Yoshlar ma’naviyati va erkinlik fenomeni

Kasbim taqozasiga ko‘ra ko‘p vaqtimni yoshlar orasida o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Ularning hayotga, turmushga bo‘lgan munosabatlarini, ijtimoiy jarayonlardagi faolligini ko‘rib quvonaman. O‘z taqdirini millat va Vatan taqdiri bilan bog‘lagan, shu yurt hamda xalq uchun yuksak mas’uliyatni sezgan yigit-qizlarni ko‘rganda ertangi kunga bo‘lgan ishonchim yanada ortadi, ulardan faxrlanaman. Mening bu fikrimga mamlakatimizdagi mutloq ko‘pchilik vatandoshlarim qo‘shiladilar.

 

Ammo hayot sur’atlari tinimsiz kuchayib borayotgan bugungi globallashuv jarayonida butun insoniyatga bo‘lgani kabi bizning yoshlarimizga ham tinimsiz ravishda turli ichki va tashqi tahdidlar xavf solib turibdiki, ular barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi. Buning sabablari juda ko‘p. Ular haqida tinimsiz gapirilmoqda, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan turli tavsiyalar berilmoqda, choralar ko‘rilmoqda. Natijada yoshlarimizni bunday xavf-xatarlardan ogoh etish, muhofaza qilishda muayyan yutuqlarga erishmoqdamiz.

Biroq, ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bu borada juda katta muammolar mavjud. Aks holda ayrim yoshlarimiz turli buzg‘unchi, yot g‘oyalarga ilakishib qolmas, bilib-bilmasdan turli yomon yo‘llarga kirib ketmas, o‘zini va yaqinlarini millat hamda vatan oldida uyaltirmas edi. Nazarimizda yoshlarimizni ana shunday xatarli yo‘ldan qaytarishga xalaqit qilayotgan omillardan biri — ularning ayrim qismidagi ma’naviy daraja va erkinlik fenomeni o‘rtasidagi nomuvofiqlikning mavjudligidadir. 

Keling, ana shu masala xususida ayrim fikrlar bilan o‘rtoqlashaylik. Biz bugun yoshlarimizning ma’naviy olami, ularning milliy qadriyatlarni, urf-odatlarni o‘zlashtirish, tafakkur tarzi va e’tiqodini shakllantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini katta yutuq sifatida e’zozlaymiz, qadrlaymiz. Darhaqiqat, bugungi yigit-qizlarimizning millat tashvishini o‘z bo‘ynilariga olishlari, mas’uliyatni his etishlari, shubhasiz, diqqatga sazovor. Ayni paytda ayrim yoshlarimizning demokratiya bayrog‘i ostida o‘z o‘pkalarini erkinlik havosi bilan to‘ldirish “g‘ami”da milliy an’analarimiz, qadriyatlarimizga, ba’zan esa millat va vatan manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlarini ko‘rib kishi tashvishga tushadi.

To‘g‘ri, biz barchamiz bundan 27 yil avval xalqimiz asrlar davomida orzu qilib kelgan mustaqillik va erkinlikka erishdik. Ammo, erkinlik — bu barcha xohish-istaklarni hech tahlilsiz amalga oshirish mumkin, degani emasligini esa ba’zan unutib qo‘yayotganga o‘xshaymiz. Xo‘sh, unda erkinlik nima? Erkinlikning lug‘aviy ma’nosi kishining o‘z istagi bo‘yicha ish tutishidir. Shuningdek, erkinlik insonni siyosiy va ma’naviy zo‘riqishdan, zo‘ravonlikdan himoya qilish, insonning o‘z baxtini yaratish vositasi, shaxsning o‘zligini anglash darajasi sifatida ham baholanadi. 

Ayni paytda mamlakatimizda tom ma’noda inson erkinligi ta’minlanganligini ham alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga(25-modda), har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga egaligi(29-modda) belgilab qo‘yilgan.

