Tanish-bilishchilik QULOG‘INI USHLAB KETADI

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 dekabrda qabul qilingan «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Davlat xizmatlari agentligining joylardagi markazlari ishi xalqimiz e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Namangan shahar Davlat xizmatlari markazida — zamonaviy uslubda jihozlangan fayzli zal «A», «B», «S» sektorlarga bo‘lingan. Elektron navbat chekida «A-sektor KS-1» yozuvi chiqsa — elektr energiyasi, «KV-1» — tabiiy gaz bo‘yicha, «B-sektor AJ-2» yozuvi esa —  elektron imzo masalasiga yo‘naltirilgan.

E’tiborni tortgan jihati — markazda tanish-bilishchilik, navbatda turgan kishi qolib, hozirgina kelgan odamni qabul qilishning iloji yo‘q. Qizg‘in faoliyatni kuzatarkansiz, nafaqat xizmatlar ko‘rsatish sifatining yuqoriligi, samarasi, balki murojaat etuvchi fuqarolarning zamonaviy xizmatlardan foydalanish madaniyati ham shakllanayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, markazga joriy yil 1 iyun holatiga 65 xizmat turi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 84814 murojaat tushgan. 1 iyundan boshlab esa, qo‘shimcha notarius, sug‘urta, kadastr, FHDYo bo‘limlari va pasport bilan bog‘liq, oliy o‘quv yurtlariga abiturientlardan hujjatlar qabul qilish kabi yana 30 turdan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Haydovchilik guvohnomasini yangilash uchun fuqarolar ilgari 30 kungacha vaqt sarflagan va sarsongarchiliklarni boshdan kechirgan bo‘lsa, bu masala mazkur markazda atigi uch daqiqada hal bo‘ladi.
Markaz matbuot kotibi Oydina Esonalievaning ta’kidlashicha, Toshkent Davlat yuridik universitetida o‘qishni istovchi abiturientlarning hujjatlari endi shu markazda qabul qilinmoqda. Hozircha tajriba tariqasida faqat yuridik universiteti abiturientlariga xizmat ko‘rsatiladi. Keyingi yildan mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar aynan Namangan viloyati Davlat xizmatlari markazida qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
— Namangan tumanidagi «Mezon oziq-ovqat savdo» mas’uliyati cheklangan jamiyatida mutaxassis bo‘lib ishlayman, —  deydi Asqarali Yusupov. Markazga MChJmiz uchun elektron imzo olish uchun kelgandim. Ishim sanoqli daqiqada bitdi. Davlat xaridlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tdik, endi elektron savdolarda qatnasha olamiz.
Darhaqiqat, fuqarolarning vaqt va moliyaviy xarajatlarini tejash, davlat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini oshirish hamda korruptsiyaga qarshi kurashish layoqatini shakllantirish aynan Davlat xizmatlari  markazlaridagi ish unumdorligi va sifatiga bog‘liq. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq xizmatlar ko‘rsatish milliy tizimining sifat jihatdan yangi darajaga o‘sishini ta’minlashga qaratilgan Davlat xizmatlari markazida ish namunali tashkil etilganini ta’kidlash kerak.
Biz Uchqo‘rg‘on tumanining chekka hududlaridan biri — Qo‘g‘ay qishlog‘ida Prezidentning Xalq qabulxonasi va tuman sektor rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan sayyor qabul jarayonining guvohi bo‘ldik. Namangan shahar Davlat xizmatlari markazining maxsus avtobusidagi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali qishloq ahliga shu yerning o‘zida tegishli xizmatlar ko‘rsatildi. Bunday qabullar joylarda muntazam o‘tkazib turilishi ish sifati va samaradorligni oshirishga xizmat qilayotir.
Bularning barchasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va barcha sohalardagi tub o‘zgarishlar, «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!» degan ulug‘vor g‘oyaning amaldagi ifodalaridir.

Orifjon  JO‘RAYEV.
H.MAMADALIYEV (O‘zA) olgan surat
Namangan viloyati

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.