Olam bag‘ri butun bo‘lsin!

Hayotda hech kim rad etolmaydigan haqiqat borki, unga barcha baravar jon kuydirishga mas’ul. Bu tabiat muhofazasi masalasidir.

1993 yil boshida O‘zbekiston Respublikasi hukumatining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat atrof-muhit muvozanatini saqlashda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab berdi. Unda inson va tabiat orasidagi muvozanatga putur yetkazmaslik qonun-qoidalari kafolatlangan edi...

 

Oradan ko‘p o‘tmay, 1993 yil oktyabr oyida Vazirlar Mahkamasining “Ekologiya va salomatlik to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Qarorda qayd etilganidek, Yer sharining barcha mintaqalari qatorida Markaziy Osiyo ham ekologik halokatlardan xoli emas. Bu hol birgina Orol dengizi fojiasida yaqqol namoyon bo‘ldi. Umuman olganda, orol fojiasini butun olam fojiasi, deyish mumkin. Zero, tabiatdagi hayot bir chegarani tan olmaydi. Masalan, qushlar hayotini kuzatadigan bo‘lsak, Yer shari ular uchun bo‘linmas makon ekanligini ko‘ramiz. Ular butun yer yuzini kezib yurishadi, istagan joylaridan makon tanlaydilar. Yozilmagan bu qonun-qoidalar boshqa jonivorlarga, hatto o‘simlik olamiga ham xos. Ollohning bu ne’matlari olam bag‘rini to‘ldirib, borliqni yayratib-yashnatib, ko‘zlarimizga nur, qalblarimizga quvonch baxsh etib turadi. Ular inqirozga yuz tutgan sayin olam bag‘ri huvillab, g‘ariblashib boraveradi.

Biz tengilar esimizni taniganimizdan buyon tashvishli bir holatning guvohimiz. Bolaligimizda tabiat qo‘ynida uzoqroqqa yolg‘iz borishga hayiqardik. Qalin chakalakzor bora-bora salobatli o‘rmonga aylanar, har qadamda turli-tuman yovvoyi jonzotlarga duch kelardik. Anhoru ariq tugul, kichik jilg‘alarda ham g‘ij-g‘ij baliq yashar, tayyor bu o‘ljani ko‘pincha ovlamasdik ham. O‘lja olib kelsak, dakkiga qolardik. “O‘zing tozala, uvol bo‘lyapti-ku, bechoralar!” — deya urushib berishardi. Bu gaplar hozir cho‘pchakka o‘xshaydi. Chunki jilg‘ayu anhorlar u yoqda tursin, daryo va ko‘llarda ham baliqlarning turlari keskin kamayib bormoqda. Tog‘larda-ku, onda-sonda tog‘chumchuqlar yo‘liqmasa, boshqa tirik jonlarni ko‘rish amrimahol bo‘lib qolgan. Tog‘li hududlarni o‘zboshimchalik bilan taqsimlab olgan xususiy chorva egalari hamma yoqda hukmron. Keladigan nazoratchilarning ko‘ngillarini ovlab, qaytarib yuborish ular uchun hech gap emas. Shu o‘rinda bunaqa tashvishlarning oldini olish, tabiatdagi o‘pirilishlarni to‘xtatish, qayta tiklash uchun qanday chora ko‘rish kerak, degan savol tug‘iladi. Ayni damda qishloq joylarda, ayniqsa, tog‘li hududlarda ishsizlar soni ko‘payib borayotgani kunday ravshan. Bizningcha, tog‘li hududlarni, hatto ariq va soylarni ham jonkuyar, uzoqni ko‘ra biluvchi odamlarga ma’lum muddatga muhofaza uchun topshirish maqsadga muvofiqdir. Ushbu vazifani tuman hokimlari, mahallalar, nazoratchi tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirish mumkin. Dastlab jarayon qiyin kechishi tabiiy. Talab kuchaytirilsa, tushuntirish ishlari olib borilsa, hammasi izga tushadi. Natijada ko‘plab odamlar ishli bo‘ladi, ona tabiat tiklanadi. Eng muhimi, qadimgi go‘zalliklar jonlanishi qatorida moddiy manfaatdorlik ortib, bebaho tabiiy mahsulotlar ko‘payadi.

