Manasdan boshlangan ezgulik qanot yozmoqda

Mening qishlog‘im olis hududda bo‘ldi. Uning qishlari qahratonli, yozlari jazirama bo‘ldi. Bolalari bog‘cha bormas qishloq bo‘ldi. Eli tappiyu, o‘tindan boshqa narsani bilmas bo‘ldi. Yo‘llari yurib bo‘lmas, avtoulov tugul ot-eshak aravalar o‘tsa, changidan odam ko‘rinmas qishloq bo‘ldi. Odamlar ariqdan suv ichar bo‘ldi. Shifoxona, sartaroshxona, hammom, bog‘cha uchun hamma uzoqlarga borar bo‘ldi. Xalq yaxshi kunlar kelar, deya umid qilar bo‘ldi. Bu kunlar ham kelar bo‘ldi.

 

 El-elga qo‘shilib, hasharga chiqar bo‘ldi. Mahalla oqsoqoli hammani bir qilib, olg‘a, deb qishloqni obod qilar bo‘ldi. Mahalla oqsoqoli uyga kelib, tur o‘rningdan ishla, dedi. Uyingni obod qil dedi. Ohagim yo‘q, shepirim yo‘q dedim. Men beraman senga hammasini, dedi. Men inonmadim. Ishim ko‘p, deya bahona qildim. Er bo‘l, erkak bo‘l, mard bo‘l, dedi. Otang ishning ko‘zini o‘yar edi. Sen o‘xshamading otangga, dedi.

Bu gaplar qattiq botdi. Men o‘rnimdan turar bo‘ldim. Shunda mahalladan shepiru ohaklar keldi. Yeng shimarib devorni  suvab, oqlab, ko‘chani-da obod qilar bo‘ldim. Uyimga fayz kirdi. Ko‘zim quvnadi. Butun el shunday uyg‘ongan bo‘ldi. Hashar bo‘ldi. Katta hashar. Suvchi keldi, “suv beray” deb, gazchi keldi “gaz beray” deb, “svetchi keldi” tok beray deb, markazning neki xizmatchisi bo‘lsa, bari keldi. “Nima tashvishing bor, hal qilay” deb. Hamma obod qishloq uchun yeng shimardi. El bir tan, bir jon, bir bo‘ldi. Niyat bir, o‘y bir, harakat bir bo‘ldi. Birpasda qishloq shaharcha bo‘ldi. Ko‘rib ko‘z quvonadigan joy bo‘ldi. Qishloqning chirog‘iyu, gaz, suvi mo‘l bo‘ldi. Birov ariqdan suv ichmas bo‘ldi. Qishlog‘im qayta tug‘ildi. Odamlar qayta tug‘ildi. Bundan el suyungan bo‘ldi. Oqsoqollar xuftonu bomdodda duo qilar bo‘ldi. Bu haqiqiy o‘zbek qishlog‘i bo‘ldi.

 

Yurtimiz turli tabiiy qazilmalarga boy, yeri ham unumdor, dehqonchiligu chorva uchun qulay. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, necha yildirki, qishloqlarimizda turmush sharoiti o‘zgarmasdan og‘irligicha qolmoqda edi. Albatta, mehnat qilgandan keyin uning rohatini ko‘rish kerak. Ana shunda adolat bo‘ladi. Bugun ana shu adolat qishloqlarimizda qaror topmoqda. 

Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq” dasturining ilgari surilishi millionlab aholiga katta umid berdi. Yillar mobaynida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechishga, fuqarolarni qiynayotgan masalalarni hal etishga imkon tug‘ildi. Quvonarlisi, Dastur orqali faqat obodlik emas, balki ijtimoiy masalalarga ham, yangi ish o‘rinlari yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholining yaxshi yashashga ishonchi ortib, hayotlaridan mamnunlik hissini tuymoqdalar. Qishloqlar qiyofasi bilan birga kishilarning o‘y-fikrlari zamonga, jamiyatga qarashlari o‘zgarayotir. 

Jizzaxning Manasidan boshlangan bu ezgulik tezda butun respublikaga yoyildi. 1 apreldan boshlab Davlat dasturiga ko‘ra, respublikaning har bir tuman va shaharida, avvalo, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda  joriy yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloqda (mahallada) aholi yashash sharoitlarini bosqichma-bosqich tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga qaratilgan ishlar belgilandi. 

Xususan, joriy yilda mamlakatimizning 174 ta tumanidagi 368 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini kompleks ravishda yangilash chora-tadbirlari ko‘rilib, loyihalash, moliyalash, qurilish ishlari boshlab yuborildi.  

Dasturda, ayniqsa, 127143 ta uy-joyni, 1535 kilometr toza ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan 2083 kilometr masofadagi yo‘llarni qurish, rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash, shuningdek, lizing asosida 571 zamonaviy avtobus xarid qilinib, qishloq va tuman markazi orasida transport qatnovini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. 1847 kilometr elektr ta’minoti tarmoqlarini yaxshilash, bolalar bog‘chasi, maktab, oilaviy poliklinikalar va shu kabi jami 736 ta ijtimoiy soha ob’ektini qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari bajarilib, laboratoriya va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Joriy yilda dastur doirasida nazarda tutilgan ishlarga barcha manbalar hisobidan 3 trillion 40 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ning yo‘naltirilishi tez kunlarda qishloqlar aholisining turmush sharoitlari tubdan o‘zgarishidan darak beradi. 

Ana shunday “Obod qishloq” dasturiga kirgan hududlardan biri Toshkent viloyati Ohangaron tumani Shodimalik MFY  hududidagi “Do‘stlik” qishlog‘idir. Necha yildirki, qishloq ahli ichimlik suvidan qiynalib keladi. Yuzlab bolalar esa xarobaga aylangan ta’lim maskanida ilm oladi. Bunday kamchiliklarni tezda bartaraf etish maqsadida tuman hokimi O‘ktam Tursunov boshchiligida Dastur doirasida maktabni kapital ta’mirlash uchun bir milliard so‘mdan oshiq mablag‘ ajratilib, ayni kunda qayta ta’mirlash loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Ichimlik suvi masalasini hal etish maqsadida drenaj quvurlar yotqizish ishlari boshlangan. Gaz, elektr toki bo‘yicha muammoli xonadonlar aniqlanib, masalalar ijobiy hal etilmoqda. Xuddi shu kabi amaliy ishlarni tumandagi “Telov” qishlog‘iga nisbatan ham aytish mumkin.

Muxtasar, aytganda, bu kabi o‘zgarishlar, bunyodkorliklar yuzlab qishloqlarda davom etayotganini inobatga olsak,  qisqa muddatlarda yurtimiz qishloqlari haqiqiy chamanzorga aylansa, ajab emas. 

Bobur MUHAMMADIEV, 

“Hurriyat” muxbiri

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.