Yolg‘onning qurbonlari

Rossiya telekanallaridan birida namoyish etilgan tok-shouda ekspertlardan biri “hamma musulmonlar terrorchi emas, ammo hamma terrorchilar musulmondir” dedi. Uning bu gapi o‘ylantirib qo‘ydi. Chunki bu fikrni “yolg‘on” deb ham, “rost” deb ham bo‘lmaydi. Yolg‘on desangiz, terrorchi o‘zini “musulmonman” deb turibdi. Rost desangiz, islomda o‘z joniga qasd qilish, bolalar va ayollarni o‘ldirish man qilingan. Jahon matbuotini kuzatsangiz “jihodchilar”, “islomchilar” degan iboralar ko‘p ishlatilayotganiga guvoh bo‘lasiz. Aslida terrorchilar tomonidan uyushtirilayotgan portlashlarning jihodga ham, islomga ham mutlaqo aloqasi yo‘qligini oddiy masjid imomidan tortib taniqli ulamolarimizgacha ko‘p gapirishadi. Islom tinchlik dini, islomni da’vo qilayotganlar noislomiy ishlarni qilishmoqda, deya urilayotgan bonglar hozircha samara bermayapti.

 So‘nggi paytlarda, terrorizmning yangi ko‘rinishi paydo bo‘ldi, Yevropa mamlakatlarida o‘zini o‘limga mahkum qilganlar tomonidan terror hodisalari sodir etilmoqda. Bir qator tahlilchilar “bir kishidan iborat armiya” paydo bo‘lganidan ogohlantirmoqda. Avvallari portlovchi moslamalardan keng foydalanilgan bo‘lsa, endilikda terrorchilar yuk mashinalaridan foydalanishmoqda. (Mana shu jihat – terror hujumlarining bir xilligi ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Loyiha bir markazda ishlab chiqilmaganmikan?) Terrorchilikning yangi ko‘rinishida ortiqcha kuch sarflanmaydi. Maxsus xizmatlarning e’tibori ham jalb qilinmaydi. O‘lib ketgan terrorchini so‘roq qilishning imkoni ham, iloji ham yo‘q. Bu kabi terror hodisalari ko‘proq jamiyatning ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Tahlilchilarning fikricha, xudkush-terrorchilar nima uchun hayotlarini qurbon qilayotganlarini bilishmaydi. Ular yolg‘onning qurboniga aylanishgan. Xudkush-terrorchilarning o‘rtacha yoshi 20-30 yoshlarda bo‘lib, ko‘p hollarda ularning orasida ayollar ham uchrab turadi. Xalqaro terrorizmning tegirmoniga internet tarmog‘i suv quyib turishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ayni damda “tarmoq terrorizmi” degan tushuncha paydo bo‘lgan. Buning oqibatida terrorizm Yevropa mamlakatlarida oddiy holga aylanib bormoqda. Chunki yevropaliklar bir terror hodisasini unutmaslaridan turib ikkinchisi sodir etilmoqda. Bu borada AQShdagi vaziyatni ham yaxshi deb bo‘lmaydi. “Terror molekulasi” asta-sekin jamiyat ichkarisiga kirib bormoqda. Yolg‘iz terrorchining miyasida nima borligini hech kim bilmaydi. Biroq yolg‘iz terrorchining o‘zi yolg‘iz emasligi, uning ortida boshqaruvchi “markaz” borligi tan olinadi. Ular qanchalik yolg‘iz bo‘lmasin, rahbarlarining chizgan chizig‘idan chiqishmaydi va ularning rejasiga binoan harakat qilishadi. 

Yevropadagi terror hodisalari odamlarni doimiy ravishda tahlikada ushlab turishni maqsad qilib olgan. Bu hujumlar ortida bir kishi emas, balki butun boshli boshqaruv tizimi va komanda turgani aniq. Ayrim harbiylarning fikricha, xalqaro terror tashkilotlari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida o‘z ta’sirini yo‘qotib borayotgani uchun ham “ko‘hna qita”da “yolg‘iz bo‘rilar”(ularni shoqol deyish to‘g‘riroq) deb atalmish terrorchilardan foydalanmoqda ekan.

