ORZUGA AYB YO‘Q, AMMO... “O‘zbekiston degan davlat barqaror turishi uchun yana nimalar qilishimiz kerak?!” maqolasini o‘qib

Bir donishmand aytganidek, Olloh ne’matlarining oliysi idrok. Biroq har kim bilganicha idrok etadi. Shu jumladan, Said-Abdulaziz Yusupov o‘zining  “O‘zbekiston degan davlat barqaror turishi uchun yana nimalar qilishimiz kerak?!” (“Hurriyat” 2018 yil, 8-son)  sarlavhali ulkan maqolasida o‘z ko‘z qarashlari va bugungi dunyoni anglashidan kelib chiqib, idrok etibdi. Buning hech qanday hayratlanarli joyi yo‘q. Chunki, har bir inson idrok etishda o‘z aqlining rahnamosi bo‘lgisi keladi.

 

HAQDAN BOSHQAGA SIG‘INILMAYDI

“Bugun jamiyatimizga yangi bir g‘oya, mafkura kerak. Mafkuraki, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni yagona bir bayroq ostida ruhan birlashtiruvchi va ayni zamonda har bir vatandoshdan bu g‘oya uchun jonini qurbon qilishga ham qodir kuchli bir g‘oya kerak” deydi Yusupov.

Bu gaplar menga kommunistik  mafkura hukmronlik qilgan davrni eslatdi. Bir bayroq ostida birlashish va kerak bo‘lsa, jonni ham qurbon qilish – bu so‘zlar ko‘p yillar mobaynida quloqlarimiz ostida jaranglab turdi. Millionlab odamlar kommunizm uchun, Lenin uchun va Stalin uchun o‘z jonlarini qurbon qilishdi. Ikkinchi jahon urushi paytida jangchi jang maydonida tang ahvolda qolganida “Stalin uchun” deb o‘zini-o‘zi portlatishi ommaviy tus oldi. Hozirgi paytda “Ollohu akbar!” deb o‘zlarini portlatib ko‘plab begunoh odamlar, ayniqsa, yosh bolalar, ayollar  va qariyalarning o‘limiga sabab bo‘layotganlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jannatga ketdik, deb o‘ylashadi. Yo‘q, bu jihod emas, siyosiy buyurtmani bajarish. Mansab talashib bir-birlaridan o‘ch olayotgan guruhlar aslida musulmon degan nomga dog‘ tushirmoqdalar. Ularning orqasida geosiyosiy manfaatni ko‘zlagan yovuz kuchlar turibdi. 

Aytmoqchi bo‘lgan fikrim shuki, mafkuraning vazifasi insonlarni tarbiyalab, ularni bir maqsad yo‘lida birlashtirish ekan, buning uchun kimlargadir sig‘inish yoki kimlarnidir qurbon qilish g‘oyasi mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Yusupov mafkura borasida oldimizda to‘rt xil tanlov turganligini aytadi. Birinchisi millatchilik ruhidagi mafkura. Men buni juda xavfli mafkura sifatida butunlay inkor etaman. Esdan chiqarmang, Ukrainadagi hozirgi vaziyat ukrain millatchiligi bilan rus shovinizmining to‘qnashuvi oqibatida yuz berdi. O‘zbekiston millatchilikni rad etganligi uchun ham xalqimiz hozirgacha tinch yashab kelyapti. Biroq biz hamon mahalliychilik degan illatni butunlay bartaraf etishda oqsayapmiz.

Diniy-monarxik  mafkura ham bizga to‘g‘ri kelmaydi. To‘g‘risi, biz dinni qadrlashda ayrim arab va boshqa ba’zi musulmon mamlakatlarga nisbatan ustunmiz. Monarxiyani esa rad etamiz. Hozirning o‘zida ayrim qardosh xalqlar monarxik ko‘rinishlar tuzog‘iga tushib qolayotganidan tashvishdamiz. Chunki, monarxiya hukmronligi ostidagi ayrim davlatlarda murakkab vaziyatlar yuzaga kelayotganidan xabardormiz. Buni nafaqat Osiyodagi, balki Yevropadagi ba’zi davlatlarda ham kuzatish mumkin.

