Ajdodlariga munosib avlod


Ba’zida kutilmagan, oddiydek ko‘ringan g‘oyalar yaxshigina samara beradigan ixtirolar yaratilishiga sabab bo‘ladi. Masalan, oynasozlar shaffof shishaning kristallik strukturasini amalgama (simobning boshqa metallar bilan suyuq yoki quyuq holatdagi birikmasi) bilan birlashtirish usulini topganda, insoniyat uchun zarur ixtirolardan biri — ko‘zgu yaralishini tasavvur ham qilishmagan edi.


Renessans davri boshlanishiga turtki bo‘lgan mazkur ixtiro bugungi kunda insonlarning, ayniqsa, ayollarning kundalik ehtiyojlaridan biriga aylanib ulgurdi. Aytish joizki, ko‘zguning kashf etilishi rassomlarning avtoportret chizishga bo‘lgan qiziqishini ham oshirgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo‘yicha har yili o‘rtacha to‘rt yuz ming ixtiro uchun patent berilar ekan. Bu esa har bir yarim daqiqada bitta yangi ixtiro paydo bo‘lyapti, deganidir. Ixtiro, kashfiyot qobiliyatning o‘zi bilangina yaralib qolmaydi, balki bilim, tajriba, fantaziya, xotira va qunt ham zarur. Hayotda har bir ishning o‘z uslubi bo‘lgani kabi ixtirochilik va kashfiyotchilik qobiliyatlarini rivojlantirishning ham o‘z usul va uslublari bor. Ayniqsa, shu yo‘nalishga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari mazkur sohaga aloqador bilimlarni o‘rgatishning o‘ziga xos usullarini yo‘lga qo‘yib olgan. Bugun ana shunday dargohlardan biri — Turin politexnika universiteti talabalari tomonidan yaratilayotgan qator ixtiro va innovatsion loyihalar bilan yaqindan tanishamiz.
Italiyaning Turin shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur ta’lim maskani 2009 yildan beri yuqori texnologiyaga asoslangan sanoatning yuqori tarmoqlariga bir qancha mutaxassislarni yetkazib bermoqda. Ayni kunda universitetda “Texnopark”, “Mexatronika” va “Metrologiya” ilmiy-texnik laboratoriyalari hamda “Turininvest” va “Avtosanoat innovatsiya” markazlari qizg‘in faoliyat olib bormoqda.
Universitetning bakalavriat bosqichini tomomlagan 8 nafar bitiruvchi-talaba o‘tgan yilda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi tanlovi g‘oliblari bo‘lib, ayni paytda magistratura bosqichini Germaniya, Italiyadagi nufuzli ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqda. Shuningdek, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Astana EXPO—2017” xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmasida universitetning bir guruh  talabalari o‘z ixtirolari bilan ishtirok etib, “eng ko‘p qatnashuvchilar” nominatsiyasi bo‘yicha 2-o‘rinni egallashdi. O‘shanda mamlakatimiz yoshlarining robototexnika yo‘nalishida erishgan yutuqlari aks etgan stendlar ko‘pchilikning e’tiborini tortgan edi.  O‘zbekiston pavilonidan o‘rin olgan “robot konstruktor”, “robot gid”, “saralovchi robot”, “robot qo‘l” singari robototexnika yo‘nalishidagi yangiliklar, zamonaviy texnologiyalar chet el mutaxassislarida katta taassurot qoldirgan edi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston Ixtirochi ayollar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” I Respublika tanlovida faol ishtirok etgan talaba-qizlar esa “Ekologik innovatsion qandillar” va “Innovatsion xavfsizlik sistemasi” loyihalari uchun birinchilikni qo‘lga kiritdilar.
— Ayni kunda talabalarimiz tomonidan yaratilayotgan innovatsion loyiha va ixtirolarning ko‘pi yurtimizdagi qator ko‘ngilochar istirohat bog‘lari, muzeylar hamda turli jamiyatlar faoliyatida o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda, — deydi Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti dotsenti Bahodir Xolboev. — Shuningdek, ta’lim muassasamizda yasalayotgan turli yangi robotlar mamlakatimizda robototexnika rivojiga asos bo‘lmoqda. Jumladan, universitetimiz talabasi Anvar Xudoyberganov tomonidan yasalgan O‘zbekistondagi ilk konstruktor robot — “Texnobot” “Barkamol avlod” Respublika texnik ijodiy uylarining dars mashg‘ulotlarini o‘tishda, xususan, bolalarning mexatronika, robototexnika va axboriy dasturlash sohalarini o‘rganishida amaliy yordam bermoqda.
