O‘zbekiston — Turkiya: DO‘STLIK BULOG‘IDAN SUV ICHIB

Keyingi yillarda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar, qolaversa, bizga hayrixoh bo‘lgan boshqa mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlayotgani Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘si va nufuzini yanada yuksaltirmoqda.

 

Ma’lumki, o‘tgan yili 25-26 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkiyaga borgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, global va mintaqaviy tahdidlarga qarshi hamjihatlikda kurashish borasida muloqotlar o‘tkazgan, xalqaro muammolar haqida fikr almashgandi.

Tashrif chog‘ida davlat rahbarlari o‘rtasida Qo‘shma bayonot qabul qilinib, barcha sohalarda ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kelishilgan edi. Shuningdek, mazkur tashrif davomida O‘zbekiston — Turkiya ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay sharoit yaratish, turizm va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish, kengaytirish yuzasidan hukumatlararo va idoralararo ko‘plab hujjatlar imzolangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan joriy yilning 29 aprel kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an ilk marta davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash borasida so‘z yuritildi. Turk va o‘zbek xalqlari tili, dini bir, qon-qardosh qavmlardir. Galdagi uchrashuv ham davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, manfaatli strategik sheriklik va beg‘araz yordam masalalarida mamlakatlarimiz hamjihatligini yana bir karra isbotladi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi bugungi holat xolisona baholanar ekan, kelgusidagi ustuvor vazifalar, ikki davlat hamkorligining barcha yo‘nalishlari belgilab olindi. Ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik sheriklik oliy kengashi tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muloqot davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar ham alohida ko‘rib chiqildi. Birlashgan Millatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan O‘zbekiston va Turkiya yondashuvi o‘xshash ekanligi har ikki tomondan e’tirof etildi.

— Biz Turkiya Respublikasiga ulkan siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatga ega bo‘lgan, xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora ortib borayotgan yirik davlat sifatida qaraymiz. Ota yurtingiz – O‘zbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq, — dedi Shavkat Mirziyoev o‘z so‘zida.

Keyingi yillar davomida o‘zaro savdo hajmi va tarkibini kengaytirish bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar alohida qayd etildi. Xususan, 2017 yil mobaynida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 30 foizga ortib, savdo hajmi 1,5 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 1-choragi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 20 foizga o‘sgan va 400 million dollarga yetgan. Bu albatta, savdo-iqtisodiy hamkorligimiz samarali, ikki tomonlama manfaatli olib borilayotganidan darak beradi. Tomonlar yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishga qaror qilishdi.

Do‘stlik va teng sheriklik qardosh xalqlarning o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turk, Turkiyadagi o‘zbek millatiga mansub fuqarolarning davlatlararo bordi-keldisini o‘ylab, uzoq yillik sokin aloqalarni tiklash maqsadida o‘tgan yil oktyabrda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Samarqand — Istanbul havo yo‘nalishi yo‘lga qo‘yilgani, joriy yilda “Turkiya havo yo‘llari” tomonidan shu yo‘nalishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar hamda Turkiya — O‘zbekiston o‘rtasidagi viza muammosining bartaraf etilgani yuksak ijobiy hodisa sifatida baholandi.

Davlat rahbarlari hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, turli tahdidlarga qarshi hamjihatlikda kurashishga jiddiy e’tibor qaratildi. Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yuzasidan fikrlar almashildi. Bu borada Birlashgan Millatlar tashkiloti asosiy vositachi bo‘lishi, 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro konferentsiyada ilgari surilgan fikrlarni Turkiya qo‘llab-quvvatlagan edi. Mazkur uchrashuvda ham ikki davlat rahbarlari Afg‘onistonda tinchlikni barqarorlashtirishning yagona yo‘li birlashish ekanligini bir ovozdan ma’qulladilar. Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasining 72 sessiyasida ma’rifat va diniy bag‘rikenglik hamda yoshlar huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining tashabbusini Turkiya Respublikasi qo‘llab-quvvatlagani ham ikki davlat yakdil ekanligini namoyon etadi.

Muzokaralar chog‘ida Shavkat Mirziyoev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘an O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Shu o‘rinda ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, energetika, ilm-fan, ta’lim, turizm va boshqa sohalarga doir jami 24 ta hujjat imzolanganini alohida ta’kidlash joizdir.

— Bir kishi ariq qazib, suv chiqaradi, ming kishi undan bahramand bo‘ladi, — dedi Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an. — Prezident Shavkat Mirziyoev ana shunday ariqni qazgan kishiga o‘xshaydi. Uning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston yanada gurkirab bormoqda. Qo‘shni respublikalar bilan o‘rnatgan do‘stlik aloqalari, tinchlik masalasidagi jonkuyarligi bois, bugun tinchlik mintaqasida yashayapmiz, osoyishtalik va do‘stlik bulog‘idan suv ichmoqdamiz.

Tashrif doirasida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida bo‘lib, Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida nutq so‘zlagani O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati oldidagi nufuzini yana bir karra oshirdi.

Dunyoda til, millat, davlat tanlamaydigan bir kuch borki, u — adabiyotdir. Bir millat yozuvchisining o‘z tilida yozgan asarini boshqa millat vakili o‘qib, ta’sirlanadi. O‘tgan yili muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan kitob mahsulotlari, mutolaa madaniyatini shakllantirish va targ‘ib etish, adabiyot ahlini rag‘batlantirish borasida qator farmon va qarorlar qabul qilinib, ular o‘z ro‘yobini topayotir. Jumladan, ezgu ishlarning samarasi o‘laroq, kitobxon xalqimiz uchun barcha hududlarda kutubxonalar, ma’rifat maskanlari barpo etildi.

2017 yilda davlat rahbarlari uchrashuvida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’rlaridan o‘qib bergan Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Bu galgi Oliy Majlis Senatidagi chiqishida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov hamda Cho‘lponning she’rlarini yoddan o‘qib, xalqimizga, adabiyotimizga chuqur ehtiromini namoyish etdi...

Tashrifning keyingi kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Buxoro aeroportida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anni kutib oldi. Ikki davlat rahbarlari Buxoroda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildilar. Ziyorat chog‘ida Turkiya Prezidenti O‘zbekiston zamini buyuk allomalarga beshik ekanligi, xalqimiz tarixi va boy madaniy merosi, ma’naviyatiga hurmati baland ekanligini e’tirof etdi. 

Prezidentlar shuningdek, Ark qo‘rg‘onida ham bo‘lib, xalqimizning boy tarixi, madaniyati, etnografiyasi bilan tanishdilar. Davlat rahbarlari sharif shaharning faxri sanalgan Mir Arab madrasasida, Masjidi Kalon ziyoratgohida bo‘lishdi, shuningdek, shaharning tarixiy qismidagi zardo‘zlik, zargarlik, gilamdo‘zlik, kashtachilik, kulolchilik ko‘rgazmalarini ham tomosha qilishdi.

Muxtasar aytganda, Turkiya Prezidentining ushbu tashrifida har ikki davlat rahbarlarining ko‘pdan-ko‘p masalalarda hamfikr va hamjihatligi yana bir karra namoyon bo‘ldi. Har ikki davlat o‘rtasida imzolangan kelishuvlar O‘zbekiston hamda Turkiyaning kelgusi ravnaqiga, qolaversa, xalqlarimiz farovonligiga xizmat qilishiga shubha yo‘q.

 

Shavkat ODILJON

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.