KUCHLI O‘ZBEKISTON ORZU EMAS, QAT’IY ISHONCHIMIZDIR!

TAHRIRIYATDAN

Hurmatli gazetxon “Hurriyat” gazetasining shu yil 8-sonida muallif — Said-Abdulaziz Yusupovning “O‘zbekiston degan davlat barqaror turishi uchun yana nimalar qilishimiz kerak?” sarlavhali maqolasi e’lon qilingan edi. O‘tgan vaqt davomida maqolada ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tahririyatga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Turli fikr va mulohazalar bildirildi. Ana shunday munosabatni siyosiy sharhlovchi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ibrohim Normatov ham yozma ravishda taqdim etdi. Gazetaning 11-sonida uning “Orzuga ayb yo‘q, ammo...” deb nomlangan munosabati e’lon qilingandi.

 Fikr-fikrni uyg‘otar, deganlaridek Said-Abdulaziz Yusupov bildirilgan munosabatga javob yo‘lladi.

Tahririyat xolislik, fikrlar xilma-xilligi nuqtai nazaridan mulohazalarga hurmat saqlagan holda ushbu javobni o‘quvchilarga havola etmoqda.

 

“Hurriyat” gazetasining 2018 yil 14 martdagi 11-sonida chop etilgan muhtaram Ibrohim Normatovning “Orzuga ayb yo‘q, ammo...” sarlavhali maqolasini o‘qidim. Fikrlarim sog‘lom bahs, mushohada va munozaraga zamin bo‘lganidan ruhlandim. 

Agar har qanday bahsdan maqsad haqiqatga yetish bo‘lsa, ma’rifat bo‘lsa, bundan jamiyat faqat va faqat naf ko‘radi.

Gapning avvalida kichik nuqtaga to‘xtalib o‘tay. “SANGtarosh usta” bu taxallus emas, men haqiqatda hayotimda egallagan birinchi hunarim TOSHTAROSHlikdir. Ustozim Samarqandlik Sangtarosh Usta Mo‘min Kamolov bo‘ladilar. Shuning uchun nega aynan “Sangtarosh Usta” taxallusini tanlagan degan o‘yga bormang. Chunki men haqiqatda Sangtarosh Ustaman. 

Shaxs sifatida Sizni hurmat qilishimni aytib, alohida ta’kidlab qo‘ymoqchiman. Harna bo‘lganda ham, eng avvalo, Siz va bizga bahs va munozara uchun maydon berayotgan “Hurriyat” gazetasiga samimiyat bilan tashakkur izhor etaman. 

 UMIDSIZLIK MILLATNI OLOMONGA AYLANTIRADI!

Frantsuz mutafakkiri Volter “Sizning fikringizga qo‘shilmasligim mumkin, ammo uni erkin aytish huquqingiz uchun hayotimni berishga tayyorman!” degan edi. Hurmatli Ibrohim Normatov, mulohazalaringizga hurmatimni saqlagan holda men ham o‘z munosabatimni bildirib o‘taman.

Eng avvalo, maqolangizning sarlavhasiga e’tirozim bor! Men o‘z chiqishimda uch yarim ming yillik davlatchilik tarixiga ega Davlatimizning boqiy turishi uchun nimalar qilish lozimligi haqida so‘z yuritgandim. Fikr bildirgandim. Mushohada qilgandim. Ammo(!) zinhor bazinhor Davlatning boqiy turishi xususida, hatto bir onga bo‘lsin, shubhaga bormaganman. Chunki bunga Siz kabi shunchaki umid qilmayman, aksincha, qattiq ishonaman! 

Siz esa mening ishonchimni “orzu” deb atabsiz. O‘sha orzuning ham ushalishiga shubha bilan qarab “Orzuga ayb yo‘q, ammo...” debsiz. Ibrohim aka, millatning olomondan farqi esa har qanday holatda ham ertasi haqida aniq tasavvurga egaligi, kelajagidan umidini uzmasligidadir. Davlatning kuchi-da, o‘z fuqarolarining buguni va ertasiga bo‘lgan qattiq ishonchidadir!

