Samarqandda KIMLAR SABZI TO‘G‘RAYDI? (Uchinchi maqola)

Samarqandda faoliyat yuritayotgan 107 mehmonxona o‘tgan yilgiga nisbatan bu yil ikki baravar ko‘paydi. Ular  4000 nafarga yetadigan sayyohlarni bag‘riga olish uchun yetarli emas. 
O‘zbekiston  turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ham sohadagi asosiy muammolardan biri mehmonxonalar yetishmasligi, deb e’tirof etildi. Uni bartaraf qilishda esa Turkiya tajribasidan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Xo‘sh, yiliga bir necha million sayyoh tashrif buyuradigan Turkiyada mehmonxona muammosi qanday hal etilgan?
Turkiyaga safarimiz davomida asosiy sayyohlar keladigan joylarda besh yulduzli mehmonxonalarni kam uchratdik. Ko‘chalarda ixcham, barcha sharoiti bor, dabdabalardan xoli, «cho‘ntakbop» mehmonxonalar qatorlashib ketgan.  Mantiqan o‘ylab qarasangiz,  istagan davlatda sayyohlarning faqat bir yoki ikki foizi hashamatli mehmonxona va oliy darajadagi xizmat talab qilishi mumkin. Qolgan asosiy sayyohlarga esa mehmonxona faqat tunash uchun kerak. Chunki sayohat – hashamatli mehmonxonada tunash degani emas. Boshqa tomondan, o‘rtamiyona, ixcham mehmonxona qurishga imkoniyati yetadigan tadbirkorlar hamma joyda topiladi. Shuning uchun Turkiyaga boradigan sayyohlar mehmonxona muammosiga duch kelmaydi. Indallosi, mehmonxonalar sayyohlar imkoniyati va talabidan kelib chiqib shakllanadi.

«KO‘ZDAN PANAROQ»
Samarqanddagi bir qator mehmonxonalarning narxi bilan qiziqdik. Talab keskin oshgani uchunmi, bu yil mehmonxonalarda narx 40 foizgacha ko‘tarilgan. Turistik ob’ektlar atrofidagi, nisbatan nomdor mehmonxonalarda narxlar 30-60 AQSh dollari atrofida. «Ko‘zdan panaroq» ayrim musofirxonalarda esa 60 ming so‘m to‘lov bilan joylashish mumkin. Bu narxlar rivojlangan Yevropa davlatlaridan kelgan sayyohlarni qoniqtiradi. Lekin endi bizning asosiy sayohlarimiz qo‘shni davlatlar aholisi bo‘lishi mumkin. Umuman, butun dunyodagi turistik ob’ektlarda sayyohlarning katta qismini qo‘shni davlatlardan keluvchilar tashkil etadi. Oylik daromadi o‘rtacha 150-200 AQSh dollari bo‘lgan davlatlardan keluvchi sayyohlar uchun esa bizdagi mavjud narxlar noqulay bo‘lishi aniq. Shunday qilib, oldimizda turgan birinchi vazifa arzon mehmonxonalar sonini oshirish. Harholda, ularning narxini buyruq yoki tavsiyalar bilan tushirib bo‘lmaydi.
Joriy yil martida Samarqand shahri bo‘ylab qo‘shimcha 25 ta mehmonxona qurish lozimligi Prezidentimiz tomonidan ta’kidlangan edi. Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda 45 nafar tadbirkorning mehmonxona qurish bo‘yicha taklifi qabul qilinib, tegishli tavsiyalar berilgan. 2019 yilning birinchi yarmida 5-6 mehmonxona ishga tushishi kutilmoqda. E’tiborli tomoni, ayrim tadbirkorlar boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ham mehmonxonaga aylantirishga bel bog‘lagan.

TUMANLARDAGI TUMAN
Bu boradagi yana bir muammo shundaki, Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlar hali-hamon tarixiy ob’ektlarni ko‘rish bilan cheklanib qolishga majbur. Xolbuki, yurtimiz o‘ziga xos noyob tabiati, asriy urf-odatlari bilan ham mehmonlar e’tiborini tortadi. Afsuski, tumanlarning aksariyatida hozircha mehmonxona mavjud emas. Nafaqat, xorijlik sayyohlar, balki ichki turizm talablari ham tumanlarda mehmonxona bo‘lishini taqozo etmoqda. Mutaxassislar fikricha, tumanda qurilgan ulkan mehmonxona faoliyati o‘zini oqlamasligi mumkin. Ayni paytda esa kichik mehmonxonaga allaqachon talab yuqori. Shu sabab, hozirda viloyat tumanlarida, hech bo‘lmasa, bittadan mehmonxona qurilishi rejalashtirilmoqda.
Ko‘rib turganingizdek, mehmonxonalar soni bo‘yicha muayyan rejalar mavjud. Endigi yana bir masala ulardagi eng muhim sharoit bilan bog‘liq. Misol uchun, Samarqanddagi mehmonxonalarning asosiy qismida avtoturargoh yo‘q. Bu ham sayyohlar uchun noqulaylik keltirib chiqaradi. To‘g‘ri, mehmonxona ixcham bo‘lsin deyapmiz. Ammo unda zarur sharoit ham bo‘lishi shart-da.
Samarqandga oilaviy tashrif buyuradigan sayyohlar ham ko‘paymoqda. Ammo hozircha aksariyat mehmonxonalarda aytaylik, bolalar uchun sharoit yo‘q. O‘zimiz borgan bir qator mehmonxonalarda bolalar yotog‘i haqida so‘raganimizda: «Mana shu katta karavotlarga bolalar ham yotsa bo‘laveradi» degan javobni eshitdik. Ammo xizmat ko‘rsatishda «bo‘laveradi» degan gapning zamoni o‘tganini anglab yetishimiz kerak endi.

