CHIPTA ESDALIK BO‘LA OLADIMI? (Ikkinchi maqola)

Qaysidir shaharga borgan sayyoh shu joy ramzini anglatuvchi biror buyum ko‘ziga yaxshi ko‘rinsa, albatta, sotib oladi. Negaki, o‘sha buyum sayohatdan esdalik bo‘ladi. Shu bois, har bir turistik ob’ektda mo‘’jaz, bejirim suvenirlar savdosiga katta e’tibor beriladi. Bu suvenirlar o‘sha ob’ekt va shahar brendini ommalashtirishga xizmat qiladi.

Ammo ayrim turistlar ham bunday suvenirlarni xarid qilishni istamaydi. Turistik ob’ektni ommalashtirish, tanitish uchun esa mutasaddilar bundan boshqa samarali usuldan foydalanishadi. Ya’ni, ob’ektga kirish chiptalari xuddi suvenirlar kabi bejirim qilib ishlanadi va u bir umrga esdalik bo‘lib qoladi.
– Bundan 25 yil oldin Germaniyada bo‘lgandim, – deydi samarqandlik Oybek Bo‘riev. – 1994 yilning may oyida Berlin shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik va «Brandenburg darvozasi» oldida suratga tushib, shu yerda bir yil avval tashkil etilgan “Raum der stile” (“Sukunat xonasi”)ni ko‘zdan kechirdik. Bugun “Brandenburg darvozasi” haqidagi taassurotlar esdan chiqqan. Ammo o‘shanda sotib olingan kirish chiptasi hali ham turibdi. O‘ta sifatli va bejirim bu chiptani farzandlarim ko‘rib so‘rab qolishadi, ularga ham o‘sha joylar haqida aytib beraman.
Yana bir misol, Frantsiyadagi Luvr muzeyiga borganlarning aksariyati kirish chiptasini saqlab qo‘yarkan. Sababi, chipta juda chiroyli qilib ishlangan. Undagi suratning o‘ziyoq odamda Luvrga borish ishtiyoqini uyg‘otadi.
Xo‘sh, Samarqanddagi tarixiy obida yoki muzey chiptasi ham bizda ana shunday ishtiyoq uyg‘otadimi? Afsuski, hali bizda bejirim chipta tashkil etilgan emas. Amir Temur maqbarasi, Imom al-Buxoriy majmuasida bo‘lganimizda ziyoratchilarga oddiy fiskal uskuna cheki berilayotganiga guvoh bo‘ldik. Shohi Zinda yodgorligida esa A-4 formatdagi sarg‘ish, sifatsiz qog‘ozda bosilgan nazorat chiptalari qirqib tarqatilmoqda.
Registon majmuasida maxsus buyurtma bilan davlat standartlari asosida chiptalar chiqarib kelinganini eshitib xursand bo‘lgandik. Taassufki, ziyoratga borganimizda yana o‘sha kassa chekini qo‘limizga tutqazishdi. Majmua ma’muriyati Samarqand shahar davlat soliq inspektsiyasiga yangi chiptalarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha shu yil 13 aprelda xat yuborgan ekan. Bu yaqin o‘rtada Registonga tashrif buyuruvchilar o‘ziga xos biletga ega bo‘lishlarini anglatadi. Darvoqe, Shohi Zinda majmuasida ham faqat xorijliklar uchun nistaban sifatliroq ishlangan chipta bor. Ammo uni ham, Registon majmuasidagini ham hozircha estetik jihatdan o‘ta yuqori saviyada deb bo‘lmaydi.
– Viloyatdagi muzey, tarixiy ob’ektlarga kirish deyarli bir xil, kassa cheki asosida, – deydi viloyat muzey-qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari Ilhom Hakimov. – Butun dunyoda kirish chiptalari esdalik o‘rnida ham saqlanishi bor gap. Har bir turistik ob’ekt chiptasi shu ob’ekt ramzi sifatida qadrli bo‘lishi lozim, albatta. Hozirda shu masalada noshirlik korxonalari bilan ish olib borilmoqda. Tez orada dizaynlar shakllangach, aniq taklif bilan chiqamiz.
