YON QO‘SHNING — JON QO‘SHNING

Joriy yilning 5-6 oktyabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambaev davlat tashrifi bilan mamlakatimizda mehmon bo‘ldi.

 

Keyingi yillarda, binobarin o‘tgan bir yil ichida O‘zbekiston tashqi siyosatda,  suvimiz bir, zaminimiz yondosh, tilimiz va dinimiz bir bo‘lgan qo‘shni mamlakatlar bilan ahil qo‘shnichilik munosabatlariga alohida e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev o‘tgan qisqa muddat mobaynida bu mamlakatlarda bo‘lish bilan birga, qo‘shni davlatlar rahbarlarining ham O‘zbekistonga tashriflari amalga oshirildi hamda ushbu uchrashuvlarda o‘zaro manfaatli ko‘plab bitimlar imzolandi. 

Xususan, shu yil 16 sentyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning Toshkentda bo‘lib o‘tgan muloqotlari ham ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport kommunikatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniy gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga zamin bo‘ldi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaga tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Aynan mana shu muloqotlar yakuniga ko‘ra, 10 dan ziyod hujjatlarning imzolanishiga shohid bo‘ldik. 

Yana bir yon qo‘shnimiz, Turkmaniston bilan ham o‘zaro aloqalar tobora yaxshilanib borayotganidan hammamizning xabarimiz bor. Olaylik, ikki davlat rahbarlarining shu yil 17 sentyabrda bo‘lib o‘tgan oxirgi uchrashuvida ham keyingi paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanayotgani e’tirof etildi. Prezidentlarning o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan suhbatida O‘zbekiston va Turkmaniston manfaatlari mushtarakligi, har ikki tarafda ham ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish istagi mavjudligi ta’kidlandi. 

Olam ahli Prezidentimizning Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqini tinglab ham O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan hamjihatlik va hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor tinchliksevar pozitsiyasiga yana bir karra amin bo‘ldi. Xususan, davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini BMT Bosh assambleyasi qo‘llab-quvvatlagani holda o‘zining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishi lozimligi to‘g‘risidagi taklifi yoki bo‘lmasa qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish borasidagi qimmatli fikrlarini keltirib o‘tish o‘rinli bo‘lardi. Davlatimiz rahbari ushbu nufuzli anjumanda jahon hamjamiyatining diqqat-e’tiborini yana bir karra Afg‘onistonga qaratib, jumladan, shunday dedi: “Afg‘oniston masalasi global miqyosdagi masalalar markazida bo‘lishi lozim. Xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlari, birinchi navbatda, Afg‘onistondagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerak”. 

Bunday sa’y-harakatlar keyingi paytlarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo va dunyo mamlakatlari integratsiyasida tobora faollashayotganini tasdiqlash bilan birga, O‘zbekiston qo‘shni davlatlar, jumladan, Afg‘oniston taqdiriga aslo loqayd emasligini tasdiqlab turibdi. 

Shu o‘rinda O‘zbekiston rahbarining BMT bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqiga xorijiy ommaviy axborot vositalari alohida e’tibor qaratganini ta’kidlamasdan bo‘lmaydi. Albatta, buning o‘ziga xos sababi bor. Shavkat Mirziyoev ayni kunda dunyo ahli uchun dolzarb bo‘lgan masalalar, ayniqsa, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyasini ishlab chiqish, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish bo‘yicha fikrlarini BMT minbariga olib chiqqanidir. 

Joriy yilning 5-6 sentyabr kunlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘lganidan yaxshi xabardormiz. Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, mamlakatlar chegaraoldi hududlari aloqalarini yaxshilash kabi ko‘pdan-ko‘p masalalarda muhim hujjatlarni imzolaganliklari har ikki davlat fuqarolarini yanada bir-biriga yaqinlashtirishiga shubha yo‘q. Ushbu muloqotlarda erishilgan natijalarni esa hech bir ikkilanmay tarixiy voqea deyishimiz mumkin. 

Jumladan, muloqotlar davomida «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li magistrali loyihasini qisqa muddatlarda ro‘yobga chiqarish, mintaqa va davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni sezilarli darajada kengaytirishga imkon beradigan hamda ularning iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydigan «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» yangi avtomobil yo‘lagini shakllantirish muhimligi qayd etildi. 

Ikki mamlakat ishbilarmonlari va tadbirkorlari o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirishda sezilarli odimlar ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 60 foiz o‘sib, 150 million dollarni tashkil etganini alohida ta’kidlash joiz. Muzokaralarda bu ko‘rsatkichni tez orada 500 million dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Tashrif yakunlari bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida Qo‘shma bayonot va yana bir muhim masala, O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. 

Kutilganidek, Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboevning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi ham taassurotlarga boy bo‘lib, u sentyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan Bishkek uchrashuvining mantiqiy davomi sifatida baholandi. Navbatdagi uchrashuv ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik, xalqlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yanada mustahkamlanayotganini hayotiy tasdig‘i bo‘ldi. 