UY-MEHMONXONA QANDAY BO‘LISHI KERAK?
Keyingi yillarda Samarqandda uy-mehmonxona an’anasi shakllanib kelmoqda. Buning qulay tomoni, istagan xonadonda tez fursat ichida uy-mehmonxona tashkil etib, faoliyat boshlash, qo‘shimcha daromadni yo‘lga qo‘yish mumkin. Ayniqsa, hozirgi mehmonxona tanqisligi sharoitida bu juda ham muhim. Lekin uy-mehmonxonaning talablari bor.
Qator xorijiy davlatlarda uy-mehmonxonaga o‘xshash xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Faqat ular etnografik mehmonxona deb ataladi. Negaki, uy-mehmonxonada joylashgan sayyoh shu xonadon sohiblari kundalik yumushlaridan tortib, to‘liq hayot tarzi bilan tanishishi lozim. Ayni vaqtda uy-mehmonxona qurish istagidagi ayrim tadbirkorlar esa shunchaki bo‘sh bir hovlini chiroyli bezatib, mehmon qabul qilishni mo‘ljallayotgani ertaga samarasini bermasligi ham mumkin. Ayni vaqtda nafaqat Samarqand shahri, balki, Payariq, Qo‘shrabot, Urgut tumanidagi uy-mehmonxonalarda sayyohlarga ana shu sharoit yaratilgan va ular oqimi kun sayin ko‘paymoqda.

CHORPOYADA CHOY ICHSANG
Samarqanddagi uy-mehmonxonalardan biri 50 kishiga mo‘ljallangan. Sharqona uslubda bezatilgan, hovuz yonida chorpoyalar qo‘yilgan ushbu mehmonxonada yaqin uch haftaga bo‘sh joy yo‘qligi e’tiborimizni tortdi. Samarqanddagi «Legenda» uy-mehmonxonasi esa alohida mavzu. Bu yerda zamonaviy dunyoni esga soladigan faqat bir narsa bor. U ham bo‘lsa mehmonxona nomi. Tor yo‘laklardan borib, qadimiy yog‘och darvoza oldida to‘xtadik. Qo‘ng‘iroq o‘rnida eski eshik zanjiri. Hovlida 200 yillik balxi tut va tokzor soyasida chorpoya, atrofda milliy do‘ppilar kollektsiyasi, turli qadimiy buyumlar kichik ko‘rgazmasi, hovli chekkasida samovar va qozon-o‘choq. Yotoqxonalar eshigi ham bo‘rtma uslubdagi naqshinkor yog‘ochdan yasalgan. Xonalarda hatto televizor yo‘q. Devorlarda milliy kashtalar osilgan.
– Mehmonxonada bo‘sh xona yo‘q, talab kun sayin oshmoqda, – deydi boshqaruvchi O‘rol Berdiev. – Sayyohlar bu yerda biz bilan birgalikda ko‘katli somsa va boshqa taomlarni tayyorlaydi, o‘rganadi va xohishga qarab birgalikda iste’mol qiladi. Agar bizning milliy matolar yoqib qolsa, shu atrofdagi tikuvchilik tsexi xodimlarini chaqiramiz. Sayyohning o‘lchami olinib, shu yerning o‘zida unga ham kiyimlar tikib beriladi. Mehmonxonamizga kelgan sayyoh o‘zini tamoman ko‘hna Samarqandda his etishiga harakat qilamiz. Bir narsani yodda tutishimiz kerak, o‘arb davlatlari sayyohlarini endi zamonaviylik bilan hayratlantirib bo‘lmaydi. Ammo noyob o‘tmishimiz, urf-odatlarimiz, hatto oddiy «sabzi to‘g‘rov» an’anamiz bilan ham hayratda qoldirish mumkin. Shu sabab bo‘lsa kerak, ko‘pgina mijozlarimiz, bu yerda tunab ketgan mehmonlardan eshitib, mehmonxonamizni topib kelishadi.

Anvar MUSTAFOQULOV
jurnalist


  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.