Hayratga solgan cho‘qqilar. Asil RASHIDOV:

Davlat mukofoti laureati, professor Asil Rashidov Chingiz Aytmatovning deyarli barcha asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Shu bilan birga, To‘xtapo‘lot Abdumo‘minovning “Sevgi va umid”, Mirzabek Duysenovning “Imtihon”, xitoy yozuvchisi Ma Finning “Xan Mey-Mey” asari va boshqa yozuvchilar ijodidan ham o‘ndan ziyod roman, qissa va hikoyalarni tarjima qilib,  o‘zbek kitobxonlariga havola etgan. “Lesya Ukrainka”, “O‘zbek qissalarida mehnat tasviri”, “So‘nmas yulduzlar”, “Akam haqida”, “Ezgulikka baxshida umr”, “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” va boshqa ko‘plab kitoblari bizga yaxshi tanish. Quyida adabiyotshunos olim va mohir tarjimon bilan muxbirimiz qilgan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

– Tarixdan ma’lumki, Sharq dunyo tamaddunining beshigi. Ulug‘ qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning ijodida ana shu mushtaraklikni ko‘ramiz. Birgina, “Oq kema” qissasidagi Shoxdor ona bug‘u haqidagi rivoyatlar  Sharq ruhiyatining o‘ziga xos badiiy ifodasidir. Zamondosh adibimiz asarlarini qariyb ellik yildan beri tarjimayu tadqiq qilib kelayotgan adabiyotshunos va tarjimon sifatida ayting-chi, yozuvchining badiiy mahorati, tili, uslubi va obrazlari bizga qay darajada yaqin?
– Qirg‘iz xalqining faxri bo‘lgan Chingiz Aytmatov nafaqat turkiy xalqlar, balki butun jahon kitobxonlarining sevimli yozuvchisidir. Adibning asarlari eng ko‘p o‘qiladigan V. Shekspir va L. Tolstoydan so‘ng 3-o‘rinda turadi. R. Rahmonaliev “Turkiy dunyo Alisher Navoiydan qariyb 500 yil keyin adabiyot cho‘qqisiga Chingiz Aytmatovni olib chiqdi”, deganida haq edi. U nafaqat zullisonayn yozuvchi, tarjimon, kinostsenariyst, tanqidchi, faylasuf, diplomat, balki xalqlar do‘stligi va birodarligining tolmas kuychisi sifatida ham ellarni birlashtirgan.
Chingiz Aytmatov asarlariga qo‘l urishimga, akademik Vohid Zohidov sabab bo‘lgan. Agar u kishi “Jamila” qissasini  katta qiziqish bilan o‘qib, bu ajoyib asarni o‘zbek tiliga tarjima qiling, deb maslahat bermaganlarida, Aytmatov ijodiga bu qadar sho‘ng‘ib ketmagan bo‘lardim. Adib asarlarida obraz, personaj, hattoki, har bir ibora, har bir so‘z jonli. Qahramonlari bizga yaqin va tanish odamlar. Chunki qadim turkiy ulus bu ikki shajarasining tarixi teran ildizlarga tutash. Ularning hayoti asrlardan beri bir-biriga payvasta, tili-tiliga vobasta. Ayni paytda farqi ham bor Chingiz Aytmatov asarlarida uchragan aforizmlar, maqol-matallar, frazeologizmlar va idiomalarning qirg‘iz tilidagi asliyatini izlab topishga to‘g‘ri kelgan. Bir misol. O‘zbekchadagi bahor so‘zi (fasl nomi) qirg‘izlarda jaz deb aytiladi. Tarjimon bunday o‘rinlarda hushyorlik qilmasa chalg‘ib qolishi, so‘zma-so‘z tarjima xatolikni keltirib chiqarishi mumkin.
