ILM etagidan mahkam tutib

Hakimboy Egamberganov 1995 yil 12 avgustda Xorazm viloyati Urganch tumanida tug‘ilgan.
Qator respublika va xalqaro olimpiadalar g‘olibi, olti oltin, bir kumush medal sohibi.
2015 yil “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, 2018 yil “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. “2017 yilning eng yaxshi talabasi” nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston — Yevropa ittifoqi mukofoti sohibi.

Kuzatuvlarning shohidlik berishicha, matematika ilmini puxta o‘zlashtirgan kishining tahliliy va mantiqiy fikrlash darajasi yuqori bo‘ladi. U nafaqat misol va masalalarni yechishda, balki hayotdagi turli vaziyatlarda ham tezkorlik bilan qaror qabul qilish, muhokama va muzokara olib borish, ishlarni bosqichma-bosqich bajarish qobiliyatini o‘zida shakllantiradi. Matematiklarga xos fikrlash kelajakda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlar, tevarak-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalar rivojini ko‘ra olish darajasiga olib chiqadi.
Matematiklar tabiati qiziq. Biroq har qanday holatda ham yengil-elpi hayotni qo‘llab-quvvatlamaydi. Boisi ular fani kabi aniqlikni yoqtiradi, hayotda ham aniq maqsad sari odimlashga urinadi.
Matematika ilmiga tamal toshini qo‘ygan buyuk alloma al-Xorazmiy diyorida tug‘ilib, voyaga yetgan Hakimboy Egamberganovga ham ana shu sifatlar begona emas.

ISHTIYOQ VA QAYSARLIK

5-6 yoshli bolaning o‘y-xayoli aksari o‘yindan ortmaydi. Biroq shu yoshida Hakimboyga matematikadan o‘zgasining qizig‘i yo‘q edi. O‘yin-kulguni uncha xushlamas, bolalarga o‘xshab uzzu kun ko‘cha changitmas, nuqul xayolida raqamlar, ularning birikuvi yo bo‘linuvidan paydo bo‘lajak sonlar kezardi. Undagi ishtiyoqni onasi payqar, o‘g‘liga ilk saboqlarni berishga harakat qilar edi. Ona matematika o‘qituvchisi edi.
Yoshidan kattaroq doiradagi misollar bobida bosh qotira boshlagan yosh matematikni Shovot tumanidagi al-Xorazmiy nomli ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘z bag‘riga oldi. Bu yerda aniq fanlarga talab yuqori edi.
Hakimboy litseyda o‘tkazilgan ichki olmipiadada 5-o‘rinni egallagachgina, atrofda o‘zidan ham zo‘rlar borligini angladi. Yana o‘qishga tushdi. O‘ngi tugul tushida ham formulayu misollardan bosh ko‘tarmadi.
Yil so‘ngida o‘tkazilgan viloyat olimpiadasida birinchilikni qo‘lga kiritdi.
Maktab internatni tamomlagan Hakimboy tahsilni Urganch Davlat universiteti qoshidagi 2-sonli akademik litseyda davom ettirdi. Toshkent tomonlardan ovozasi kelgan Umid Rahmonovdan bilim olish istagi uni O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi S.Sirojiddinov akademik litseyi tomon yetakladi. Xalqaro matematika olimpiadalarida ishtirok etgan ustoz shogirdini ham o‘sha bellashuvlarda ko‘rishni istadi. Astoydil bilim berdi. Hakimboy ilm ummoniga sho‘ng‘ib, uning mavjlarida huzurlanib suzardi.
Yosh matematik qatnashgan olimpiadalarda bellashuv boshlanmasdan avval g‘olib kimligini aniq aytish mumkin edi. Avvaliga shahar olimpiadasi, so‘ng respublika akademik litseylar va kasb hunar kollejlari o‘rtasidagi fan olimpiadasi. Barida shohsupaning cho‘qqisi uni kutardi.
Universitetning matematika fakultetiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilindi.

