Qish yaqin: Gaz yoqamizmi, o‘tin?

Zamon shiddat bilan ilgarilab borayotgan bugungi kunda har bir sohani innovatsion g‘oyalar hamda texnologiyalarning yangi avlodi orqali rivojlanish bosqichiga olib chiqish mumkin. Joriy yilning “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi, shu asosida davlat dasturining ishlab chiqilishida ham ana shu maqsad ilgari surilgan. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugun yangi fikr, yangi g‘oya, innovatsiyaga tayangan mamlakat yutadi.

“O‘ztransgaz” AJ faoliyati ko‘p yillardan buyon qator muammolar girdobida qolib ketdi. Aholi orasida ushbu tashkilotga, jumladan, gaz taqsimotiga bo‘lgan ishonch ancha susaydi. Jamiyat joriy yil davlat dasturi asosida qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Gaz taqsimoti bo‘yicha aholiga qanday qulaylik yaratib, iqtisodiyotga qay darajada hissa qo‘shyapti? Savollarimizga “O‘ztransgaz” AJ boshqarma boshlig‘i Akmal ESHONQULOV quyidagicha javob berdi:
— Prezidentimizning xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan g‘oyalariga tayangan holda tizimda innovatsiya, nau-xaularni tatbiq etish, modernizatsiyalash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish jarayonlari izchillik bilan olib borilyapti. Ayni paytda eng samarador va istiqbolli yettita innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarni joriy etish avvalida bir qator xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi o‘rganildi, tahlil qilindi.
Birinchi loyiha — gaz transporti tizimida dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlar yig‘imining avtomatlashtirilishi (SCADA — Supervisory  Control  And Data Acquisition) deb nomlanadi. Mazkur dastur dunyoning ko‘pgina davlatlarida keng qo‘llaniladi. Bu gaz transporti tizimida ma’lumotlarni real vaqtda qabul qilish va qayta ishlash imkonini beradi. Shuningdek, texnologik jarayonlarni mantiqiy boshqaradi, ya’ni ma’lumotlarni despetcherlik boshqaruviga avtomatik ravishda uzatib beradi. Magistral gaz quvurlarida sodir bo‘lgan avariya holatlari haqida aniq vaqtda xabardor qiladi.
Ikkinchi loyiha – tabiiy gazni ishlab chiqaruvchi korxonalardan to iste’molchigacha bo‘lgan hisobi va nazoratning besh bosqichli avtomatlashgan tizimidan (ASKUG) iborat. Ushbu tizim amalda bo‘lib, unda, avvalo, ishlab chiqaruvchi korxonalar va magistral gaz quvurlari boshqarmalarining bo‘linish chegaralariga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatiladi. So‘ng dispetcherlik boshqaruvi tizimiga ulanadi. Ikkinchi bosqichda gaz taqsimlash markazlari va viloyatlardagi gaz filiallarining yuqori bosimli gaz quvurlari chegarasiga ham shunday gaz hisoblagichlar o‘rnatilgan. Undagi ma’lumotlar esa on-layn rejimida dispetcherlik xizmatlariga uzatiladi. Navbatdagi bosqichda tumanlararo chegaralarga o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagichlar har bir tuman va shaharga kirib kelayotgan gazning aniq hisobini belgilab beradi. Endilikda ana shu bo‘linish chegaralariga o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagichlariga zamonaviy aloqa tizimlarini o‘rnatish va muayyan tartib asosida dispetcherlik xizmatlari orqali jarayonni monitoring orqali kuzatish bo‘yicha sinov ishlari olib borilmoqda. ASGUK tizimining yana bir afzalligi shundaki, yirik sanoat korxonalariga o‘rnatilgan zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar on-layn tartibda nazorat qilinadi. Ushbu tizimning yakuniy bosqichida esa, zamonaviy gaz hisoblagichlarni har bir aholi xonadoniga o‘rnatish ko‘zda tutilgan. So‘ng barcha elektron gaz hisoblagichlar yagona “Billing” tizimga ulanadi. Besh bosqichli ushbu avtomatlashgan tizimni o‘z ichiga olgan loyihaning amalga oshirilishi ishlab chiqaruvchidan iste’molchigacha yetkazilgan tabiiy gaz hisobini aniq vaqtda yuritish imkonini beradi, ishlab chiqarishda ortiqcha xarajat va chiqim kamayadi.