Adib asarlarini qayta-qayta o‘qiganimiz sari o‘zimizni yangi olamga, ma’naviy dunyosi keng va musaffo, g‘oyatda rostgo‘y va samimiy insonlar orasiga kirib qolgandek his qilamiz. Aytmatov qahramonlari Muxtor Avezov aytganidek, “...qalbi keng, ichki dunyosi g‘oyatda boy oddiy mehnatkash kishilar” – ishchilar, chorvadorlar, dengizchilar, ziyolilardir. Ular o‘z taqdiri, bosib o‘tgan hayot yo‘li, saviyasi, dunyoqarashi va tashqi qiyofasi bilan bir-biriga o‘xshamaydigan tipik obrazlardir. Yuzaki qaraganda, bunday odamlar hayotining nimasi badiiy asarga asos bo‘lishi mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Biroq yozuvchi shu oddiy odamlar boshidan kechirgan voqealar, ularning orzulari, umid va armonlari, baxti va baxtsizligi misolida bir millatni emas, balki butun insoniyatni o‘ylantirayotgan, to‘lqinlantirayotgan muammolarni ko‘tarib chiqqan. 
– Chingiz Aytmatov elimiz boshiga qora kunlar tushgan, tuhmatlar yog‘ilgan saksoninchi yillarda o‘zbek xalqi haqida iliq so‘zlar aytib, ruhini ko‘tarishga harakat qilgan. Yurtimizda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini munosib nishonlash borasida Prezident qarori qabul qilingani bejiz emas. Chunki bu adib  o‘zbek xalqi sha’n-shavkatini hamisha baland tutib, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboridan quvonchlarga to‘lib yashagan.
– Darhaqiqat, Chingiz Aytmatov o‘zbek xalqining sadoqatli do‘sti, ardoqli birodari edi. Uning deyarli barcha badiiy asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, o‘n minglab nusxalarda qayta-qayta nashr etilib, allaqachon o‘zbek kitobxonlarining ko‘ngil mulkiga aylangan. U qator asarlarida, xususan, ilmiy-nazariy, publitsistik maqolalarida xalqimizning boy madaniyati, adabiyoti, ko‘hna tarixi haqida hayajon bilan to‘lib-toshib aytgan so‘zlari hamon yodimda: “O‘zbek xalqining taqdirini o‘z taqdirimdan ajratib qarolmayman”. Yana tarix haqida so‘z yuritib, ko‘hna Vizantiya qadim rusga qanday ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, qadim o‘zbek madaniyati, adabiyoti ham Markaziy Osiyoga shunday ta’sir etganini mamnuniyat bilan aytgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qarorini o‘qib, juda quvondim. Chingiz Aytmatovning o‘zbek adabiyoti hamda san’atining yirik namoyandalari bilan yaqin do‘st bo‘lgani, ijodkorlarni o‘zaro hamkorlikka undagani yuksak ibrat namunasidir.
Adib Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari ziyolilarining ta’sis qurultoyida ma’naviy birlik, adabiiy do‘stlik haqida g‘oyat kuyinchaklik bilan gapirgan edi: «Sir emaski, avvallari biz, ziyolilarning bordi-keldilarimiz, ijodiy muloqotlarimiz yaxshi edi. Yutuqlarimiz, o‘y-xayollarimizdan boxabar edik. Dekadalar, madaniyat kunlari o‘tib turardi. Eng yaxshi asarlar, romanlar, qissalar, dramalar, she’riy kitoblarni tarjima qilardik. Kinochilarimiz, rassomlarimiz bir-birlariga juda yaqin edi. Endi-chi? Bularning hammasi deyarli, to‘xtab qoldi. Hozir o‘zbek adabiyotida, xususan, yosh o‘zbek adiblari ijodida qanday yutuqlar bor, ular ne mavzularni qalamga olmoqda, qanday yangi yo‘nalishlar mavjud – bundan biz tomondagi tengdoshlarimiz bexabar. Va, aksincha, bizda nima gap, yozilayotgan, chop etilayotgan asarlarning mazmuni, g‘oyaviy-badiiy saviyasi qanday – buni sizlar bilmaysizlar. Bu holda bir-birimizdan juda uzoqlashib ketamiz. Bir-birimizni tanimay qolamiz. Bora-bora bir-birimizga ishonchsizlik, hadik ko‘zi bilan qarash boshlanadi. Beparvo yuraversak, bir-birimizga intilmasak, shu darajaga tushishimiz aniq. Bu – tuzatish qiyin bo‘lgan katta ma’naviy fojia bo‘ladi...”. Adibning bu kuyinchak so‘zlari hozir ham qanchalik dolzarb ekanini izohlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.