To‘g‘ri, zamonaviy, sifatli va yuqori estetik saviyadagi biletlarni majmualarning o‘zi ham xususiy bosmaxonalar orqali chiqarishi mumkin. Biroq buning uchun huquqiy asos yaratilishi kerak. Chunki chiptalar, tegishli davlat standarti asosida chiqarilishi va soliq inspektsiyalari ro‘yxatidan o‘tkazilgach, foydalaniladi. Ammo biz turistik ob’ektni chindan ham ommalashtirmoqchi bo‘lsak, o‘sha standart chiptalar yoniga xorijliklar uchun alohida bejirim ramziy chiptalarni ham qo‘shib berishimiz mumkin. Lekin bu borada hali biror ob’ektda tashabbus ilgari surilgani yo‘q.
Masalaning yana bir tomoni bor. Odatda, Samarqanddagi tarixiy obida va muzeylarga xorijiy sayyohlar asosan ma’lum bir turistik firma orqali guruh bo‘lib kelishadi. Bunday holatda esa o‘sha o‘rtamiyona dizayndagi chipta ham berilmaydi. Chunki sayyohlik firmasi va turistik ob’ektlar o‘rtasida shartnoma tuzilib, mablag‘ o‘tkazilgach, xorijliklarni olib kirish uchun maxsus vaucher taqdim etiladi. Ushbu vaucher guruhda nechta sayyoh bo‘lishidan qat’iy nazar bir dona beriladi va u gid-tarjimonda turadi. Natijada, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sayyohlar qadimiy obidalarimizdan esdaliksiz ketishmoqda.
Umuman, chipta muammosi faqat Samarqandga xos emas. Yaqinda tahririyat xodimlari bir jamoa bo‘lib Xorazmdagi tarixiy obidalar, jumladan, Ichan qal’a va Nurillaboy obidalarida bo‘lishdi. Bizdagidan farqli ravishda u yerda majmua ichidagi ayrim binolarga ham alohida chipta olinarkan. Ammo o‘ttiz kishilik sayyohlar guruhidan loaqal bir kishi zamon talablari darajasidagi chipta ko‘tarib kelgan emas. Holbuki, har bir tarixiy binoda arzonroq bo‘lsa-da, o‘sha obida ramzi tushirilgan chipta yuqori saviyada ishlanishi mumkin. Shunda esdaliklar soni ham ko‘proq bo‘ladi.
Xivadagi yana bir tarixiy majmuada – Nurullaboy saroyi, Muhammad Rahimxon II va o‘g‘li Isfandiyorxon davridagi fotosuratlar ekran orqali namoyish qilinadi. Lazerli uzatish moslamasi yordamida esa ularga oid videofilm va ketma-ket ko‘rsatuvlar qo‘yiladi. Qolaversa, devorlarga ilib qo‘yilgan fotosuratlar va ma’lumotlardan xorazmiylar hayot-faoliyati bo‘yicha tushunchaga ega bo‘lasiz. Eng muhimi, bunday ixcham rasmlarni xarid qilish imkoni bor.
Aytish kerakki, chipta masalasi turistik ob’ektlarimizdagi muammolarning faqat bir qismi. Zotan, bu joylarga allaqachon zamonaviy turniketlar o‘rnatish vaqti kelgan. Hozirgi vaqtda Afrosiyob muzeyi, Registon majmuasi, Amir Temur va Xo‘ja Doniyor maqbaralarida xavfsizlik detektorlari o‘rnatilgan. Ushbu uskunalar orqali kirib chiquvchilar soni ham aniqlanadi. Ammo maxsus kartalar bilan o‘tish mumkin bo‘lgan zamonaviy turniketlar umuman boshqa masala. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan bu borada loyiha tayyorlanmoqda.

                                                                                                                          Anvar MUSTAFOQULOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

O‘ng qo‘ling berganini CHAP QO‘LING ...

2018-06-20 12:19:48

Qadimiy va BETAKROR

2018-06-20 12:31:32

Ko‘p yo‘nalishli gazeta

2018-06-20 12:22:26

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2018
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.