KICHKINA DEMANG BIZNI... “Sehrli tayoqcha” sohibi

Dirijyor tayoqchasining birgina harakati butun orkestrni «oyoqqa turg‘azishga» qodir. Ohang goh tezlashadi, goh sokin tortadi. Tomoshabin ham ohangga mos goh tebransa, goh «jazavaga tushadi», ba’zan yuragi hapqirsa, ba’zan ko‘zlari mung tortadi. Bu jarayonda asosiy rolni dirijyor va uning «sehrli» tayoqchasi ijro etadi.

Dirijyorlik oson kasb emas. Barcha partiyalarni eshitish, orkestrni boshqarish, ham to‘g‘ri ritm, ham yagona temp va kayfiyat uchun javobgarlik hissi har kimni bu kasb sari yetaklayvermaydi. Ammo sohaning zalvorli mehnatiyu, mashaqqatidan qo‘rqmagan Asadbek Ayubjonov o‘z qiziqishi, intilishi, harakati sabab nafaqat yurtimiz, balki dunyodagi eng yosh dirijyor nomiga sazovor bo‘ldi. U hali 12 yoshda bo‘lishiga qaramay, bugun manaman degan orkestrlarni boshqarmoqda.

Iste’dodi bilan musiqa olamining taniqli namoyandalaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Vladimir Neymer e’tiboriga tushdi. Rossiyalik mashhur dirijyor Vladimir Spivakov shaxsan termizlik bolakayni bir necha bor «Moskva do‘stlarni chorlaydi» xalqaro festivaliga taklif etdi.
— O‘g‘limni 2-3 yasharlik kezlaridanoq musiqaga oshno tutishga harakat qilganman. Atrofiga o‘yinchoqlarini yoyib, televizor murvatini biror klassik musiqa yoki orkestrlar ijrosi berilayotgan kanalga burab qo‘yardim, — deydi yosh dirijyorning onasi Mohida opa Jumaeva. — Asadbek bo‘lsa, o‘ynab o‘tirgan joyida ohangga jo‘r bo‘lishga intilardi.
Esini taniganidan beri Asadbekka hamrohlik qilayotgan san’at bugun uni muvaffaqiyat pillapoyalari sari dadil yetaklamoqda. Dastavval O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga qarashli Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga skripka yo‘nalishida o‘qishga qabul qilingan yigitcha ayni kunlarda Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining beshinchi sinfida tahsil olmoqda.
Mohida opaning aytishicha, bo‘sh vaqtida Bax, Betxoven, Motsart musiqalarini tinglashni xush ko‘ruvchi o‘g‘lining dirijyorlikka kirib kelishi tasodifan yuz bergan. Skripka yo‘nalishidan dars beruvchi ustozi Asadbekda dirijyorlik qobiliyati ham borligini payqaydi va o‘quvchisini O‘zbekiston davlat konservatoriyasi opera-simfonik dirijyorlik kafedrasi professori Vladimir Neymer bilan uchrashtiradi. Vladimir Neymer uch oy davomida qahramonimizga dirijyorlik sirlaridan saboq berib, uning qobiliyatini yuzaga chiqaradi.

ZABT ETILGAN CHO‘QQILAR

Asadbek yetti yoshida Germaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan kontsertda ilk bor sahnaga ko‘tarildi. Bolakayning eslashicha, o‘shanda u orkestrga, solistga, xorga dirijyorlik qilgan. Shundan keyin u O‘zbekiston milliy simfonik orkestri, O‘zbekiston konservatoriyasi talabalar simfonik orkestri, Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi simfonik orkestrlari bilan birga o‘ndan ortiq kontsertda ishtirok etdi. 2015 yilda ham «Moskva iqtidorlari» kamer orkestriga (shunda u mashhur dirijyor Spivakov nazariga tushib, murakkab asarlarga dirijyorlik qilgan edi) va Rossiyaning «Tinchlik fondi» uyushmasi o‘tkazgan «Dunyo yoshlari urushga qarshi» xayriya kontsertida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligiga qarashli simfonik orkestrga dirijyorlik qildi. O‘tgan yilning avgust oyida esa «Rossiya» telekanali orqali efirga uzatiladigan «o‘aroyib odamlar» loyihasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mohida opa o‘g‘lining mazkur loyihadagi ishtirokini shunday eslaydi: «Yozgi ta’tilda oilamiz bilan Surxondaryoga ketgan edik. Telefon bo‘ldi va o‘g‘limni «Udivitelnыe lyudi» loyihasiga taklif etishayotganini aytishdi. Avgust oyida men, o‘g‘lim va ustozi Moskvaga uchdik. U yerda bizni juda iliq kutib olishdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘g‘limni butun zal hayrat bilan olqishladi. Zalda turib Asadbekni kuzatarkanman, o‘shandagi hayajon, baxt, quvonchni so‘z bilan ta’riflab berolmayman.»

FAXR

Bola tabiatiga xos injiqliklar, xarxashalardan yiroq Asadbek bugun muxlislari orasida ismidan ham ko‘ra samimiyligi, beg‘uborligi, tim qora jingalak sochlariyu shirin kulgichlari bilan sevimli va mashhur.
— Bir kuni o‘g‘lim bilan bekatda tursak, notanish bir ayol «Siz Asadbekning oyisimisiz?» deb yonimizga keldi. «Ha» deya javob berdim, u naqadar baxtli ayol ekanimni aytib, Asadbekni uzoq duo qildi. Keyin yonidan bir qog‘oz chiqarib, Asadbekdan dastxat berishini so‘radi. O‘shanda «Asadbekning oyisi» bo‘lib tanilishning ham o‘zgacha gashti borligini his qildim, — deya kuladi Mohida opa.
Bugun u o‘g‘li bilan chindan faxrlansa arziydi. Ko‘cha-ko‘yda, uzoq-yaqinda, hatto xorij mamlakatlarida Asadbek ko‘plab muxlislar orttirgan.

PORLOQ KELAJAK SARI

Jajji qahramonimizdan katta sahnadagi his-hayajon haqida so‘rasak, u boshi bilan rad etib, musiqadan kuch olishini, orkestrdagi barcha uni jiddiy qabul qilgani uchun sahnada hech qiynalmasligini, unga qadalgan minglab nigohlarga qaramay, yangrayotgan musiqadan o‘zini baxtiyor his etib, hayajonga berilmasligini aytdi.
Musiqadan tashqari, suzish, shaxmat va ko‘zboylog‘ichlikka mehri baland qahramonimiz kuy bastalash borasida ham ilk mashqlarini amalga oshirmoqda.
Shuningdek, u bolalar entsiklopediyasini, geografiya, fazo, mexanizmlar ilmiga oid kitoblarni o‘qishni yoqtiradi.
Kelajakda Asadbek ham skripka, ham dirijyorlik ilmini puxta egallash niyatida.

Go‘zal TURSUNPO‘LATOVA



  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.