DUNYONING ENG YORUG‘ ISHI

Oldindan aytish kerakki, bu shunchaki gaplar emas, tinchlik, yuksalish, taraqqiyot va ko‘nglimiz obodligining sabablari nimada ekanligini shu ulug‘ kunlarda yanada chuqurroq his etmoqdamiz. Xudo bizni, jonajon O‘zbekistonni siylagani rost bo‘lsin.

 

“Xalq uchun yashaylik, xalq uchun mehnat qilaylik, shu jannatmisol yurt yanada yuksalsin” degan gaplar qay birimizga yoqmaydi, deysiz. Xalqimizning turmush darajasi yanada oshib, shonu shavkatimiz yanada ko‘tarilsa, bundan a’lo niyat bormi?!

Yana men tojikistonlik rais akamizning: “Sizlardagi tinchlikka ko‘z tegmasin, keyingi bir yil ichida O‘zbekiston xalqi hayoti yanada yaxshilandi” degan so‘zlari to‘g‘risida ham alohida to‘xtalmoqchiman.

“Tinch yurtning bog‘lari gullar”. Haq so‘z. “Tinchlik bog‘i”ni yaratib, Respublika “Tashabbus” tanlovining g‘olibi bo‘lib, “Prezident sovg‘asi” – “Spark” yengil mashinasini olgan sariosiyolik sakson yashar Nosirxon ota haqida ham bir so‘z aytmoqchiman. Demak, bu gaplarni keyinga qoldirib, bir boshdan so‘z yuritsak!

Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi jahon jamoatchiligining e’tiborini tortgan o‘ziga xos nutqida, besh yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonni rivojlantirishning strategiyasi, qo‘shni mamlakatlar bilan tinch-totuv yashash borasidagi ishlari va boshqa sa’y-harakatlarida, “Xalq qabulxonalari”ning jiddiy faoliyat ko‘rsatayotgani, “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan so‘zlarida yaqqol nurlanib, umumbirlashib, yagona ilg‘or fikrlar xulosasi va amaliyot natijalarini  namoyon etmoqda.

Shunday xalqchil bir zamon kelib, jamiyatimizda buyuk o‘zgarishlar bo‘layotgan ekan, ezgulikka tashna qalbning qo‘ldagi qalamni harakatga keltirib, haroratli tuyg‘ularini oq qog‘ozlarda naqshlashi tabiiy bir holatdir. 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Jondoshu sodiq do‘st yo‘ldoshing bo‘lsin” maqolasi (“Hurriyat”, 2018 y. 22 mart)ni o‘qib, undagi bugungi yangiliklarga nisbatan bildirilgan fikrlari qalbimdagi  tuyg‘ularni uyg‘otdi. Chindan ham, do‘stlik – eng katta boylik. Agar tinchlik, birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik haqida ulug‘larimiz tomonidan aytilgan fikrlarni to‘plasak, necha-necha katta jildli kitoblarning yuzaga kelishi ham aniq. 

Hazrat Alisher Navoiy bobomiz nima degan edilar?! 

Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish.

Xalqimiz hamisha yaxshilikka, tinchlik va osoyishtalikka talpinadi, ezgulik yo‘lida sobitqadam mehnat qilishni o‘zining birdan-bir insoniy burchi, deb  biladi va shu bois ham, ulug‘ ajdodimizning  yaxshilik “eng yorlig‘ ish” so‘zini tildan qo‘ymaydi.

O‘zbekiston Perzidenti Shavkat Mirziyoevning: “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdor”, – degan so‘zlari nafaqat biz uchun, balki yon va jon qo‘shnilarimiz uchun suvu havodek zarurdir.

Ortga, bolalik yillarimga nazar tashlar ekanman, aynan ikki mamlakat chegarasidagi ajib holatni: oppoq tonglarda qo‘shnilarning nurli yuzlaridagi mamnunlik jilolarini, birining qo‘lida hozirgina sog‘ilgan sutni, boshqasining qo‘lida tandirdan uzilgan quyoshdek qizarib, qaynoq hidi atrofni tutayotgan shirmoy nonni; yengilgina hazil-huzullarni, yoqimli qiqir-qiqir kulgilarni; “Shuginani sizga ilindim”, “Hozirgina kelinim non yopdi, bolalaringiz issiqqina yeb olsin”, degan dilni qitiqlovchi so‘zlarni;  poda qaytayotgan oqshom paytlarida yana shu qo‘shni ayollarning bir-birlariga ovqat uzatayotganlari ko‘z oldimdan bir-bir o‘tadi. Aslini olganda, bir-birini yo‘qlab turish, topganini bir-biriga ulashish, ravo ko‘rish o‘zbegu tojikka xos xislat va umuman olganda, yon qo‘shnilarimiz va o‘zimiz uchun umumodatga aylangan an’analardan boshqa narsa emas, degim keladi.  

