ZAMONAVIY SHIFOXONA

Dunyoda inson salomatligidan bebaho ne’mat bo‘lmasa kerak. Avlodlar sog‘lomligiga erishish ham har jihatdan shunga bog‘liq. Mamlakatimizda tibbiyot sohasida uzoqni ko‘zlab izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham aholi salomatligini asrash, tibbiy madaniyatini oshirish va sog‘lom turmush tarziga amal qilishdek ezgu maqsad mujassam. Muhimi, yurtimizning barcha shahar va eng chekka qishloqlarida ko‘p tarmoqli poliklinikalar, shifoxonalar, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan skrining va perinatal markazlariga asos solingani xalqaro talablar darajasida aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, to‘satdan hayotga xavf soluvchi kasalliklarni har tomonlama davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga tatbiq etishda muhim omil bo‘layotir.

 

Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 4-shahar klinik shifoxonasi tubdan rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirilgani xalqimiz salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2013 yil, 26 mayda mazkur shifoxonaga tashrif buyurganlarida, klinikaning me’moriy jihatdan tamomila yangi qiyofada bo‘lishi,  aholiga zamon talablari darajasida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yuksak saviyali mutaxassislar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratgandi. Ana shu ko‘rsatmalardan kelib chiqib, qisqa fursatda klinikaning barcha bo‘limlari zamonaviy qiyofaga kirdi. Binolarning atrofi tubdan obodonlashtirilib, yashil hududlar barpo etildi. Barcha bo‘limlar jahon tibbiyotining eng so‘nggi yutuqlari asosida yangi tibbiy diagnostika vositalari, jihozlar bilan ta’minlangani ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oldi. Zamonaviy UTT, MSKT, rentgen, laparoskopik vositalar, fizioterapiya muolajalarini o‘tkazishda qo‘llaniladigan tibbiy asbob-uskunalar bunga misoldir. Ularni tibbiyot sohasining nozik sir-sinoatini puxta o‘rganib, amaliyotga tatbiq qilayotgan, sodda qilib aytganda, salomatligimizga ko‘z-quloq bo‘lib turgan shifokorlarning yangi avlodi boshqarayotgani ko‘zimizni quvontiradi. 

– Muassasamiz aholiga tibbiyotning barcha yo‘nalishlari, xususan, tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish borasida eng zamonaviy sharoitlarga ega bo‘ldi, – deydi 4-shahar klinik shifoxonasi bosh shifokori Sodiq Alimov. – Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish muhim vazifamizdir. Shu maqsadda diagnostika va davolash amaliyotiga jahon tibbiyotining yangi uslublarini tatbiq etish borasida izchil ish olib borilmoqda. Shifoxonamizda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va bir qator ixtisoslashgan markazlarning maxsus kafedralari joylashgani ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tibbiyot yutuqlaridan oqilona foydalanishda muhim omil bo‘layotir. Ayniqsa, jarrohlik amaliyotida kundan-kunga yangi uslublarni muvaffaqiyat bilan qo‘llayapmiz. Shifoxonamiz zamonaviy asbob-uskunalar, tibbiy jihozlar bilan ta’minlangani ishimizni ancha yengillashtirdi. Zamonaviy tibbiyot yutuqlarini qunt bilan o‘rganib, soha rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishga kuch-g‘ayrat bermoqda.

 

Mazkur shifoxonada kuniga bir necha jarrohlik muolajalari muvaffaqiyat bilan amalga oshirilayotgani diqqatga sazovordir. Har bir bo‘limda yuksak ilmiy salohiyatga ega mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda. Eng quvonarlisi, soha vakillarining asosiy e’tibori shifoxonaga kelgan bemorlarni tezroq davolab, yaqinlari bag‘riga qaytarishga qaratilgani tahsinga loyiq.

