O‘zbek kurashi — Osiyo o‘yinlarida

Joriy  yilning 18 avgustidan 2 sentyabrgacha Indoneziya poytaxti Jakartada XVIII Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mamlakatimiz atletlari Osiyo o‘yinlari sport musobaqalarida 1994 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Qit’amizning eng nufuzli mazkur sport musobaqasida vakillarimiz shu kunga qadar faqat yuqori o‘rinlarga da’vogarlar qatorida tilga olinadilar. Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari olimpiya harakati oilasi dasturi bilan hamohangdir. Bu, o‘z navbatida, ushbu musobaqaning nufuzi va mavqeini yanada oshiradi. Osiyo o‘yinlarida to‘plangan tajriba sportchilarda 2020 yilda Yaponiyada o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida qo‘l kelishi muqarrar. Sovrindorlarni aniqlashda kuchli raqobat, qiziqarli bahslar va janglar kuzatilishi tayin.

Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, yurtimiz sharafini bu safar Osiyo o‘yinlarida 200 nafardan ziyod sportchi himoya qiladi. Sportchilarimiz kurash, dzyudo, og‘ir atletika, futbol, karate, yengil atletika, erkin va yunon-rum kurashi, boks, kanoe kabi qator sport turlarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olishiga aksariyat muxlislar va mutaxassislar umidvor. Ayniqsa, og‘ir atletikachilarimizning imkoniyatlari ancha yuqori. Musobaqalarga murabbiylarimiz ularni to‘g‘ri tayyorlay olishsa, kamida beshta medalni shtangachilarimizdan kutsak bo‘ladi.
Biz uchun yana bir muhim xushxabar — Jakartadagi Osiyo o‘yinlarida o‘zbek kurashi bo‘yicha musobaqalarning o‘tkazilishidir. Ya’ni o‘zbek kurashi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgan. Kurash bo‘yicha ham terma jamoamiz kuchli tarkib bilan Indoneziyaga yo‘l olishi ma’lum.
Yakkakurash sport turlarida ishtirok etadigan vakillarimizning medallarni qo‘lga kiritishiga ishonsak bo‘ladi. Shuningdek, joriy yilning yanvar oyida Xitoyda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritgan futbolchilarimizdan ham umid katta. 1994 yili Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda birinchi va hozirgacha so‘nggi oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Oradan 24 yil o‘tibdiki, futbolchilarimiz bunday yutuqqa qayta erishgani yo‘q. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov turnirda ishtirok etadigan futbolchilarimiz ro‘yxatini e’lon qildi.
 Eslatib o‘tamiz, terma jamoamiz musobaqaning «B» guruhidan joy olgan. Guruh bosqichida futbolchilarimizga Tailand, Bangladesh va Qatar terma jamoalari raqib bo‘ladi. Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, futbol musabaqasiga ertaroq start beriladi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi dastlabki o‘yinini 14 avgust kuni Bangladesh terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
—    Ayni paytda Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan barcha sportchilarimiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda. Osiyo o‘yinlariga zo‘r berib tayyorlanmoqda. Barcha sport turlari bo‘yicha terma jamoalarda raqobat juda katta. Chunki eng kuchlilarini tanlab olganmiz, — deydi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti o‘rinbosari Jasur Matjonov. —  Sportchilar respublikamizning barcha hududlaridan tanlab olindi. Bungacha keng miqyosdagi saralash bahslari o‘tkazildi. Musobaqalarda o‘zlarining ko‘rsata olgan sportchilar terma jamoaga jalb qilingan. Sportchilarimizning aksariyati jismoniy tayyorgarlikni maromiga yetkazib bo‘ldi. Xullas,  barcha sportchilar bahslar boshlanishini intiqlik bilan kutyapti. O‘ylaymanki, atletlar mamlakatimiz mustaqilligining 27 yillik to‘yi o‘tkaziladigan shu kunlarda yurtdoshlarimizga bayramona kayfiyatni ulashadilar. Biz bu borada bir tanu jon bo‘lib harakat qilamiz.

Jobir XO‘JAQULOV
sharhlovchi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.