O‘zgarishlar katta

DOVONDA NISHONLANGAN UY TO‘YI

Bugungi kunda vodiyga boradigan odam barcha qulayliklarga ega poezdni tanlaydi. Chunki keng-mo‘l, yumshoq o‘rindiqlarda “Qamchiq” dovonidagi ajoyib tog‘ manzaralarini tomosha qilib ketishga nima yetsin. Tahririyat topshirig‘i bilan Farg‘ona viloyatiga borishim kerakligini eshitib, vokzalga bordim-u, dushanba kuni ertalab poezd bo‘lmasligini bilgach, vaqt ketmasin deb taksiga o‘tirdim. Qozog‘istondan kelayotgan uch yigit hamroh bo‘ldi.
Hamrohlarimni Toshkentga kelguncha yo‘l toliqtirganmi, anchagacha atrofni kuzatib gap-so‘zsiz ketishdi. Ohangaronga kiraverishda Farruxbek hayajonini yashirolmadi:
— Qishloqlarning o‘zgarganini qarang. Ketayotganimizda shu yo‘l bo‘yida pastak ko‘rimsiz uylar, ko‘cha husnini buzib turgan binolar bor edi. Ularning o‘rnida bir pasda ko‘p qavatli uylar tiklanibdi...
— Ketganingizga bir oy bo‘lgan bo‘lsa, hali qishlog‘ingizga borib, “Bu mening qishlog‘immas” demasangiz bo‘ldi, — gapga qo‘shildi haydovchi. — O‘zgarishlar katta, uka. Har kuni Toshkentga kelib ketaman. Ertalab ketib, kechqurun qaytsam Quvada qancha o‘zgarish ko‘raman. Ishqilib, Prezidentimiz, hokimlarimiz baraka topsin, xalqni rozi qilamiz deb tinmay harakatda.
— Men ayam bilan dadam baribir unamaydi deb, Qozog‘istonga ketayotganimni aytmasdan jo‘nagan edim, — deb suhbatga qo‘shildi No‘’monjon. — Xotinga, men yetgandan keyin aytarsan, deb qo‘ydim. Borib, endi ish boshlaganimda dadam telefon qilib turibdi.
— No‘’mon, qaerdasan? — dedi.
— Falon joydaman, — dedim.
— Nimaga bir og‘iz maslahat so‘ramay ketding? Darrov orqangga qayt. Davlat imtiyozli kredit beryapti. Hamma qo‘ni-qo‘shnilar hovlisiga qo‘y-mol boylab, tadbirkor bo‘lib ketdi. Sen ham bir ishning boshini tut, foydalan.
— Xo‘p, dada, yo‘lkiraga uch-to‘rt kun ishlab pul topay, boraman, — deb zo‘rg‘a ko‘ndirdim. —
—    Prezidentimizning “Har bir oila — tadbirkor” degan farmoni chiqib, istagancha imtiyozli kredit berilayotgani ham to‘g‘ri dedi yana haydovchi. Men ham 12 million so‘m imtiyozli kredit olib, 10 bosh hisori qo‘y oldim. Bolalarim xursand, boqyapti. O‘ylab qarasam, bir yilga qolmay qarzdan qutular ekanman. 5-6 qo‘y foydaga qoladi.
Hamrohlarimiz qishloqqa borgandan keyin qiladigan ishlarini rejalashga kirishib ketdimi, har holda salonga bir muddat jimlik cho‘kdi. Faqat dovondagi xushhavo joyda joylashgan oshxonaga yaqinlashganda yo‘lga chiqqanimizdan beri suhbatga unchalik qo‘shilmay kelayotgan Akmaljon: “Shu yerda to‘xtasak, shopir aka, ertalab tuzuk choy ichmagan edik”, — deb jimlikni buzdi.
Hammamiz mashinadan tushib, so‘riga o‘tirgach, Akmaljon: “Hammasini o‘zim tashkillashtiraman” dedi-yu, bir pasda choy, non olib keldi. Ortga qaytib chorsi laganni to‘ldirib sergo‘sht choyxona palovni ko‘tarib kelib, dasturxonga qo‘ydi. Keyin:
— Bu osh bizning hisobdan, uy to‘yi, — dedi quvonchini yashirolmay. — Qozog‘istonda yursam keliningiz telefon qilib: “Suyunchi bering, bizga hokimiyat pishiq g‘ishtdan qurilgan uch xonali uy berdi. Qayting endi” deb qoldi. Shu uyning vajidan ozroq pul topib kelay, deb ketgan edim. Oilamiz katta, aka-ukalarga ota uyi torlik qilib qoluvdi. Suyunganimdan shu yerning o‘zida uy to‘yi qilib qo‘ya qoldim.
Akmaljonning quvonchiga sherik bo‘ldik. Oshdan keyin yana yo‘lga tushdik.

