Zavqi ZO‘R g‘ayrati ZO‘R

Keyingi yillarda mamlakatimizda erishilayotgan ulkan yutuqlar, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yuz berayotgan olamshumul o‘zgarishlar avvalo aholiga munosib hayot sharoitlarini yaratib, xalqni rozi qilishdek ezgu tamoyil asosida ish yuritilayotganining natijasidir. Oilada farovonlik ta’minlanishi uchun birinchi galda barqaror daromad manbai bo‘lishi lozim. Mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, bandlikni ta’minlashga alohida e’tibor berilayotgani ham shundan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 7 iyunda e’lon qilingan “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori ham ana shunday ezgu maqsadga qaratilgan.
“Qadimiy kasb-hunar an’analari, ishbilarmonlik salohiyati, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik kabi faoliyat turlarini keng ommalashtirish, ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish”ga yo‘naltirilgan mazkur qarorda “Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholining tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash” lozimligi belgilab qo‘yilgan.
To‘g‘ri, oilaviy tadbirkorlik xalqimiz uchun yangilik emas. Lekin tadbirkorlikka bel bog‘lagan oilalarga davlatimiz rahbari tomonidan katta imtiyozlar berilib, mavjud muammolarning bartaraf qilinishi — katta yangilik.
Uzoqqa bormaylik. Bundan 5-6 yil avval ham tadbirkorlik qilmoqchimiz, degan oilalarni mutasaddi tashkilotlar quchoq ochib kutib olmagan. Aksincha, “Otangga bor, onangga bor” qabilida ish tutib, oylab, hatto ayrim oilalarni yillab sarson qilingani bor gap. Lekin eng muhimi, barcha muammo va qiyinchiliklarni yengib o‘tib, oilaviy tadbirkorlikning afzalliklarini o‘z hayotlarida ko‘rgan, halol mehnati, astoydil intilishlarining shirin mevalaridan bahramand bo‘lib yashayotgan oilalar ham ko‘p.
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 2014 yilda o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan Abror aka Yo‘ldoshevning oilasi shulardan biri.
— O‘ylab qarasam, oilaviy korxona har bir oila tashkil qilsa bo‘ladigan va tashkil qilishi lozim bo‘lgan ish ekan, — deydi Abror aka. — Ayniqsa, tadbirkorlik qilaman, degan odamga davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilib, yetarli imkoniyat va imtiyozlar berilayotgan bugungi kunda bundan foydalanmaslik, dangasalik bo‘ladi. Faqat puxta reja tuzib, dadillik bilan ish boshlash kerak xolos.
Abror aka “puxta reja tuzib” degan so‘zni bekorga aytmadi. Chunki rejali ishning bejog‘liq bo‘lishini o‘z tajribasida sinab ko‘rgan.
Er-xotin nafaqaga chiqib, “To‘rtta toparman-tutarman farzandimiz bo‘lsa, endi nevaralarni o‘ynatib, maza qilib qarilik gashtini suramiz” deb o‘ylashgan edi. Lekin “maza qilish” uzoqqa cho‘zilmadi. Har ikkovlari ham mas’ul ishlarda ishlab, xalqning orasida yurgan odamlar emasmi, zerikib qolishdi. Ayniqsa, uzoq yillar bank, keyingi o‘n yilga yaqin tuman hokimi muovini bo‘lib ishlagan Abror akaga bekorchilik to‘g‘ri kelmadi.
Kunlarning birida u uyi yaqinidagi qarovsiz yotgan, eski bog‘ning 5 gektari auktsionga qo‘yilganini eshitib, qoldi-yu, shu yerni sotib olsammikan, degan xayol tinchlik bermay qo‘ydi.
— Olganga yarasha yaxshi joyni olish kerak-da, dadasi. Bu joyni epaqaga keltirishingizga ishonmayman, — dedi  Dilbar opa. — Qarang, yarmi chuqurlik, yarmi chiqindixona, o‘nqir-cho‘nqir joy bo‘lsa. Ustiga-ustak biror narsa ekaman desangiz, suvniyam nasos bilan 30 metr pastdan olishingiz kerak. O‘ylab ko‘ring, turgan-bitgani xarajat.
Abror aka Dilbar opaning gapini o‘ylab  ko‘rdi. O‘ylagandayam qayta-qayta o‘yladi. Baribir shu yerni sotib olaman, degan qat’iy qarorga keldi.
Farzandlari, dadasining kuchiga, aql-zakovatiga ishonganlari uchunmi, hech ikkilanmay Abror akaning rejalarini ma’qullashdi. Bu ham yetmaganday, yeb-ichardan orttirib jamg‘argan pullarini “bizdan yordam” deb o‘rtaga tashladi.
Hali uylanmagan iqtisodchi o‘g‘li Mirzabekning ham ozmi-ko‘pmi jamg‘arib qo‘ygan puli bor ekan. Uyam chetda turmadi. Hatto: “Agar korxona qoshida 20-30 ta sigir boqadigan fermacha qursak, o‘zim sutni qayta ishlaydigan tsex ochaman. Sariyog‘, tvorog, brinza, sir, qaymoq o‘zimizdan chiqadi” deb qo‘ydi. Sergelida yashaydigan kuyovi Farhodjon pul qo‘shib, qaynisini xursand qilish uchun bozordan 4 ta sigir ham olib berdi.