– Qariyb o‘ttiz yilga yaqin shu shifoxonada faoliyat ko‘rsatib kelmoqdaman. Ilgarilari bunday sharoitlar qayoqda deysiz, bemorlar shaharning bir chetiga borib, tibbiy tekshiruvlardan o‘tib kelardi. Dori-darmonlar tanqisligidan ularning hayotini saqlab qolishning o‘zi bo‘lmagan, – deydi shifoxonaning davolash bo‘limi mudiri Gulnora Qosimxo‘jaeva. – Prezidentimiz tashabbusi bilan shifoxonamiz bugun butunlay yangi qiyofada qad rostladi. Nafaqat bemorlar davolanib ketishi, balki shifokorlarning ham havas bilan ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy liftlar, bemorlar xonasidagi qulayliklarni olasizmi, ilmiy laboratoriya, dorixona deysizmi, hamma-hammasi xalqimizning sihat-salomatligi yo‘lida qilingan xayrli ishlarning yorqin namunasidir. Shifokor uchun bemorlarning duosidan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Har safar shifo maskanimizdan bizdan minnatdor bo‘lib, oilasi bag‘riga sog‘-salomat qaytayotgan insonlarning ko‘zidagi quvonchni ko‘rganimda, kasbimizning naqadar ulug‘ligiga yana bir bor ishonch hosil qilaman. Shifoxonamizga xorijiy mamlakatlardagi eng nufuzli institutlardan ko‘plab mutaxassislar kelib, jarrohlik amaliyotlarining zamonaviy usullarini biz bilan birgalikda amalga oshirmoqda. Ilmiy laboratoriyamizda beoximik analizlarni tahlil qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu bemorlarni tezroq darddan forig‘ bo‘lishi bilan birga, turli kasalliklarning kelib chiqish sabablarini o‘rganishimizda ham qulay imkoniyat yaratmoqda. Ana shu tekshiruvlar tahlili asosida davolashga kirishib, aholi salomatligini ta’minlashga harakat qilyapmiz. Shifo maskanimizda tibbiyot sohasining barcha mutaxassislari mavjud, bemorlar chet ellarga chiqmasdan, o‘zimizda davolanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Hozirda ko‘pgina kasalliklar soatlab kechayotgan jarrohlik amaliyoti bilan emas, laparoskopik xirurgiya yo‘li bilan bartaraf etilayotgani kamdan-kam davlatlarda kuzatiladi. Shuning uchun shifoxonamizga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki qo‘shni davlatlardan ham bemorlar kelib, davolanib ketmoqda. Davlatimiz tomonidan tibbiyot sohasini rivojlantirish va aholiga sifatli tibbiy xizmat qo‘rsatish uchun yaratilgan bunday imkoniyatlar  ilmiy ishlarimizni amaliyotda qo‘llashga mustahkam zamin yaratmoqda. 

Darhaqiqat, davolash ishlarida qo‘llaniladigan asosiy uskunalar xorijiy mamlakatlardan keltirilgan. Jumladan, Germaniyaning Somatom Perspective, Xitoyning UZT, Shveytsariyaning Vita CR va boshqa ko‘plab apparatlar tibbiy tekshiruvlarni kompleks ravishda amalga oshirishda katta yordam berayotgani kamdan-kam davlatlarda kuzatiladi. Operatsiya jarayoniga yurak yutib kirganimizda, og‘ir xastaliklarga chalingan inson hayotini saqlab qolish naqadar qiyin ekaniga guvoh bo‘ldik. Qo‘lida nashtar tutgan shifokorlarning barchasini o‘y-xayoli faqat bitta narsada; eshikka umid bilan tikilib turgan bemorlarning yaqinlariga quvonch ulashish, hech qanday xavotirga o‘rin qoldirmaslikdir.   

 