Yana shu narsani alohida qayd etish lozimki, bu dunyoda mutloq erkinlik bo‘lishi mumkin emas. Turli millat va elat vakillari erkinlik fenomenini o‘zlarining urf-odatlari, an’analari, milliy qadriyatlari, mentalitetidan kelib chiqqan holda tushunadilar hamda shunga mos ravishda harakat qiladilar. Masalan, ba’zan o‘zbek xalqida har bir kishining erkinligi uning ota-onasi oldidagi mas’uliyatidan baland emasligi azaldan ma’lum, bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Qolaversa, erkinlik insonning ko‘ngliga kelgan barcha narsalarni amalga oshirishi degani ham emas. Fikrimizcha, erkinlik insoning o‘z mayl-istaklarini, xohishlarini nazorat qila olish darajasidir. 

Xo‘sh, unda inson o‘z xohish-istaklarini qanday nazorat qila oladi, bu narsa hammaning ham qo‘lidan keladimi? Albatta yo‘q. Fikrimizcha, faqat ma’naviyatli, ma’rifatli, axloqiy normalarga ega, ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishga qunt qilgan kishigina o‘z istaklarini jilovlay olishi mumkin. Boshqacha so‘z bilan aytganda ma’rifatga yo‘g‘rilgan erkinlikkina bu dunyoda insonni ulug‘laydi, fazilatlar bilan bezaydi. Bobur Mirzoning o‘g‘li Kamronga yozgan maktubida ma’rifat va savod masalasiga alohida e’tibor berilib, shunday deyiladi: “Ko‘kaldoshu emakdosh va ichkularing (ichki mulozimlar) bilan sabaq o‘qurg‘a ruju’ kelturubsen. Bu jihatdin ko‘ngulga surur, xotirga huzur yetib, bisyor (ko‘p) xushhollik yuz berdi. Tangri taola dargohidin umidim borki, jam’i qobiliyat va salohiyat bobinda mukammal bo‘lib kamolga yetgaysen.” (Pirimqul Qodirov. Til va el. — Toshkent, 2010. 202-bet). Ushbu iqtibosning ma’nosi shundan iboratki, ma’rifatli podshoh bo‘lgan Bobur Mirzo o‘g‘li Kamronning ilm-fanga, ma’rifatga bo‘lgan qiziqishini qo‘llamoqda, farzandining mukammal, mustaqil, erkin fikrlovchi shaxs sifatida shakllanayotganidan ko‘ngli to‘lmoqda. 

Erkinlikni ko‘ngilga kelgan narsani amalga oshirishdan iborat deb tushunish, avvalo, savodsizlikning natijasi sifatida baholanishi mumkin. To‘g‘ri, hozir mamlakatimiz yoshlarini savodsiz deyishimiz mutlaqo mumkin emas. Ammo, o‘qish-yozishni bilishning o‘zini insonning savodxonlik darajasi sifatida baholash ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aks holda maktabu oliy ta’lim muassasalarini a’lo baholarga bitirib, jamiyatda muayyan mavqega ega bo‘lishning o‘rniga turli jinoyatlar sodir etayotgan yoshlarimiz yo‘qmi? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Jaholatga qarshi-ma’rifat”, degan shiorni o‘rtaga tashlaganda aslida o‘z xatti-harakatlarini tahlil qila olmasdan turli buzg‘unchi yo‘llarga kirgan ana shundaylar haqida gapirganini yodda saqlasak yaxshi bo‘lardi. 

Endi masalaning boshqa jihatiga e’tibor qarataylik. Deylik, inson savodxon, u o‘qish-yozishni biladi, shuningdek, u yoki bu masala bo‘yicha muayyan darajada bilimlari ham bor. Ammo ana shu bilim uning tom ma’nodagi erkinligini ta’minlay oladimi? Albatta ta’minlay oladi, ammo uning bitta sharti bor. Bu — olingan bilimning qay maqsadda foydalanishiga bog‘liq. Agar o‘sha bilim insonning ongli faoliyatini jamiyatdagi mavjud qonunlar hamda ma’naviy mas’ullikka undovchi qadriyatlardan chekinmagan holda harakat qilishiga imkon bersa, uni to‘g‘ri maqsadda foydalanilgan deyish mumkin. Aks holda, ya’ni mavjud qonunlar va insonni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi omillar chetlab o‘tilsa, unda, shubhasiz, har qanday bilim insonning kamolotiga emas, aksincha, uning jaholat yo‘liga kirishiga yo‘l ochadi. 