Ta’kidlash kerakki, davlatlarimiz BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti tuzilmalarida ham samarali hamkorlik qilib kelayotir. 

Ayni kunda dunyoda tinchlikka, insonlar hayotiga ko‘pdan tahdidlar kuchayib borayotganini kun sayin, soat sayin ko‘rib turibmiz. Ayniqsa, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkotiklarni noqonuniy muomalada bo‘lishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda xalqaro xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa omillar bugungi kunda barcha chegara va to‘siqlarni bosib o‘tib, tinch – osoyishta hududlarga kirishga urinmoqda. Ikki davlat rahbarlari muloqot jarayonlarida aynan yuqorida zikr etilgan muammolarga qarshi kurashishda ham hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdilar. 

Shavkat Mirziyoev va Almazbek Atamboev «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston va Qirg‘iziston mamlakatlari so‘nggi yillarda iqtisodiyot sohasida erishgan yutuqlar, sanoatning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar mahsulotlari, ilmiy-ishlab chiqarish markazlarining innovatsion loyiha va ishlanmalari bilan tanishdilar. Prezidentlar ekspozitsiya bilan tanishish asnosida mazkur ko‘rgazmalar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishda juda ham muhimligini qayd etishdi. O‘zbekiston va Qirg‘izistonning iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida hamkorlikning mustahkamlanishi ishlab chiqarish jarayonlarining takomillashuvi hamda mahsulotlarning yanada ommaviylashishiga xizmat qilishi shubhasizdir. 

Tashkil etilgan  sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi va biznes-forumda qariyb 200 million dollarlik shartnomalar imzolangani har ikki mamlakat ishbilarmonlari kelgusida bundan ham yuksak marra va maqsadlarga erishishiga zamin yaratishi turgan gap. Bunda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma korxonalar tashkil etish, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ikki davlat rahbarlarining muloqotida Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligi texnikalari, avtomobillar, avtobuslar va maishiy uskunalarni birgalikda yig‘ish, qurilish materiallari, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa tovarlar ishlab chiqarib, uchinchi davlatlarga eksport qilishga kelishib olindi. Hududlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yanada rivojlantiriladi.

Madaniy gumanitar sohalardagi hamkorlikning ham istiqbollari ulkan. Ayniqsa, ta’lim, fan va texnika sohasida hamkorlik, ta’lim muassasalari o‘rtasida bevosita aloqalar rivojlanmoqda. Ikki malakat o‘rtasida madaniy, ijodiy, jamoat tashkilotlari o‘rtasida aloqalar kuchayib bormoqda. Joriy yilda Qirg‘iziston teatr ijodkorlari Farg‘ona vodiysiga, o‘zbekistonlik san’atkorlar  O‘sh, O‘zgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlariga ijodiy safar qildi. Qirg‘iziston delegatsiyasi mamlakatimizda bo‘lib turgan ayni kunlarda Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. Keyingi vaqtlarda bo‘lib o‘tgan ushbu ijodiy safarlar hamda adabiyot, fan va san’at arboblari ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar ikki xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. 

Xalqimizda qo‘shnichilik, qo‘shnining burchi va haqi borasida ko‘pdan-ko‘p maqollar, hikmatli gaplar borki, bular bejiz aytilgan emas. Xususan, “Gilam olsang, qo‘shningdan ol, bir chekkasida sen ham o‘tirasan”, “Qo‘shning tinch — sen tinch” yoki “Uzoqdagi tug‘ishganingdan yaqindagi qo‘shning afzal” va boshqa maqollarimizning mag‘zini chaqsak, ahil qo‘shnichilikning insonlar va xalqlar hayotida ulkan ahamiyatini anglab olamiz. 

Xalqimiz azal-azaldan yaqin qo‘shnichilikka alohida e’tibor qaratib kelgan. Umuman olganda, Markaziy Osiyoda yashovchi barcha millatlar va elatlarning tarixiy ildizlari bitta va bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bizning har bir qadriyatimizda, xususan, yuqorida keltirgan maqol va hikmatlarimizning tag zamirida yotgan ulkan gumanizm, bag‘rikenglik, do‘stlik tushunchalari bugungi kunga kelib yangicha ma’no kasb etmoqda. Globalizm sharoitida shunday bo‘lishi ham tabiiy. Shu ma’noda, Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat chegaralari bo‘yicha tarixiy kelishuvlarga erishilgani, chegaradosh hududlararo borish-kelishlarning osonlashgani, avvalo, qon-qarindoshlar o‘rtasidagi azaliy rishtalarni, qolaversa, madaniy-gumanitar aloqalarni yaxshilaydi.

Xulosa qilib aytganda, bunday muloqotlarni har ikki mamlakat fuqarolari,kattayu kichik uzoq yillardan buyon kutib, orzu qilib kelardi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risida deklaratsiya hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 10 dan ortiq hujjatlarning imzolanishi o‘zaro munosabatlarimizda yangi bosqichni boshlab berish bilan birga har ikki mamlakatning gullab-yashnashi va xalqlarimizning farovonligiga xizmat qiladi. 

 

Abdumajid AZIMOV 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.