Chingiz Aytmatovning  jahoniy shon-shuhratiga kelsak, bunga birgina V’etnam jangchisi Ngan Xaning yozgan maktubining o‘zidan aniq javob topish mumkin: “Bu kun yana okopdaman, – deb yozadi u. – Jazirama issiq, havo dim. Handaqlarimizda g‘ir etgan shamoldan asar yo‘q. Bunday kezlarda okopda o‘tirishning turgan-bitgani azob. Biroq, biz dushman xurujini daf qilishga shay turibmiz. Havo hujumlari orasidagi trevoga tingan tanaffus paytlarida o‘zimizni bu dahshatlardan bir lahza alahsitmoq uchun hazillashamiz, gurunglashamiz, xirgoyi qilamiz.
Hozir men okopning qirrasidagi butalar ostida uzala tushib kitobingizni o‘qimoqdaman. Sizning asaringizni bunchalik zavq-shavq bilan berilib o‘qishimga nima majbur etganini o‘zim ham bilmayman. Urush tugagandan keyin jonajon korxonamga ishga qaytaman, men ham Ilyos kabi faol, ijodiy mehnat bilan mashg‘ul bo‘laman. Biroq, men hech qachon jamoa fikrini mensimasdan, hayotda qattiq adashib musibatga duchor bo‘lgan Ilyos singari azob chekmayman”. Bu hayajonli satrlardan ko‘rinib turibdiki, Chingiz Aytmatov asarlari jahonning juda ko‘p mamlakatlaridagi kitobxonlarni to‘lqinlantirmoqda. Har bir ijodkor bunday sharafga musharraf bo‘lishdan faxrlansa arziydi, albatta.
 – “Asrni qaritgan kun” romanidagi manqurt obrazi jahon adabiyotida alohida fenomen hisoblanadi. Bu asar adib hayotligidayoq katta shuhrat keltirgan. Sizningcha,  romanning kuchi nimada – badiiyatidami yoki mahluqdan farqi qolmagan inson fojiasini dahshatli tarzda ochib berganida?
 – Insonning insonligini ko‘rsatadigan, boshqaradigan asosiy qudrat XOTIRA sanalsa-yu, uni shundan judo etishsa? Qanday bedodlik?.. Manqurt obrazi kishini chuqur mushohadaga chorlaydi va munozarali bir savol ham tug‘iladi: qadim zamonlarda chindan shunaqa voqealar bo‘lganmi? Yoki u yozuvchining tasavvur mahsulimi?.. Men bu savollarga avvalo, Navoiydan javob izladim. Qarang-a, bundan qariyb olti yuz yil oldin manqurt to‘g‘risida Navoiy fikr bildirgan ekan. Mana o‘sha gaplar:
Falak boshingg‘a qoplab it terisin,
   Sen oni jahldin deb kishu sanjob.
Ajab yo‘q, odamlig‘ni unutsang,
O‘zungni bo‘yla it charmida asrob.