FARG‘ONA ANORLARI

Farg‘ona shahridan chiqib, Quva tumani boshlangan tepalikda yam-yashil barglari quyosh nurida tovlanib turgan anorzor boshlandi.
— Mana bitta yangilik: “Farg‘ona anorlari” agrofirmasi, — dedi haydovchi hamrohlarga yuzlanib. — Bilasizlar, suv tanqis bo‘lgani uchun bu yerlar bir umr dehqonga yolchimagan. Dehqonni zo‘ri endi keldi shekilli, qisqa vaqtda shuncha o‘zgarish qildi.
— Biz ketayotganda bu yerlarga ko‘chat ekilayotgan edi. Haqiqatan, chiroyli joyga aylanibdi.
Prezidentimizning shu yil bahorda Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida “Farg‘ona anorlari” agrofirmasida bo‘lgani haqida televizorda berilgan axborot yodimga tushdi. Agrofirmaga tushib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish fikri tug‘ildi. Haydovchiga: “Shu yerda to‘xtating, tushib qolaman”, dedim-da, hamrohlar bilan xayrlashdim.
Katta yo‘l bo‘yida oynavand qilib qurilgan dala shiyponida meni sochlariga oq oralagan o‘rta yashar kishi kutib oldi.
— Mastura opa kelib qoladi. Viloyat hokimiyatida ekan, — deb taklif qildi. — Men ham shu yerda ijarachiman. Ismim Xolmuhammad, — dedi u. — 3 gektar yer olganman. Bola-chaqamiz bilan harakat qilyapmiz.
— Anor ham mehnatga yarasha hosil bersa kerak?
— Beradi, mehnat qilgan bog‘bonni siylamasdan qo‘ymaydi. Hayron qolasiz, bu yerlar ham anorni sog‘inib qolgan ekan. O‘tgan yili sinov tariqasida ekilgan anorlar bu yil 5-6 tadan hosil tugib, nishona berdi. O‘zi anor to‘rtinchi yili nishona berib, oltinchi yil hosilga kirishi kerak.
— Bu yerlar toshloq ekan, muammolar ham bo‘lsa kerak?
— Qiyinchiliklar bor: suv tanqis. Bir paytlar bu yerlarni sug‘orish uchun “Qo‘chqorchi” nasos stantsiyasi qurilgan. Hozir ta’mirga muhtoj. Zo‘rg‘a 700 litrga yaqin suv boradi xolos. 300 gektar yerga yetmaydi. Mastura opa uchta quduq qazdirib, suv chiqarganidan keyin ancha yaxshi bo‘lib qoldi. Hali yana yangilarini qazdiramiz deyapti.
— Quvaning anorlari kattaligi uchun mashhurmi, shirinligi uchunmi?
— Ikkalasiyam. Odamning kallasiday keladigan anorlarni ko‘rganman. Qizilpo‘choq, qizildon navli anorlarni tatib ko‘rsangiz, Quva anorlari nega mashhur bo‘lganini bilib olasiz. Bu navlar sovuqqa chidamli, sersuv. Shunga o‘xshash navlarni ko‘paytirishga harakat qilyapmiz. 
Gapimiz tugamay oq rangli “Sobalt” shiypon hovlisiga kirib keldi.
— Ana, opa keldi, — dedi — Xolmuhammad aka turishga chog‘lanib.
Mastura opa so‘riga o‘tirib, nima maqsadda kelganimni so‘radi. Aka uzatgan choyni qo‘liga olarkan, ishdan gap ochdi:
– Prezidentimiz o‘tgan bahorda ishlarimizni ko‘rgach, mana shu shiyponda biz bilan suhbatlashib, Farg‘onada anorchilik maktabini ochish kerak, degan edilar. Ana shu gap amalga oshyapti. Farg‘ona davlat universitetida anorchilik bo‘yicha mutaxassis tayyorlaydigan zootexniya va agronomiya fakulteti tashkil etilib, oliy ta’lim vazirligining qarori bilan 25 o‘ringa kvota berildi. Hozirda universitetda anorchilikni rivojlantirish kafedrasini tashkil qilish uchun tayyorgarlik ko‘rilyapti. Anorchilikka qiziqqan yoshlarimiz ko‘p ekan, bitta o‘ringa 17 abiturient to‘g‘ri kelayotganmish. To‘g‘ri, quvaliklar qadim-qadimdan anorchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan bo‘lsa ham, shu paytgacha sharoitga mos navlarni yaratish, genomikasini tashkil etish ishlari yo‘lga qo‘yilmagan edi. Mana endi yaqin kelajakda hammasi izga tushadi. Anor va anor mahsulotlari eksportidan katta daromad  kutilyapti. Hozir shu rejalarni amalga oshirish uchun tayyorgarlik ishlari ko‘ryapmiz.
Darhaqiqat, Quva tumanidagi “Farg‘ona anorchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirma jamoasining rejalari katta. Mazkur agrofirmada 500 nafarga yaqin kishining bandligi ta’minlangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasiga uch marta deputatlikka saylangan, 1986 yildan beri rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayotgan, o‘ziga xos iqtidor va salohiyatga ega agrofirma rahbari Mastura opa Sayfutdinova bilan suhbatlashar ekanmiz, 2025 yilgacha agrofirma anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish, 2018-2020 yillarda investitsiya tariqasida Isroildan qadoqlash, Italiyadan mahsulot qabul qilish va saralash uskunalari, Niderlandiyadan muzlatkich agregatlari keltirib o‘rnatish, natijada 2 ming 400 tonna sharbat, 3 ming 600 tonna saralangan anor donachalari, 4 ming tonna qadoqlangan anor tayyorlash imkoniyatini yaratish mo‘ljallanayotganini bildik.