Aytish kerakki, atrof-muhit kushandalari hozirgi “bemalolchilik”dan foydalanishib, ko‘ngillari tusagan noma’qulchiliklarga qo‘l urmoqdalar. Uzun tashlangan arqon, albatta, bir kun tortiladi. Afsuski, bu borada ona tabiat ozor chekaveradi, yo‘l qo‘yilgan yo‘qotishlarning esa o‘rnini qoplash jarayoni ancha qiyin kechadi. Iste’molimizda “sabru qanoat” deb atalmish chiroyli so‘z bor. Sabru qanoatda yashaganlar bir kun ko‘zlagan murodlariga yetadilar. Biroq “sabru qanoat”ni tabiat muhofazasiga qo‘llab bo‘lmas ekan. Binobarin, bu borada qancha sabrli bo‘lsak, shuncha ko‘p narsalarni yo‘qotib qo‘yadigan ko‘rinamiz...

Men Aydarko‘lda bir necha marotaba bo‘lganman. Zero, uning qadimgisi bilan hozirgisini taqqoslab bo‘lmaydi. Tog‘larni taqsimlaganlaridek, Aydarko‘lni ham “to‘rchi”lar o‘zaro taqsimlab olgan, deyishadi. Shunga o‘xshash yana bir misol. O‘zbekistonda Milliy bog‘ maqomi berilgan hudud barpo etilganida qalblarimiz quvonchga to‘lgan edi. “Endi jahondagi ayniqsa, Yevropadagi Milliy bog‘lar singari ajoyib go‘shalar vujudga kelsa kerak”, kabi shirin xayollarga g‘arq bo‘lganmiz. Hatto “Ugom—Chotqol Milliy bog‘ida yaqin kelajakda tabiat risoladagiday tiklanadi, jahon turizmining nufuzli bir bo‘stoni barpo etiladi, tabiatning turli-tuman jonzotlari atrofimizda yayrab-kezib yuradi!” deya matbuotlarda chiqishlar qilganmiz. Milliy bog‘ faoliyatini nomiga munosib darajaga ko‘tarish uchun boshdanoq hamma shart-sharoitlar yaratilgan, yetarli mablag‘lar ajratilgan edi. Hatto 2000 yil mart oyida Vazirlar Mahkamasi  tomonidan “Chimyon—Chorvoq” zonasi tabiiy boyliklarini saqlash hamda hududni o‘zlashtirishga kompleks va izchillik bilan yondashishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ham qabul qilingan edi. Bularning bari Milliy bog‘ faoliyatida ijobiy burilish yasash uchun keng yo‘l ochmaydimi? To‘g‘ri, ushbu Milliy bog‘ faoliyatiga bog‘liq bir xushxabar tarqaldi: Bo‘stonliq tumanidagi olis Pskom qishlog‘ida Pskom daryosi ustiga zamonaviy ko‘prik qurib bitkazilibdi. Demakki, bu hududda atrof-muhit muvozanatini tiklash va saqlash uchun yana bir qadam qo‘yilibdi. Shoyad ish shunday davom ettirilib, Milliy bog‘ yaqin yillarda haqiqiy maqomiga ega bo‘lsa!

Yoshlar kelajagimiz, ona tabiatning bag‘ri butunligi birinchi navbatda ular uchun kerak! Shu o‘rinda bir taklif tug‘iladi: Tabiat muhofazasiga oid mavzularni barcha bilim dargohlarida asosiy fanlar qatorida o‘qitish va bitiruvchilarni jiddiy imtihondan o‘tkazish vaqti kelmadimikin? Ushbu muhim masalalar ijrosi birinchi navbatda Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, ekologik jarayon bilan shug‘ullanayotgan deputatlar, qolaversa, hammamizning zimmamizga tushadi. Maqsad bitta: butun olam bag‘ri to‘kis bo‘lmog‘i lozim. O‘zini chetga olishga hech kimning haqqi yo‘q. Zero, davlatimiz rahbarining ushbu sohalarga oid qabul qilayotgan qaror va hujjatlari aynan shuni taqozo etmoqda.

Asad ASIL,

yozuvchi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.