Sayyohlar ko'paymoqda bunga tayyormizmi? (birinchi maqola)

Joriy yilda dunyoning yetti davlatidan sayyohlarning O‘zbekistonga bir oygacha vizasiz kelib-ketish tartibi yo‘lga qo‘yilgach, yurtimiz, jumladan, Samarqandga kelayotgan sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshdi. Qo‘shni davlatlar bilan ham shu tartib joriy etilgach, bu miqdor yanada keskin ko‘paydi. Yurtimizda sayyohlikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘ldi.

   Xo‘sh, sayyohlar soni kundan-kunga oshmoqda, biz esa turistlar oqimining yanada ko‘payishini istaymiz. Ammo sayyohlar uchun yaratilgan sharoit, taqdim etilayotgan xizmatlar bilan turizmni rivojlantira olamizmi? Umuman, sayyohlar boradigan asosiy joylarda mehmonlar istagini o‘rganib, shunga mos sharoit yaratish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar talablar darajasidami? 

Jurnalist Anvar MUSTAFOQULOV qadim shaharda ana shu savollarga javob izlaydi.

UNUTMASMAN SENI, TOKI TIRIKMAN!

Samarqand sayyohlarining katta qismi yurtimizning turli hududlaridan, qo‘shni davlatlardan tashrif buyuruvchilardir. O‘z mashinasida keladiganlar ham oz emas. Muammo shundaki, aksariyat sayyohlar keladigan joylarda ilgari nechta avtoturargoh bo‘lsa bugun ham undan ko‘p emas. Holbuki, shu yilning o‘tgan uch oyi davomida birgina Registon majmuasini tomosha qiluvchilar soni salkam 170 ming nafarga yetdi. O‘tgan yilning shu davrida ular 37 ming to‘rt yuzdan oshmas edi. Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiluvchilar esa qariyb 150 mingga ko‘paygan. Sayyohlar soni to‘rt yarim baravar oshgan ekan, avtoturargohdagi mashinalar sig‘imi, hech bo‘lmaganda, ikki baravar ko‘payishi kerak edi. 

Samarqand mehmonlari bilan suhbatlashsangiz ayni shu masalada qiyinchilikka duch kelayotganidan zorlanishadi.

– Mamlakatlarimiz davlat chegarasidan o‘tib-qaytuvchilarga juda iliq munosabatga guvoh bo‘ldik, – deydi Tojikiston fuqarosi Taxmina Qobulova. – Chegaradan o‘tgach, bir soat o‘tmay Samarqand shahriga kirib keldik. Mahobatli tarixiy obidalarni bir umr unutmaymiz. Ammo turmush o‘rtog‘im har bir ziyoratgoh oldida mashina qo‘yishga joy topish uchun ancha qiynaldi. Dam olish kuni bo‘lgani uchun bo‘lsa kerak, Shohi Zinda ziyoratgohida ham, Registonda ham avtoturargoh to‘lib ketgan edi.

Shahrimizga keluvchi sayyohlar ortgani sayin, avtoturargohlar soni va sig‘imi kamligi ko‘zga yaqqol tashlanyapti. 14 aprel kuni tarixiy obidalar atrofini ko‘zdan kechirib bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Avtoturargohlarni kengaytirish yoki sonini ko‘paytirish, faoliyatini tartibga solish, birinchidan xorijiy va mahalliy sayyohlarga qulaylik tug‘dirsa, ikkinchidan qo‘shimcha ish o‘rinlari va mablag‘ tushumi oshishiga ham xizmat qiladi. 

 ANA QARANG, SAYYOH KELDI!

 Agar siz Xitoydagi Buyuk Xitoy devoriga chiqsangiz, ko‘p o‘tmay sizga xuddi shu obida ustidagi suratingiz tushirilgan biror buyum, esdalik suratingizni taklif etishadi. Qachon tushirganini bilmaysizu qo‘lingizda Xitoydan ajoyib esdalik. Sotib olmay ilojingiz yo‘q. Yoki Istanbuldagi mashhur Sulton Ahmad masjidi yonida bo‘lsangiz, bir necha til, xususan, o‘zbek tilidagi ovozli kitoblarga ko‘zingiz tushadi. Parijda sizga atigi ikki kishilik tamaddixonada besh yevroga choy yoki kofe taklif etishadi, to‘g‘ri, qimmat, ammo ana shu kafedan butun Eyfel minorasi ko‘rinib turgani uchun ikkilanishsiz kirasiz va suratga tushasiz.