– Ilmiy mutaxassislarimiz tomonidan olti oylik ish faoliyatimiz tahlil qilinganda, boshqa bo‘limlarga nisbatan xirurgiya bo‘limida yildan-yilga operatsiyalar miqdori ko‘payib borayotgani aniqlandi. Bu albatta, soha oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri, – deydi jarrohlik  bo‘limi boshlig‘i Rustam Malayxonov. – Kasalni davolashdan ko‘ra, oldini olgan oson. To‘g‘ri, hozir dori-darmonlar ko‘p, bemorlarimiz uzog‘i bilan bir haftada sog‘ayib ketmoqda. Lekin rivojlangan mamlakatlarga nisbatan bizda insonning ichki organizmi bilan bog‘liq, masalan, o‘t qopi toshi, oshqozon bezi va ichak kasalliklari ko‘p uchraydi. Sababi, aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan e’tibori sust. To‘g‘ri ovqatlanish madaniyatiga kamdan-kam odam amal qiladi. Dorixonalardan retsept bilan dori olinadi, lekin ayrimlar cho‘ntagida dori olib yurishiga odatlanib qolgan. Aniqrog‘i, ovqat o‘rniga “dori” yeydi, ya’ni dorisiz bir kun ham yasholmaydi.  O‘zining ichi “dorixona”ga aylangani yetmagandek, boshqalarga ham “shu dorini ichsangiz, tezroq tuzalib ketasiz” deb unga ham ulashadi. Dori o‘z nomi bilan dori. Kim qanday dori bersa, shuni ichib ketaveradiganlar bu salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini bilmaydi. Menimcha, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qiladigan ma’naviy ishlarga alohida e’tibor berish kerak. Ayniqsa, ro‘za oylari och qoringa birdan to‘yib ovqatlanish ichaklarni tutilib qolishi yoki oshqozonni ishdan chiqarishiga olib kelishini tushuntiradigan, o‘z salomatligimizga o‘zimiz mas’ul bo‘lishga undaydigan ma’ruzalarga ehtiyoj seziladi. Ba’zan aholining oddiy tibbiy qonun-qoidalarni ham bilmasligi  kishini taajjubga soladi. Masalan, to‘satdan kimdir bir joydan yiqilib tushsa yoki biror baxtsiz hodisa tufayli hushidan ketsa, qon to‘xtatish nari tursin, hatto qanday qilib yordam berishni ham bilmaydi. Avvallari maktabdan tortib, kollej, oliy o‘quv yurtlarigacha haftada yoki oyda bir marta salomatlik kunlari o‘tkazilib turilardi. Odamlar gavjum joylarda aholi salomatligi bilan bog‘liq reklamalarga alohida o‘rin ajratilishi kerak. Agar yurtimizning uzoq go‘shalariga olib boradigan poezdlar boringki, metro, savdo do‘konlarida ana shunday reklama yoki roliklarni namoyish etishga o‘n daqiqagina vaqt ajratilsa, odamlar tibbiyot haqida bir olam tasavvurga ega bo‘ladi. Ham o‘zi, ham davlatimizning salomatlik yo‘lida sarf qilayotgan qanchadan-qancha mablag‘ini tejab qoladi. Uzoq umr ko‘rish va doim sog‘lom bo‘lishning siri faqat sog‘lom turmush tarzida ekanini unutmaylik. 

– Shifoxonaga tez tibbiy yordam mashinasida juda og‘ir ahvolda kelgandim. Ichimdagi og‘riq zo‘raygandan-zo‘raygani uchun shifokorlar zudlik bilan o‘t pufagimdagi toshlarni olib tashlashdi. Hozir o‘zimni ancha tetik his qilyapman, – deydi toshkentlik 44 yoshli bemor Saodat Xolmatova. – Hammasi noto‘g‘ri ovqatlanish, asabbuzarlik va o‘z vaqtida dam olmaslikdan ekan. Yaqinlarim besh soatda operatsiyadan chiqqanimni aytganda, o‘zimni dunyoga qayta kelgandek his qildim. Hayotimni saqlab qolgan qo‘li yengil shifokor Obidjon Rizaev va hamshiralarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

 

Mazkur shifoxona yurtboshimiz Sh.Mirziyoevning tashabbusi bilan tubdan rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirilganiga endigina bir yil to‘lgan bo‘lsa-da, shifokorlar erishgan yutuqlarni sanab adog‘iga yetolmaysiz. Albatta, tibbiyot ko‘p tarmoqli soha. Har bir yo‘nalishda tibbiy tekshiruvlar, muolajalardan tortib, jarrohlik amaliyotigacha yangicha uslubda muvaffaqiyat bilan ilgari surilayotgani tibbiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shadi. Demak, hali klinikaning o‘quv, ilmiy, davolash bo‘limlari kengayib,  istiqboldagi ulkan rejalar amalga oshiriladi. Kelajakda markazdagi yagona shifoxona nafaqat vatanimizda, balki  xalqaro tibbiy markazlardan biriga aylanishiga ishonchimiz komil.          

Adiba UMIROVA,

“Hurriyat” muxbiri

Suratlar muallifi

Sholaziz Shoxidoyev

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA ...

2017-12-13 05:47:42

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.