Maqolada tilga olingan konservativ hamda liberal-demokratik mafkuralar esa bizning nafaqat kelajagimizga, balki o‘zligimizga, ya’ni milliy, diniy va ma’naviy qadriyatlarimizga, o‘zbekona urf-odatlar va an’analarimizga, umuman, bugungi turmush tarzimiz ildizlariga bolta uradi. Shuning uchun biz har qanday sun’iy qadriyatlarni ham, cheksiz erkinlik va qat’iy majburiylik kabi tartib-qoidalarni rad etamiz.

Xo‘sh, bizga qanday mafkura kerak?!

Bizga ko‘p asrlar davomida shakllanib sayqallangan, millatimizga xos, turmush tarzimizga yarashiqli, milliy va ma’naviy qadriyatlar sifatida hayotimizdan mustahkam o‘rin olgan urf-odatlarga mantiqan hamohang, Qur’on va Hadis talablariga mos, boshqaruvda adolatning ustunligini ta’minlashga xizmat qiladigan mafkura kerak. Nazarimda jamiyatda, boshqaruvda, e’tiqodda, umuman, bugungi kunda hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar ana shu mafkuraning shakllanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratmoqda. Ya’ni odamlar Qur’on va Hadis o‘qishga da’vat etilyapti, ulug‘ allomalar, olimlar va mutafakkirlarning hikmatlarini o‘rganishga qiziqish kuchaydi, jamiyatda adolatsizlik uchun kurash boshlandi, xato va kamchiliklar ochiq aytilyapti, ma’naviy va ma’rifiy targ‘ibot kuchaytirilyapti. Albatta, bitta qaror yoki farmon bilan insonning tafakkurini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Bugungi kunda hayotimizda va tafakkurimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, fikrlash, anglash va idrok etishdagi tushunchalarimiz o‘zimizga mos mafkurani shakllantirayotganligini inkor etib bo‘lmaydi. Bizning mafkuramiz Haqdan boshqaga sig‘inishni targ‘ib qilmaydi.

Shu jihatdan olganda, men Yusupov aytgan bandaning Haq oldidagi darajasi uning molu dunyosi-yu, boshqasi bilan emas, balki iymoni bilan belgilanadi, degan fikrga qo‘shilaman.

 

ZO‘RLARNING QOSH-QOVOG‘I

Men “Manfaatsiz siyosat bo‘lmaydi” degan sarlavhacha ostida berilgan fikrlarni to‘liq ma’qullagan holda o‘z fikrlarimni qo‘shimcha qilmoqchiman.

Rasman hozir yer yuzida BMT va uning Xavfsizlik Kengashi hukmronlik qiladi. Aslida esa Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosi hukmron. Qadimda bunday huquqqa Namrud ham, Fir’avn ham, Vizantiya imperatori Herakl ham, umuman, hech bir saltanat, sultonlik, imperiya, podsholik, qirollik ega bo‘lmagan. Shu beshta doimiy a’zodan bittasi qarshi ovoz bersa yoki veto qo‘llasa, hech qanday qaror va hujjat qabul qilinmaydi. Bu oliy hakamlar orasida butun bir Afrika qit’asidan bitta ham, aholisining asosiy qismi musulmon bo‘lgan 60 ta davlatdan bitta ham a’zo yo‘q. Bu yer yuzidagi ikki milliard musulmon va Afrikadagi bir milliarddan ortiq qora tanli aholi davlatlar va xalqlarning taqdirini hal qilishda o‘z ovoziga ega emas degani. Aytaylik, veto qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan doimiy a’zolar safida 61 millionli Frantsiya va 68 millionli Buyuk Britaniya bo‘lgani holda salkam bir yarim milliardli Hindiston yoki 260 millionli Indoneziya yo‘q.