Shunday qilib Yo‘ldoshevlar oilasi auktsiondan yerni sotib olib, yaxshi niyatlar bilan ish boshladi. Avvalo maydon devor bilan o‘rab chiqildi. Chunki ko‘p yillar egasiz qolgan bog‘ shu atrofda yashaydiganlar uchun mol-qo‘y boqadigan joyga aylanib qolgan edi. Keyin eski daraxtlar qo‘porilib, yer tekislandi.
Nasos yordamida chiqariladigan suvni to‘plab turish uchun chuqurligi 4,5 metrlik katta hovuz qazildi.
Dehqonchilikdan sal-pal xabari bor odam biladi: 5 gektar yerni nasos bilan qondirib sug‘orish qiyin. Xarajati katta. Shuning uchun Abror aka tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida ish yuritishga qaror qildi va maydon bo‘ylab quvurlar tortildi.
— Qilgan ishlaringizni natijasi ko‘zga tashlanib qolsa, zavqingiz oshib, qo‘rquv ham tarqab ketaverar ekan, — deydi Abror aka. — Kechagi tashlandiq joyning chiroyli bo‘lib qolganini ko‘rib, endi bu yerga asl meva ko‘chatlaridan ekaman deb niyat qildim. Bankdan 270 million so‘m kredit olib Turkiyadan 2 ming tup gilos, Ispaniyadan o‘zimizning “Rizamat ota” naviga o‘xshab ketadigan, lekin ichida urug‘i bo‘lmaydigan mayizbop uzum ko‘chatlarini olib kelib, ekdik.
Mirzabekning taklifiga binoan bog‘ning bir chetidan 30-40 ta qoramol boqadigan molxona, mevalarni vaqtincha saqlaydigan ombrxona ham qurildi.
Ayniqsa, 35 sotixcha maydonda Koreya texnologiyasi asosida qurilgan teplitsa uchun katta xarajat qilishga to‘g‘ri keldi. Lekin qilgan mehnatlari, sarflagan pullari besamar ketmadi. Hozirgi kunda korxona xarajatlarini  teplitsada yetishtirilgan bodring va pomidordan kelayotgan foyda qoplayapti.
— Mahsulotlarimizni bozorga olib chiqib sotganimiz yo‘q.Chunki bunga vaqtimiz ham, imkoniyatimiz ham yetmaydi, — deydi korxona ish boshqaruvchisi. — Bozordagiga nisbatan ancha arzon berayotgan bo‘lsak ham, yutqazganimiz yo‘q. Chamalab ko‘rsam, bu yil sof daromadimiz 50 million so‘mdan oshadi.
Abror aka hali bu boshlanishi ekanini yaxshi biladi. Chunki ekkan giloslari ikki yildan keyin to‘liq hosilga kiradi. Ispaniyadan olib kelingan uzum ko‘chatlari o‘tgan yili bir tonnaga yaqin nishona berdi. Bu yilgi hosil yanada barakali bo‘lishi kutilmoqda. Nima bo‘lganda ham uzumlar kelgusi yilda shig‘il mevaga kiradi. Demak hali hammasi oldinda.
Oilaviy korxona respublika “Tadbirkor ayol” uyushmasiga a’zo. Uyushma xodimlari hamisha korxona faoliyatini kuzatib, zarur paytda ko‘mak, maslahat berib turishadi. Yaqinda bir guruh mutaxassislar kelib korxona qoshida tikuv tsexi qursalaringiz kredit, zamonaviy texnologiya olishga yordam beramiz, deyishdi.
— O‘ylab qarasam, yaxshi taklif, — deydi Abror aka. — Sayyoraxon qizim to‘qimachilik fabrikasida bichuvchi bo‘lib ishlaydi. Sex ochsak, Sayyoraxonga topshiramiz. 20-30 ga yaqin xotin-qizlar ish bilan ta’minlanadi.
Yo‘ldoshevlarning oilaviy korxonasiga 9 nafar doimiy ishchi ishga qabul qilingan. Ular ham mehnatlariga yarasha daromad ko‘ryapti.
— Turmush o‘rtog‘im Durdona bilan teplitsada ishlaymiz, — deydi Bekzod Egamov. — Teplitsa ishini tushunganimiz uchun qiynalganimiz yo‘q. Bodring, pomidorlarimiz kutilganidan ortiq hosil beryapti. Oylik maoshimiz, sharoitimizdan nolimaymiz.
— Ilgari mavsumiy, kunbay ishlarda ishlab yurardim, — deydi Guli Po‘latova. — Abror akalarning korxonasi ochilganidan keyin doimiy ishga ega bo‘ldim. Bu yerda ishlab maosh olishdan tashqari dehqonchilik, bog‘dorchilik sir-asrorlarini ham o‘rganyapman. Ishqilib, ishlab kam bo‘lmayapman.
Odamning havasini keltiradigan giloszor va uzumzorlarni aylanar ekanmiz, o‘zining ishlari, rejalari, sinovdan o‘tkazayotgan tajribalari haqida zavqlanib gapirayotgan Abror akaga qarab, ilgari boshqa ishlarda ishlab yurgan bu odamning o‘ziga notanish soha — bog‘dorchilik, va dehqonchilikda erishayotgan yutuqlarini siri nimada degan savol o‘tadi xayolimdan.
— Odam qilgan ishni odam qiladi, degan gap to‘g‘ri ekan, — deydi  Abror aka. — Buni o‘z tajribamda  sinab ko‘rdim. Faqat qaror qat’iy, intilish chin ko‘ngildan bo‘lishi kerak. O‘z ishidan zavqlana olish lozim. Zavqi bor odamning g‘ayrati bo‘ladi. Keyin oilaviy korxona ochadigan tadbirkorlarga qo‘rqmasdan mablag‘ sarflayvering degan bo‘lar edim. Chunki katta pul sarflagan odam qattiq ishlashga ham majbur.

O‘ktam ABDULLAYEV,
SH.SHOXIDOYEV (foto)
“Hurriyat” muxbirlari


  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.