Kelajak shaharlariga sayohat

Mamlakatimizda zamonaviy shaharsozlikka katta e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxtimiz tumanlarida bo‘ldi. Xususan, Chilonzor tumanidagi Biznes-markazida yuqori va tejamkor texnologiyalarga asoslangan “High Tech Sity” shaharchasi qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Mazkur shaharcha hududida xalqaro biznes-markaz, ko‘p qavatli turar joylar, ilmiy ishlab chiqarish klasteri, yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan institut, politexnika kolleji, savdo shoxobchalari, madaniy ko‘ngilochar inshootlar, mehmonxona va boshqa ijtimoiy ob’ektlar qurilishi mo‘ljallanmoqda.

 

Jahon mamlakatlarida “Aqlli shahar”lar qurilishi avj olmoqda. 2018 yilda Yaponiyadagi Yokogama shahri yaqinida “Aqlli Sunasima” megapolisi barpo etiladi. Qurilish ishlariga mamlakatdagi 10 ta yirik kompaniyani o‘zida jamlagan konsortsium kirishib ketdi. Mahalliy hokimiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan loyihani Panasonic va “Nomura Real Estate Development” korporatsiyalari taqdim qilishdi. To‘g‘ri, shaharda fantastik filmlardagi kabi uchar taksilar bo‘lmaydi. Ammo Sunasimada joriy etiladigan texnologiyalarning dunyoda qiyosi yo‘qligi aytilmoqda. Ma’lumki, bundan avval Yaponiyada, 2014 yilda Fudjisava “aqlli” shaharchasi bunyod etilgan edi. 

Sunasima esa kelajak urbanizatsiya markazi bo‘lishi kutilmoqda. Shaharning katta qismi savdo markazi va tadbirkorlar uchun ajratiladi. Markazga ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, Keyo universitetining talabalar kampusi, savdo-ko‘ngilochar dargohlar joylashtiriladi. Shaharliklar esa “aqlli uylar”da istiqomat qilishadi.

Energiyadan samarali foydalanuvchi texnologiyalar atmosferaga CO2 gazi chiqishini 40 foizga qisqartiradi. Suv iste’moli esa 30 foiz kamayadi. Energiyaning 30 foizi tabiiy manbalardan olinadi. Bundan tashqari, favqulodda hodisalar yuz bergudek bo‘lsa, shahar uch kun maboynida o‘zini o‘zi energiya va boshqa resurslar bilan ta’minlay olgan holda “yashashi” mumkin.

“Energomarkaz” shaharning “yuragi”da joylashadi va elektr ta’minotini muvofiqlashtirib turadi. Tabiat injiqliklari paydo bo‘lgudek bo‘lsa, Energomarkaz barcha inshootlarni ekologik toza energiya bilan ta’minlaydi. “Tokyo Gas Group” kompaniyasi bu yerga yuqori samarador issiqlik va energiya ishlab chiqaradigan tizim o‘rnatadi.

Elektr energiyasi orqali paydo bo‘lgan issiqlik uylarni va suvni isitadi. Shaharga gaz yetkazib berish zilzilaga bardoshli maxsus quvurlar orqali amalga oshiriladi. Bu quvur tabiiy ofatlar yuz bergan taqdirda ham faoliyatini davom ettiraveradi.

Shaharda ekomobillar harakatlanadi. “JX Nippon Oil & Energy” korporatsiyalari tomonidan yaratilgan vodorod quyish stantsiyalari ekologik avtomobillarni yoqilg‘i bilan ta’minlaydi.

Zamonaviy texnologiyalar Keyo universitetining xalqaro kampusida jahonning turli mamlakatlaridan kelib tahsil olayotgan talabalar og‘irini yengil qiladi. Havo tozalovchi jihozlar havo sofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

“UNY” kompaniyasining “Aqlli savdo-ko‘ngilochar markazi”da aholi onlayn orqali oziq-ovqatlarga buyurtma berishlari mumkin bo‘ladi. Tomlarga o‘rnatilgan quyosh panellari shahar markazini elektr bilan ta’minlaydi. Ko‘chalarga o‘rnatilgan svetodiod tizimlari do‘konlarda qanday mahsulot borligi, ularning narxlari, yo‘llardagi vaziyat, ob-havo ma’lumotlari, tabiiy ofatlardan ogohlantirish kabi ma’lumotlarni berib turadi. Tarjima tizimi esa xorijliklarning savdo markazidagi yumushini yengillashtiradi. Ko‘p tarmoqli videokuzatuv tizimi esa xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo‘shadi. Sunasima aholisi uchun maxsus aqlli uylar quriladi. Har bir xonadonga “Smart HEMS” tizimi va maishiy akkumulyatorlar o‘rnatiladi. Ulardan foydalangan aholi odatlaridan voz kechmagan holda ekologik toza turmush tarzidan bahramand bo‘ladi.