Bu satrlarda Chingiz Aytmatov ifodalagan o‘sha mash’um hodisa – manqurtlik mohiyati so‘zlangan. To‘g‘ri, Navoiy “manqurt” so‘zini ishlatmagan. Ammo ulug‘ shoir xotirasiz yirtqichning o‘ziga uning kimligini go‘yo sharhlagan. Navoiy talqinidagi manqurt boshiga “it terisi” qoplangan. Biroq, u johilligi tufayli uni boshqa jonzotlar – qunduz va sanjob terisi deb fahmlayotir. Uning o‘z odamligini esidan chiqarganiga ajablanmaslik kerak. “It charmi”dagi manqurtning itga aylanishi shubhasizdir. Chingiz Aytmatov: “Manqurt xuddi it kabi faqat egasini taniydi. Boshqalar bilan ishi yo‘q”, deydi. Demak, bu fikr Navoiy nazarda tutgan manqurtga ham mos. Navoiyda “bosqinchi” o‘rinda “falak” tilga olingan. Shoir johil va itoatkor manqurt kimsalarga hayotda ko‘p duch kelgan. Shu sababli, buni falak qilmishi sifatida ifodalagan.
 Mahmudxo‘ja Behbudiy ham “Qabilasining ismi va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni “qul” – “marquq” derlar”, deydi. Demak, o‘zining tarixiy ildizlarini unutgan odam – manqurt hech qachon to‘laqonli inson bo‘la olmaydi. Romanda esa bu hodisa shunday naql qilingan.
Rivoyatlarga ko‘ra, qadim zamonlarda jungjang degan bosqinchilar turkiy xalqlarning ham yerlarini bosib olishibdi. Junglar asir jangchilarni yo qul qilib o‘zga yurtlarga sotib yuborisharkan yoki ularga nisbatan behad og‘ir jazo chorasini qo‘llar ekanlar. Bu jazo tutqinning boshiga teriqalpoq tortish qiynog‘i ekan. Bunda asirlarning boshlari oldin taqir qilib qirilar, so‘ng yangi so‘yilgan tuya bo‘yin terisidan tayyorlangan qalpoq boshlariga qoplanarkan. Bunday azobga giriftor bo‘lgan qul yo o‘lib ketar yo bir umrga xotirasidan ajralib, o‘tmishini eslolmaydigan manqurtga aylanar ekan. Insoniy qadr-qimmatini fahmlay olmaydigan bunday mahluqlar faqat xo‘jayinga qulliq qilish, u buyurgan topshiriqlarni miq etmay bajarishdan nariga o‘tmas ekan. Unga qorin to‘ysa, bas. Shu – bayram. U xo‘jasining olqishiga sazovor bo‘lsa, kifoya. Manqurt topshiriq kutib yashaydi. Buyruq berilsa bo‘ldi, hatto o‘z yaqinlarini ham o‘ldiraveradi. Manqurtlik – qullik, mash’um qullik. Insonni xotiradan, aqlidan ozdirib, insoniylik xususiyatidan mahrum etish – bu dahshat, bolam deb zor qaqshagan onaizorning aqldan ozdirilgan o‘g‘li tomonidan shafqatsizlarcha otib o‘ldirishi esa undan ham dahshat. Chingiz Aytmatov Nayman onaning manqurt o‘g‘li tomonidan qanday o‘ldirilgani tasvirida manqurtlik g‘oyasi to‘liq ochib berilgan. “Manqurt” so‘zi ko‘pchilikning tilidan tushmay qolgani, qalblarni larzaga keltirgani, jahon adabiyotida yangi hodisa hisoblanishining boisi ham shunda. 
– Kitobxonlarni chuqur o‘yga toldiradigan “Qiyomat”(Kunda), Kassandra tamg‘asi” (Oxirzamon nishonalari), “Qulayotgan tog‘lar”(Mangu qayliq) romanlarida yozuvchi dunyoni terrorizm, mintaqaviy qirg‘in-barotlardan ogoh etganini ko‘ramiz. Bu asarlar nafaqat adabiy, balki ijtimoiy voqea sifatida ham tahsinga sazovordir. Bunday og‘ir mavzularni qalamga olishning o‘zi mushkul –  hammasi ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan voqealar. Aytmatov buning uddasidan chiqdi. Shunday emasmi?