 

G‘OYASIZLIK, DA’VOSIZLIK — TANAZZULGA ELTUVCHI KO‘PRIK

Ibrohim aka, Siz mening yangi mafkura to‘g‘risidagi fikrimdan iqtibos keltirar ekansiz, negadir muhim bir fikrni atayin tushirib qoldirgandaysiz. Yangi g‘oya haqidagi fikrimning faqat bir tarafini, ya’ni u uchun kerak bo‘lsa har bir vatandoshdan jon berishga tayyor bo‘lishi haqidagina gapirib, o‘quvchini chalg‘itishga uringansiz. Bu yerda jon berishdan ham muhimroq bir nuqta bor: g‘oya har bir vatandoshni yashatishga ham qodir bo‘lishligi kerak!

Inson ongli bir mavjudot sifatida o‘z hayoti davomida o‘z mohiyatini anglash yo‘lida mujodala etadi. Hayotda inson maqsadsiz yashashi shaxs tanazzuliga olib kelgani kabi, maqsadsiz jamiyat ham tanazzulga yuz tutishi tabiiy. Agar jamiyat a’zolarining umumiy bir maqsadi bo‘lmasa, shaxsiy manfaatlardan ustun umumiy bir g‘oyasi bo‘lmasa, har kim o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘ladi, har kim o‘z manfaati orqasidan yuguradi. O‘zibo‘larchilik avj oladi. Jamiyat bo‘laklarga bo‘linib, yo‘q bo‘lib ketadi. 

Aynan umummilliy manfaatga asoslangan g‘oya jamiyatni jipslashtiradi. Davlatning poydevori bo‘lib xizmat qiladi. O‘ylaymanki, ming yillar davomida isbotlangan bu haqiqatni inkor etmasangiz kerak.

Bugun O‘zbekistonda o‘ttiz ikki milliondan ortiq xalq bor. Dunyo bo‘yicha tarqalib ketgan o‘zbeklarning umumiy soni taxminan qirq-qirq besh million atrofida deb taxmin qilinadi. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, agar bizni birlashtiruvchi bir g‘oya bo‘lmasa, O‘zbek davlatchiligi qanday qilib o‘zini saqlab qolsin?!

Endi Siz tanqidiy fikr bildirgan jihatga kelsak. Lenin va Stalin uchun deb o‘zini o‘limga tashlaganlar haqida so‘z yuritibsiz. Lekin negadir Afrosiyob, Alp Er Tung‘a, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va Muhammad Shayboniyxonlar da’vosi uchun jon berganlarni tilga olmagansiz! Men-ku birinchidan, shaxsga sig‘inish kerak demadim, ikkinchidan, bunday mafkura uchun faqatgina jon berishga tayyor bo‘lishi kerak hamma demadim, balki uning uchun kerak bo‘lsa, yashashi kerakligini ta’kidladim. 

Bilasizmi, Ibrohim aka, bir g‘oya uchun, bir da’vo uchun jon berishdan ham qiyini nima? Bu o‘sha ishonch uchun yashashga o‘zida kuch topishdir. O‘lim hech qachon yechim emas, ammo o‘lishga qaror qilishdan ko‘ra, iztiroblarga, muammolarga chidab sabot bilan o‘z da’vosi, o‘z g‘oyasi uchun yashash qiyin. Har kuni, har on, hech qanday kafolatsiz faqat va faqat UMIDga suyanib, maqsadga erishishiga ishonchga tayanib yashash qiyin. Zero, buyuk muzaffariyatning yo‘li ham shu — faqat olg‘a intilish, ikkilanmaslik va umidsizlikka tushmaslikdir! 

