BUYUK IPAK YO‘LINI KO‘RMOQCHIMISIZ, O‘zbekistonga tashrif buyuring

Jahonda barcha sohalar kabi jurnalistika ham jadal taraqqiy etmoqda. Axborot makonida eng so‘nggi xolis va haqqoniy ma’lumotlardan bahramand bo‘lishni istagan auditoriya uchun material tayyorlash jarayonlariga yangilanishlar kiritilmoqda. Yangi zamonaviy texnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilishi materiallar shakli o‘zgarishiga, bir necha janrlarning uyg‘unlashuviga sabab bo‘lmoqda. Muhimi, dasturlash tizimidan boshlab, material mavzu yo‘nalishigacha bugungi kunda auditoriya talabi, ehtiyoji hamda qiziqishiga ko‘ra shakllantirilayapti.

 

Insonlarning dardi, muammolari aks etgan jurnalistik materiallar atroflicha tahlil qilinib, ko‘tarilgan muammo ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda. Ommada unga nisbatan munosabat shakllanmoqda. Demakki, jamoatchilik nazorati kuchaymoqda. Tabiiyki, bunda OAV hamda jurnalistlar oldiga qo‘yilayotgan vazifalar ham ko‘paymoqda. 

YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan teleko‘rsatuvlarni tayyorlash mavzusidagi seminar-trening ma’ruzachisi Jon Bell bilan navbatdagi suhbatimiz aynan zamonaviy jurnalistikaning taraqqiyoti haqida bo‘ldi.

Angliyada 60 dan ziyod telekanallar faoliyat yuritadi. Bevosita BBC xususida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Ularning eng mashhurlari — BBC-1, BBC-2, BBC-4 telekanallaridir. BBC-1 telekanalida mashhur, ommaviy teleseriallar efirga uzatilsa, BBC-2 kanali materiallari ziyolilar qatlami uchun tayyorlanadi. BBC-4 yangi tashkil etilgan telekanal bo‘lib, unda jiddiy dramalar, Yevropa davlatlarida bo‘layotgan so‘nggi yangiliklar efirga uzatiladi. Ahamiyatlisi, mazkur kanallarda reklama berilmaydi. Aholidan olingan to‘lovlar hisobiga moliyalashtirilayotgani uchun BBC kompaniyasi hukumat bilan bog‘liq emas. Shu bilan birga byudjeti 50 million dollarni tashkil qiladigan “Blue planet” kabi dasturlari ham mavjud. Mazkur ko‘rsatuv jahonning 150 mamlakatiga sotilib, nafaqat o‘zini-o‘zi qoplash, balki daromad qilish imkoniyatini yaratishi bilan ahamiyatlidir. 

— Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashim kerakki, — deydi Jon Bell, — suratga olish jarayonida mutaxassislar eng so‘nggi rusumdagi texnika vositalaridan foydalanishadi. Murakkab s’yomka jarayonlari nihoyatda sifatli bajariladi. Bunda tasvirchilarining mahoratini e’tirof etishim joiz. 

Reklama hisobiga moliyalashtirilayotgan ITV-1, -2, -4 kabi telekanallarda ham sifatli materiallar efirga uzatiladi. Jumladan, ITV-4 telekanalidagi birorta material o‘ziniki bo‘lmay, asosan xususiy kichik studiyalar tomonidan tayyorlanadi. London televideniesi teleko‘rsatuv tayyorlash bo‘yicha yetakchilardan hisoblanadi. 

— Albatta, bizda ham turli iqtisodiy muammolar bor, — deya tan oladi janob Jon Bell. — Ammo sifatli dasturlarimizni boshqalarga sotish orqali bu masalaning yechimini topishga harakat qilamiz. Bunda, albatta, ijodkorlar o‘z ishining ustalari bo‘lishi davr talabiga aylangan. BBC “World” telekanalimiz butun dunyoda translyatsiya qilinadi. Barcha dasturlar veb-saytga joylashtiriladi. Natijada, tomoshabinlar o‘zlari istagan vaqtda yoqtirgan ko‘rsatuvlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Har qanday dasturni tomoshabin o‘zi istagan vaqtda ko‘rishi televideniega bo‘lgan munosabatni ham tubdan o‘zgartirib, uning muxlis xohishiga ko‘ra moslashuvini belgilaydi. Ko‘rsatuvni tayyorlayotgan ijodkorlar tomoshabinlarning axborot olish imkoniyatlarini hisobga olib material tayyorlashlari maqsadga muvofiqdir. Masalan, yoshlar 10 daqiqadan ortiq televizor oldida diqqatlarini jamlay olishmaydi, ayollar esa, yoqtirgan teleseriallarini soatlab ko‘rishlari mumkin. Har bir mamlakat jurnalisti oldidagi maqsad bir — kamxarj, hammabop, tez fursatda tayyorlanadigan hamda boshqa kanallarga ham uni sotish mumkin bo‘lgan ko‘rsatuv tayyorlashdir. 