SAFAR VA ZAFAR

Aytishlaricha, besh yoshgacha bo‘lgan har bir bolada daholik sifatlari mavjud bo‘lar ekan. Ammo ko‘pincha, yon-atrof talablariga moslashish boladagi ana shu betakror sifatlarni so‘ndirib, uni bir qolipda fikrlovchi, bir maromda yashovchi insonga aylantirib qo‘yarmish. Qahramonimizga o‘xshash tabiatan o‘jar toifa odamlar ham borki, hech kim ularni mavjud tartiblarga, oddiy hayot tarziga qayishtirolmaydi. Bo‘yin egdirolmaydi. Maqsad va g‘oyalari sari dadil ildamlash, dunyoni o‘zgacha nigoh bilan ilg‘ash, ilmni noodatiy usullarda ishg‘ol etish ularga odat. U bugun oltita oltin, bitta kumush medali sohibi.
Yosh matematik ilk oltin medalini 2014 yili Qozog‘istonda o‘tkazilgan X Xalqaro Jautыkov olimpiadasida qo‘lga kiritdi. Ikki yuzga yaqin mamlakatdan kelgan ishtirokchilar ichida oliy mukofot o‘zbek o‘g‘loniga nasib etdi. Uning iqtidoriga tan bergan misol muallifining shaxsan o‘zi — armanistonlik matematik Nairi Sedrakyan eng yuqori balni qo‘ydi. O‘sha misolni yana besh nafar rossiyalik ishtirokchi yechgan bo‘lsa-da, barining yechimi offisial usulida edi. Birgina Hakimboy Monge’D-Alambert va Menelay teoremalaridan foydalanib, sof proektiv usulda ishladi. Matematika — qamrovi keng soha. Qalovini topsang, qor ham yonadi, deganlaridek, usulini topsangiz, har qanday misol ham noodatiy yechilishi mumkin.
Navbatdagi muvaffaqiyat 2015 yil avgust oyida Bolgariyaning Blagoevgrad shahrida talabalar o‘rtasida matematika bo‘yicha o‘tkazilgan 22-Xalqaro olimpiadada qo‘lga kiritildi. Ikki kun davomida o‘nta masala ustida bosh qotirgan ishtirokchilar orasidan yana hamyurtimizga oltin medal nasib etdi. 2017 yilda tag‘in shu yerda o‘tkazilgan 24-Xalqaro olimpiadada ham Hakimboy g‘olib chiqdi.
2016 yil Kiprning Protoras shaharchasida o‘tgan Xalqaro X SEEMOUS olimpiadasida matematigimiz 40 baldan 40 ball olib, ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ldi. Hakimboyning yutuqlarini eshita turib, hayratdan yoqa ushlaysan, kishi. Nahot mag‘lubiyat unga begona bo‘lsa, deya o‘ylanasan? Biroq, qahramonimizning ham o‘ziga yarasha “xato”lari bor. Belorussiyaning Mogilyov shahrida o‘tgan universitet talabalari o‘rtasidagi 8-ochiq matematika  olimpiadasida unga kumush medal nasib etdi. Aslida olimpiadaning baholash tizimini unchalik yaxshi tushunmagani sabab oltin medalga egalik qilolmadi. Bu haqda Hakimboying o‘zi shunday deydi:
— Bu olimpiadada savollar test usulida berildi. 30 tezkor misol. Har biriga 10 daqiqadan jami 5 soat vaqt. Kim tez topshirishi ham ahamiyatga ega ekan. Unda darajasi qiyin bo‘lgan misollarni yechgan ishtirokchilarga yuqori ballar teng taqsimlanar ekan. Qanday yo‘l bilan yechishning ahamiyati yo‘q. Javob chiqsa bo‘lgani. Men bularni bilmay, vazifani bir boshidan ishlayveribman. Oltin medal olgan raqibimning yechgan misollari menikidan kam, biroq u faqat qiyin misollarga urnagan.
Qahramonimiz omad pillapoyalari sari dadil ildamlashda davom etdi. 2017 yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan universitet talabalari o‘rtasidagi 4- va joriy yildagi 5-NCUMC olimpiadalarida ham oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Aytish kerakki, matematika bo‘yicha talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadalarda savollar, misol yo masalalar ingliz tilida beriladi. Ishtirokchi uni tushunib, xuddi shu tilda o‘z yechimini bayon etishi kerak. Demak, xalqaro olimpiadalarda faqat matematikani emas, balki chet tilini ham puxta bilish talab etiladi.