Xo‘sh, biz sayyohlarga tarixiy binolarimizni ko‘rsatish bilan birga qanday qo‘shimcha xizmatlar taklif etyapmiz? Butun dunyoda eng serdaromad soha turizm ekanini ko‘p gapiramiz. Ammo sayyoh keldi degani, bu — daromad oqib kelyapti degani emas hali. Har qanday davlatga sayyohning kelishi, bu — turizmning kichik bir qismi, ikkinchi masala – unga turli xizmatlar taklif etish, jaydariroq aytganda, pulini olib qolish.

Registon majmuasida bu borada juda katta imkoniyat bor. Zero, har ikki yilda butun dunyo nigohi Registonda o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivaliga qaratiladi. Majmua ma’muriyati tashabbusi bilan yaqinda ushbu maskanda yigirma kishilik folklor ansambli ish boshlaganini olqishlaymiz. Sayyohlar har oqshom mazkur jamoaning chiqishlarini intiq kutadigan bo‘ldi. Ammo buning o‘zi yetarli emas. Bu yerda butun dunyo xalqlari cholg‘u asboblari muzeyi tashkil etilsa, sayyohlar bir umr esdan chiqmaydigan taassurotga ega bo‘lishadi. Festival g‘oliblari, dunyo musiqasi haqidagi ma’lumotlar ham shu muzeydan o‘rin olishi ayni muddao. Ana shundan so‘ng, mehmonlarga Samarqanddagi tarixiy obidalar tasviri tushirilgan cholg‘u asboblarini sotib olishni taklif qilish mumkin. Turkiyaning Kastamanu shahrida butun dunyo xalqlari bosh kiyimlari jamlangan muzey bor (Afsuski, faqat o‘zbek milliy do‘ppisi yo‘q u yerda). Birgina ana shu bosh kiyimlarni ko‘rish va xarid qilish uchun yil davomida sayyoh arimaydi o‘sha muzeydan. Endi o‘ylab ko‘ring, dunyoning eng yaxshi musiqachilari yig‘iladigan Samarqandda cholg‘u asboblari muzeyi bo‘lsa-yu, sayyohlar tinimsiz cho‘ntak kovlashdan tashqari, madaniyat va ma’rifat markazidan bir umrlik esdalik olib ketsa! O‘sha sovg‘a yillar, balki asrlar osha dunyoning ne bir mamlaktlarida, ne bir odamlarning uyini va ko‘nglini bezab tursa! Sohibqiron saltanatidan, bugungi O‘zbekistondan, Samarqandu Registondan mangu hikoyalar so‘zlab tursa!.. Savobiga kim yetsin! Yetadigan bormi?  

 ZIYORATCHILAR YERDA O‘TIRMASIN!

 Tarixiy obidalarning aksariyatida, o‘rindiqlar soni juda kam.  Birgina Shohi Zindaga dam olish kunlari 10 mingdan ortiq kishi tashrif buyuradi. O‘rindiqlar soni esa barmoq bilan sanarli. Amir Temur maqbarasida ham ayni holat. Registon majmuasidan Shohi Zinda ziyoratgohiga Islom Karimov ko‘chasi orqali piyoda o‘tarkansiz, daraxtlar soyasida o‘nlab odamlar o‘tirganiga guvoh bo‘lasiz.  

Yana bir masala. Noqulay bo‘lsa ham aytish kerak. Amir Temur maqbarasida hojatxonada doim navbat. Axir, sayyohlar uchun eng muhim sharoit hojatxona va yuvinishga imkoniyat yetarlicha tashkil etilmas ekan, boshqa masalalarni tilga olish ham noo‘rin. 

Ziyorat turizmining eng muhim ob’ektlaridan biri Imom Buxoriy majmuasida ahvol ancha o‘zgargan. Majmuaning kirish va ichki hovlisida ellikta zamonaviy o‘rindiqlar qo‘yilgan. Tibbiyot xonasi mavjud. Zamonaviy tahoratxonalardan tashqari, ikkita dushxona ham ishlab turibdi.  

O‘tgan yili majmuada  42 nafar ishchi xodimlar xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, joriy yil ziyoratchilar va sayyohlar oqimining keskin ko‘payishi natijasida yana 13 nafar mutaxassis ishga qabul qingan. Shuningdek, majmuada 50 nafarga yaqin suratkash shartnoma asosida faoliyat olib bormoqda (boshqa ziyoratgohlarda ular 2-3 nafar).