Uchinchi loyiha — kompressor markazlaridagi gaz haydash agregatlarining dvigatellaridan ajralib chiqayotgan issiqlik energiyasidan unumli foydalanish nazarda tutilgan. Ya’ni, ushbu issiqlik energiyasidan elektr energiyasini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mazkur innovatsion loyiha bo‘yicha hozirgi kunda Italiyaning “TURBODEN” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilyapti. Ayni paytda Andijon viloyatidagi “Xo‘jaobod” yer osti gaz saqlash omborlarining gaz haydash agregatlarida amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Bunda gaz trubinali kompressor markazida tabiiy gazning yoqilishidan hosil bo‘ladigan ko‘p miqdordagi issiqlik energiyasidan soatiga 1,0 MVt yoki yiliga 3,0 million kVt- soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga erishiladi. Ushbu texnologiyaning yana bir afzalligi shundaki, unda suv o‘rnida past haroratli suyuqlik ishlatiladi hamda ishlab chiqarish jaryonlari uchun deyarli tekin elektr energiyasidan foydalaniladi. Bu innovatsion loyihani 2025 yilga qadar yana to‘rtta ob’ektga tatbiq etish va yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishni 200 million kVt/soatga yetkazishni mo‘ljallab turibmiz.
To‘rtinchi loyiha — inson qadami yetishi qiyin hududlarni nazorat qilish uchun dronlarga ehtiyoj seziladi. Shu bois gaz transporti tizimi ishonchliligini oshirish maqsadida zamonaviy innovatsion diagnostik qurilmalariga ega pilotsiz uchish uskunalarini xarid qilyapmiz. Bular yordamida magistral gaz tarmoqlarini texnik talablar asosida o‘z vaqtida sifatli ko‘rikdan o‘tkazish, ulardagi nuqsonli uchastkalarni belgilash, magistral gaz quvurlari himoya zonalarida noqonuniy qurilmalarni aniqlash imkoni yaratiladi. Yana bir afzalligi, sohani ko‘rikdan o‘tkazishga mas’ul xodimlar ishi yengillashadi. Shuningdek, kompressor markazlari, gaz taqsimlash stantsiyalari va boshqa ob’ektlarning texnik holatlari ko‘rikdan o‘tkaziladi. Noqonuniy ulanishlar aniqlanib, bartaraf etish samaradorligi oshadi.
Beshinchi loyiha — gaz taqsimlash markazlarida tabiiy gazni odarizatsiya qilish (hid berish)ni avtomatlashtirish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida tabiiy gaz yetarli miqdorda belgilangan me’yor doirasida odarizatsiya qilinadi va insonlar gazning sizib chiqish holatlarida qurilma yordamida tezda ogohlantiriladi. Bilasiz, tabiiy gaz aslida hidsiz bo‘lib, undan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida  belgilangan me’yor bo‘yicha 1000 kub metr tabiiy gaz hajmi uchun 16 gramm odarant (hid beruvchi modda) qo‘shiladi. Tizimning avtomatlashtirilishi ish jarayonlarida xavfsizlikni ta’minlab, import qilinadigan mahsulotni tejaydi.