Bolallik yillarim  Surxondaryo viloyatining tog‘li Sariosiyo tumanida o‘tdi, ko‘p yaxshi voqealarga guvoh bo‘lganman. Orada bir daryo, bir dara: nari tomoni – Tojikiston. Bu tomoni – Sariosiyo, Uzun, Denov, Sho‘rchi: bir paytlar shu tumanda yashovchi aholi sayru sayohatni istab qolsa, yoki Dushanbe shahridagi do‘kon va bozorlarga, Xoja Obigarm dam olish maskaniga, yo Norak GESi tomonlarga, yoki Regar, hozirgi Tursunzoda shahridagi dam olish maskanlari, restoran, choyxonalarga borishib, chaqchaqlashib, mehmon bo‘lishib, shod-xurram holda ortlariga qaytishardi. Yashirib nima qildik, o‘zbekistonliklar birodarlarini qanchalik hurmat qilishsa, tojikistonliklar ham shunga yarasha ularni juda e’zoz tutishardi. Hatto Tojikiston yo‘l nazorat xizmatchilari ham o‘zbekistonliklarni ko‘rib, samimiy jilmayib qo‘yishar, uncha-muncha yo‘l qoidabuzish holatlarini ham “Mehmon – atoyi xudo” deya uzoq yo‘lda ehtiyot choralarini ko‘rishni tayinlab, kechirib yuborgan hollari ham bo‘lgan.

Bizni ham Dushanbeda o‘zbek va tojik birodarlarimiz anchagina bo‘lib, bordi-keldimiz ham ko‘p edi. Deyarli barcha qarindoshlar Dushanbe oliy o‘quv yurtlarini bitirishgan; tog‘amiz, shoir, bir necha tillarni mukammal bilgan Sulaymon Haydarov Tojikiston radiosi o‘zbek shub’asi suxandoni edi. O‘roq tog‘amizning do‘stlari, biologiya fanlari doktori Abdurahmon aka Dushanbe davlat universitetining taniqli  o‘qituvchisi, o‘zbeklardan chiqqan va sobiq Ittifoqda tanilgan yirik olimlardan biri edi. O‘sha paytlarda ana shunday yaxshi qo‘shnichilik bo‘lgani bois ham yuqorida tilga olingan tuman ahli o‘zaro do‘stlik, birodarlik asosida xotirjam kun ko‘rishar, bayram va to‘ylarda doimo birga edilar.   

Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridagi bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Tojikiston olov ichida qolgan paytlar. Dashnobod qishlog‘imizga Tojikistondan juda ko‘p oilalar boshpana izlab kelishdi. Bir kuni daryoning narigi tarafida o‘smir yoshlar chaqaloqlar hamda bir-ikki yoshli ukalarini yelkalarida, qo‘llarida ko‘tarib, chegaramizda paydo bo‘lishdi. Kun sovuq, barisi jovdirab turishardi. Ana shunda qishloq oqsoqollari va biz tengdosh do‘stlar ularga yordamga shoshildik. O‘sha paytdagi Dashnobod jamoa xo‘jaligi raisi, do‘stimiz Abdug‘affor Ahmedov mutasaddilar bilan kengashib, barcha tojikistonlik bolalarni Dashnobodning Oqkutal manzilidagi Dam olish bog‘iga joylashtirib, ularni oziq-ovqat, kiyim-kechak, shart-sharoiti yetarli yotoqxonalar bilan ta’minladi. Otaxonlarimiz bu ishlarimizdan mamnun bo‘lib: “Barakallo yigitlar, qo‘shnilarga ko‘rsatilgan yordamning savobi katta” deya mamnun bo‘lishdi.