— Mening jurnalist sifatidagi ixtisoslashuvim turizm bo‘lgani uchun, O‘zbekistonga har safar ishtiyoq bilan kelaman, — davom etadi Jon Bell. — Bugungi kunda dunyo bo‘yicha yurtingizga qiziqish katta. Yaqinda Britaniya OAVdan birida “Buyuk Ipak yo‘lini ko‘rmoqchimisiz? Unda O‘zbekistonga tashrif buyuring” degan xitobni eshitdim. Bu esa, Markaziy Osiyoda o‘zbek madaniyatining alohida o‘rni borligidan dalolatdir. Demak, O‘zbekiston san’ati, musiqasi, adabiyoti, hunarmandchiligi, urf-odatlari haqida ilmiy-ommabop dasturlar tayyorlashga ehtiyoj bor. Afsuski, bugungi kungacha Buyuk Ipak yo‘li haqidagi men bilgan mukammal hujjatli filmlar o‘zbekistonlik ijodkorlar tomonidan yaratilmagan. Bu yo‘nalishda yurtingiz jurnalistlari oldida keng ko‘lamli ishlar bor. Tasvirga olish mumkin bo‘lgan qiziqarli voqealarni har qadamda uchratish mumkin. Londonda o‘tkazilgan turizm festivalda “O‘zbekiston borasida qanday takliflaringiz bor?” deb so‘raganimda ular Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlariga sayohat uyushtirish mumkinligini aytishdi. Menimcha, bu o‘lkadagi ko‘hna shaharlardan tashqari ko‘plab yo‘nalishlarda sayyohlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan turizm yo‘nalishlari mavjud. Ularni jahonga tanitishda jurnalistlarning alohida o‘rni bor. Bunda milliy hunarmandchilikdan tortib, urf-odatlar, o‘ziga xos madaniyat ko‘rinishlarini tarannum etuvchi materiallarni tayyorlash davr talabiga aylangan. Ayniqsa, ularning unutilib borayotganlari haqida hujjatli filmlar yaratish zamon talabiga aylangan. Bu yo‘nalishda ijod qilayotgan jurnalistlar qahramonlarning samimiy va ta’sirchan so‘zlashlariga e’tibor qilib, tabiiy shovqinlar — “intershum”lardan unumli foydalanishsa, material hayotiy chiqadi. Bugungi davrda shovqin, nur va soyalarning, tasvirning tabiiy bo‘lishiga texnik imkoniyat bor. Hammasi mutaxassislarning undan nechog‘li foydalana olishida. Shu o‘rinda musiqiy montaj — o‘ziga xos musiqiy tahrirni ham puxta bajarish lozim. Musiqalarning uyg‘unligi yagona kompozitsiya hosil qilsagina materialning yaxlitligi saqlanadi. Hikoyani muallif matni bilan bermasdan, balki qahramonning o‘zi so‘zlab berib, jarayon tabiiy shovqinlar uyg‘unligida tayyorlansa, ma’lumotlar yanada ishonchli, ta’sirchan bo‘ladi. Bunda mualliflar sohani hamda qahramonini yaxshi bilishi, u bilan samimiy suhbatlasha olishi muhimdir. O‘zbekistonlik jurnalistlar shu yurtning farzandi sifatida bu o‘lkaning o‘ziga xos madaniyatini yozib olish, ularni tarixga muhrlab, internet orqali butun dunyoga taqdim etishlari mumkin. 

Zamon talabiga binoan butun dunyoda OAV orasida raqobat kuchaymoqda. Sog‘lom raqobat tayyorlanayotgan material sifatiga ijobiy ta’sir qiladi. Britaniyada asosiy raqobat auditoriya ko‘lami, ya’ni tomoshabinlar e’tibori uchun bo‘ladi. Bunda ko‘rsatuvning qancha muxlis ko‘rgani hisobga olinadi. BBC nuqtai nazarida esa, bunda raqamlar emas, asosiysi, dasturlarning sifati muhimdir. Boshqa reklama hisobiga kun ko‘ruvchi tijoriy kanallar uchun auditoriyaning hajmi nihoyatda katta. Masalan, yaqinda BBC kanali uchun maxsus tayyorlangan ko‘rsatuvni boshqa kanal 4,5 million funt-sterlingga sotib oldi. Chunki bu dasturning juda katta auditoriyasi bor edi. Asosiy e’tibor — qancha tomoshabin ko‘rishiga emas, balki mahsulotimiz sifatli bo‘lishiga qaratilgan. Muxlis ko‘rsatuvni o‘zi tanlaydi. BBC mutaxassislarining malakasini oshirish ustida doimiy ish olib boradi. Boshqa kanallarda esa, bunga ahamiyat berishmaydi. Raqobat bir xil auditoriyaga mo‘ljallangan dastur qiladigan kanallar o‘rtasida bo‘lishi mumkin, ammo shaxsiy munosabatlarda bu jarayon aks etmaydi. Biz axborot mahsuloti bozorida ish yuritamiz. Kim yaxshi ishlasa, o‘sha dasturning tomoshabini ko‘proq, auditoriyasi kengroq bo‘ladi. BBC — milliy qadriyatlarimizning bir bo‘lagidir.

Suhbat jarayonida bugungi kunda jahon OAV orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lishida BBC ijodkorlari reklama beruvchilar ketidan quvmay, o‘z malakalarini oshirishga qaratilgan e’tiborlari muhim ahamiyat kasb etganini angladim. Bunda nafaqat o‘ziga, balki har bir muxlisga bo‘lgan hurmat jurnalistlarning o‘z ustida tinimsiz ishlab, malakasini doimiy oshirib borishiga sabab bo‘lgandir. 

 

Yulduz ORTIQOVA suhbatlashdi.

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA ...

2017-12-13 05:47:42

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.