SHIJOAT VA NAFOSAT UYG‘UN

Tadbirkor ayol, fermer ayol, hunarmand opa-singillarimiz... Og‘izning bir chetidan chiqib ketadigan oddiygina jumlalar. Onalik, ayollik, bekalik burchu vazifalaridan ortib, shunday darajaga erishish oson kecharmishmi? Albatta, qiyin. Lekin yonida suyangan tog‘lari — uni tushunadigan umr yo‘ldoshi, qarindoshlik mehri ila qo‘llab-quvvatlaydigan aka-ukalari, unga ishonadigan oilasi bor ekan, ayolning uddalamaydigan yumushi, zabt eta olmaydigan marrasi bo‘lmaydi.

 

Bugun jamiyatimizdagi deyarli barcha sohalarda javlon urib mehnat qilayotgan ayollar ko‘p. Biri sport musobaqalarida ishtirok etib, xalqaro maydonlarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilayotgan bo‘lsa, yana biri dalaga urug‘ sochib, jondek aziz yeridan jon ozig‘i — turli qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirib, chetga eksport qilishga-da ulguryapti. Yana biri kelajak avlod tarbiyasi uchun o‘zini mas’ul bilib, bu yo‘lda sobitqadam izlanishda davom etmoqda, boshqa birovi o‘z zehni, aql-zakovati bilan davlat boshqaruv organlarida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Bunday opa-singillarimizning shijoatlari tahsinga loyiq.

Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotganlarning 45 foizi ayollardan iborat. Fermer ayollar soni esa 1500 nafardan ortiq bo‘lib, istiqlol yillarida ularning 3 nafari «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor bo‘ldi. Minglab ayollar milliy hunarmandchiligimizning turli yo‘nalishlarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Aytish kerakki, yurtimizda har doim xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelingan. 2017 yil aholi bandligini ta’minlash dasturiga muvofiq, o‘tgan yili 84 mingdan ortiq xotin-qiz doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. 2,5 ming nafar band bo‘lmagan xotin-qizlar esa qayta kasbga tayyorlanib, malakali mutaxassis sifatida korxonalarga ishga joylashtirildi.

Bu ezgu amallarning davomi sifatida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shib, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan har tomonlama ibratli ayollarni aniqlash hamda ularning ilg‘or hayot va ish tajribasini ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Yil ayoli” milliy tanlovi o‘tkazildi. Tanlov ishtirokchilarini saralash jarayonida muayyan bir sohada ko‘p yillar mehnat qilib, yutuqlarga erishgani, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, ichki mehnat tartib qoidalariga amal qilgani, izlanuvchanligi, innovatsiyalari va munosib shogirdlar tayyorlagani, mehnat jamoasidagi yuksak obro‘-e’tibori, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ijodkorligi hamda oila va farzand tarbiyasidagi ijobiy jihatlari inobatga olindi. 

Tanlovning hududiy bosqichlarida 5600 ta hujjat qabul qilindi va ulardan talablarga to‘la javob beradigan 140 tasi tanlab olindi. Tanlov nizomiga asosan Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan ekspertlar guruhi tuzilib, ular hududiy komissiyalar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqdilar. Tanlov ishtirokchilari bosh sovrin — “Gran-pri” hamda “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng bilimli ayoli”, “Yilning eng muruvvatli ayoli”, “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “Milliy qadriyatlarni ulug‘lagan yil ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, “Ibratli oilaning namunali bekasi”, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, “Sanoatda saodat topgan yil ayoli” kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar.

Tadbirda akademik va qahramon ayollar, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash sohalarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar, tadbirkorlar, ilg‘or fermerlar, mahalla maslahatchilari va nuroniy onaxonlar ishtirok etdilar.

o‘oliblar O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi diplomi va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.