Shaharda lift bilan bog‘liq muammo deyarli bo‘lmaydi. Maxsus akkumulyatorlar tufayli elektr manbai uzilib qolgan taqdirda ham odamlar liftlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Bundan bir necha yil avval Hindiston hukumati 20 ta shaharni “Aqlli shahar”ga aylantirish borasida va’da bergan edi. Ayni damda bu va’dalar asta-sekin ro‘yobga chiqmoqda. Bu shaharlarning 13 tasi Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan eng iflos shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. “Aqlli shahar”lar orasida Dehli, Maxarashtra shtatidagi Puna, Rajastxan shtati ma’muriy markazi Jaypur, Orissa shtati poytaxti Bxubaneshvar, Tamilnad shtatidagi Chennai, Madxya-Pradesh shtatidagi Bxopal shaharlari ham bor. “Aqlli shaharlar”da jami 35 million kishi istiqomat qilishi aytiladi.

Xabarlarga qaraganda, Krishna daryosi sohillarida Amaravati deb nomlanmish yangi “aqlli shahar” singapurlik quruvchilar tomonidan qurilmoqda. Ta’kidlash kerakki, hududda 17 ming kvadrat kilometr bo‘lgan yangi megopolis bir vaqtlar bananzor, o‘rmon va qishloq xo‘jaligida foydalanilgan mintaqada qad rostlamoqda. Me’morlar rejasiga ko‘ra, yuqori texnologiyalar joriy etiladigan mazkur shahar Singapurga o‘xshab ketadi. Shu bilan birga shahar ichidan oqib o‘tuvchi daryo va unda suzuvchi qayiqlar Amaravatini hind Venetsiyasiga aylantiradi.

Megapolis atrofida yettita yo‘ldosh shaharcha qad rostlaydi. Yo‘ldosh shaharchalarning har biri iqtisodiyotning ma’lum sohasiga ixtisoslashtiriladi. Nima bo‘lganda ham 2035 yilga borib megapolis va atrofidagi aholi punktlarida jami 11 million kishining istiqomat qilishi, 3 million 300 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda. 2050 yilga borib esa shahar aholisi 13,5 million kishiga yetib, 5,6 millionta ish o‘rni yaratiladi.

Amaravati shahrida ikkita aeroport, ming kilometrlik avtomobil yo‘llari, velosiped va piyodalar uchun 300 kilometrlik yo‘laklar quriladi. Metro bilan qo‘shib hisoblaganda, o‘ta tez harakatlanuvchi poezd yo‘llarining umumiy uzunligi 135 kilometrni tashkil qiladi. Shaharda quriladigan barcha inshootlar mahalliy aholi urf-odat va an’analariga mos kelishi ko‘zda tutiladi. Hukumat idoralari chetroqda joylashadi. Gubernator qarorgohi atrofida dam olish bog‘i qurilishi rejalashtirilmoqda. Bog‘ atrofida bir va ikki qavatli hukumat binolari barpo etiladi. Davlat idoralarida jami 62 ming kishining ishlashi kutilmoqda. Megapolisda osmono‘par binolar, universitet binolari bo‘ladi. Daryo sohilarida aholi dam olishi uchun ko‘ngilochar, shu bilan birga yashil hudud barpo etilishi ko‘zda tutiladi. Dam olish bog‘i shahar hududining 40 foizini egallaydi.

“Kelajak shahri” loyihasi Singapurning “Surbana Jurong Private Ltd.” kompaniyasi tomonidan yaratildi. Mazkur kompaniya rahbariyati Amaravati shahrini Hindistondagi ilk “aqlli shahar” bo‘lishiga ishonmoqda. So‘nggi yillarda bo‘lajak shahardagi yerlarning narxi 15 barobarga ko‘tarilib ketdi. Mintaqa hukumati mahalliy fermerlardan 12,5 ming gektar hududni sotib oldi. To‘g‘ri, fermerlarga pullar birdaniga emas, yaqin o‘n yilliklarda beriladi. Shundan so‘ng yerlarning uchdan bir qismi infratuzilmalari bilan birga o‘z egalariga qaytariladi.

Megapolis Andxra-Pradesh shtatining ma’muriy markaziga aylanadi. Ma’lumki, shtatning avvalgi poytaxti Haydarobod hukumat qaroriga ko‘ra, shtatdan ajratib chiqarilgan edi. Haydarobod ajralib chiqqanidan so‘ng aholisining 70 foizi qishloqlarda istiqomat qiluvchi shtat daromad ko‘ruvchi mintaqadan dotatsiyaga tushgan hududga aylandi. Daromadni qayta tiklash maqsadida shtat gubernatori Chandrababu Naydu yangi poytaxt qurishga ahd qildi. Amaravati qurilishi uchun 250 milliard rupiy miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu 3,8 milliard dollar demakdir. Ayni damda 291,5 million dollar miqdorida mablag‘ topildi. Qolgan mablag‘lar investorlar hisobidan bo‘lishi kutilmoqda. 

Bundan bir necha yillar avval “aqlli shahar” deyilganda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan shaharlar nazarda tutilar edi. Endilikda aholining zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirib olishi ham “aqlli shahar” tushunchasini anglatmoqda.