 – Keling, bu boradagi mulohazalarimizni adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurovning fikrlari bilan davom ettirsak: «Hamma xalqlarning o‘z avdiylari, o‘z Bo‘stonlari, o‘z Isolari, o‘z Akbarlari, o‘z Qo‘chqorboevlari, o‘z Bozorboevlari bor. Hamma xalqlarning madaniy tarixlari markazida imon uchun kurash turadi. Imon jahondagi barcha xalqlarning tarixlarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Inson uchun kurash – umuminsoniy g‘oyadir. O‘g‘irlik, poraxo‘rlik ayrim xalqlar uchun butunlay tushunarsiz bo‘lishi mumkin. Lekin imon barcha xalqlar, barcha odamlar uchun tushunarlidir. Imon odam bolasini halokatdan saqlaydi. Imon buzilganda uning birinchi jabri tabiatga tushadi».
Adibning «Qiyomat» romani shu jihatdan hozirgi kunda butun bashariyatni o‘ylantirayotgan global muammolardan hisoblangan giyohvandlik, imon-e’tiqod masalalariga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir. Mazkur roman ilk bor 1986 yilda “Novыy mir” jurnali, 1987 yilda “Sharq yulduzi”da chop etilgan. Adib “Sharq yulduzi”ga yo‘llagan maktubida romanning nomi qirg‘iz tilida – “Qiyomat”, o‘zbekchada ham “Qiyomat” deyish joizligini aytadi. Romanda qalamga olingan voqea-hodisalar, o‘rtaga qo‘yilgan muammolar o‘z davrining dolzarb masalalari bilan hamohang bo‘lib,  qahramonlarning murakkab, chigal taqdirlari, qalb tug‘yonlari o‘quvchini hayajonga soladi. Adib o‘zi ta’kidlagandek, «Qiyomat» romani – uning dardlari, hasratlari, tashvishlari, tug‘yonlari. Ma’lumki, dunyo jar yoqasida turibdi, insoniyat qaysi yo‘ldan bormoqda? Insoniyatni, tsivilizatsiyani omon-eson saqlab qolish mumkinmi? Mumkin bo‘lsa, qanday qilib? Bu roman ana shunday umuminsoniy muammolar haqida. Muallif qiyomat-qoyim deganda dunyoni atom bombalari bilan kunpayakun qilib yuborishni emas, yaqqol ko‘rinib turgan o‘zimizni o‘zimiz giriftor qilishimiz mumkin bo‘lgan va aslida ham qiyomat-qoyim nafasi kelayotgan ishlardan qo‘rqish lozimligini aytadi.
Adibning jahon kitobxonlariga taqdim etgan so‘nggi romani: “Qulayotgan tog‘lar” (Mangu qayliq, 2006) esa mangu qayliq haqidagi buyuk oqinning so‘nggi qo‘shig‘i, real hayot bilan afsonalarga yo‘g‘rilgan o‘lmas san’at asari bo‘lib qoldi. O‘z an’analariga sodiq yozuvchi ushbu asarida ham umumjahon miqyosda fikrlaydi, yangilanayotgan dunyoda azaliy qadriyatlarni saqlab qolishga undaydi. 
– Aytmatov asarlarida ayollar obrazi alohida o‘rin tutadi. Nayman ona butun bir millat uchun qayg‘uradigan oddiy qirg‘iz ayoli, Jamila esa ko‘ngil erki uchun kurashgan qahramon sifatida jahon adabiyotida o‘chmas iz qoldirdi. Asardagi milliy xarakterni ko‘rib, Chingiz Aytmatovni hech kim rus tilida ijod qilgan, deb o‘ylamaydi. Sizningcha, u bunga qanday erishgan? 
– Nayman ona kim? Manqurtlikka qarshi isyon ko‘targan va yovuz dushmanlar ta’sirida manqurtga aylantirilgan o‘g‘li Jo‘lomon tomonidan otib o‘ldirilgan onaizor. Ona Bayit afsonasi orqali mehnatkash xalqining o‘tmishda naqadar og‘ir hayot kechirganligi Nayman ona va uning o‘g‘li manqurt – Jo‘lomonlar epizodida g‘oyatda ishonarli tasvirlangan. 
