AHVOL QALAY, XORIJDAGI YURTDOSHIM!

Joriy yilning 30 iyuni mamlakatimiz yoshlari uchun esda qolarli, yorqin xotiralar bilan yodga olinadigan sanaga aylandi. Aynan shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bir guruh yoshlar bilan uchrashib, yangi, mutlaqo zamonaviy mexanizm asosida faoliyat yuritadigan O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tuzish taklifini berdi. Tashkilot oldiga qator vazifalar qo‘yilib, endilikda nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorijdagi yoshlarning ham huquq va manfaatlarini himoya qilish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.

 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi, bir qator vazirlik va idoralar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimlari, bir guruh san’atkorlardan iborat delegatsiya shakllantirildi va unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboev rahbar etib tayinlandi. Delegatsiya a’zolari 30 oktyabrdan 8 noyabrgacha Rossiyaning Moskva, Astraxan, Novosibirsk va Sankt-Peterburg shaharlarida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlarga kelolmaydiganlar uchun telegram messenjerida  yoshlar kanali tashkil etildi  va bu ko‘p sonli hamyurtlarimizning muammolarini o‘rganishda yanada qulaylik yaratdi. 

Avvalo, ushbu safarga bir oy davomida tayyorgarlik ko‘rildi. Dastavval, Rossiya Federatsiyasining barcha hududlarida rasmiy va norasmiy mehnat qilayotgan migrantlar va hududda tahsil olayotgan talabalar haqida ma’lumot tayyorlandi. Bu ma’lumotlar hududlar kesimida tahlil qilindi, umumlashtirildi. Qolaversa, yoshlarning turli muammolariga yechim topish masalalari bo‘yicha  takliflar ishlab chiqildi.

 

UZOQ KUTILGAN UCHRASHUV

Delegatsiya a’zolari dastlab Novosibirskdagi Mehnat migratsiyasi tashkiloti vakillari bilan uchrashdi. Asosan rasmiy tartibda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari manfaatini himoya qiluvchi ushbu tashkilot ishchilar uchun barcha sharoitlarni yaratib bergani ma’lum bo‘ldi. Migrantlar ham deyarli muammolari yo‘qligini aytishdi.  Bundan mamnun bo‘lish mumkin. Ammo delegatsiya a’zolari norasmiy ravishda mehnat migrantlari yashaydigan hududlarga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xonalariga kirib borishganda, achinarli manzaraga duch kelishdi. 

Yarim tunda mehmonlarni ko‘rgan vatandoshlarimiz  quvonchini yashirmadi, albatta.  Ma’lum bo‘lishicha, ular bir necha martalab o‘sha yerda istiqomat qilayotgan o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan aldangan.  Shu sababli, hamyurtlarimiz O‘zbekistondan kimdir kelishi va yordam berishiga ishonmay qo‘yishgan ekan. Samimiy muloqotdan so‘ng, mehnat migrantlari yashayotgan joy o‘rganildi. Afsuski, yuk tashish uchun mo‘ljallangan vagonlarda, shunda ham, bir vagonda sakkiztalab kishi yashayotgani, ovqatlanish va hatto yuvinish uchun ham o‘sha joyda nari-beri sharoit yaratilgani ma’lum bo‘ldi. Buni qarangki, migrantlarning ko‘pchiligi qo‘shnilari, do‘stlari qistovi bilan, avtobusni to‘ldirish uchun yo‘lga chiqqani, qo‘lida bir so‘m puli yo‘qligi bois oxir-oqibat ish beruvchidan qarzdor bo‘lib, fuqarolik pasportini oldirib qo‘yishgan ekan. Delegatsiyaning ushbu soha bo‘yicha maxsus vakili o‘n nafar hamyurtimizga vatanga qaytish uchun sertifikat tayyorladi. O‘nlab yoshlarning oylar davomida ololmayotgan ish haqlari masalasi ham ijobiy hal etildi. Yoshlar ushbu tashrifdan juda mamnun bo‘lishdi.

Delegatsiya a’zolari bilan Novosibirsk viloyati gubernatori o‘rinbosari, yoshlar tashkiloti rahbarlari, iqtisodiyot sohasi bo‘yicha mas’ul xodimlar hamda mehnat migrantlari ishtirokida o‘tgan uchrashuv samarali bo‘ldi. Novosibirsk gubernatori O‘zbekiston delegatsiyasini o‘n yil kutganini va ushbu hamkorlik ikki davlat manfaatlariga to‘laqonli xizmat qilishini ta’kidladi. Muloqot davomida yaqin kunlar ichida Novosibirskda Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti tuzilishi aytildi. 

Kuzatishlar va o‘rganishlardan ma’lum bo‘ldiki,  Novosibirsk bozorlarida savdo qilayotganlarning 60 foizdan ortig‘i O‘zbekiston fuqarolari ekan. Qarangki, birgina ushbu viloyatda 12,5 ming nafar hamyurtimiz istiqomat qilar ekan. Asosan Farg‘ona vodiysi yoshlaridan iborat savdogarlar bilan yoshlar yetakchisi ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.  

