Maqsad aniq, g‘alabalar salmoqli

Qit’a sport ixlosmandlarini o‘ziga qaratgan 18-Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari tomonidan qo‘lga kiritilayotgan g‘alabalar mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi oldidan xalqimizga ajoyib tuhfa bo‘lmoqda.
Indoneziya sport arenalarida o‘tkazilayotgan musobaqalarda medallar uchun kurash keskin kechayapti. Ana shu bellashuvlarda o‘zini har tomonlama ko‘rsata olgan sportchilar maqsadlariga erishyapti. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan sportchilar hech kimdan kam emasliklarini namoyish etayotgani muxlislarni quvontirmoqda. Jumladan, tennisning yakkalik bahslarida Denis Istominning g‘alabasi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Tennis kortlarida ko‘pchilik xitoylik raketka ustalarining imkoniyati yuqoriligini biladi.

Xitoyda jahon tasnifida yetakchilar qatoridan o‘rin olgan bir nechta tennischilar bor. Ular Osiyo o‘yinlarida ham o‘z mahoratlarini namoyish etib, medallarni qo‘lga kirityaptilar. Denis Istominning finaldagi raqibi ham xitoylik raketka ustasi Yibing Vuni bo‘ldi.
Qayd etish joizki, ushbu bahs faqat Osiyo o‘yinlarining oltin medali uchun emas, balki, 2020 yilda Tokioda o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun ham kechdi. Bu esa uchrashuv ahamiyatini ikki karra oshirdi. Bahsning birinchi setida Chin tennischisi 6:2 hisobida ustun keldi. Ushbu natija barchani xavotirga solgani rost. Biroq, Denis raqibining xatolaridan ikkinchi setda unumli foydalanib, uchrashuvni o‘z foydasiga hal etdi. Qo‘shimcha uchinchi setda ikkala tennischi ham bor mahoratini namoyish qildi. Quvonarlisi, shu kuni omad yurtdoshimiz tomonida bo‘ldi. Denis Istomin oxirgi setda ham raqibini 7:6 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, oradan 16 yil o‘tib tennis bo‘yicha  Osiyo o‘yinlarida oltin medal qo‘lga kiritildi. Bunga qadar 2002 yilda Janubiy Koreyaning Pusan shahri mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlarida Iroda To‘laganova oltin medalga sazovor bo‘lgan edi. Denis 2020 yilda  o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik sportchi bo‘ldi. Afsuski qolgan tennischilarimiz kutilgan natijani ko‘rsata olishmadi. To‘g‘ri, Osiyo o‘yinlarida Denis Istomindan tashqari asosan yosh raketkachilar kortga chiqdi. Ular endi xalqaro musobaqalarda o‘zlari uchun zarur ochkolarni yig‘ib borish orqali olimpiya litsenziyasini qo‘lga kiritishlari kerak. Indoneziya kortlarida yosh tennischilarimiz yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklar federatsiya mutaxassislari tomonidan tahlil etiladi, degan umiddamiz.
Turnirda ishtirokini boshlagan bokschilarimizning yurishlari ham ko‘pchilikning diqqat markazida. O‘zbek boks maktabi nafaqat qit’ada, balki butun dunyoda mashhur. Jahonda boksi rivojlangan uchta mamlakat bo‘lsa, shundan biri O‘zbekistondir. Buni Braziliyada o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida va so‘nggi jahon chempionatida ko‘rib, guvohi bo‘ldik. Jakarta ringlarida raqiblar bokschilarimizga ikki karra katta kuch bilan qarshi turishlari ana shu omil bilan bog‘liq. Osiyo o‘yinlarida charm qo‘lqop ustalarimiz erkaklar bahslarida 9 vazn toifasida ishtirok etishyapti. Ular dastlabki bellashuvlarni 27 avgust kuni  o‘tkazishdi. Hozircha bokschilarimiz ishonchli ravishda medallar sari dadil qadam tashlashmoqda.
Musobaqalarning sakkizinchi kuni og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo, Jahon va Olimpiya o‘yinlari chempioni Ruslan Nuriddinov supachaga ko‘tarildi. 105 kilogrammgacha polvonlar kurashida ishtirok etgan vatandoshimizga Indoneziyada ham teng keladigan topilmadi. Ruslan siltab ko‘tarishda 230 kg, dast ko‘tarishda 191 kg, umumiy 421 kg og‘irlikdagi toshni ko‘tarib Osiyo o‘yinlari chempioni, degan sharafli nomga erishdi. Etiborlisi, andijonlik sportchining  ushbu g‘alabasi shtangachilarimiz tomonidan Osiyo o‘yinlarida kiritilgan ilk oltin medal bo‘ldi. Tosh ko‘taruvchi ayollar bahslarida 75 kg vazn toifasida ishtirok etgan Omadoy Otaqo‘zieva kumush medalni  qo‘lga kiritdi. U ikki urinishda 237 kg toshni ko‘tardi... 

Jobir XO‘JAQULOV
Sharhlovchi