Aslida, demokratik qadriyatlar, inson huquqi va erkinliklari haqida bahs yuritganda ko‘proq masalaning milliy jihatlariga e’tibor beriladi. Masalan, o‘arbda ko‘proq jamiyatni qonunlar boshqarsa, Sharqda ustuvorlik, asosan, masalaning ma’naviy jihatlariga qaratiladi, ya’ni bizda milliy omillar, jumladan, urf-odatlar, qadriyatlar inson erkinligi va huquqlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. 

Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, bizda erkinlik fenomenini anglashda ma’naviyat, ayniqsa, axloq masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. Mamlakatimiz rahbarining barcha chiqishlarida asosiy urg‘uning tarbiya, ma’naviyat, axloq masalalariga qaratilishining boisi ham shunda. Jumladan, mamlakat Prezidenti O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda (2017 yil 3 avgust) bugungi kunda milliy axloqimizga nisbatan bo‘layotgan tahdidlar haqida to‘xtalib, ba’zi kliplarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo‘lmasligini, har bir harakatida o‘arbga taqlid sezilib turadigan, ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni ko‘rib, nahotki shular ham bizning farzandlarimiz, bizning millatimiz vakillari bo‘lsa, deb o‘ylanib qolasan, degan edi. 

Darhaqiqat, biz bugun erkinlik fenomeni haqida gapirar ekanmiz, yuqoridagi kabi salbiy holatga qarshi tura oladigan muhim omil — ma’naviyat, ayniqsa, uning mag‘zini tashkil etadigan axloq haqida to‘xtalishimiz zarur, deb bilamiz. Axloqli inson aslida ko‘ngli ona tabiat kabi keng bo‘ladi, u salobatli va og‘ir-vazmin, u axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan narsalarga qaramaydi, axloq qoidalariga mos bo‘lmagan ishlarni qilmaydi, ulardan o‘zini tiya oladi. Uning erkinligi ham shunda. Aksincha, buyuk mutafakkir Konfutsiy ta’kidlagani kabi, axloq qoidalariga amal qilinmagan mardlik g‘alayonni, axloq qoidalariga amal qilinmagan ehtiyotkorlik qo‘rquvni, axloq qoidalariga amal qilinmagan to‘g‘riso‘zlik zaharxandalikni yuzaga keltiradi.

Tom ma’nodagi erkin inson aslida o‘z xohish-istaklarini aql-idrokka bo‘ysundira olgan kishidir. Shu ma’noda o‘z istagini aql va tafakkurga bo‘ysundira olgan kishi dunyoning yarmini zabt etish bilan teng ekanligini ta’kidlashni juda istardim. Darhaqiqat, inson fikrlash uchun yaratilgan. Tafakkur esa fikrning hosilasi. O‘rni kelganda yana bir masala haqida alohida to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Gap barcha aqlli odamlarning ma’naviyatli va axloqiy sifatlari yuqori bo‘lavermasligi xususida ketmoqda. Haqiqatdan ham shunday. Biz bu yorug‘ dunyoda shunday aqlli odamlarni ko‘ramizki, ular o‘zining bu sifatlari bilan hammani o‘ziga mahliyo qilishi mumkin, ko‘plar ularga havas ko‘zi bilan qaraydilar. 