Markaziy osiyoliklar tomonidan uyushtirilayotgan teraktlar va ularni amalga oshirganlar masalasida o‘arb ommaviy axborot vositalarida go‘yoki bunday holatning yuzaga kelishiga mintaqa mamlakatlaridagi vaziyat aybdordek sifatida ko‘rsatilmoqda. “Nyu-Yorkdagi 31 oktyabrdagi hujum shuni ko‘rsatmoqdaki, Markaziy Osiyo o‘sib borayotgan terrorizm manbaiga aylanib bormoqda”, deya yozdi “The Wall Street Journal”. Nashrning ta’kidlashicha, “jihodchilardan ilhom olgan kuchsiz iqtisod va siyosiy erkinliklar cheklangan Markaziy Osiyo mamlakatlarining yoshlari radikalizmga og‘ib ketishmoqda”. Biroq, Toshkentda Soipovlar oilasi o‘ziga to‘q bo‘lgani va diniy oila bo‘lmagani aytiladi. AQShga borishidan avval yigitcha moliya institutini tamomlagan va Toshkentdagi mehmonxonalardan birida buxgalter bo‘lib ishlagan. Tahminlarga ko‘ra, Soipov AQShga kelgach, “jihodchi”lar g‘oyalari bilan tanisha boshlagan. Reuters agentligi Soipovni yaxshi hayot orzusida sobiq sovet respublikasini tark etgan o‘zbek erkaklarining “unitilgan avlodi” vakili deya tasvirlar ekan, unga “g‘arbga moslasha olmaslik va to‘g‘ri diniy ta’lim olish” yetishmaganligini qayd qildi.

“USA Today”ning eslatishicha, 2017 yilning aprel oyida O‘zbekiston fuqarosining hujumi oqibatida Stokgolmda to‘rt kishi halok bo‘ldi va 15 kishi jarohat oldi. Yangi yil arafasida qurollangan o‘zbek Istanbuldagi tungi klubda 39 kishini o‘ldirdi. Bahorda esa etnik o‘zbek Sankt-Peterburg shahridagi metroda portlash uyushtirdi, 15 kishi o‘ldi.

Xo‘sh, bu voqealar O‘zbekiston hududida bo‘lmayotgan ekan, boshqa davlatlardagi terrorchilikka O‘zbekistonning qanday aloqasi bor? Bu shaxslar O‘zbekiston hududida radikal guruhlarga qo‘shilmagan va bunga imkoniyat ham berilmagan. Shunday ekan, o‘sha mamlakatlar o‘z xavfsizligini saqlay olmasa, demak, bu mazkur davlat huquq-tartibot idoralarining kamchiligidir. o‘arb esa buni tan olib, to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga har doimgidek boshqalarni ayblash bilan ovora.

Maqsad nima?

Maqsad — o‘sha xudkushlar tug‘ilib o‘sgan mamlakatni obro‘sizlantirish yoki yomon otliq qilish, pirovardida jazolash emasmi?!

“Le Monde”ning “Nyu-Yorkda yuz bergan hodisa – bu, shubhasiz, O‘zbekiston rasmiylari olib borgan diniy siyosatning muvaffaqiyatsizligidir”, deya yozishi hammasidan o‘tib tushadi. Bu fikrni to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Chunki chetga chiqib ketganlarning birortasi ham diniy ilm o‘rganish maqsadida vatanini tark etmagan. Ularning hammasi xorijga chiqqachgina ekstremistik oqimlar domiga tushib qolgan. 

Diniy siyosatni kim noto‘g‘ri olib borayotgani nahotki terror hodisalari yuz bergan davlatlardagi voqealar misolida ko‘rinmayotgan bo‘lsa?! Din masalasidagi noto‘g‘ri siyosat va turli diniy-ekstremistik g‘oyalar keng tarqalishiga sharoit yaratilgan jamiyatdagina terrorchilarni yetishtirib chiqarish mumkin va shunday ham bo‘lmoqda.

Umuman olganda, o‘arb OAV garchi ushbu shaxsning aynan AQSh hududida terrorchilik oqimiga kirib qolganiga urg‘u berib, bu borada mahalliy huquq-tartibot organlarining loqaydligini tahlil qilib, diniy sohada mamlakat siyosatidagi kamchiliklarni ochiq tan olish o‘rniga aybni boshqalardan qidirishga asosiy e’tiborni qaratishi voqealardan to‘g‘ri xulosa qila olmaganini ko‘rsatadi.

O‘tgan yili 2 oktyabrda Las-Vegasda bir jinoyatchi musiqa festivaliga yig‘ilganlarga qarata o‘q otib jami 58 kishining hayotiga zomin bo‘lib, yana 500 dan ortiq odamni jarohatlagan edi. Jinoyati so‘ngida o‘zi ham politsiya tomonidan o‘ldirilgandi. Uning xatti-harakati terror sifatida talqin etilmadi.