NOHUSH SAVOL

Suhbat chog‘ida qahramonimizning o‘zi unga yoqmaydigan savol haqida so‘z ochib qoldi:
Ko‘pchilik mendan misol yechishning, olimpiadaga qatnashishning nima foydasi borligi haqida so‘raydi. Ularga jahlim chiqqanini bildirmaymanda, shunday javob qaytaraman: “Futbolni nega yaxshi ko‘rasiz, nega tomosha qilasiz, o‘ynaysiz? Ayniqsa, chet el futbol klublariga telbalarcha muxlislik qilasiz? Vaholanki sizga buning hech qanday foydasi yo‘q. Matematika bilan shug‘ullanishimni ham shunday tushuning, tamom! ”
Aslida, matematika bu yigitchaning jon tomiri! Hayoti mazmuni, o‘y-xayoli, orzu-armoni!
Unda xorijda o‘qish imtiyozi bor edi. Germaniya yoki Kiprdagi nufuzli biror bilim yurtida tahsil olishi mumkin edi. Ammo o‘zbek matematikasida ham hali qilinajak ishlar, o‘rganilmagan qo‘riqlar, muammolar borligi sabab o‘z yo‘lida sobit qoldi.
Matematika bo‘yicha fan olimpiadalarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan ayrim o‘quvchi va talabalar vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanmay qoladi. Hakimboydan buning sababini so‘raganimizda, shunday deydi:
— Iqtidorning ham o‘zining foydalaniladigan vaqti bo‘ladi. Asosiysi, ana shu vaqtni topa bilishda, anglay olishda! Kimdir 5-6-sinfdaligida biror fan bo‘yicha zo‘r bo‘lishi, keyinchalik tengqurlari undan o‘zib ketishi mumkin. Menimcha, bunga ham dangasalik, ham fandan erta bezish sabab bo‘ladi. To‘g‘ri, bugun ko‘pchilik bolasini bog‘cha yoshidanoq mental arifmetika tayyorlov kurslari va shu yo‘nalishga ixtisoslashgan maktablarga qo‘ygan. Ota-onalarning maqsadi bitta — bolasida matematikaga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otish, aqlini charxlash. Biroq bilishmaydiki, mental arifmetika bolaning fanga bo‘lgan bor qiziqishni ham so‘ndiradi, haqiqiy ilmdan chalg‘itadi. Quruq yodlash, qo‘shuv, ayiruv, ko‘paytiruv, bo‘luv amallarini o‘rgangan bilan matematikani puxta egallab bo‘lmaydi. Bugun mental arifmetika birorta mamlakat ta’lim dasturiga kiritilmayotganining sababi ham shunda.

YANGI CHO‘QQILAR

Hakimboy Egamberganov bilan suhbatimiz davomida shunga amin bo‘ldikki, u bilan matematika ilmi, uning sir-sinoatlari, yo‘nalishlari haqida soatlab, gaplashish mumkin. Yosh matematik ushbu ilm to‘g‘risida shunchalar zavqlanib, sodda va tushunarli tarzda gapiradiki, o‘zingiz ham bu fanga oshno tutinayotganingizni payqamay qolasiz.
Uning aytishicha, kelgusida ta’limning magistratura bosqichini Italiyada, keyingi bosqichlarini matematika rivojlangan boshqa davlatlarda davom ettirish niyatida. Maqsadi yagona — ilm etagidan mahkam tutib, fan sohasida erishish mumkin bo‘lgan cho‘qqilarga ko‘tarilish!
Ilgarilari tabiati boy mamlakatlar, eng badavlat hisoblangan bo‘lsa, bugun odamlari g‘ayratli va yoshlari iqtidorli davlatlarning qo‘li baland. Ishonamizki, bilimi va aqli bilan dunyoni zabt etayotgan Hakimboy singari iqtidorli yoshlarimiz bor ekan, mamlakatimiz bundan-da yuksalaveradi. O‘zbek yoshlari ham ajdodlari singari yangi ilm buloqlarining ko‘zini ochib, dunyo ahlini hayratga solaveradi.

Go‘zal MALIKOVA,
“Hurriyat” muxbiri



  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.