Novosibirsk mehnat vazirligi hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rtasida bo‘lgan uchrashuv har ikkala mamlakatning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani va kelgusida o‘zbekistonlik yoshlar bilan tizimli ishlarni olib borishda ijobiy qadam bo‘ldi. Doimiy va tizimli hamkorlik qilish bo‘yicha Memorandum imzolashga kelishib olindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi hamda Novosibirsk yoshlar tashkiloti bo‘limi o‘rtasida ham hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu Memorandumda kelgusida o‘zbekistonlik yoshlarni hududda to‘laqonli himoya qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

– Vatanimizdan bizni yo‘qlab kelishlarini kutmagandik, – deydi surxondaryolik 25 yoshli yigit Ne’matullo Istamov. – Delegatsiya a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda qatnashib, fikrlarim o‘zgardi. Ikki yil avval Sankt-Peterburgga ketgandim. Qurilish mahsulotlari ishlab chiqariladigan zavodda ishlardik. 400-500 dollar maoshimizni vaqtida berib turishardi. Ammo yurt, qon-qarindoshlar sog‘inchi o‘rnini hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmas ekan. Termiz iqtisodiyot kollejini bitirib, universitetga hujjat topshirdim. O‘qishga kirish nasib etmagach, tanish o‘rtoqlardan surishtirib, Rossiyaga ketgandim. Ikki yil ichida yurtimizda qancha o‘zgarishlar bo‘lganidan bexabar qolibmiz. Davlatimiz, Yoshlar ittifoqi yordami bilan berilayotgan imtiyozli kreditlar, uy-joylar haqida eshitdik. Mana, avvaldan qiziqqan ishimni amalga oshirish imkoni bor ekan-ku, begona yurtda qachongacha yuraman, degan fikr darhol qaytishga undadi. Yana biz bilan ishlagan ellik-oltmish chog‘li o‘zbeklar qaytishga qaror qilganidan ham xabarim bor. Kelishim bilan Yoshlar ittifoqining mas’ul xodimlari yordamida biznes-loyiha tayyorlab, bankka topshirdik. Qurilishda zarur bo‘ladigan tayyor mahsulotlar – plita, poydevor blogi, zinalar, “peremichka” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. O‘zim Denov tumani Tadbirkorlar ko‘chasida yashayman. Bizning hududda bunday mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxona yo‘q, o‘ylashimcha, boshlagan ishimning kelajagi bor...  

5 noyabr kuni Astraxanga kirib borgan delegatsiya a’zolari mehnat migrantlarining yashash joylari bilan yaqindan tanishdilar. So‘ng ushbu hududda joylashgan tergov izolyatorida bo‘lib, turli qonunbuzarliklarni sodir etgan vatandoshlarimiz bilan uchrashishdi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, surxondaryolik hamyurtlarimizning o‘zga davlat qonunlarini chetlab o‘tishlariga sabab bo‘lgan omillar batafsil o‘rganildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan kelishilib, ular mamlakatimizga jo‘natildi.  Ayni paytda to‘qqiz nafar yurtdoshimiz o‘zlari yashaydigan hududda ish bilan ta’minlangan.

Boshqa shaharlarda bo‘lgan uchrashuvlarda ham qator kelishuvlarga erishildi. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya hududida O‘zbekistonning bir milliondan oshiq  fuqarosi yashamoqda. Biroq konsullik hisobida atigi 40 ming nafar kishi turishi qayd etilgan. Shuni inobatga olib, endilikda Rossiyaning har bir federal okrugida O‘zbekistonning bosh konsulligi ochiladigan bo‘ldi. 

Delegatsiya tarkibida bo‘lgan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Jasur Raupovning hududdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvida vatanparvarlik mas’uliyati haqidagi ma’ruzasi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Uzoq yillardan buyon shu hududda yashayotgan vatandoshlarimiz ham ushbu uchrashuvda ishtirok etdi. Jarayonda madaniy tadbirlar ham tashkil etildi. O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov, san’atkorlar Samandar Hamroqulov, Anvar Sobirovlar bir paytning o‘zida yig‘ilgan minglab yurtdoshlarimiz uchun bepul kontsert dasturlarini namoyish etishdi.