“Jamila”ni esa adib Moskvada, Oliy adabiyot kursida o‘qib yurgan kezlarida yozgan. O‘sha paytlarda u qirg‘iz dashtlari, xalqning  dardu dunyosi, muhabbati haqida asar yozish orzusida bo‘lgan. “Jamila”ni shu izlanishlarning mahsuli, deyish mumkin. Ya’ni, avvaldan yozishga chog‘lanib yurgan hayot materialini yangicha nuqtai nazar asosida talqin qilgan. “Jamila”ning bosh qahramoni favqulodda hodisa obrazdir. Go‘zal yoki badbin hayot kechirish har kimning o‘ziga bog‘liq. Jamila – kuchli xarakter, u tom ma’noda,  tozalik, go‘zallik va navqironlik timsoli.
– Bir paytlar o‘zbek tarjima maktabi ittifoq miqyosida yuksak nufuzga ega bo‘lgan. Siz ham bunga katta hissa qo‘shib, Chingiz Aytmatov asarlarini o‘zbek tiliga chiroyli o‘girgansiz.
– Chingiz Aytmatovning asarlarini asosan rus tilidan o‘girishga to‘g‘ri kelgan. Adibning o‘zi ham rus tilida yozar va asarlarini qirg‘iz tiliga tarjima qilardi. Buni o‘zining ona tili oldidagi burchi deb bilardi. Do‘stlik va hamkorlik manfaatlariga xizmat qiluvchi shu tarjimaning o‘zi ham boshqa har qanday ijodiy ish singari, turli soha kishilari – muallifdan tortib, tarjimon, tanqidchi, muharrirlar hamkorligida yaratiladi. Shu o‘rinda, tarjimon va muharrirlar Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osim, Qodir Mirmuhammedov, Vahob Ro‘zmetov, Hasan To‘rabekov, Mirziyod Mirzoidov, Ilyos Muslim, G‘ulom Shodi, Xolida Mansurova, Erkin Mirobidov, Saidahmad Xudoyberganovlarning xizmati va ko‘magini alohida qayd etmoqchiman.
– Prezidentimiz Shavkat Mirzieyovning qaroriga muvofiq, Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi yuqori saviyada nishonlanishi – bu o‘zbek xalqining Aytmatovga bo‘lgan yuksak ehtiromi va muhabbatining ifodasidir.  Bu qirg‘iz va o‘zbek hayotida nechog‘lik yangi sahifa ochadi?
– Muhtaram Prezidentimizning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, ahil qo‘shnichilik, hamjihatlik hamda o‘zaro ishonchga asoslangan siyosati davlatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarni kuchaytirish bilan birga, madaniy aloqalarni ham izchil taraqqiy etishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham xalqlarimizning boy tarixiy merosi, tili, madaniyati, qadriyatlari asrab-avaylanmoqda. Madaniy, ijodiy, jamoat tashkilotlari hamda uyushmalar o‘rtasida aloqalar qo‘llab-quvvatlanyapti. Har ikki mamlakatda tashkil qilinayotgan madaniyat kunlari, kino va teatr jamoalarining ijodiy safarlari, adabiyot, san’at hamda fan arboblari ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirlar ana shundan dalolatdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq, Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli xotira kitobi chop qilinadi, asarlari yangidan sahnalashtiriladi, xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga nomi beriladi, Parkent tumanidagi 33-maktabda byusti o‘rnatiladi, “Chingiz Aytmatov va o‘zbek adabiyoti” mavzuida ilmiy konferentsiya, ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari hamda mahallalarda taniqli shoirlar, yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar o‘tkaziladi.
Yurtimizda ko‘plab kitob do‘konlarida Chingiz Aytmatovning asarlari bor. Bu asarlar har yili necha minglab nusxada bosilib turibdi. Shuning o‘zi xalqimizning Chingiz Aytmatovga bo‘lgan yuksak ehtiromi va muhabbatidan dalolatdir.

Adiba UMIROVA suhbatlashdi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.