CHERCHIL HAQ EDI

Prezidentimiz yaqinda hurmat bilan tilga olgan va barcha rahbarlarga uning asarlarini o‘qishni tavsiya qilgan Cherchilning shunday so‘zlari bor: “Demokratiya qanchalar yomon bo‘lmasin, insoniyat hali undan yaxshisini o‘ylab topgani yo‘q!”. Mafkuraviy tanlov haqidagi fikrlarimni tanqid qilar ekansiz, men taklif qilgan emas, dunyoda tarixdan shakllanib kelgan to‘rt xil mafkura shakllarini (!) tamomila inkor etibsiz. Buni tabiiy deb qabul qilaman. Ammo liberal-demokratiya to‘g‘risidagi fikrlaringizni rad etaman. 

Birinchidan, O‘zbekiston liberal-demokratik partiya a’zosi sifatida liberal-demokratiyaga “otilgan toshlar”ni mening partiyamga otilgan deb qabul qildim. Agar esingizda bo‘lmasa, xalqimiz saylagan Prezidentimiz ham aynan bizning partiyamiz platformasidan saylovga o‘z nomzodlarini qo‘ygandilar. Bundan tashqari, bugungi hukumatda ham partiyamiz a’zolari ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu narsani qat’iy bilishingizni istardimki, Siz o‘zingiz tan berib, olqishlayotgan so‘nggi paytdagi ijobiy o‘zgarishlar ham O‘zbekiston Prezidentining liberallashtirish va demokratlashtirish siyosatining mahsulidir! 

Qolaversa, liberal-demokratik qadriyatlar bu jamiyatdagi milliy-ma’naviy qadriyatlarni inkor etmaydi. Chunki liberal-demokratik qadriyat sifatida biz hamisha inson huquq va erkinliklarining to‘siqsiz ta’minlanishini, bizning huquqimiz boshqalarning huquqi boshlangan joyda tugashini, jamiyat oldida mas’uliyatni tushunamiz. 

Kezi kelganda, Sizning Islom ahkomlariga, shariatiga asoslangan mafkura haqidagi gapingizga javob sifatida esa quyidagi tarixiy holatni eslash bilan javob qaytaraman. Payg‘ambarimiz Muhammad (S.A.V.) Makka mushriklaridan sahobalar ko‘p ozor tortganida ularni Habashistonga borishlarini aytadilar. Sahobalar: “Axir Habashiston podshosi musulmon emas-ku?!” deb savol berganlarida, Payg‘ambarimiz Muhammad (S.A.V.): “To‘g‘ri, u musulmon emas, ammo u adolatli podshoh” — deb javob berganlar. Aytmoqchi bo‘lganim, hatto Islomda ham adolat tamoyili davlatchilikning asosi, tamali sanaladi. 

Aynan musulmon va ayni damda demokrat bo‘lgan Prezidentimizning bugungi liberal-demokratik siyosati tufayli jamiyatimizda ADOLAT o‘rnatilayotganini hech kim inkor eta olmaydi. Bu esa o‘zbekona liberal-demokratik qadriyatlar islom ahkomlariga to‘la mutanosibligini anglatadi. 

Maqolangizda menga ikkilanmasdan, ayyuhannos solmasdan ishlash kerakligini ta’kidlabsiz. Javob beraman: men ayyuhannos solganim yo‘q, faqatgina muammolarni ko‘tarib dodlamadim ham. Aksincha, muammolarni ko‘rsatish barobarida ularning yechimlari bo‘yicha o‘z fikr va qarashlarimni bayon etdim. E’tibor qiling! Har bir muammoga uning yechimi to‘g‘risida takliflarimni bildirdim! 

Ammo fikrlarimga qarshi o‘laroq yozgan maqolangizda jo‘yali bir taklifni, aniqlik bilan tanqidni ko‘rmadim. Fikrlar chalkash. Shaklan menga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgansizu, aslida ko‘p o‘rinda mulohazalarimni ma’qullagansiz...

Ustiga-ustak, yangi bir mafkura kerakligini o‘zingiz tan olganingiz holda, bundan yomon bo‘lmasligi uchun nima qilishimiz kerak, deb savol bermasdan harakat qilish kerak debsiz. Sizga mantiqiy bir savol bilan murojaat qilmoqchiman: inson ma’lum bir hodisaning oldini olish uchun avval o‘ylab, o‘ziga-o‘zi savol berib, nima qilish kerakligi haqida aniq bir to‘xtamga kelib, harakat qilgani to‘g‘rimi yoki o‘ylamay tinmasdan maqsadsiz harakat qilgani to‘g‘rimi?! Menimcha, zukko o‘quvchi nima demoqchiligimni va savolimning javobini biladi. 