Hayotlari xavf ostida qolgani bois, Abdurahmon aka ham bola-chaqasi bilan O‘roq tog‘amizning uyiga kelib qo‘ndi. Xonadonimizga chaqirib, mehmon qildik. Lekin avvalgi Abdurahmon aka emas edi u. Yuzi so‘lg‘in, ko‘zlarida mung qotgandi. “Endi Samarqandga ketamiz!” – dedi horg‘in ohangda. Inson bolasining issiq makonidan ayrilishi qanchalik azob, qanchalik alam, iztirob. Buni boshidan o‘tkazgan biladi. O‘shanda o‘z davrining buyuk olimiga bir nima deya dalda bera olmadik. Hanuzgacha uning mungli ko‘zlari xotiram ko‘zgusidan nari ketmaydi. Naqadar og‘ir bo‘lgan edi o‘shanda. Qo‘shning tinch bo‘lmasa, sen ham tinch bo‘lolmaysan, deganlari shu-da aslida!

Men o‘shanda navbatdagi yillik ta’tilga chiqib, ota-onamning xizmatiga borgan edim. Butun Hisor vodiysi vahima ichida qolgandek edi. Qo‘shni Tojikiston tomondan o‘q ovozlari, qattiq portlashlar baralla eshitilib turar, bu tomonda bizda, O‘zbekiston qishloq, shaharlarida har joyda postlar qo‘yib tashlangan edi. Bizning Barlos mahallamizda ham tungi ko‘ngilli posbonlar tashkil etilgan bo‘lib, ular kechasi bilan ko‘cha va uylarni qo‘riqlashar, “tinchlik, tinch uxlanglar!” deya o‘tib ketishardi. Albatta, bu gaplar bolalar uchun edi. Ular qo‘rqmasin, tinch uxlashsin, qo‘shni tomonda bo‘layotgan birodarkushlik urushi biz tomonga o‘tmaydi, degan bir taskin edi ular uchun. Ana endi, yana bir gapni ochiq aytay, meni uch norasida bolam, o‘shanda kattasi 6 yoshda edi, bunday vahimlarga uch kun dosh berishdi, xolos. Ertalab o‘rinlaridan turib: “Dada uyga, Toshkentga ketaylik, bu yer qo‘rqinchli ekan”, degan gaplarini eshitib, yuragim allaqanday g‘alati bo‘lib ketdi. Noiloj onam va bolalarimni olib, Toshkentga qaytdim. Azim poytaxt tinch, xotirjam, bu tomonlarda vahimaning “v”si ham yo‘q edi. Barcha joylarga  xotirjam kirib, ishingizni bitirib chiqishingiz mumkin edi. Lekin xavotir bilan “ko‘z tegmasin” deb qo‘yganim ham esimda. So‘ng 1999 yildagi portlashlar bir oz cho‘chitib qo‘ydi bizni. O‘sha kuni aynan Mustaqillik maydoni orqali ishxonaga o‘tayotgan edim. Mudhish manzara: “Nodira” kinoteatri tutab yotar, uzoqlardan portlashlar ham quloqqa chalindi. Vazirlar Mahkamasi maydoni oldi o‘yilib qolgan, ulkan binoning deraza oynalari chil-chil sinib, qoraygan, yong‘in xavfsizlik xizmati vakillari o‘tni o‘chirish bilan ovora edilar. Ishxonaga kirib borsam, barcha derazalar sinib tushgan, ustalar xonamdagi derazalarni ham almashtirish harakatida bo‘lib turishgan ekan. Bir-ikki portlash shuncha ziyon yetkazdi: qalblarga qo‘rquv va dahshat soldi. Nuroniylarimiz: “Toshkentga kelgan falokat shu bo‘lsin, Alloh taolo bunday xunuk ishlardan o‘zi saqlasin!” deya Yaratganga iltijo qildilar. Bularni eslamay bo‘ladimi?!

Bir muhim jihatni e’tibordan qochirmoqchi emasman.

Avvalo aytishim kerakki, men tilga olmoqchi bo‘lgan inson haqida juda ko‘p yozilgan, she’rlar ham bitilgan, hatto u kishi haqida 2012 yilda taniqli jurnalist K.Mingboev qalamiga mansub “Mehr ila sug‘orilgan bog‘” degan risola ham nashr etilgan.

