Kashfiyot va amaliyot: o‘zgarishlar pallasi

Yurtimiz o‘zining tabiati, kimyoviy minerallarga boyligi, Mendeleev jadvalidagi barcha kimyoviy unsurlar mavjudigi bilan ham mashhur. Bunday imkoniyatdan olimlarimiz, ishlab chiqaruvchilar qay tarzda foydalanmoqda? Toshkent kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishish asnosida yuqoridagi savolimizga javob oldik.

Institut asosiy e’tiborni mahalliy xomashyo negizida organik va polimer birikmalar, ulardan olinidigan mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratib, istiqbolli polimer materiallarni yaratish borasida tadqiqotlar olib bormoqda. Kichik kimyo asosini tashkil etadigan yangi samarali ingibitorlar, antirinlar (yong‘inga bardoshli qo‘shilma), barqarorlashtiruvchi birikmalar ham mazkur institut mahsuli. Sun’iy kauchuk, poliuretanlar va boshqa polimer materiallar, polimer uchun bo‘yoqlar, yuvish vositalari, tsellyuloza, kraxmal qo‘shilmalari bo‘yicha ham bu yerda qizg‘in izlanishlar borayotir. Institut ishlanmalariga qiziqish bildirib, amaliyotga tatbiq etayotganlar bormi? Bu haqda institut direktori, O‘zFA a’zosi professor Abdulahad Jalilov shunday deydi:
— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017 —2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish xususida so‘z yuritilgan. Shundan kelib chiqib, Yurtboshimiz ilm ahli bilan uchrashib, ularning taklif-mulohazalari bilan qiziqqani hamda Innovatsiya vazirligining tashkil etilgani sohada tub burilish bo‘ldi. Ayni damda mazkur vazirlik barcha ilmiy-tadqiqot institutlari bilan izchil ish olib bormoqda. Qolaversa, Prezidentimizning joriy yil 5 apreldagi “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori barcha ilm ahlining kuchiga kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shayotir.
Import hajmini qisqartirish va fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish boshlangach korxona va tashkilotlardan murojaatlar kela boshladi. Biroq ilmiy ishlarni amaliyotda keng qo‘llashga xayrixoh kishilar hali sanoqli.
A.Jalilovning aytishicha, ayni kunda institut olimlari suv tanqisligi masalasini hal etish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishgan. Uni faqat amaliyotga joriy etish qolgan, xolos. Ma’lumki, yurtimizda 12 million gektar lalmi yer bor. Shu yerlardan unumli foydalanish borasida institut qator yangiliklarlar qilgan. Ertalabki namlik, ya’ni shudringdan birinchi darajali sug‘orish vositasi sifatida foydalanish hamda gidrogel birikmasi shular sirasidandir.
Gidrogel turli kimyoviy chiqindilardan tayyorlangan modda bo‘lib, o‘ta suvga bo‘kuvchanligi bilan ajralib turadi. Uning bir grammi 8,7 litr suvni o‘ziga sngdirib, oylar mobaynida o‘simlikka namlik berib turadi. Qishloq xo‘jaligi tizimida undan keng foydalanilsa, hosildorlik 30 foizga oshib, yer sho‘rlanishining oldi olinadi. Bundan tashqari, gidrogel solinganda paxtani vegetatsiya davrida to‘rt marta emas, ikki marta sug‘orish kifoya. So‘ngi paytda tadbirkoru fermerlarda bu birikmaga qiziqish ortmoqda. Ayni kunda uni viloyatlarda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar qilinmoqda.
Gidrogelning neft qazib olish sanoatida ham samarali ekani o‘z isbotini topdi. Neft kamayib qolgan quduqlarga gidrogel solinsa, neftning miqdori ikki barobar oshishi kuzatildi.
Institut olimlari tomonidan gaz, sovuq va issiq suvda foydalaniladagan quvurlarni erroziyaga uchramasligi uchun antikorrizon qoplamasi yaratildi. Mazkur qoplama metal quvur ustiga surtilganda chidamliligi 30-40 yilgacha uzayadi. Undan inshootlarni mustahkamlash, beton ishlarida ham foydalanish mumkin. Aytmoqchi, dizel yonilg‘isi — solyarkani minus o‘n darajada muzlamasligi uchun ham bu institutda qo‘shimchalar yaratilgan. Agar yonilg‘iga 0,1 0,5 foiz kimyoviy qo‘shimcha aralashtirilsa, 40 gradus sovuqda ham muzlamaydi. Xuddi shunday iliq fikrlarni gaz ventillarini o‘rnatishda ishlatiladigan moylovchi yog‘lar, issiqqa va yong‘inga chidamli antiprin moddasi, universal yelim, betonni mustahkamlaydigan superplastika qo‘shimchalari haqida ham aytish mumkin. Shu kabi ishlanmalari bilan institut olimlari o‘tgan yili 42 patentga ega bo‘lishdi. Ayni kunda institut tadqiqotchilari iqtisodiyot uchun muhim organik polimer birikmalar ustida ishlamoqda.
Afsuski, bugun yurtimizda sanoqli korxonalargina bu yo‘nalishda ish yuritmoqda. Bu esa mahalliy ehtiyojni qondirolmay, import hajmini oshishiga sabab bo‘layotir. Yana bir dolzarb masala— ishlab chiqarish va ilmiy tadqiqotlar uchun o‘ta muhim bo‘lgan reaktivlardir. Ular ham asosan, xorijdan keltiriladi. Ularni ham o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, kimyo sanoati yanada ildamlaydi. 
Institut yetti yildan buyon tegishli tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilmagani bois binosi, laboratoriya, tajriba xonalari ta’mir talab.
— Aslida ilmiy tadqiqot institutlarida eng zamonaviy jihozlar bo‘lishi kerak, — deydi akademik. — Chunki har bir ishni tahlil qilish, baholash uchun zamonaviy laboratoriya zarur. Afsuski, tadqiqotchilarimiz aksariyat tajribalarni qo‘lda amalga oshiradi. Holbuki, ilg‘or davlatlarda ilmiy ishlarning yetmish foizini texnika bajaradi. Bu borada tegishli choralar ko‘rilyapti, albatta. Xususan, mamlakatimiz jahonning ilg‘or davlatlari bilan ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik qilayotgani fanimiz taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Jumladan, Janubiy Koreyalik hamkasblarimiz bilan tajriba almashish va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash borasida muzokaralar olib boryapmiz. Kelgusida bu o‘z samarasini berishiga ishonaman.
Mamlakatimizda fan kashfiyotlarini amaliyotga tatbiq etish ishlari boshlandi. Sohadagi muammolar asta-sekin o‘z yechimini topmoqda. Shularni inobatga olsak, kelgusida ilmda ham, amaliyotda ham yuksak natijalarga erishilishiga ishonchimiz komil.

Bobur MUHAMMADIYEV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.