Ixtirochining so‘zlariga qaraganda, konstruktor ultratovushli datchik, infraqizil datchik, mikrofon, mp3 pleer, sensorli tugma displeyi, fiksatsiya tugmalari, LCD, rangli sensor, harorat datchigi, harakat datchigi hamda yorug‘lik datchigi bilan ta’minlangan bo‘lib, mingdan ortiq detallarga ega. Mazkur konstruktor robotdan turli ko‘rinishdagi 12 xil robotlarni qayta yig‘ish imkoniyati ham mavjud. Qurilma 5 millimetrdan 20 metrgacha bo‘lgan masofani belgilay olish va kamalakning 7 rangini ajrata olish “qobiliyati”ga ega. Mazkur ixtironing afzalligi shundaki, u axborot, rasm tashish bilan bir qatorda favqulodda vaziyatlarda insonlar bora olmaydigan hududlardagi yong‘in, gaz portlashlarini bartaraf etish imkoniyatiga ega.
Davron Toshpo‘latov boshchiligidagi bir guruh talabalarning ishi bo‘lmish yana bir ixtiro — futbol o‘ynovchi robot — “Soccer bots” loyihasi ko‘ngilochar o‘yinlar toifasiga kirishi bilan boshqalaridan farq qiladi. Robot bolalar o‘yingohlari uchun mo‘ljallangan.
Universitetda yaratilayotgan yana ko‘plab ixtirolar borki, ular bugun bir qancha ishlab chiqarish korxonalari qiziqishiga sabab bo‘layotir. Ulardan biri talabalar tomonidan yaratilgan xazon va chiqindilarni yig‘uvchi mashinadir. Shuningdek, mamlakatimizdagi bir qancha istirohat bog‘larida foydalanishga topshirilgan kichik avtobus va lokomotivlar ham dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi yurtimizda ham yangi g‘oya va tashabbuslar hukm surayotganidan dalolatdir. Yerlan Javgashov boshchiligida yaratilgan mazkur ixtirolar quvvati 5,5 soatga yetuvchi akkumulyator batareyada ishlaydi.
— Universitetimizda imkoniyati cheklangan hamyurtlarimizga qulaylik yaratish, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida ham qator innovatsion izlanishlar olib bormoqda, — deydi “Robot qo‘l” loyihasi rahbari Firdavs Ne’matzoda. — Xorijda o‘qib yurgan kezlarim nogironlar uchun yaratilgan qurilmalarning juda yuqori narxlarda baholanishi va ularni xarid qilishga ehtiyojmand kishilarning qurbi yetmasligi e’tiborimni tortdi. Shu boisdan diplom ishimni aynan ushbu yo‘nalishga — imkoniyati cheklanganlar uchun hamyonbop qurilmalar yaratishga bag‘ishlashni maqsad qildim. Mazkur ixtiro ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan xursandman.
Firdavs Ne’matzoda ham ayni shu ixtirosi bilan Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada faol ishtirok etdi. U yaratgan datchikli qo‘l ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Boisi ushbu qurilma nafaqat noyobligi, balki nogironlar uchun zarur vosita ekani bilan ajralib turadi. Texnika mo‘’jizasi bo‘lgan masofadan boshqariladigan mexanik qo‘l sensorli datchik inson bajarishni xayolidan o‘tkazgan harakatni amalga oshiradi.
Bugungi kunda o‘rtahol kun kechirayotgan oilalarning bari ham ko‘rish imkoniyati cheklangan oila a’zosi uchun maxsus o‘qitish anjomlarini sotib olishga qurbi yetmaydi. Boisi bu tur qurilmalar birmuncha qimmat turadi. Lazizbek Yusupov boshchiligida yaratilgan Brayl displeyi esa dunyoda ishlab chiqarilayotgan shunday turdagi mahsulotlardan o‘n karra arzon. Ushbu ixtiro ko‘rish imkoniyati cheklangan va ko‘zi ojiz hamyurtlarimizning elektron kitoblarni o‘qiy olishlari uchun ayni muddao. Loyihaning Ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan iliq kutib olingani ham ixtirochi-talabalarning mehnati besamar ketmayotganidan dalolatdir.
Bugun Turin politexnika universiteti talabalari tomonidan yaratilayotgan ixtirolar haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Biroq ularning barini bir maqolaga jamlash imkonsiz. Chunki universitet talabalari har kuni izlanishda, har doim “yangi bir qurilma yoki buyum kashf etsam” degan o‘yda.
Bundan bir necha asr ilgari osmon jismlarini o‘rganuvchi astronomik asboblarni yaratgan Mirzo Ulug‘bek, Nil daryosi suvi sathini aniqlovchi uskuna  — nilometrga asos solgan Ahmad al-Farg‘oniy kabi bobokalonlari izidan borayotgan bu yoshlar ixtirochilik yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatimizni jahonga tanitajak. Bu yo‘lda ularga so‘nmas iroda, kuch-quvvat va asosiysi, o‘zlariga bo‘lgan ishonchni aslo yo‘qotmasliklarini chin dildan tilab qolamiz. 

                                                                                                                                 Go‘zal MALIKOVA,
                                                                                                                               “Hurriyat” muxbiri


  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.