YANGILANISH PALLASI: yurtimiz xotin-qizlarini qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

Ayollar hamisha go‘zallik, nafosat, mehr-muhabbat va sadoqat timsoli bo‘lgan. Vatan muqaddasligi ham bejiz Onaga qiyos etilmaydi. Shu bois, hamisha ular e’zoz va e’tiborda. O‘tgan yillar mobaynida yurtimiz xotin-qizlari hayotida ham tub o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘ldi. Senator, deputat, olima, tadbirkor, fermer kabi ayollar safi kengayib, jamiyatda ularning nufuzi oshdi.

 

Ana shu e’tibor va hurmatning ifodasi sifatida har yili yurtimizda aziz va munis ayollar bayrami — 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni katta shodiyona bilan nishonlanadi. Joriy yil sana munosabati bilan poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da o‘tkazilgan tantanali tadbirda Davlatimiz rahbari ishtirok etib, mamlakat xotin-qizlarini bayram bilan tabrikladi. Yurtboshimiz samimiy qutlov orasida yaqinda qabul qilingan xotin-qizlarga doir muhim bir hujjat haqida ham alohida to‘xtaldi: “Sizlarga yaxshi ma’lum, hurmatli opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish maqsadida yaqinda “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar  belgilandi.

Hech kimga sir emas, Xotin-qizlar qo‘mitasidan, uning joylardagi bo‘limlaridan ko‘p narsalarni talab qilar edik. Lekin, ochiq aytish kerak, buning uchun ularda yetarlicha imkoniyat bormi-yo‘qmi, bu haqda ko‘pincha o‘ylab ko‘rmas edik. Bu qo‘mita ayollarning muammolarini bilgani bilan, ularni hal etish bo‘yicha deyarli amaliy choralar ko‘rolmas edi.

Shularning barchasini hisobga olib, avvalo, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalarining yangilangan tuzilmalari tasdiqlanib, shtat birliklari hamda xodimlarining oylik ish haqi oshirildi. Ularga qo‘shimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Farmonga binoan shu yil 1 apreldan boshlab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilmoqda.

Shunga e’tibor bering, endi 8 ming 800 ta bilimdon, jonkuyar mutaxassis ayollar oilaviy munosabatlarni yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, barvaqt nikohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bo‘yicha doimiy ish olib boradi”.

Darhaqiqat, joriy yil  2 fevralda qabul qilingan mazkur Farmon sharofati bilan yurtimiz xotin-qizlari hayotida qator ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur Farmonning mazmun-mohiyati va ko‘zda tutilayotgan rejalar haqida jamoatchilikni xabardor etish maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Dilorom QO‘ZIEVA bilan suhbatda bo‘ldik.  

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni jamiyatda ayollarning mavqeini yanada yuksaltirishga qaratildi. Ayting-chi, o‘tgan yillar mobaynida tizimda qator  muammolarning to‘planib qolishiga nimalar sabab bo‘lgan edi? 

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yuqorida zikr etilgan farmonda mamlakatimiz taraqqiyotida, jamiyat va oilada xotin-qizlarning o‘rni nechog‘li muhim ekanligiga alohida e’tibor qaratib, ularning yurtimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy hayoti rivojiga qo‘shayotgan hissasini yuksak baholadi. 

2017 yilda davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida joylarga chiqib, chekka hududlardagi opa-singillarimizning turmush sharoitlarini o‘rgandik. Ular bilan dildan suhbatlashdik, dardiga quloq tutdik. Chindan ham ochiq muloqotlar mobaynida xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, oila va jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash borasida foydalanilmagan imkoniyatlar anchagina ekaniga amin bo‘ldik. 

Davr shiddat bilan o‘zgaryapti, talablar oshayapti. Biroq bizning yo‘nalishda hali-hanuz hamma narsa orqada qolib ketgan ekan. Achchiq bo‘lsa ham tan olish kerak, aniq hamda manzilli ishlarga ko‘p ham ahamiyat berilmagani muammolarning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lgan. Xususan, oilalar, ayollar bilan ishlashda o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yilgan, xotin-qizlar qo‘mitalari faqat faol ayollar ishtirokida tadbirlar o‘tkazish bilan chegaralanib, ijtimoiy ahvoli og‘ir ayollar nazardan chetda qolavergan. Prezidentimiz farmoni bunday kamchiliklarga uzil-kesil nuqta qo‘yib, faoliyatimizni yangicha yondashuv asosida yo‘lga qo‘yishda huquqiy asos bo‘ldi.

Ilgari tuman-shahar xotin-qizlar qo‘mitasida bor-yo‘g‘i qo‘mita raisi va mutaxassis lavozimi bo‘lib, ular tumandagi ming-minglab xotin-qizlar bilan bog‘liq masalalarni qamrab ololmas edi. Yildan-yilga erta turmush qurish, ajrashish, bandlik muammolari, jinoyatchilik va o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari oshib borayotgandi. Farmonda ana shu kamchiliklarni bartaraf etish uchun O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va hududiy bo‘linmalarining yangilangan tuzilmalari tasdiqlandi. Har bir shahar yoki tuman katta yoki kichikligiga qarab 5-8 nafargacha xodim bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, farmonga ko‘ra 2018 yil 1 apreldan fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi o‘rniga har bir fuqarolar yig‘inida 1 tadan, oilalar soni 2000 va undan ortiq bo‘lgan fuqarolar yig‘inlarida esa 2 tadan xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda mazkur lavozimga munosib kadrlar tanlab, saralanmoqda. 

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Tadbirkor ayol” uyushmasining Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgani ham barchani quvontirdi. Natijada  xotin-qizlar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ijtimoiy ahvoli og‘ir xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashida ko‘maklashish uchun imkoniyatlarimiz kengaydi. 

