Elektron savdo – bugun va kelajak tizimi

 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan sari elektron-tijorat, elektron-bank, elektron-savdo, elektron to‘lov kabi atamalar amaliyotga keng tatbiq etilmoqda. Buning natijasida iqtisodiyot an’anaviy ko‘rinishdan raqamli iqtisodiyot shakliga o‘tib borayapti. Sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi munosabatlarda yangidan-yangi qulayliklar  yuzaga kelmoqda.

 

 Yangiliklar, jarayonlar yurtimiz moliya-bank tizimida ham joriy etildi. Bank xizmatlari, birja savdolarining elektron tarzda olib borilishi muvaffaqiyatlarga omil bo‘layotir. Jumladan, joriy yilning o‘tgan o‘n oyi mobaynida O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida 11,4 trillion so‘mlik bitimlar tuzilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foiz ko‘pdir. Bundan tashqari birjada ro‘yxatdan o‘tgan yangi mijozlarning soni 20 foizga ko‘payib, 7,6 mingtani tashkil etdi. Natijada birja savdolarining hajmi 19 foizga o‘sdi. Shuningdek, tadbirkorlar birja orqali 5,7 trillion so‘mlik tovar resurslarini xarid qilib, o‘zlarining 2,3 trillion so‘mlik mahsulotini sotdilar.

– Bugungi kunda yarmarka savdolarining hajmi ham o‘tgan yilgiga nisbatan 16 foizga o‘sganini ko‘rishimiz mumkin, – deydi O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi Bosh makleri Islom Ibragimov. – Natijada internet tarmog‘i orqali amalga oshirilgan xaridlarning katta qismi mashinasozlik mahsulotlari, qurilish mollari, kimyo sanoati mahsulotlari va iste’mol tovarlariga to‘g‘ri keldi. 

Shuningdek, valyuta savdo platformasi va birjaning elektron do‘koni orqali 51,3 million AQSh dollari miqdorida  mahalliy mahsulotlar eksport qilindi. Xususan, mineral o‘g‘itlar eksporti hajmi 12 marotaba, polipropilen to‘rt marotaba, suyultirilgan gaz esa 12 foiz o‘sdi. 

Prezidentimizning joriy yil 14 noyabrdagi “Raqobat muhitini takomillashtirish, yonilg‘i-energetik resurslar va boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan ta’minlash sohasida suiiste’mol qilish va talon-toroj qilish sharoitlariga chek qo‘yish, to‘lov intizomini mustahkamlash, debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarning yanada jadallashishiga olib kelmoqda. Unga ko‘ra endilikda Tovar-xomashyo birjasi orqali 27 turdan ortiq mahsulotlar birjada sotilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa keyingi yilda birja savdolari yanada o‘sishi kutilmoqda deganidir. Shuningdek, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi aktsiyadorlik jamiyati tomonidan yuqori likvidli mahsulotlarni tasdiqlangan ro‘yxatiga muvofiq faqat bozor tamoyillariga asoslangan ochiq-oydin birja savdolarida sotishga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari bugun O‘zRTXB  Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 avgustdagi “Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq avtoraqamlarni sotish bo‘yicha yangi savdo platformasining ishga tushirilishi tufayli jismoniy shaxslar ilk bor birjadagi elektron savdolarda faol qatnashmoqda. Bu jarayonda barcha mijozlar ro‘yxatdan o‘tishdan tortib, to bitimni tuzishgacha bo‘lgan barcha operatsiya va tranzaktsiyalar O‘zRTXBning avtoraqam.uzex.uz vebsayti va mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetida amalga oshirilayotir. 

– Yangi savdo platformasining ishga tushirilishi ko‘plab avtotransport egalarida katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi aktsiyadorlik jamiyati mutaxassisi Jasur Yunusov. –  Ayniqsa, bu auktsion savdolarning elektron tarzda o‘tishi savdoning shaffof va sof raqobat muhitida o‘tishiga omil bo‘layotir. Hali bu platformaning joriy etilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, o‘tgan davrda onlayn auktsionlar orqali sotilgan 684 avtoraqamning qiymati 14,4 milliard so‘mdan oshdi. Ayni paytda ham avtoulov egalari bu savdoda faol, har kuni o‘rtacha Avtoraqam elektron tizimi orqali 10 ta bitim tuzilmoqda. Xaridorlarning tarkibiy tuzilmasida yetakchi o‘rinni Toshkent shahri va Toshkent viloyati egallamoqda. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona, Samarqand, Xorazm, Andijon, Namangan va Sirdaryo viloyatlari xaridorlari joylashgan. 

Shuni qayd etish kerakki, bugun O‘zRTXB AJ hukumatimizning ko‘magiga tayangan holda, uzluksiz ravishda birjaning bosh savdo platformasini takomillashtirish bilan birga, iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarida shaffoflik va raqobatga asoslangan auktsion savdolar modelini joriy etishni davom ettirmoqda. Birjaning logistika tizimini yaratish va turli biznes jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi va tez kunda amaliyotga joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, elektron tijoratni yanada rivojlantirish maqsadida yaqin kelajakda auktsion savdolarda sotilayotgan tovarlarning nomenklaturasini kengaytirish, hamda yarmarka savdolarida kafolatlash mexanizmlarini joriy etilishi ham kutilmoqda.

 

Bobur MUHAMMADIYEV tayyorladi.

 

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA ...

2017-12-13 05:47:42

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.