Bu mutlaqo BMTning o‘ziga, uning Bosh Assambleyasi yoki Xavfsizlik Kengashiga, yoxud BMT Bosh kotibiga bog‘liq emas. Mening ko‘z oldimdan ketmaydi: Iroq qonga belanganida Kofi Annan ilojsizlikdan butun dunyoga iltijo qilib yolvorgan, Falastinning o‘azo sektorida ikki kunda besh yuz nafar go‘dak o‘ldirilganida Pan Gi Mun ho‘ngrab yig‘lagan, o‘tgan yili M’yanmada xandaklar musulmon go‘daklarning jasadlariga to‘lganida esa BMTning hozirgi Bosh kotibi butun insoniyatni qayta-qayta rahm-shafqatga chaqirdi. Hozir har kuni Suriyadagi vahshiylikni ko‘rish uchun insonda ikkita yurak bo‘lishi kerak.

Gap shundaki, bugungi BMT va uning tizimlari isloh qilinmasa hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Veto qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan beshta doimiy a’zo islohot masalasida oyoq tirab turibdi. Keyingi o‘ttiz yilda Xavfsizlik Kengashidagi mavjud holatni o‘zgartirish uchun Yosir Arofat, Nelson Mandella, Kofi Annan, Ugo Chaves, Saddam Husayn, Muammar Kaddafiy, Islom Karimov, Mahmud Abbos kabi va boshqa ko‘plab arboblar kurash olib borishdi. Hech bo‘lmaganda BMT Bosh kotibiga yoki Bosh Assambleyaga alohida vakolat berish g‘oyasini ilgari surishdi. Mutlaq hakamlikdan ajrab qolishni istamagan davlatlar miq etishmadi. Yaqinda Ekvatorial Gvineya davlati rahbari “ularning shu qilganiga” “BRIKS” asosida boshqa xalqaro tashkilot tuzishni taklif qildi. Braziliya, Rossiya, Hindiston, Hitoy va Janubiy Afrika Respublikasi ittifoqi hududida qariyb to‘rt milliardga yaqin aholi yashaydi.

Yusupov maqolasida zo‘rlarning siyosati borasida aytilgan nozik gaplarni takrorlashning hojati yo‘q. Aslida zo‘rlarning ta’sir va tazyiq o‘tkazish, o‘z yo‘rig‘iga yuritish, fitna uyushtirish, tosh otish, bahona-sabab izlash, rejimni o‘zgartirish bilan bog‘liq texnologiyalari juda ko‘p. Ular ba’zan zimdan, ba’zan ochiq harakat qilishadi. Ba’zan zo‘ravonlik o‘rnini buyukdavlatchilik va buyukmillatchilik  yo‘nalishidagi axborot xurujlari egallaydi.

Demak, O‘zbekistonning kelajagini va ertangi kunimizni o‘ylaydigan bo‘lsak, faqat mustaqil tashqi siyosat yuritishda emas, balki mafkuramizga mos targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda ham hushyorlik talablaridan kelib chiqib zo‘rlarning qosh-qovog‘iga qarashimizga to‘g‘ri keladi.

 

“AXLAT” YUTAYOTGAN MIYA XUSUSIDA

Chingiz Aytmatov haq. Miyamiz “axlat” bilan zaharlanib bo‘ldi. Endi uni tozalash uchun qayta tug‘ilishimiz kerak. Aslida qayta tug‘ilgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Xo‘sh, nima qilish kerak?!

Men sizning tashvishlaringizga qo‘shilaman. Ammo javobni siz bilan birga izlar ekanman, xalqimizga murojaat qilib: “Azizlar, hali ham kech emas,  yoshlar ongini zaharlashni tuxtataylik!” deyman. Ey nafs, orzu-havas kishanidan ket, deydi Abu Ali ibn Sino. Insonning ongini, ruhiyatini, ma’naviyatini, dunyoqarashini o‘zgartirayotgan illatning nomi — nafs. Odamlar tobora tulkimijoz bo‘lib boryapti. Jaloliddin Rumiy bu dardning qo‘zg‘atuvchisini “ehtiyoj” deb atabdi. Nosir Xisrav esa o‘zgaruvchan insonlarga: “Vafoda o‘xshama bulbulga aslo, har on ul o‘zga gul boshida shaydo” deb ta’rif beribdi. Xushomadgo‘ylar, munofiqlar va tulkimijozlar bevafo bulbulning o‘zginasi. Abdulqodir Bedil deydi: “Surbetlik hislari tubandir, tuban, lek hayoga qarar kibor ko‘z bilan”. Behayo, yarim yalang‘och yoshlar quvalashib-quvishib, quchoqlashib-o‘pishib, maymunga o‘xshab sakrashib hayosi bor insonning ustidan kulishsa, ko‘kragi va tizzasi ochiq qizlar teleekranga chiqib: “Jannat bizning oyoqlarimiz ostida” deb takabburlik qilishadi. Dod deb yuborgingiz keladi.