— Keyingi yillarda ajrashishlar soni ortayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.  Oqibatda bolalar jabr ko‘rib, ba’zi ayollar beixtiyor jinoyat yo‘liga kirib qolmoqda. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan FHDYo organlari nazorati joylardagi xotin-qizlar qo‘mitasi raislari zimmasiga yuklatilgani mazkur muammoni nechog‘li ijobiy hal eta oladi?

— Albatta, ko‘zda tutilgan bu chora-tadbirlar o‘tgan davrdagi faoliyatning chuqur tahlili natijasi deyish mumkin. FHDYo organlari, ularning nikoh munosabatlariga oid aktlarni rasmiylashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklariga bo‘ysundirilishi juda katta voqea bo‘ldi. Negaki, FHDYo shu paytgacha o‘z holicha ishlab kelgan, oila mustahkamligini ta’minlash, tiklash, saqlashda ular tomonidan tizimli faoliyat ko‘rsatilmagan. Oila dorilfununlarini tashkil etish, nikohlanuvchi shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazish, to‘y-marosimlarni tartibli o‘tkazish, ajralishlarning oldini olish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Endilikda mazkur faoliyatni nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish tuman (shahar) hokimi o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklatiladi. Bu oila va xotin-qizlar masalalarida tizimli hamkorlikni ta’minlash barobarida, har birimizdan katta mas’uliyat talab etadi. Ayni chog‘da yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, yosh oila quruvchilar ota-onalarining ham mas’uliyatini kuchaytirish, oilaviy marosimlarni ixcham o‘tkazish, milliy urf-odatlarimizni targ‘ib qilishga alohida ahamiyat qaratiladi. Ajrashish yoqasiga kelib qolganlar bilan birgalikda amaliy ishlar olib boriladi. 

— Bugungi kunda yurtimizning istalgan hududida ijtimoiy ahvoli og‘ir, nogiron, ishsiz, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar topiladi. Qo‘mita tomonidan ularga qanday amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda?   

— Hududlardagi turmush sharoiti og‘ir, nogironligi bor yoki farzandlari nogiron ayollarning to‘liq va manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Ularning ehtiyojlaridan kelib chiqib, yordam berish choralari belgilanmoqda. Masalan, nogironligi bo‘lsa-da, mehnatga yaroqli ayollarimiz bor. Ularni o‘ziga munosib ish bilan ta’minlaymiz, albatta. O‘zi, farzandi yoki turmush o‘rtog‘i nogiron, dala shiyponlarida, eski machitlarda yashayotgan boshpanasi bo‘lmagan ayollarga dastlabki badali to‘langan holda uy-joylar berilyapti. 

— Muammolardan yana biri xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning ortib borayotganidir. Bilishimizcha, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida har bir mahalla kesimida ish olib borilib, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, shuningdek, o‘tgan yili maxsus ro‘yxatdan chiqarilgan, diniy oqim a’zosi bo‘lgan 2 ming 587 nafar ayolning hayotda o‘z o‘rnini topishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu haqda ham ma’lumot bersangiz.

— Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, birinchi navbatda, huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lganlar bilan yakka tartibda ish olib borish hamda jazoni ijro qilish muassasalaridan ozod etilgan xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashishi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni ta’minlash hisoblanadi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari har bir chiqishida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga alohida to‘xtalib, bu bo‘yicha jiddiy ishlar olib borishimiz kerakligini ta’kidlaydi. Taassufki, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatga qo‘l urayotganlar uchrab turibdi. Bunday holatlarga to‘la barham berish maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik rejasini qabul qildi, jadallik bilan ijrosi ham ta’minlanyapti. Eng avvalo, jinoyat sodir etgan xotin-qizlar bilan amalga oshiriladigan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar tashkil qilish doirasida ularning har biriga mahallalardagi faol ayollar biriktirildi. Ularga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlarida, bino, yer-joy, kredit olishlarida hamda boshqa ijtimoiy-huquqiy masalalarda yordam ko‘rsatish, ish bilan ta’minlashda ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda. Masalan, o‘tgan yili jazo muddatini o‘tab qaytgan ayollarning 324 nafari ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 14 nafarining kredit olishiga ko‘maklashildi. Shuningdek, profilaktik hisobda turgan ayollarning doimiy ravishda oilaviy sharoitlari o‘rganib borilmoqda, mavjud muammolari imkon qadar hal etilyapti.

— Nazarimizda xotin-qizlar muammosini hal etish faqat xotin-qizlarning o‘ziga tashlab qo‘yilgandek. Aytingchi, bu borada jamoatchilikning ishtiroki qanday? Samarasi bo‘lyaptimi? Yana qanday ishlar qilinsa, xotin-qizlar turmush tarzida ijobiy o‘zgarishlar bo‘ladi?

— Bugungi kunda viloyatlarga chiqib, xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyati, ayollarning turmush tarzi bilan tanishsangiz, ularning hayoti va faoliyatida juda katta o‘zgarishlar sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lasiz. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Bugun jamiyatimizda “bu mening ishim, bunisi meniki emas”, degan gap yo‘q. Hamyurtlarimiz hayotiga, yurtimiz ravnaqi, taraqqiyotiga bog‘liq har bir muammo, har bir masala hammamizniki. 

Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda imtiyozli kreditlar ajratish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ayollarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish kabi masalalar bo‘yicha olib borayotgan ishlarimizning barchasida davlat va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlashimiz juda muhim. 

“Hurriyat” muxbiri

 Go‘zal MALIKOVA 

suhbatlashdi.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Olam bag‘ri butun bo‘lsin!

2018-04-24 15:19:36

RANGLAR JILVASI

2018-04-24 15:17:38

“YANGILIKLAR IMPERIYASI”DA unutilmas ...

2018-04-24 15:11:54

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30

.