 

“HAR BIR O‘ZBEK FUQAROSI – JIGARIMIZ”

Ushbu safar taassurotlari haqida so‘raganimizda, delegatsiya a’zosi, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov quyidagilarni so‘zlab berdi:

–Muhojirotda ishlayotgan, o‘qiyotgan hamyurtlarimiz, yoshlar ahvolidan xabar olish, ularning muammolarini o‘rganib, yordam ko‘rsatish yigirma olti yilda birinchi marotaba amalga oshirildi. Hukumat tashabbusi yoki o‘z xohishlari bilan o‘qiyotgan yoshlar bilan uchrashganimizda, ularning ustozlaridan ijobiy fikrlar eshitdik. Ayniqsa, Sankt-Peterburgdagi nufuzli universitetlarning rektorlari uchrashuvlarga kelib, o‘zbek yoshlarini bular intizomli, a’lochi talabalar deyishganda, xursand bo‘ldik. Ammo arzimagan maosh uchun o‘zga yurtlarda, achinarli sharoitlarda sarson bo‘lib yurgan hamyurtlarimiz haqida bunday deyolmaymiz. Delegatsiyamiz rahbari Qahramon Quronboev Novosibrsk, Astraxan, Sankt-Peterburg va Moskva shaharlari rahbariyati bilan fuqarolarimizga yengillik yaratish borasida fikrlashib oldi. Biz san’atkorlar esa ular uchun kontsert dasturlari namoyish etish bilan birga, yoshlarni yurtimizdagi bugungi shart-sharoit, yangiliklardan ogoh etish maqsadida targ‘ibot ishlarini olib bordik. Uchrashuvlar davomida angladikki, ancha paytdan buyon o‘zga davlatda bo‘lganlarning ko‘pchiligi yurtimizdagi o‘zgarishlardan bexabar, faqat prezident o‘zgarganini biladi, xolos. Tadbirkorlikni endigina boshlagan o‘g‘il-qizlarimizga katta miqdorda imtiyozli kreditlar berilyapti, boshlang‘ich to‘lovlarsiz uzoq muddatli kredit asosida uy-joylar topshirilyapti, bunday imkoniyatlardan ularning hech biri voqif emas. Mana, joriy yilda yurtimizda 600 mingta ish o‘rni yaratildi. O‘sha sanitariya-gigiena talablariga mutlaqo javob bermaydigan joylarda yashab, yuz, ikki yuz dollar uchun qora ishlarni qilib yurganlar bilan suhbatlashganimizda, ular kimningdir katta va’dasiga uchib, borib qolishgani ma’lum bo‘ldi. Qurilish sohasi bo‘ladimi, boshqami shu ishlarni o‘zimizda ham qilish mumkin-ku! Boshqa yurtda g‘isht quyishga uyalmagan odam, nega o‘z yurtida uyalishi kerak?! Bunga sabab uquvsizlik, vatanparvarlik hissini anglamaslik, deb o‘ylayman. Safarimiz chog‘ida dilimizni xufton qilgan yana bir jihat bu o‘zbeklar qatnaydigan masjidlardagi manzaralar edi. Ayni paytda Rossiyada keng tarqalib borayotgan “Salafiylar” diniy-ekstremistik oqimiga mohiyatini anglab-anglamay qo‘shilib ketgan fuqarolarimiz ham bor. Yoki Sankt-Peterburgdagi bir masjidda bo‘lganimizda, dog‘istonlik, chechenistonlik kimsalar ekstremizmni targ‘ib qiluvchi “Assalam” nashrini bemalol tarqatib yurganiga guvoh bo‘ldik. Bugun notinchlik, urush avj olgan Suriya, Iroq, Afg‘onistondagi vaziyatdan hammamiz yaxshi xabardormiz. Shu urushlar tufayli sarson yurgan millionlab qochqinlar, yosh bolalarni ko‘rib, ularning qanchadan-qanchasi halok bo‘layotganini eshitib, o‘z osoyishta yurting qadrini tushunasan kishi. Bunday manzaralar hech kim o‘z vatanidan kechib baxtli yashay olmasligini anglatadi. Uchrashuvlarda fuqarolarimizga shularni tushuntirishga harakat qildik. Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan tashkil etilgan delegatsiya safaridan ko‘zlangan maqsad ham ish izlab ketgan yoki to‘g‘ri yo‘ldan adashgan hamyurtlarimizni vatanga qaytarish, dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, har bir o‘zbek fuqarosidan xabardor bo‘lish, ular jigarimiz, xalqimizning bir bo‘lagi ekanini unutmaslik edi. Ko‘plab yoshlar ularni yo‘qlab borganimizdan xursand bo‘lishdi, ko‘pchiligining “vatanimga qaytaman, ishni o‘z yurtimda davom ettiraman”, deya qaror qilishgani safarimiz o‘z samarasini berganidan dalolat edi, demak, maqsadga erishdik...

Ha, delegatsiyaning ushbu safari o‘zbekistonlik yoshlar va mehnat muhojirlari uchun uzoq kutilgan amaliy ish bo‘ldi. Ilk bor Rossiya yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida Memorandum imzolandi. Unda 2018 yil uchun tashkilotlarning hamkorlikdagi ish rejasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, O‘zbekiston – Rossiya yoshlari biznes inkubatorining ochilishi va mamlakatimiz hududida ikki davlat yoshlari forumi o‘tkazilishi belgilab olindi.

 

Xolida FAYZIYEVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA ...

2017-12-13 05:47:42

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.