TEXNIKA ASRIGA SAYOHAT. Toshkent Politexnika muzeyidan reportaj

Mamlakatimizda muzeylar ham, ularning turlari ham kam emas. Mavzu yo‘nalishlari ham bisyor: tarix, adabiyot, san’at, tibbiyot, harbiy, geologiya, aloqa, tabiat...

O‘rta Osiyoda yagona Toshkent Politexnika muzeyi — ularning kenjasi. Istiqlolimiz mevasi — avtomobilsozlik sanoatining rivojiga bag‘ishlangan bu koshona “O‘zbekiston avtomobilsozligi tarixi”, “Jahon avtomobilsozligi tarixi” va “Interaktiv mashg‘ulot (praktikum)” bo‘limlardan iborat.
— “Jahon avtomobilsozligi tarixi” bo‘limi ayniqsa, retro-avtomobillar ixlosmandlarini o‘ziga keng jalb etadi, — deydi muzey ekskursovodi Shohista Ahmedova. — Chunki avtomobilsozlikning eng qadimiy namunalari, yaratilish tarixi haqidagi ma’lumotlar, yurtimizdagi ilk tramvay va trolleybuslarning nusxalari hech kimni befarq qoldirmaydi. Tomoshabin monitorlar orqali ular qaysi ko‘chalardan, qanday yurganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Masalan, “Navoiy ko‘chasi” installyatsiyasi orqali 1950 yillar muhitiga tushib qolasiz va Toshkentning eng mashhur ko‘chasi o‘tmishda qanday bo‘lganini bilib olasiz.
Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi rivoji dastlab omoch va ketmondan boshlangan. Ho‘kizga qo‘shilgan omoch ko‘pchilikning e’tiborini tortadi. Uning yonida dehqonlar mehnatini ancha yengillashtirgan dastlabki “Fordzon” (1924 yil) va “Universal” (1934 yil) traktorlari muzey kollektsiyasining iftixori sanaladi.
Milliy avtomobilsozlik sanoatining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz tarixidagi eng yorqin sahifalardandir. Muzey ekspozitsiyasi o‘zbek avtosanoatining ahamiyatga molik barcha jihatlarini o‘zida aks ettirgan. Siz bu yerda “O‘zavtosanoat” aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar maydoni maketlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida tasavvurga ega bo‘lasiz! 
Bitta avtomobil yig‘ish uchun qancha jamlovchi detal kerak bo‘lishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Avtomobilsozlikdan uzoq bo‘lgan odam uchun bu savolga javob topish oson emas. Biroq “Spark” avtokomponentlarini kuzatib, bu savolga batafsil javob topish mumkin.
Ikkinchi qavatda “Interaktiv amaliyot” bo‘limi joylashgan. Bunda siz fan va texnika olamiga eksklyuziv sayohat qilib, matematika, fizika, astronomiyaga oid bilimingizni mustahkamlashingiz mumkin. Muzeyni tomosha qilarkanman chet-ellik sayyohlarga ko‘zim tushdi.
—Bu muzey menda juda katta qiziqish uyg‘otdi, — deydi hindistonlik sayyoh Mahendra Rampal. — Meni bu yerda aniq fanlardan ulkan yutuqlarga erishgan sharq va g‘arb allomalari qarshi olgandek bo‘ldi. Ayniqsa, dunyodagi ilk o‘lchov birliklari, teleskop, yurtingiz tarixiga oid qiziqarli faktlar odamlarni e’tiborsiz qoldirmaydi.
Bu yerda siz boshqa muzeylardagi kabi eksponatlarni nafaqat ko‘rish, balki yig‘ishingiz mumkin. Abadiy dvigatel nima o‘zi? Arximed richagi-chi? Nyuton mayatnigi nima? Leonardo da Vinchi ko‘prigi? Samolyot nima uchun uchadi? Misr ehromlari qanday qurilgan? Bularning barchasi energiyaning saqlanish qonuniga bo‘ysunishiga va chig‘irli mexanizmning ishlash tamoyillari haqida bilib olasiz.
— Illyuziya xonasi bo‘limning eng qiziqarli qismi ekan, — deydi oilasi bilan muzeyga kelgan Nodira Aminova. — Ko‘pgina ma’lumotlar bilan tanishgandan so‘ng, bu yerda hordiq chiqarsa bo‘ladi. Kattalar yoshlikka qaytishlari, bolalar esa fizika qonunlari bilan turli o‘yinlar orqali tanishishlari mumkin. Teskari ag‘darib qo‘yilgan xonada shiftda yurishingiz, o‘zingizni ulkan yoki mitti odamday his qilishingiz, oynali labirintda aylanishingiz, shuningdek, raqsga tushayotgan robotlar kabi ajoyib tomoshalarni ko‘rishingiz mumkin.
Darhaqiqat, bu muzeyni oilaviy tashrif buyuradigan maskan desa bo‘ladi. Shuningdek, muzeyning bolalar maydonchasida kichkintoylar rang-barang sharlar ichida o‘ynashlari, mitti mashina va mototsiklda sayr qilishlari, o‘zlarini alpinistlardek his etib devorlarga tirmashib chiqishlari mumkin.
Quvonarlisi, muzeydagi avtomobillarning maketini, robotlar va boshqa eksponatlarni Toshkentdagi Turin politexnika universiteti talabalari yasagan. Muzeylar yosh avlod ma’naviyati va dunyoqarashini boyituvchi o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi muhim ko‘prikdir. Shu ma’noda, Toshkent politexnika muzeyi yurtimiz tarixi va uning ulkan salohiyatidan darak beruvchi, muxlislarini texnika asriga sayohatga boshlovchi muhim maskandir.

Nargiza
BOBOMURODOVA,   
“Hurriyat” muxbiri