Oltinchi loyiha — gaz tarmoqlarini innavatsion loyihalar asosida modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bu loyiha ASKUG tizimining bir bo‘lagi bo‘lib, unda gaz taqsimoti tizimidagi jarayonlar nazorati avtomatlashtiriladi. Shu orqali aholi xonadonlaridagi tabiiy gaz bosimi bo‘yicha yuzaga keladigan mummolarga barham beriladi. Avval bizda uch xil gaz bosimi bo‘lgan: past, o‘rta va yuqori. Endilikda past bosimdan voz kechilib, yangi texnologiyalar orqali yuqori bosimni o‘rta holatga keltirib, iste’molchiga yetkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu innavatsion loyihani amalga oshirish, sinovdan o‘tkazish uchun respublikamizning turli hududlari tanlab olingan. Hozirgi paytda loyiha Qibray tumanidagi Usmon Yusupov nomli, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Shijoat”, Samarqand shahridagi “Ahillik”, Jizzax shahrining “Ravalliq” va “Uchariq” mahallalarida amalga oshirilmoqda. Misol uchun, Qibray tumani Usmon Yusupov nomli mahallada iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi o‘rta bosimli oltita gaz taqsimlash punkti olib tashlandi. Faqat bitta yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti qoldirildi. Mazkur punktga avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorat tizimi o‘rnatildi. Ayni paytda mahallaga kirayotgan tabiiy gaz bosimi, harorati to‘g‘risida “Qibraytumangaz” dispetcherlik xizmatiga on-layn rejimida ma’lumot berib borilmoqda. Gaz taqsimlash punkti faoliyatiga tashqi tomondan aralashuv bo‘lganda, dispetcherlik xizmatiga xabar beriladi. Bundan tashqari, mahalladagi ikki yuzta aholi xonadoniga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlari o‘rnatilib, avtomatlashtirilgan tizimga ulanadi. Bunda elektron gaz hisoblagichlar on-layn rejimida iste’mol qilinayotgan gaz hajmi bo‘yicha “Billingaz” dasturiga ma’lumotlar kiritib boradi. Ushbu gaz hisoblagichlarga maxsus klapanlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular masofadan turib, qarzdorligi mavjud xonadonlarni gaz ta’minotidan uzib qo‘yish imkoniga ega. Bu ishlarni nazorat qilish uchun “Qibraytumangaz” dispetcherlik xizmatiga ko‘rgazmali monitor o‘rnatilgan bo‘lib, to‘rtta bo‘limga ajratilgan. Birinchi bo‘limda gaz taqsimlash stantsiyasi (GRS)dan tumanga kirib kelayotgan tabiiy gaz ko‘rsatgichlari, ikkinchi bo‘limda esa yuqori bosimli gaz taqsimlash punktidan (GRP) mahallaga kirib kelayotgan tabiiy gaz ko‘rsatgichlari on-layn rejimida nazorat qilinadi. Uchinchi bo‘limda “Qibraytumangaz” idorasi avtomashinalari GPRS — maxsus tizimi orqali nazorat olib boriladi. To‘rtinchi bo‘limda iste’molchilarning tabiiy gaz iste’moli hajmi on-layn rejimida kuzatiladi va qarzdorligi mavjud xonadonlar masofadan turib tarmoqdan o‘chiriladi. To‘lovlarni amalga oshirgan iste’molchilar esa tarmoqqa qayta ulanadi.
Yettinchi loyiha — suyultirilgan gaz ta’minotida yangi innovatsion to‘lov tartibini joriy etishdan iborat. Hozir respublikamizda jami 3,1 million iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Ammo ayrim hollarda bunday ta’minot aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani ham sir emas. Xuddi shunday muammolarni bartaraf etish maqsadida endilikda suyultirilgan gaz yetkazib berishning ham avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda. Bunda har bir iste’molchi hisob-kitob uchun individual elektron karta bilan ta’minlanib, maxsus dasturga ulanadi. Bu iste’molchiga yetkazib berilgan suyultirilgan gaz hajmi, muddati va hisobini masofadan turib ko‘rish imkonini beradi. Ya’ni, gaz ballonlari yetkazilishida doimiy nazoratni ta’minlaydi. Ushbu loyiha joriy yilning yakuniga qadar Sayxunobod tumanida tajriba sifatida o‘rganib chiqiladi. Natijalar kutilganidek bo‘lsa, kelgusida respublika bo‘ylab joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Muxtasar aytganda, yangi innovatsion loyihalar va texnologiyalar orqali aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash sifatini oshirish, taqsimotni muntazam nazorat qilish hamda ushbu jarayonlarda inson omili ishtirokini minimal darajada kamaytirishga erishiladi. Demak, o‘tin emas, albatta, gaz yoqamiz!

Xolida FAYZIYEVA yozib oldi.
Sholaziz Shoxidoyev fotosi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.