 

ROSSIYA ISLOMOFOB EMAS!

Shu o‘rinda, maqolangizda keskin e’tirozimga sabab bo‘lgan bir holatni tilga olmoqchiman. Teleko‘rsatuvlar sifati to‘g‘risida so‘z yuritib Rossiya telekanallarini maqtaysizu, keyin u kanallarni islomofobiyani yoyishda ayblaysiz. Vaholanki, jahonda bugun islomofobiya tendentsiyasi kuchayayotgan mamlakatlar bu o‘arb mamlakatlari. Ustiga ustak Islomni ma’rifiy va radikal Islom deb uni bo‘lishga harakat qilayotgan kuchlar ham o‘arbda. Islom yagona ekanligini, uning bo‘linmas ekanligini ommaga singdirmoqchi bo‘lganlarning ovozini “bo‘g‘ayotgan”lar ham o‘arbda. Ular o‘z informatsion imkoniyatlari bilan bunga harakat qilishmoqda. Ammo Rossiya hamisha radikal va terroristlarning Islomga aloqasi yo‘qligini ta’kidlab, dunyoda islomofobiya urchiyotganligidan tashvishga tushayotganligini bildirib keladi. Umumiy o‘laroq Rossiyaning axborot siyosatida ham bunga amal qilinib kelmoqda. 

 

TUYAQUSH SINDROMIDAN VOZ KECHISH VAQTI KELDI 

Uzoq yillar mobaynida “Ommaviy madaniyat” bilan kurash shiori ostida jamiyat hali bularni muhokama qilishga tayyor emas bahonasi bilan ma’naviy tahdidlarning vujudga kelishiga imkon yaratayotgan kamchiliklarimizni ochiq muhokama etish huquqi cheklab kelindi, “milliy mentalitetimizga va ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydi, zid!” degan iddaolar bilan muammolarni ochiq muhokama qilishdan qochildi. Butun dunyoda ro‘y berayotgan tendentsiyalardan yoshlarni ogoh qilish o‘rniga cheklash bilan kifoyalandik. Bularning zararini, oqibatlarini jamiyatimizda ko‘rib-bilib turibmiz.

Xo‘sh. Nega bunday bo‘ldi? Nega buni o‘sha paytda aytmagansiz, deya iddao qilishingiz mumkin. Javob beraman: aytganman, muammolar haqida, ularni yechish mexanizmlari haqida takliflar ham berganman. Ammo reallik shu ediki, o‘sha paytda ma’naviy zararli tendentsiyalarga qarshi samarali kurashish mexanizmlari joriy etilmagandi. Sohaga polittexnolog, piartexnologlar jalb etilmagandi, mavjud mutaxassislarning aksariyati ideologik targ‘ibotda yangi texnologiyalardan bexabar edi. Ommaga audio va vizual ta’sir ko‘rsatish, omma fikrini boshqarish, ommada sog‘lom munosabat shakllantirish usullari qo‘llanilmas edi. Bunga na mutaxassis yetarli edi va na iqtisodiy imkoniyat. 

Sohada qilingan eng to‘g‘ri va kerakli qadam bu – bundan to‘rt yilcha avval sohaga kelgan yangi rahbarning ma’naviy targ‘ibot kontseptsiyasini ishlab chiqqani va u kontseptsiya qabul qilingani bo‘lgandi. Afsuski, bu ishni boshlagan rahbar boshqa sohaga o‘tib ketib ishlar yana eski holiga tushib qoldi. Odamlarni yig‘, ularga ma’ruza o‘qi, tadbirlarda buncha ming odam qamrab olindi qabilidagi hisobotlarni yoz va hokazolar... 