Kim bo‘lishidan, qaysi millat vakili ekanligi yoki ularning necha kishini o‘ldirganidan qat’i nazar ikkalasi ham jirkanch jinoyatchilar. Ammo ularning birinchisi asli amerikalik, ikkinchisining kelib chiqishi boshqa millatga tegishli bo‘lgani bois ikki xil yondashilmoqda.Nima bo‘lganda ham bir xil voqeaga ikki xil yondashuv o‘arb davlatlari siyosatchi va jurnalistlarining bugungi kun mezoniga aylangan. Bu esa faqat va faqat ularning dunyoqarashi qay darajada torayib, pastlashib, ko‘proq millatchilik kayfiyatining yuqorilab borayotganidan dalolat beradi.

Shu o‘rinda bir vaqtlar AQShning Toshkentdagi elchixonasida faoliyat yuritgan diplomat Mark Askinoning ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilgan fikrini havola etishni lozim ko‘rdik. Amerikalik diplomat ba’zi OAV tomonidan Soipovning vatani — O‘zbekiston qora bo‘yoqlarda tasvirlanishiga e’tiroz bildirgan. “O‘zbekiston nomi — yangiliklarda. Ammo, afsuski, bunga ijobiy voqealar sabab emas” der ekan, shunday deydi: “AQSh “grin-karta” lotereyasi ko‘plab o‘zbekistonliklarning bu yerga ko‘chib kelishiga imkon yaratadi. Ular juda mehnatkash, vatanparvar odamlar, bundaylar bizning ko‘p millatli jamiyatimizni yanada boyitishadi. Bir ahmoq qilgan ishlarni u kelib chiqqan butun bir millat bilan bog‘lash noto‘g‘ri” — dedi u.

Shu o‘rinda AQShning 44- Prezidenti Barak Obamaning 2009 yil 4 iyun kuni Qohira universitetida so‘zlagan nutqini ko‘pchilikning esiga solmoqchiman. Oq uyning o‘sha vaqtdagi  rahbari shunday degan edi: “Tarixga qiziqqan inson sifatida men tsivilizatsiya islom oldida qanchalik qarzdor ekanligini ham bilaman. Aynan islom, Al-Azhor kabi joylarda, asrlar davomida ilm nurini taratib keldi va Yevropadagi tiklanish va ma’rifatga yo‘l ochdi. Musulmon jamiyatlarining ilg‘orlik ruhi tufayli algebra tartib-qoidalari, magnitli kompas va navigatsiya uskunalari, yozuv mahorati va nashriyotga ega bo‘ldik, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yo‘llari haqida tushuncha hosil qildik. Islom tamadduni bizga ulug‘vor arklar va baland minoralar, vaqt hukmiga bo‘ysunmaydigan she’riyat va jozibali musiqa, husni xattotlik va huzur-halovat ila taffakur qilish imkonlarini berdi”, degan edi. Bu nutq bilan tanishar ekansiz, AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti o‘zbek mutafakkirlarini (algebra tartib-qoidalari deganda al-Xorazmiyni, magnitli kompas deganda Abu Rayhon Beruniyni, navigatsiya uskunalari deganda al-Farg‘oniyni, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yo‘llari deyilganda ar-Roziy va ibn Sinoni) nazarda tutganligiga ishonch hosil qilasiz. Ulug‘vor arklar va baland minoralar (Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz), vaqt hukmiga bo‘ysunmaydigan she’riyat (A.Navoiy, Z.Bobur) va jozibali musiqa(al-Farobiy) deyish bilan Barak Obama O‘zbekistonni, o‘zbeklarning buyukligini  nazarda tutmadimikan?! Demak, AQSh prezidentining fikricha, “tsivilizatsiya islom oldida qanchalik qarzdor” bo‘lsa, xalqimiz oldida ham shunchalik qarzdordir.

Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev «Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi» deya alohida ta’kidlab o‘tdi, hamda Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon tsivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etib o‘tdi.

 

  Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, «dunyoda terrorizm tahdidlari ayniqsa, so‘nggi yillarda kuchayib borayotgani ularga qarshi asosan kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamayotganidan dalolat beradi. Bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinmoqda». «Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman. Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir. Ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda. Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi «virusi» tarqalishining oldini olishdir», dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yuksak minbardan turib. Bu odilona xulosa dunyoni chulg‘ab borayotgan dardni sog‘lomlashtirish uchun qo‘yilgan eng to‘g‘ri tashxisdir.

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.