3+1 FORMAT yoxud 4 yilda magistrlik darajasini beruvchi dargoh

O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida o‘qib yurganimda Janubiy Koreyadan kelgan o‘qituvchilarning dars o‘tish usullarini kuzatardim. Ular qiziqarli o‘yinlar orqali dars o‘tishar, hatto mashg‘ulotlarga qiziqmagan bola ham bir muddatdan so‘ng tilni yaxshi o‘zlashtira boshlardi.

 

  Ta’lim-tarbiya uchun tikilgan sarmoya inson kelajagi va davlat iqtisodiyoti rivoji uchun mustahkam zamindir. Bu borada davlatimizda amalga oshirilayotgan qator ishlar sohaga yangicha qarash bilan yondashilayotganidan dalolat beradi. Xususan, maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, davlat va nodavlat bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirish; 

Uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash; 

Ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlarini va texnologiyalarni tatbiq etish.

Toshkentda Janubiy Koreya Puchon universiteti filialining ochilishi esa shu ishni amalga oshirishda ilk qadam bo‘lmoqda. Bu dargoh kelgusida sohada innovatsion g‘oyalar yaratuvchi va ilg‘or texnologiyalar asosida ish olib boruvchi malakali kadrlar tayyorlovchi ziyo maskani bo‘lib qoladi.

Puchon universitetida 26 ta fakultet mavjud bo‘lib,  maktabgacha ta’lim fakulteti va xorijlik talabalar uchun maxsus koreys tili markazi mavjud. Mazkur universitet professori Li Dong Vuk universitetning Toshkentdagi filialini tashkil etish bo‘yicha guruhga rahbarlik qiladi.

— O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman, — deydi Li Dong Vuk. — Koreyada urush bo‘lgan paytlarda o‘zbek xalqi ko‘pgina koreyslarni bag‘riga olib, bizga non-tuz berdi. Bizlar shu yurtga o‘zimizni daxldor deb bilamiz. Janubiy Koreyada  maktabgacha ta’limga alohida e’tibor beriladi. Bolani hayotda o‘z o‘rnini topadigan insonlar qilib tarbiyalashda bog‘chalarning o‘rni katta. Shu bilan birga «Bog‘cha yoshidan majburlab o‘qitish, bolada keyinchalik bilimga qiziqishni sovutadi», degan aqidaga amal qilib,  kichik yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya turli o‘yinlar orqali o‘rgatiladi. Bu o‘yinlar zamirida albatta, ta’lim yotadi. 

Aytish lozimki, Puchon universiteti filiali shu yil sentyabr, ya’ni yangi o‘quv yilidan faoliyat boshlaydi. Filialda jami to‘rtta fakultet bo‘ladi. Birinchi yilda taxminan 240 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Ular uch yillik bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. 

Universitetda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, fizio-psixologik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar joriy etish rejalashtirilgan.  

Filial qurilishi uchun Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi Pedagogika kolleji hududidan joy ajratilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ilk bor aynan shu universitet filiali qoshida maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu ham sohani rivojlantirishda o‘ziga xos tajriba va amaliyot maydoni vazifasini o‘taydi. 

Maktabgacha ta’lim sohasi vakillari uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari ochilishi ham rejalashtirilgan. Ushbu ishlar 3+1 formatini ko‘zda tutgan holda amalga oshirilmoqda. 3+1 formati yurtimizda ta’lim yo‘nalishida ilk bor qo‘llanilayotgan uslub, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu 3 yillik ta’lim Toshkentdagi Puchon universititeti filialining bakalavr diplomi va o‘qishni davom ettirishni istaganlar uchun 1 yil Janubiy Koreyada magistrlik diplomini qo‘lga kiritish mumkin degani. Bunda talaba 4 yilda magistr darajasiga ega bo‘ladi.

Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan bunday islohotlar farzandlarimizning kelajagi kafolatli bo‘lishida, katta hayotda o‘z o‘rnini topishlarida muhim o‘rin tutadi. 

 

Nargiza BOBOMURODOVA, 

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.