Said-Abdulaziz uka, bularning hammmasini ko‘rib, kuzatib, hayratlanib turibmiz. Siz aytgan ayrim internet saytlarini ko‘rish va o‘qishga yurak betlamaydi, vijdon yo‘l qo‘ymaydi. Ayniqsa, san’at degan ulug‘ nomga dog‘ tushirayotganlar ko‘payib ketdi. Yoshlarning ba’zi kontsertlari orangutanlarning tungi bazmiga, o‘arbga taqlid qiluvchi ba’zi ansambllarning chiqishlari martishkalarning qiyqirig‘iga, teleekranlarda namoyish etiladigan ba’zi videokliplar yosh bolalarning bekinmachoq o‘yiniga o‘xshaydi. Ular kamaymasdan, aksincha, ko‘payib borayotganiga sabab shuki, ikki o‘rtada “nafs” degan illatning kuch-qudrati hukmron. Oldi-berdi bor ekan, nafs hakkalak otaveradi, nafs bor ekan, ehtiyojni qondirib, odamlarni ma’naviy jihatdan tarbiyalab bo‘lmaydi. Shunday ekan, avvalo, nafsning payini qirqadigan omillar ishga solinishi kerak. Aks holda ma’naviyatdan va ma’rifatdan safsata sotishning foydasi yo‘q. Nazarimda mamlakatimizda ana shunday omillar ishga tushdi. Meni turli idora va tashkilotlarga ma’ruza qilish uchun taklif etib turishadi. Bir kuni bir joyda: “Ilgari Ahmad Yassaviyning hikmatlari qo‘shiq qilib aytilar edi, hozir shunday qo‘shiqlar yo‘g‘-a!” desam, bir qiz o‘rnidan turib: “Amaki, siz tarkidunyochi odam ekansiz” dedi. O‘tgan yili pogonlilardan iborat juda bir nozik idora xalqaro mavzuda ma’ruzaga chaqirdi. Musulmonlarni olabo‘ji sifatida ta’qib etayotgan xorijdagi kuchlar haqida gapirgan edim, tizim rahbarlaridan biri: “Bunday dindor odamni ikkinchi taklif qilmanglar” debdi. Bilmadim, unday odamlar hozir Mirziyoev olib borayotgan siyosatdan qanday ahvolga tushayotgan ekan.

Biroq bundan buyon biz hadeb zorlanavermasdan, oh-voh qilavermasdan, bizga qanday mafkura yoki g‘oya kerak deb ikkilanavermasdan, milliy ma’naviyat va ma’rifatdan ajrab bo‘ldik deb tushkunlikka tushmasdan, sizga o‘xshab odamiylik va odamgarchilikdan, milliy o‘zligimiz va turmush tamoyilimizdan ajrab qolmasligimiz uchun endi nima qilishimiz kerak, deb savol bermasdan astoydil ishga kirishishimiz zarur va shart. Aks holda yana imkoniyatni boy berib qo‘yamiz. Agar tomoshabin bo‘lib tursak, avvalo, vijdonimiz, qolaversa, tarix kechirmaydi. Men Nosir Xisravning: “Aqlning daraxti-qarilik” degan gapidan ruhlanib, qanday qabul qilishlaridan qat’i nazar yoshlarga ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishida pand-nasihat qilishdan to‘xtamayapman.

 

NAFSDAN KUCH OLGAN YOLG‘ON

Siz jamiyatni va tafakkurni o‘zgartirishda yolg‘ondan voz kechishni birinchi qadam debsiz. “Xohu podshohu xohi chorakor, yolg‘onchi bo‘lsa gar — xunuk hamda xor” deydi Abulqosim Firdavsiy. Agar yolg‘on gapirib, o‘zimizni o‘zimiz aldasak, hech narsaga erishib bo‘lmasligimizni Shavkat Mirziyoev ham ko‘p marta ta’kidlab o‘tdi.