Insonlar sonini emas qalbini, ongu-shuurini fath etish tamoyili paydo bo‘lmadi. Mafkuraviy tahdidlarni tahlil etish va samarali kurashish o‘rniga bu yomon, bizga to‘g‘ri kelmaydi deb qutulindi. Adashganlarni Vatan xoiniga chiqarib oq qildim, ko‘k qildim deb tavqi la’natlar o‘qildi, ota-onasini, mahallani yig‘ib sharmanda qilish odat tusiga kirdi. Shundoq ham farzandi adashgani sabab yurak-bag‘ri qon ota-ona battar jamiyatdan uzoqlashtirildi. Jamiyat dushmani deb e’lon qilindi. 

Bo‘ldi, boshqasi bizni qiziqtirmaydi deb, muammoning paydo bo‘lish sabablarini o‘rganish va ochiq muhokama qilishda tuyaqushga o‘xshab bosh yerga tiqib olindi. Bu yog‘i bizning ishimiz emas dedik. Shukrki, u kunlar tarixga aylandi. Biroq mafkuraviy targ‘ibotda ish uslubimiz hanuz eskicha shablonlardan qutulmadi.

 

XULOSA O‘RNIDA

Ibrohim aka, maqolangizning birinchi satrlaridanoq qandaydir kinoya sezdim. Uni to‘liq o‘qib chiqib ham qandaydir tushuniksizlik paydo bo‘ldi. O‘z munosabatingizda aksariyat hollarda mening qarashlarimga inkor bilan boshlangan fikrlar oxirida, kutilmaganda mening haqligimni tan olish bilan tugashiyu va aksincha, fikrimni qo‘llab-quvvatlab, xulosada yana qarshilik kayfiyati... Qisqasi, yakkama-yakka jangga chiqib goh zarba berib, gohida kel, endi kurashmaylik, degan polvon harakatidek tushuniksizlik, bir qarorga kelolmaslik kayfiyati, gohida o‘z qarashlaringizni o‘zingiz inkor etgan holatlaringiz meni “hayron” qoldirdi. Sizga bu maqolani buyurtma asosida mafkura bilan shug‘ullanuvchi biror markaz yozdirdimikin, degan fikrlar ham o‘tdi xayolimdan. Umid qilamanki unday emas.

Bizga qanday mafkura kerakligi haqidagi fikrim esa o‘zgarmaydi. Bizga yangi — “ADOLATLI JAMIYAT – KUCHLI DAVLAT” mafkurasi kerak. Chunki “KUCH – ADOLATDADIR!”.

So‘zim so‘ngida bir narsani ochiq aytib qo‘yishim zarur. Baribir sarlavhada bizning buyuk maqsadimiz va kuchli Davlat ishonchimizga nisbatan ushalmas orzu sifatida baholaganingiz, liberal-demokratiyaga nisbatan adolatsiz va asossiz qarashlaringiz menga og‘ir botdi. Shuni bilingki, shu millatning parchasi bo‘lganimiz – mening otam, men, ukam, hatto mening to‘rt nafar voyaga yetmagan o‘g‘illarim, o‘zim tarbiyalagan 12 ta shogirdim, partiyadoshlarim so‘nggi nafasimizgacha, avvalo, Ollohga iymonimizni, keyin Davlatimiz hamisha qiyomatgacha mustahkam oyoqda turishiga bo‘lgan ishonchimizni boy bermaymiz! Dushman jonimizni olsa ham iymonimiz va bu ishonchimizdan voz kechmaymiz!

O‘ylaymanki, bahsimiz shu bilan nihoyasiga yetadi. Agar kaminaga yana qandaydir e’tirozlaringiz bo‘lsa, kelasi safar matbuotdamas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet imkoniyatlaridan foydalanib jonli efirda (!) munozaraga (debatga) taklif qilaman! 

 

Said-Abdulaziz YUSUPOV, sangtarosh usta

 

P.S. Men millatimni boshqariluvchi emas, boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas, taroshlovchi sifatida 

ko‘rishni istayman.

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-89.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-92.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-93.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.