Ammo, aslida-chi? Aslida aqlning kuchi uning tafakkuri tarzida namoyon bo‘ladi. Inson aqli yetib turgan narsani mushohada va idrok qilmas, undan tahlilsiz xulosa chiqarar ekan, bu narsa, shubhasiz, har qanday odamni adashtiradi, xato yo‘llarga boshlaydi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “insonni harakatga soluvchi kuch aqli emas, balki tafakkuri ila erishgan idrokidir. Tafakkur bo‘lmasa, aqlning o‘zi hidoyatga yo‘llay olmaydi. Dunyoda qanchadan-qancha aqllilar bor. Ammo ularning aqllari to‘g‘ri yo‘lga boshlamayapti, yomonliklardan qaytarmayapti. Bu ham yetmagandek, sof tabiatli inson zotiga or bo‘lgan ishlarni tap tortmay qilishni o‘sha aqllari bilan faxrlanayotganlar o‘zlariga ep ko‘rishmoqda”. Demak, tafakkur etilmagan, mushohada qilinmagan har qanday aql mahsuli insonni adashtirishi, uning erkinligiga raxna solishi mumkin. Aqlli odam bilishi, tushunishi mumkin. Ammo u o‘sha bilgan, tushungan narsani ongli ravishda anglamas, mushohada va tafakkur qilmas ekan, uning harakatlaridan har doim ham ijobiy natija kutish mumkin emas. Shu ma’noda, bugungi ayrim yoshlarimizning o‘ta aqlli ekanliklarini tan olgan holda, muayyan masalalar, muammolarni hal etishda dovdirab qolayotganliklarini, bu, aslida, aqli yetgan narsani mushohada qilishda tajriba yetishmayotganligidan darakdir. Shu ma’noda aqlli odamlarni o‘z egallagan bilimlari va hayotiy tajribasini bugun hamda kelajakda ijobiy ishlarda foydalana olishga safarbar eta olgan kishi sifatida baholashimiz mumkin. Bekorga buyuk bobomiz Amir Temur “Temur tuzuklarida” aqlli kishilar va kengash sohiblari, ehtiyotkor, qat’iyatli arboblar, keyinini o‘ylab, olisni ko‘rib ish yurituvchi, keksa va tajribali kishilarni xos majlisimga kiritib, ularning suhbatlaridan, ishlaridan naf olib, tajribalar hosil qilardim, deb aytmagan. 

Demak, aql va tafakkur yoshlarimizda faqat bugun bilan yashamaslik, ertangi kunni esdan aslo chiqarmaslikni ham taqozo etadi. Mamlakatimiz rahbari o‘zining barcha chiqishlarida fuqarolarimiz, ayniqsa, bekorga yosh yigit-qizlarimizda mustaqil tafakkur tarzini shakllantirishga e’tibor bermayotganimiz barchamizga ayon. Bu narsa, jumladan, 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturida ham munosib o‘rnini egallagan. Masalan, mazkur dasturning birgina 4.3. “Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish” deb nomlangan qismidagi 16 bandning barchasi yoshlarga o‘qish va mehnat qilish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ular ma’naviy olamini shakllantirish, ijtimoiy erkinligini ta’minlashga qaratilganligini alohida ta’kidlash lozim. 

Ma’naviyat va erkinlik fenomenlarining uyg‘unligi, aslida, har bir insonni o‘rtamiyonalik kayfiyatidan xalos qiladi, ayrim yoshlarimizdagi jamiyatdan begonalashuv ruhiyatini bartaraf etadi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, har qanday erkin inson uchun mamlakat va jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar begona emas, ushbu jarayondagi yutuq hamda kamchiliklar uchun bunday yigit-qizlar o‘zlarini mas’ul deb biladilar. Bugungi dunyoning shiddat bilan o‘zgarib borishi har birimizdan bizga berilgan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan erkinliklardan milliy ma’naviyatimizga yo‘g‘rilgan talablar asosida foydalanishni talab etmoqda. Bunday sharoitda barchamiz global fikrlashni, lokal harakatning uyg‘unligiga erisha olsak, tanamizni ruhimizga bo‘ysundira olsak, ma’naviyat va erkinlik tushunchalarini to‘g‘ri anglasak, shubhasiz, oldimizga qo‘ygan vazifalarimizni uddalay olamiz. 

 

Munisa MAVRULOVA, 

O‘zbekiston davlat san’at va

madaniyat instituti o‘qituvchisi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

O‘ng qo‘ling berganini CHAP QO‘LING ...

2018-06-20 12:19:48

Qadimiy va BETAKROR

2018-06-20 12:31:32

Ko‘p yo‘nalishli gazeta

2018-06-20 12:22:26

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2018
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.