Yolg‘onga o‘rganib qoldikmi, demak, ichimizda Xannos hukmron. Ichimizdagi shaytonni haydash uchun qat’iyatlik va iroda kuchi kerak. Ko‘pchiligimizda ana shu narsa yetishmayapti. Siz aytgan barcha yolg‘onlar bor haqiqat. Afsuski, ulardan qutulish uchun ancha vaqt kerak. Nima qilaylik, siz sanab o‘tgan barcha sohalarda Xannosning ustunligi ko‘rinib turibdi. Unga nafs dalda berib turibdi.

Xuddi yolg‘on kabi pora ham nafs bilan bog‘liq illat. Pora yolg‘on gapirib, yolg‘on ma’lumot berib, birovlarni sarson-sargardon qilib va qiynab maqsadga erishishda asosiy vosita. Poraxo‘rlik butun jamiyatni izdan chiqarib, insonlarni tang ahvolda qoldiradigan vabo. U yuqumli bo‘lgani uchun tez tarqaladi. Uning ham qo‘zg‘atuvchisi nafs. Siz jamiyatimiz undan tezroq qutulishini istaysiz. Kim istamaydi deysiz? Bu yuqumli dardning keng tarqalganidan butun jamiyatimiz va xalqimiz tashvishda.

Abu Abdullo Rudakiy ochofat va yeb-yalab to‘ymas rahbarlar haqida shunday deydi: 

Kimning quzg‘undan rahbari bordir,

Uning guzari o‘laksazordir.

Bugungi kunda davlatimiz ana shunday quzg‘unsifat rahbarlarga qarshi kurash olib borayotganligi hammaga ma’lum. Aftidan, hozircha “o‘lja”ni chaynamay yamlab yutadigan “timsoh” sifatlilar tuzoqqa tushyapti. “Sirtlon”sifatlilar hamda “bo‘ri”sifatlilar esa vaziyatni kuzatib turishibdi. Xalq hatto tulkimijozlar ham tuzoqqa tushishini xohlaydi. Yolg‘onning yaxshi-yomoni bo‘lmaganidek, poraxo‘rning ham katta-kichigi bo‘lmaydi. Biroq, xalq hali qo‘lga tushmagan “sher”sifat hamda “qoplon”sifat poraxo‘rlar ko‘pligini yaxshi biladi. Jamiyat va xalq, tenglik va birodarlik, tinchlik va osoyishtalik, yuksak ma’naviyat va ma’rifat, ezgulik va diyonat, har bir inson va uning taqdiri uchun ularning hammasi xavfli. Ulardan qutulmasak, jamiyatni va tafakkurni o‘zgartira olmaymiz. Pand-nasihat ularga kor qilmaydi. Sa’diy Sheroziy aytganidek:

Pokiza bo‘lmasa kimning qilmishi,

Hikmat so‘zi bilan tuzalmas ishi.

 

MADDOH BO‘LSANGIZ AGAR...

Yusupov maddohlik haqida hammaning ko‘nglidagi gapni yozibdi. Ayniqsa, uning “maddohlikning eng yomoni ziyolilarnikidir, chunki ular davlatni hamisha jarga yetaklagan” degan gapi juda topib aytilgan. Shoirlarning maddohligi haqida Qur’onning “Shuaro” hamda “Yosin” suralarida yaxshi ifodalab berilgan. Men qaysi shoirga “Qur’on”ning so‘zlarini eslatsam, u men bilan salomlashmay qo‘yadi. Rahmatli Sharof Rashidov odamni siyosiy jihatdan chalg‘itadi deb rahbarlik lavozimlariga shoirlarni emas, yozuvchilar bilan jurnalistlarni tanlardi. Alisher Navoiy saroyda xizmat qilgani uchun xushomadning nimaligini yaxshi bilardi. Shuning uchun bu buyuk inson: “Dushman firibin yema va maddoh xushomadin chin dema” degan hikmatni yozib qoldirgan.