O‘shanda Mustaqillikning birinchi yilligi bayram telemarafon dasturini tuzish va uni amalga oshirish Bosh direktor va mening zimmamga tushgan edi. Bu g‘oyat mas’uliyatli vazifa bo‘lgani uchun kecha-kunduz tinim bilmay ishladik. Sariosiyolik Nosirxon Turaqulov ota haqida eshitib, telemarafonda bog‘ yaratayotgan bu hamiyatli inson haqida hikoya qilishni rejaga kiritdik. Bu voqea shunisi bilan ahamiyatli ediki, bir paytlar Tojikiston qishloq xo‘jaligi vazirligining mas’ul xodimi vazifasida ishlagan bu otaxon nafaqaga chiqib, bo‘sh yotgan adirliklarda bog‘ yaratish g‘oyasi bilan chiqqan edilar. Suvli yerlarda bog‘ yaratish bir oz oson, ammo umuman suv chiqmaydigan qir-adirlarda qanday bog‘ yaratish mumkin, deya hayron qolganlar ham bor edi, ikkinchi tomoni, Sariosiyo tumani atrofini o‘ragan cho‘qqi va tog‘ yonbag‘irlarida, qum va shag‘al, maysa va ajiriqlar qoplagan yerlarda ko‘chat ko‘kartirish hammaning ham qo‘lidan keladigan ish emasdi, bizga yoqqan tomoni esa tinch davrda O‘zbekiston ko‘ksini bog‘larga burkamoqchi bo‘lgan ezgu niyatli kishilarni qo‘llab-quvatlash, ularning sonini oshirish muhimroq edi. Men masalaning ana shu tomoniga e’tibor qaratgan holda ijodiy guruhni Hisor tog‘lari qo‘yniga, Nosirxon otaning qir-adirlarda joylashgan bog‘lariga boshlab bordim. Avgust oyi bo‘lgani uchun uzumlar pishgan, so‘rilarda osilib turgan husayni, jaz va boshqa yirik va yaltiragan uzum boshlari havasimizni keltirardi. Nosirxon otaning Tojikiston Regar tumanidan bir agronom do‘stlari ham kelgan ekan. Birgalashib yo‘lga tushgan holda Nosirxon ota ortidan qir-adirlarga chiqdik. Olma, gilos, shaftoli, nok va uzum ko‘chatlari tartib bilan o‘z qator oralariga ekilgan, hosilga kirganlari ham bor edi. Bir adirlikda kvadrat shaklda bir metr chuqurlikda qazilgan o‘ralarni ko‘rib, otaga yuzlandik. “– Adirlikda ko‘chatlar uchun joylar ana shunday tayyoralanadi, – deya tushuntira ketdi u kishi. – To‘rtburchak shaklda, bir metr chuqurlikda qazilib, qish bo‘yi qoldiriladi. Mahalliy o‘g‘it ham solib qo‘yiladi. Qor tushib, qish bo‘yi bu o‘ralar yetarli namlikka ega bo‘ladi. Erta bahorda – mart oyida ko‘chatlarini qadash mumkin”. “Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin”, deydilar. Nosirxon ota qir-adirlarda bog‘ yaratish va ulardan mo‘l-hosil olishning boshqa usullarini ham birma-bir tushuntirdilarki, biz o‘sha daqiqalarning o‘zidayoq “qari bilganni pari bilmaydi” degan purhikmat maqolni eslab, otaxonning ertasi porloq ekanligiga ishongan edik. Tojikistonlik agronom do‘stlarining: “Sizlarga chin dildan havasim kelyapti, biz tomonlarda qirg‘inbarot davom etayotgan bir paytda, sizlar tinch yaratish va bunyodkorlik ishlari bilan mashg‘ulsizlar”, degan gapi fikrlarimizga dalda bo‘lib, ilohim, ularning yurtida tinchlik abadiy bo‘lsin, deya niyat  qilganimiz ham esimda.

Nosirxon ota haqidagi lavha  ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi. “Bir yonda o‘qlar otilyapti, bir yonda tinchlik bog‘lari yaratilmoqda” degan so‘zlarimizga hech kim e’tiroz bildirmadi, qanday bo‘lsa, shunday efirga ketdi. “Otaxonning bog‘ yaratayotgani yoshlarga namuna bo‘lishi kerak, lavha yomon emas”, – dedi ertangi muhokamada kattalardan biri.

Oradan yillar o‘tdi.

Nosirxon otaning “Bog‘u bo‘ston” fermer xo‘jaligining ovozasi Termiz, Qarshi, Samarqanddan oshib, Toshkentga ham yetib keldi. Ko‘p o‘tmay, ikki yuzu ellik gektar bog‘da yetishtirilgan sarxil mevalar mamlakatimiz sarhadlaridan oshib o‘tib, xorijdagi geni o‘zgartirilgan mevalarni ham ortda qoldirdi.