Dunyo mamlakatlarida “aqlli shahar”lar bilan bir qatorda “shahar-bog‘lar” ham barpo etilmoqda. Buyuk Britaniyada yangidan-yangi shahar-bog‘lar paydo bo‘lmoqda. Bu shaharlarning aholisi atrofini bog‘ va xiyobonlar qurshab olgan uylarda istiqomat qilishadi. Hukumat tomonidan qabul qilingan qarorda mamlakat hududlarida takomillashtirilgan reja asosida 3 ta yangi shahar va 14 ta qishloq qurilishi ta’kidlanadi. Ko‘klamzorlashtirilgan mazkur shahar va qishloqlarda yangi ish o‘rinlari yaratilishi va bu o‘z navbatida iqtisodiyot rivojiga turtki berishi ham nazarda tutilmoqda.

17 ta yangi aholi punkti Bakingemshir grafligining Eylsberi, Somerset grafligining Tonton va Esseks grafligining Xarlou shaharlari atrofida barpo etiladi. Bu 48 mingta turar-joy binosi qurilishini anglatadi. Bundan avval hukumat 7 ta shahar-bog‘ qurilishi borasidagi loyihani e’lon qilgan edi. Mazkur loyihalar amalga oshgudek bo‘lsa, u holda yangi turar-joy binolarining soni 200 mingtaga yetadi.

XX asrning birinchi yarmi nafaqat transport inqirozidan chiqish borasida harakat qilish, balki yangi shaharsozlikka asos solish davri ham bo‘ldi. Shahar-bog‘larning yaratilishiga yirik shaharlarda sanitariya-gigiena talablarining keskin yomonlashib ketishi sabab bo‘ldi. Shahar-bog‘ kontseptsiyasi XX asr boshlarida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asoschisi angliyalik sotsiolog-utopist Ebenizer Govard (1850—1928 yy.) hisoblanadi. Uning “Kelajak shahar-bog‘lari” (“Tomorrow”) degan kitobi 1898 yilda nashr qilingan edi. O‘z kitobida Govard o‘sha zamon shaharlarini tanqid qilar ekan, sanoatlashgan shaharlar yashash uchun yaroqsiz ekanligini ta’kidlab o‘tgan edi. o‘oyaning maqsadi shahar va qishloq o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotish edi. U shahar va qishloqni o‘zida mujassamlashtirgan yangi aholi punktlarini yaratish lozimligini taklif qilgan edi. Unga ko‘ra, maktab, do‘kon va boshqa infratuzilmalar markaz yaqinida, sanoat va qishloq xo‘jalik korxonalari esa shahar chekkasida joylashishi kerak edi. Bir nechta aholi punktlari birlashib, yagona megapolisni tashkil qilish ko‘zda tutilardi. Govard shahar-bog‘lar qurilishi bo‘yicha uyushma tuzishga muvaffaq bo‘ldi. XX asrning birinchi o‘n yilligida mazkur uyushma tomonidan Angliyada ikkita — Lechvort va Velvin shahar-bog‘i barpo etildi. Biroq bu shaharlar keng ommalashmadi. Inglizlar o‘zlarining shaharlarini tark etishni istashmadi. Birinchidan, sanoatchilar zavod va fabrikalarini shaharlar atrofiga ko‘chirishni xohlashmadi. Ikkinchidan, yangi shahar-bog‘larda turar-joy binolarining narxi “osmonga chiqib ketdi”. 

Ikkinchi jahon urushidan keyin Buyuk Britaniya poytaxti London atrofida yo‘ldosh shaharchalar qurish dasturi ishlab chiqildi. Loyiha rahbari etib arxitektor Patrik Aberkrombi tayinlandi. U Govard g‘oyasini ma’lum ma’noda o‘zlashtirdi. Biroq uning fikricha, yangi shahar-bog‘larning aholisi 30 ming kishi emas, balki 60-100 ming kishidan iborat bo‘lishi kerak edi. Aberkrombi rejasiga ko‘ra, London atrofida umumiy aholisi bir million kishi bo‘lgan 18 ta yangi shahar qurilishi kerak bo‘lardi. Aholining teng yarmini Londonliklar tashkil qilishi kerak edi. Bu reja qisman hayotga tatbiq etildi. 1963 yilga kelib London yo‘ldosh-shaharchalarida 263 ming kishi istiqomat qilardi.

XX asrning birinchi yarmida shahar-bog‘ g‘oyasi bir qator mamlakatlarda, jumladan, Germaniya, Frantsiya, Ispaniya, Italiya, Avstriya kabi mamlakatlarda keng tatbiq etila boshlandi. Biroq bu mamlakatlarda g‘oya Buyuk Britaniyachalik keng ommalashmadi. 

Bugungi kunga kelib shaharlarda ekologik ahvol yomonlashayotgani bois zamonaviy shaharsozlikda mazkur kontseptsiyadan foydalanish zarurati tug‘ilmoqda.

O‘zbekistonda esa bunday shaharlarning ekologik holat buzilmay turib barpo etilishi ayni muddaodir.

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

O‘ng qo‘ling berganini CHAP QO‘LING ...

2018-06-20 12:19:48

Qadimiy va BETAKROR

2018-06-20 12:31:32

Ko‘p yo‘nalishli gazeta

2018-06-20 12:22:26

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2018
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.