Said-Abdulaziz teleko‘rsatuvlarda bugun jamiyatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar, muammolar to‘g‘risida ta’sirli va hozirjavob rang-barang materiallar berish o‘rniga maddohlik ruhidagi, aravani quruq olib qochadigan materiallar berish tendentsiyasi kuchayib borayotganidan tashvishlanibdi. Bunday holatni boshqalar ham ta’kidlashyapti. Biroq o‘zgarish bo‘lishiga ishonch yo‘q. O‘zgalardan o‘rganish ayb emas. Masalan, mening Rossiya telekanallarida ishlayotgan jurnalistlarning tajriba va mahoratlariga, hozirjavobligi va topqirliklariga, janr va mavzu tanlashdagi ustomonliklariga havasim keladi. Prezidentimiz qabul qilgan qaror va farmonlar yuzasidan o‘sha sohaning rahbaridan intervyu olish bilan chegaralanib qolmasdan joylardan operativ reportajlar berish kerak. Oddiy odamlar esa Prezidentga rahmat aytish bilan chegaralanib qolmasin. Bunday bir xillik teletomoshabinni ekrandan bezdiradi.

Taraqqiyotimizni ortga surayotgan, odamlarda axloqsizlik va odobsizlikni kuchaytirayotgan, ayniqsa, surbetlik uchun turtki berayotgan qusurlardan biri — andishasizlik borasidagi gaplar, shuningdek, axloqsiz insonlarning faqat puldorligi uchun obro‘ orttirishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi gaplarda ham jon bor. Oramizda shunday odamlar va holatlar bor ekan, ma’naviy va ma’rifiy tarbiya borasida hali qiladigan ishimiz ko‘p. Bu faqat ma’naviyat va ma’rifat markazlarida emas, balki barcha mehnat jamoalarida, o‘quv yurtlarida va mahallalarda jamoat tashkilotlari hamda diniy idoralar ishtirokida olib boriladigan dolzarb tarbiyaviy ishdir. Andishasizlik — shaltog‘liqning bir ko‘rinishi. Farididdin Attor deydi:

Kimki shaltog‘liqni qo‘ydi joyiga,

Xor-zorlikda tesha tekkay poyiga.

Maddoh inson esa bir maqsadni ko‘zlab xushomad qiladi. “Qaysi do‘stkim ko‘zlamish foyda-ziyon, bir kuni dushman bo‘lur u begumon” deydi Abu Shukur Balxiy. Men buni ayrim shoir, yozuvchi va jurnalistlar misolida ko‘rdim. Ular o‘z vaqtida mansab, unvon va orden olishganida Islom Karimovni ulug‘lab yozishgan edi, bugunga kelib esa ularning sobiq rahbar haqidagi fikrlari o‘zgarib qoldi. Demak “Qur’on”ning so‘zi haq.

 

BOY BOYGA BOQSA...

To‘g‘risini aytsam, Yusupovning ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini qayta isloh qilish to‘g‘risidagi takliflari menga ma’qul bo‘lmadi. Agar istagan bitiruvchi istalgan oliy o‘quv yurtiga taxminan o‘ttiz million so‘m miqdordagi kontrakt to‘lovi evaziga kirib o‘qiydigan bo‘lsa, u shu o‘ttiz millionni qayerdan oladi? Shunday oilalar borki, farzandlari o‘ta qobiliyatli bo‘lganlari holda oddiy bir dori sotib olishga pul topisholmaydi. Kommunal xizmatlar to‘lovini gapirmasangiz ham bo‘laveradi. Ha, zehnlilar uchun grantlar bor-ku dersiz!.. Ular sanoqli. Grantga ilinish uchun ham tanish-bilish, qing‘ir usullarni qo‘llash, kimlarnidir rozi qilish kerak. Buni bilmagan odam O‘zbekistonlik emas. Nazorat qanchalik “kuchli” bo‘lmasin, odamlar yo‘lini topishyapti. Ehtimol, grantlar sonini ko‘paytirish kerakdir.