Sahifalarga ko‘z tashlaymiz:

“Bugungi kunda Nosirxon otaning qir-adirlar bag‘rida hosilga kirgan bog‘ maydoni 330 gektarni tashkil etadi. 2009 yilda o‘z daromadlari hisobidan 7 million 812 ming so‘mdan ortiq, oradan bir yil o‘tib, 145 million so‘mlik hadya ishlarini amalga oshirdilar. Zarchob qishlog‘idan oqib o‘tuvchi To‘palang daryosi ustiga uzunligi 33 metrlik temir-beton ko‘prik bunyod etildi”.

“– Qanday ajoyib kunlarga yetib keldik, qo‘shnilar bilan bordi-keldi qilish yana yo‘lga qo‘yildi. Ularda ham tinchlik bog‘lari ko‘payib bormoqda”, – deydi Nosirxon ota.

Respublika fermerlarining “Tashabbus—2011” tanlovi g‘olibi bo‘lib, markaziy televidenie va matbuotda suratlari bosilib, qator e’tirofli maqolalar chop etilgan kezlarda  otaxon nevaralik bo‘lib yaxshi niyat bilan unga Nusratillo deya shavkatli ism berdilar. Bugun bolakay Toqchi qishlog‘idagi 69-maktabda tahsil olmoqda. Mazkur maktab bobosi Nosirxon otaning daromadlari hisobidan bunyod etilganini ham qayd etib o‘tish kerak.

Ana endi o‘tgan bir necha hafta orasidagi yanada quvonchli voqealarni birma-bir eslab, xulosa qilaylik:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti  Imomali Rahmonning taklifiga binoan joriy yilning 9-10 mart kunlaridagi davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘lishi ikki xalq o‘rtasida yangi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etdi. Prezidentlar tomonidan ikki davlat o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzolangani, o‘alaba – Amuzang – Xoshodi temir yo‘lining ishga tushgani, Toshkent — Dushanbe aviqatnovining yo‘lga qo‘yilgani, Dushanbedagi ko‘rkam bog‘lardan biriga hazrat Alisher Navoiy bobomizning muborak nomlarining berilgani, ayni kunlarda Sergelidagi qurilishi davom etayotgan metro bekatlaridan biri Mirzo Tursunzoda nomi bilan atalgani, Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy xotiralari sharafiga muazzam haykal qad rostlagani hamda shu yilning 16 mart kunidan boshlab, Tojikiston fuqarolari ham O‘zbekistonga bir oy muddatga vizasiz kelib-ketishlari mumkinligi asrlarga tatigulik hodisalar, desak yarashadi. Yana bir muhim va katta voqea, Rogun GESI qurilishi bo‘yicha aniq yechimli to‘xtamga kelingani va Amudaryoning yangi tabiiy uzandan oqizilishi masalasi bo‘yicha ham ma’lum choralar ko‘rilayotgani xalqimizni behad katta xursandchiligiga sabab bo‘ldi va biz har yerda: “Masalani shu tariqa hal qilsa bo‘larkan-ku!” – degan mamnunlik izhorlarini ham eshitib turibmiz.

Ustoz yozganlaridek, o‘zbek va tojik xalqlari Markaziy Osiyo zaminida qadimdan do‘st-qardosh, og‘a-ini, aka-uka, birodar maqomida yashab kelishmoqda... Ularni ikki tilli bir xalq, mazhabi bir, to‘y-azasi bir, qiz olganu qiz bergan, biriga mezbonu mehmon deyishadi”. 

Maqolaga nuqta qo‘yayotgan paytimda Sariosiyodan qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi.

Ukam Turg‘unbek ekan. Go‘shakdan uning:

– Zo‘r ishlar bo‘ldi, aka, odamlar xursand, qo‘shni Tojikistonga, quda-andalaru xeshu tobarlarnikiga emin-erkin borib kelyapmiz! – degan quvonchli ovozi eshitildi.

Bu oddiygina gap emas. Bu tasdiq, bu oddiy kishilarning e’tirofi. Xalqning quvonchini oddiy kishilarning shod ohanglarda aks etishini qanchalik ko‘p, uzoq kutdik-a!.. Niyat qilamizki, hazrat bobomiz Alisher Navoiy aytganlaridek, barcha qo‘shni davlat xalqlari bilan do‘st-birodar, og‘a-ini bo‘lib yashash abadiy bo‘lsin! Darvoqe, insonning bir-biri bilan yaxshi qo‘shni, do‘st-inoq yashashi dunyoning eng ulug‘ va eng yorug‘ ishi emasmi?!

 

To‘lqin HAYIT,

yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat 

ko‘rsatgan madaniyat xodimi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.