QUVALIKLAR QUVONCHI

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Xarakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar yurtimizga chiroy, hayotimizga yangicha mazmun bag‘ishlayapti.
Ana shunday o‘zgarishlardan Quva tumani aholisi ham bahramand bo‘layotganini har qadamda his qilish mumkin. Barcha joylarda bo‘lganidek, mazkur tuman hududi ham 4 sektorga bo‘linib aholi bilan izchil muloqot yo‘lga qo‘yilgan, muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilayotir.
Shu kungacha tumanda jami 37 ming 433 ta xonadonga uyma-uy kirib o‘rganilib mavjud muammolar aniqlandi, — deydi tuman hokimligi mutaxassisi Sherzodjon Ne’matov. — To‘qson foizi hal etilgan.
— Sektorlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga xam alohida e’tibor berilayotgani o‘zining quvonarli natijalarini beryapti. Prezidentimiz tashrifi chog‘ida 9 ta istiqbolli loyihaning taqdim etilgani ham fikrimizga dalil bo‘lishi mumkin, — deydi iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Xolmuhammad Rahimov. — Jami loyihalar qiymati 41 milliard 250 million so‘mni tashkil qiladi. Shundan tadbirkorlar o‘z mablag‘lari hisobidan 10 milliard 175 million so‘m, bank krediti xisobidan 24 milliard 575 million so‘m, hamda xorijiy investorlar hisobidan 4 milliard so‘m investitsiyalar kiritilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, «Qubbo Milk Kream» MChJda sut mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 5 milliard so‘mlik loyiha, 4 milliard 700 million so‘m o‘z mablag‘i hisobidan, 300 million so‘m bank krediti hisobidan amalga oshirilib, yangi 8 ta ishchi o‘rni yaratiladi. Loyiha shu yil yakuniga qadar to‘liq quvvat bilan ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yer maydoni va kommunikatsiyalar bilan ta’minlanishda muammolar yo‘q.
Tumanni 2017 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 150 ta loyihaga, jami, 29 milliard 616  million so‘m, shundan 15 milliard 205 million so‘m loyiha tashabbuskorlari va 14 milliard 411 million so‘m bank krediti mablag‘lari hisobidan sarflanishi belgilangan. Amalda esa 29 milliard 161  million so‘m, shundan 17 milliard 24 million so‘m loyiha tashabbuskorlari, 12 milliard 137 million so‘m bank krediti mablag‘lari sarflanib, loyihalar to‘liq amalga oshirilgan.
Tumanga joriy yilda  jami 19 million 657 ming dollar eksport prognozi belgilangan bo‘lib, shundan 19 million 450 ming dollar meva-sabzavot mahsulotlari, 207 ming dollari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisoblashga to‘g‘ri keladi. Eksportyor korxonalarning sektorlar kesimida oyma-oy mahsulot turlari bo‘yicha grafiklar ishlab chiqilibdi. Yil boshidan shu kungacha jami 34 million 250 ming dollardan ortiqroq eksport amalga oshirilgan.
Shuningdek, joriy yilda tumanda eksportga mo‘ljallangan logistika markazi umumiy quvvati 4 ming tonna bo‘lgan, qiymati 7,2 million dollarlik loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu logistika markazini tashkil etish evaziga ichki bozordan tashqari 7,5 million dollarlik maxsulot eksport qilishga erishiladi.
Ayni kunlarda tumanda “Har bir — oila tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturlari ijrosini ta’minlash ishlari jadal olib borilyapti. Masalan, “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida hamda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, shu asosda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha tumandagi “Taxtako‘prik”, “Qaqir”, “Madaniyat”, “Boyiston” mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Yoshlar mehnat guzarlari” hamda “Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga ko‘mak berish, jumladan, biznes rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi tashkil etishga kirishilgan.
Xullas, Quvada bajarilayotgan xayrli ishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Bir og‘iz so‘z bilan aytganda el orzulari ushalyapti.

O‘ktam ABDULLAYEV
“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.