Avvalo, talabalarni qobiliyatiga, iqtidoriga, qiziqishiga, intilishiga qarab tanlab olishda xatoga yo‘l qo‘yilyapti. Masalan, bizning sohamizni olaylik. Har ikkala jurnalistika fakultetini  har yili 160 nafar jurnalist bitirib chiqib hayotga yo‘llanma olayotgan bo‘lsa, shuning atigi 20 nafarigina ishlash uchun ommaviy axborot vositalariga borar ekan. Ehtimol, boshqa sohalarda ham ahvol shundaydir. Shuning uchun oliy o‘quv yurtlari kontrakt pulining qanchaligiga emas, kimlarni qabul qilayotganiga e’tibor berishlari kerak. Talabaning to‘lagan puli emas, o‘zi muhim. Shundagina malakali mutaxassis tayyorlanadi.

Endi Yusupovning istalgan kompaniya va firmalar o‘zlariga yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun, keyinchalik ma’lum muddat ishlab berish sharti bilan grantlar taqdim etishi haqidagi taklifi ma’qul ko‘rinadi. Biroq shunda ham turli qing‘irliklar aralashib qolmasligi uchun nazorat kerak.

Albatta, har qanday o‘zgarish, yangilik va taklif hozirgi kunda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘unlashgan holda joriy etilgani yaxshi.

O‘tgan yili qashqadaryolik bir tanishim avtohalokatga uchradi. Uning bo‘yin suyagi sinib gapirolmay va qimirlay olmay qoldi. Toshkentdagi qurilishlarda mardikorlik qilib oilasini boqayotgan edi. Qishloqda xotini besh nafar go‘dagi bilan yashardi. Toshkentdagi katta bir shifoxonada 15 kun yotdi. Qarindoshlari bir necha million so‘m to‘plab olib kelib berishdi. So‘ng bu yer qimmat ekan deb, uch million so‘mga maxsus “Tez yordam” yollab uni Qarshiga olib ketishdi. U yerda arang o‘n kun yotishiga mahalla pul yig‘ib berdi. Ayol beshta go‘dak bolani boqsinmi yoki eriga har kuni 200 ming so‘m topib bersinmi?! Pul yo‘qligidan tibbiy yordam to‘xtab qoldi. Ellik yoshdagi odam puli yo‘qligidan ko‘zi mo‘ltirab yotib o‘ldi.

Hozir bunga o‘xshagan misollar ko‘p. Aftidan, kambag‘allar og‘ir kasal bo‘lishsa, oldindan o‘limni bo‘yniga oladigan bo‘lib qolishdi. Yusupov aytgan sug‘urta ham kambag‘alga yordam bermaydi. Umuman, tibbiyot masalasi tubdan isloh qilinmasa, kambag‘allar ko‘zlari mo‘ltirab hayot bilan xayrlashishni taqdiridan ko‘rib qo‘ya qolishadi.

Biz jamiyatda adolat o‘rnatishni, to‘g‘rini to‘g‘ri, egrini egri deyishni, xalqparvarlikni, ayniqsa, kambag‘alparvarlikni davlat siyosati darajasiga ko‘tara olsakkina Jaloliddin Rumiy aytganidek, bo‘lganimiz kabi ko‘rina olamiz yoki ko‘ringanimiz kabi bo‘la olamiz. Hozir tanlangan shu yo‘lning boshidamiz. Demak, orzularimiz oydin, ammo oldimizda ko‘pdan-ko‘p dovonlar va sinovlar turibdi.  

 

FOBIYA BIZGA YOT

Men ishonch bilan aniq ayta olaman, O‘zbekistonda fobiyabozlik yo‘q. Siyosiy sharhlovchi sifatida ko‘p yillardan beri jahon siyosat olamidagi vaziyatni kuzatib kelayapman. O‘zbekiston va o‘zbek xalqi hali birorta davlat yoki millatga, din yoki oqimga, jins yoki axloqqa nisbatan ommaviy axborot vositalarida fobiya iborasini qo‘llamagan. Aksincha, boshqa millat va din vakillarining Islom diniga va musulmonlarga nisbatan nafratlari kun sayin kuchayib boryapti. G‘arb dunyosining asosiy targ‘ibot-tashviqot mexanizmi, ya’ni barcha turdagi ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Rossiyaning biz ko‘radigan telekanallari ham, shuningdek, “musulmon” degan nomni eshitganda seskanib tushadigan boshqa dindagi yoki dinsiz oqimdagi ayrim guruhlar, millatchilar, shovinistlar, ig‘vogarlar va turli toifadagi buzg‘unchilar buyurtmasini bajaradigan telekanallar, gazetalar, axborot agentliklari, internet saytlari hamohang holatda, rejali tarzda, haqorat va tuhmat ila musulmonlarni yomonotliq qilishni tobora avj oldirib borayotganligi bor haqiqat va bu har qanday odamda tashvish tug‘diradi.