– Ikki kun mobaynida Samarqandning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilib, majmuani ham ziyorat qilmoqdamiz, – deydi Qirg‘izistonning Qorasuv tumanidan kelgan onaxon Davlatxon Xo‘jamqulova. – Albatta, har bir joyning o‘zgacha tarovati bor. Ayniqsa, mazkur majmua haqiqatdan juda go‘zal. Bu qutlug‘ joyda namoz o‘qish baxtiga muayassar bo‘ldim. Armonim qolmadi. Shu kunlarga yetkazganiga shukur!

Darvoqe, Imom Buxoriy majmuasida ham, boshqa ob’ektlarda ham fotosessiya xizmati haqi bo‘yicha aniq preyskurant ishlab chiqilishi lozim. Negaki, ko‘p hollarda sayyohlarga fotosessiya haqini suratkashlar istagan narxda aytadi. Bu borada aniq tartib hozircha Registon majmuasida yo‘lga qo‘yilgan, xolos. 

 TARIXIY OBIDALAR KO‘ZDAN KECHIRILDI, KEYINCHI?

 Mutaxassislar bir necha yildan buyon sayyohlarni Samarqandda ko‘proq «ushlab turish»ning foydasi haqida gapirishadi. To‘g‘ri, kelayotgan sayyohlarning aksariyati bir kunda tarixiy ob’ektlarni ko‘zdan kechirib boshqa shaharga o‘tib ketadi. Agar ular yana bir kun shaharda qoladigan bo‘lsa mablag‘ tushumi ham bir necha barobarga oshadi. Muammo shundaki, aksariyat sayyohlar bir kundan ortiq shaharda qolishni istamaydi. Nega?

Tasavvur qiling, sayyohsiz. Dam olish, bir dunyo taassurotlar olish uchun Samarqandga keldingiz. Tarixiy joylarni aylanib chiqdingiz. Aytingchi, kech bo‘lgach, zerikib qolmaslik uchun vaqtingizni qanday o‘tkazgan, qaerga borgan bo‘lardingiz? Muammo ana shunda. Yuqorida Registonda folklor ansambli ish boshlaganini aytdik. Ammo shaharning biror joyida kechasi sayyohlar borishi mumkin bo‘lgan, taklif etadigan ko‘ngilochar go‘sha yo‘q. Hech bo‘lmaganda, biror teatr oqshom ham ishlasa yoki Alisher Navoiy istirohat bog‘ida she’rxonlik o‘tkazilib shoir baytlari chiroyli tarzda aytib turilganda ham bir-ikki qiziquvchi topilardi.

– Samarqandni butun dunyoda Amir Temur davlati poytaxti deb bilishadi, – deydi Registon majmuasi direktori Behro‘z Marufiy.  – Endi tasavvur qiling, Buyuk ipak yo‘lidagi qadimiy shahar nomli bir maskan ajratilib, to‘liq bino va inshootlar qadimiy uslubda qurilsa, ko‘chalarda navkarlaru, mirshablar, hunarmandlar kezib yursa, maskan devor bilan o‘ralib, atrofda hovuz, milliy choyxonalar  ishlab tursa. Ana shunda bu yerga kelgan sayyoh, o‘zini Amir Temur zamoniga tushib qolgandek his qiladi. Biz bu borada bir qator takliflar ishlab chiqmoqdamiz.

 TOYLOQDAGI KO‘RIK 

 Yana bir masala. Shunisi e’tiborliki, qo‘shni davlatlardan keladigan sayyohlar oqimi oshgan sari Samarqandda tibbiy va agroturizm ham rivojlana boshladi. Tojikistonlik mehmonlar Toyloq tumanidagi issiqxonalar, tomorqalardagi ekinlar parvarishi, texnologiyasi bilan qiziqib, tanishib chiqmoqda. Tojikistonning Panjikent tumaniga turli xil ko‘chatlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

— Biz uchun zarur tibbiy tashxis apparatlar Toyloqda borligini eshitgach, – deydi panjikentlik Rozi Rustamov, – ayolim shu yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Endi farzandlarimni ham olib kelmoqchiman.  

Ha, izlagan imkon topadi. Izlamagan-chi?.. Rizqini birovga berib o‘tiraveradi. Jahon turizm bozorida sayyohlarni jalb qilish uchun jiddiy kurash boshlangan davrda boqimandalik qilib o‘tirganning holiga voy.

 

Anvar MUSTAFOQULOV,

jurnalist

Samarqand viloyati

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.