rivojlantirishda avvalo:

- markazlashtirilgan isitish tizimidan voz kechish;

- aholining iqlim o‘zgarishi va unga moslashish borasidagi bilimlarini oshirish zarur. Chunki bugungi kundagi mavjud uylar juda ham ko‘p elektr va issiqlik quvvatini “iste’mol” qiladi va shuning o‘zi bilan iqlim o‘zgarishi borasidagi muammoning yanada keskinlashuviga o‘z hissasini qo‘shadi.

“Sovestro AG” kompaniyasining barqarorlik bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Richard Nortkout “Elektr quvvatini ishlab chiqarish va energiya samaradorligi: optimal natijalarga erishish” nomli ma’ruzasida kompaniyaning yangi texnologiyalarni qo‘llagan holda qulay, arzon va ekologik jihatdan zararsiz, elektr quvvatidan kam foydalanadigan materiallarni ishlab chiqish borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Shu bilan birgalikda forum ishida ma’ruzalar bilan bir paytning o‘zida olib borilgan “Iqlim o‘zgarishi muammolari. Laboratoriya”sida jamiyatda ijtimoiy o‘zgarishlar borasidagi innovatsiyalarni qo‘llash uchun yetakchi mutaxassislar rahbarligida mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.

Forumning ikkinchi kuni bevosita samarali quvvat manbalaridan foydalanish borasidagi eng yaxshi tajribalar haqidagi ma’ruzalar tinglandi. Bangladeshning Muhandislik masalalari bo‘yicha hududiy rahbari Murod Husayniy mamlakatda quyosh batareyalarini o‘rnatish, shamol energetikasidan samarali foydalanish xususida forum qatnashchilariga so‘zlab berdi:

— Asosiy muammolardan biri Bangladeshdagi aksariyat aholi yangi texnologiyalarni tushunmay, eski uslubda yashashni afzal ko‘rishidir. Shu sababli sayyora, mamlakati, Vatanining kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir olim, tadbirkor o‘z faoliyati bilan birgalikda iqlim o‘zgarishi, bevosita quvvat manbaidan foydalanish va uning atrof-muhitga ta’siri borasida tushuntirish ishlarini ham olib borish zarur.

“Solar Impulse” fondining asoschisi, tadqiqotchi Bertran Pikker “Toza dunyo uchun novatorlik ruhi” nomli ma’ruzasida “aholida yangi tafakkurni rivojlantirish, eski qarashlardan voz kechgan holda ekologik jihatdan toza va xavfsiz dunyoda yashash” uchun faoliyat yo‘nalishlari qanday bo‘lishi xususida to‘xtaldi.

Forumning asosiy maqsadi bugungi kun uchun dolzarb bo‘lgan iqlim o‘zgarishi muammosini oz bo‘lsada hal etish, unga moslashish borasidagi zarur yo‘nalishlardan biri — energiya manbalaridan tejamkorlik bilan foydalanishdan tashqari, sohaga yangi, ilg‘or yo‘nalishlarni tatbiq etish borasida jahon tajribasini ko‘rsatish, fikrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishdi. Zero, bugungi kunda muammoni hal etishdagi hamkorlik, birdamlik muhim ahamiyat kasb etib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish zarur. Shundagina, insoniyat farzandlari uchun ham xavfsiz va toza dunyoni meros qoldiradi.

 

Nargis  QOSIMOVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.