Davlat xaridlarida SHAFFOFLIK

Har bir davlat oila kabidir. Uning o‘z xazinasi, kirim-chiqimi, o‘y-tashvishlari bor. Bu ulkan oila rivoji uchun millionlab kishilar mehnat qilib, peshona teri bilan davlat xazinasini barpo etadi. Xazinadagi mablag‘ning to‘g‘ri sarflanishi esa mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Bu o‘rinda asosiy xarajatchi davlat byudjet korxonalaridir.

Joriy yilning 9 aprel kuni davlat byudjet mablag‘larini maqsadli va tejamkor foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Qonun davlat xaridlari sohasidagi barcha munosabatlarni tartibga solib, uning ochiqligini va shaffofligini hamda bu sohada tadbirkorlarning raqobat kurashuvini ta’minlaydi. Shuningdek, davlat byudjeti markazlashtirilgan manbalar va davlat ulushiga ega korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini yaratadi. Barcha byudjet koxonalari va korporativ, ya’ni davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalarning savdolari elektron ko‘rinishga ega bo‘ldi. Natijada oldi-sotdi jarayonlari, shartnomalar, akkreditatsiyadan o‘tish, qog‘ozbozlik, mahsulot qidirish kabi qator ishlar avtomatlashdi. Endilikda bularning barchasi shaxsiy kabinet orqali elektron kalit yordamida boshqariladi. Qolaversa, mashulot yetkazib berish, to‘lov tizimining to‘liq kafolatlangani buyurtmachi uchun ham, tadbirkor uchun ham ayni muddaodir.
Qonuniga muvofiq, davlat xaridlari sohasida vakolatli organ – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi agentligi bo‘lib, “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ esa davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalini operatori sifatida belgilangan. Bugungi kunda birjada to‘rtta platforma bo‘lib, bular — birja savdolari, avtoraqamlar, auktsion savdolar, davlat xaridlarining elektron savdolaridir.
Yaqinda ishga tushgan xarid.uz axborot portalida davlat xaridlarining dastlabki natijalari hamda portaldagi savdolar jarayoni bilan kengroq tanishish maqsadida Birjaning elektron tijorat va xaridlarni tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i Jasur Yunusovga murojaat qildik.
—Portalda savdolar auktsion va elektron do‘konlarda amalga oshirilib, davlat xaridlari bo‘yicha barcha e’lonlar va ularning natijalari haqida ma’lumotlar to‘liq saytga joylashtirilmoqda. Bu o‘z navbatida davlat xaridlarining ochiq-oydinligi va oshkoraligini ta’minlayotir, — deydi J.Yunusov. — Qisqa fursatda, XARID elektron tizimida 30 mingdan ziyod byudjet tashkilotlari, 1,5 ming korporativ buyurtmachilar va 9 mingga yaqin yetkazib beruvchi tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tdi. Shu bilan birga, elektron do‘konda 16 mingga yaqin tovarlar va xizmatlar, elektron auktsionda esa 7 mingdan ortiq davlat buyurtmalari joylashtirilgan. Portalning bir oylik faoliyati davomida qiymati 12,5 mlrd. so‘mga teng 5 mingdan ziyod shartnomalar tuzildi va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda.
Portalning elektron davlat xaridlarida ishtirok etish uchun buyurtmachilar hamda yetkazib beruvchi korxonalar birjaning rasmiy vebsaytning www.uzex.uzdan elektron raqamli kalit yordamida ro‘yxatdan o‘tadi. Shuningdek, savdoda ishtirok etish uchun xarid boshlang‘ich narxining 3 foizi miqdorida zakalat va komission yig‘imlarni qoplash uchun shartnoma narxining 0,15 foiz miqdoridagi mablag‘ garov sifatida kiritiladi.
Byudjet va korporativ buyurtmachilar elektron do‘konda talabgor takliflari orasiga joylashtirilgan tovarlar, ish va xizmatlardan eng maqbulini tanlaydi va narx so‘rash mexanizmini faollashtiradi. Yetkazib beruvchilar keyingi 48 soat mobaynida xuddi shunday tovarga o‘z narx takliflarini tizimga kiritadi. Elektron tizimga kiritilgan narx takliflari solishtirilgan holda savdo g‘olibi avtomatik rejimda aniqlanadi. Buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasidagi shartnoma mijozning shaxsiy kabinetida elektron shaklda imzolanadi. Agar boshqa nomzodlar narx takliflarini bermasalar, shartnoma oferta joylashtirgan yetkazib beruvchi bilan tuziladi.
Boshlang‘ich narxni pasaytirishga yo‘naltirilgan elektron auktsion esa o‘n kun ichida amalga oshiriladi. Bu vaqt mobaynida respublikaning barcha yetkazib beruvchilari, jumladan, barcha tadbirkorlar qo‘shimcha zakalat bilan ta’minlash shartiga ko‘ra narx takliflarini berishlari mumkin. Savdo bosqichlari xarid boshlang‘ich narxining 2 foizi miqdorida belgilangan. Auktsionda eng past narx taklif etgan talabgor tizim tomonidan g‘olib deb topiladi va uning nomi portalda aks ettiriladi. O‘z navbatida shartnoma buyurtmachi va savdo g‘olibining shaxsiy kabinetida shakllanadi. Savdo narx pasayish tartibida bo‘lgani bois, byudjet tashkilotining mablag‘i bir necha barobar tejalishi mumkin.
Tuzilgan shartnoma ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab o‘n kun davomida byudjet buyurtmachilari kelishilgan mablag‘ni to‘liq hajmida Operatorning g‘aznachilikdagi maxsus hisob varag‘iga o‘tkazib beradi. Korporativ buyurtmachilar esa mazkur mablag‘ni birjaning hisob-kitob kliring palatasidagi o‘z hisob varag‘iga o‘tkazishadi. Buyurtmachi zarur mablag‘ni o‘z vaqtida kiritmagan taqdirda, uning garov mablag‘i ijrochining hisob-kitob kliring palatasidagi, keyinchalik esa jabrlangan tomonning bankdagi hisob varag‘iga jarima sifatida o‘tkaziladi. Tovar yetkazib berilmagan yoki noto‘g‘ri yetkazilgan holatlarda shartnoma bo‘yicha pul mablag‘i buyurtmachining hisob varag‘iga qaytariladi.
Xullas, mazkur qonun asosida portalning yaratilishi, davlat xaridlari borasidagi necha yillik muammolarga chek qo‘yib, savdolarning halol va shaffof bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Portal faoliyatini yanada kengaytirish va aholiga tanishtirish ustida ish olib borilyapti. 

Bobur MUHAMMADIYEV