Biz shu paytgacha bir musulmonning jahon ommaviy axborot vositalarida chiqish qilib, nasroniylar, yahudiylar va budparastlarning dinlarini kamsitib yoki haqoratlab, ularga qandaydir tamg‘alar bosganini hali ko‘rganimiz va eshitganimiz yo‘q. Qaytaga Qur’onda aytilganiga ko‘ra musulmonlar nasroniylar bilan yahudiylarga kitob ahli, ya’ni Ollohdan Tavrot va Injil tushgan millatlar sifatida o‘ta do‘stona munosabatda bo‘lishadi. Bizning xalqimiz hatto shovinistik va millatchilik kayfiyatidagi ruslarga ham ularning tilida gapirib iltifot ko‘rsatishadi.

“Turkofobiya” iborasini  aslida do‘st niqobidagi dushmanlarimiz o‘ylab topishgan. O‘zbekistonning keyingi paytda turkiy xalqlar birligi va totuvligini ta’minlash borasida olib borayotgan siyosati kimlargadir yoqmayapti. Ularga Ukraina va Suriyadagi vaziyatlarga o‘xshagan holatlar kerak. To‘g‘risi, o‘tgan yillarda bizning aksariyat huquq-tartibot xodimlarimiz dindorlarimizni yomonotliq qilish va ularga turli tamg‘alarni bosish bilan o‘zgalarning nog‘orasiga o‘ynashdi. Ayniqsa, biz kabel tarmog‘i orqali ko‘radigan telekanallar O‘zbekistondagi dindorlarni olabo‘ji qilib ko‘rsatishda tashqi g‘arazgo‘y kuchlarning buyurtmalarini qoyillatib bajarishdi. Ular keyingi 15 yildan beri “O‘zbekiston Islom harakati” yaqin kunlarda O‘zbekistonda hokimiyatni egallaydi, deb vahima solib kelayotgandi.

Said-Abdulazizning quyidagi fikriga men ham qo‘shilaman: O‘ziga ishongan millat, o‘z qudratiga ishongan davlat hech narsadan qo‘rqmaydi. Kuchli ma’naviyatga, mustahkam e’tiqodga ega shaxs daxriy bilan muloqot qilib daxriy bo‘lib qolmaganidek, uch yarim ming yillik davlatchilik tarixiga ega bu Davlatni hech qanday kuch o‘z yo‘lidan, o‘z e’tiqodidan qaytara olmaydi!

G‘arb dunyosida barcha dinlar hamda axloq-odob qoidalaridan xoli, insonning mutlaq erkinligi va istak-xohishiga asoslangan, ko‘ngil tusagan ishni qilishga ruxsat beradigan hayotning sun’iy standartlari — xudbinlik mafkurasi ishlab chiqilgan. Bunday mafkura insoniyatga faqat ofat keltiradi.

Bizga dinimiz qonuniyatlaridan, milliy urf-odatlarimiz va ma’naviy qadriyatlarimiz talablaridan, tarbiya va taraqqiyot hamda adolat mezonlaridan kelib chiqib, o‘zimizga xos va o‘zimizga mos milliy mafkura kerak. Bunday mafkura qaror yoki farmon bilan emas, balki aql-idrok va tafakkurda erishgan darajamizga ko‘ra shakllanadi. U faqat millat va inson manfaatiga xizmat qiladi. Men shunday mafkurani orzu qilaman.

Ibrohim NORMATOV,

Siyosiy sharhlovchi, 

O‘zbekiston Respublikasida

xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.