ODIL SUDLOV. Sudlarni adolat qo‘rg‘oniga aylantirishning muhim mezonidir

Keyingi yillarda barcha sohalarda ulkan o‘zgarishlar, tizimli islohotlar olib borilayotgani xalqimiz irodasini, ertangi kunga ishonchini mustahkamlayotir. Sud-huquq tizimini isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlarning ko‘lami kengayib bormoqda. Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida sud-huquq sohasini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Xo‘sh, bu borada qanday ishlar amalga oshirilyapti? Odamlarning sudlarga ishonchi tiklandimi? 

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Xolmo‘min YODGOROV bilan suhbatimiz shular haqida bo‘ldi.

— O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari qatori sud-huquq tizimida ham mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi, — deydi X.Yodgorov. — Bu tarixiy o‘zgarish va yangilanishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash orqali fuqarolarning Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalda kafolatli ta’minlashdan iborat. Ushbu milliy taraqqiyot strategiyasining “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari” bo‘limidagi vazifalardan kelib chiqib, tizimda izchil o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Mana shu o‘tgan qisqa davrda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish, odil sudlov sifati va shaffofligini oshirish, “Xabeas korpus” institutini qo‘llashni nazarda tutuvchi ellikdan ortiq qonun hujjati qabul qilindi.

Avvalo, yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. Yurtimizda birinchi marta Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlarda 207 ma’muriy sud tashkil etildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan 85 iqtisodiy sud faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda avvalgi tartibdan voz kechildi. Noqonuniy aralashuvlarning oldini olish maqsadida ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimi yaratildi. Endilikda sudlarning xalqimiz oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi muhokamasidan o‘tkazilyapti. Sudyalikka nomzodlar haqida fuqarolarning ijobiy fikri mavjud bo‘lgandagina, ular lavozimga tayinlanayotir. Taraqqiy etgan davlatlar tajribasi asosida mamlakatimiz tarixida ilk bor sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Bu bilan sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqilligi kafolatlari kuchaytirildi. 

O‘tgan yili 6 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 111-moddasiga o‘zgartish kiritilib, yangi ta’sis etilgan Sudyalar oliy kengashiga konstitutsiyaviy maqom berildi. Asosiy qonun normasiga ko‘ra, ushbu kengash sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy printsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi.

— Strategiyada belgilangan vazifalardan biri fuqarolarning odil sudlovga to‘sqinliksiz erishishini ta’minlashdan iborat. Sizningcha, odil sudlovni ta’minlash, sudyaning el orasidagi obro‘si, xalqning unga ishonchi ortishi qaysi omillarga bog‘liq va bunga qay darajada erishilyapti?

— Ha, sudyalarning faoliyati inson hayoti bilan bevosita bog‘liq. Jinoyat sodir etgan shaxsni jazolashdan maqsad — avvalo uni to‘g‘ri yo‘lga solish, boshqalarga jabr yetkazishining oldini olish. Shuning uchun ham jazo tayinlashda ushbu qaror uni o‘zgartirishi, tarbiyalashi mumkinmi, degan savol oldimizda turishi lozim. Ya’ni, jazo jinoyatga yarasha bo‘lishi kerak. Hech bir holatda, xususan, aybi isbotlanmagan shaxsni jazoga tortishga hech kimning haqqi yo‘q. Chunki nohaq jazoga tortilgan shaxs va uning oila a’zolari, yaqinlari ko‘nglida amaldagi qonunlar, sudlarga nisbatan norozilik paydo bo‘ladi. Buni har bir sudya yodda tutishi shart. Jabrlanuvchining huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash ham o‘ta muhim masala. Shu bois sud ish holatiga xolis va adolatli baho berishi kerak. Jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar aybli shaxs hisobidan qoplanishi zarur. Shundagina adolat to‘liq qaror topadi. 

Amaldagi jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy protsessual qonunchilikda taraflar yarashgani sababli ishlarni tugatish mumkin. Ushbu institut imkoniyatlaridan foydalanish orqali nizolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etish, tomonlarning tinch-totuvligini, nizodagi har ikki tomonning sud qaroridan roziligini ta’minlashga erishiladi. Zotan, jazolashdan ko‘ra, kechirish, nizodagi odamlar o‘rtasini isloh qilish, ularni yarashtirish ishdagi taraflar uchun ham, jamiyat uchun ham foydadan holi emas. 

Ayni paytda amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha yarashuv institutini qo‘llash nazarda tutilmagan. Tuhmat, haqorat va yengil tan jarohati yetkazish singari har ikki tarafi jismoniy shaxslardan iborat bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklarga nisbatan ham yarashuv institutini qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bunda, albatta, ma’muriy huquqbuzar aybini tan olib, pushaymonlik bildirishi, jabrlanuvchi taraf bilan kelishishi, yetkazilgan zararni qoplashi ham hisobga olinishi kerak. Aynan shu toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar asosan tanish-bilishlar, oila-a’zolari, er-xotin o‘rtasida sodir bo‘lishini inobatga olsak, ma’muriy javobgarlikka tortgandan ko‘ra, yarashtirish orqali ish yuritishni tugatgan ma’qul. 

Qisqasi, sudya o‘ziga nisbatan o‘ta talabchan, tomonlarga birday muomalada bo‘lishi kerak. Jarayon ishtirokchilari bilan tortishuvga bormasligi lozim.

Yana bir muhim talab, sudya qabul qilingan sud qarorini o‘qib eshittirish bilan cheklanmasligi kerak. Qabul qilingan qarorni, taraflarning sud qaroriga nisbatan shikoyat keltirish huquqlari, uning muddati va tartibini batafsil tushuntirishi lozim. Ya’ni, sudya qonunlarni izohlab berishi shart. 

Prezidentimiz 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida har qaysi huquqni muhofaza qilish organi bevosita o‘z vakolati doirasidan chiqmaydigan, bir-birining funktsiyasini takror etmaydigan tizimni shakllantirishimiz shart, degan qat’iy talabni kun tartibiga qo‘ygani bejiz emas. Davlatimiz rahbari aytganidek, sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim. Shundagina sudya xalq ichida obro‘-e’tibor qozonadi.

— Bir paytlar odamlar sud binosiga yaqinlashishi bilan vahimaga tushardi. Ya’ni, sudga jazolovchi organ sifatida qaralgan. Sayyor sud majlislari — aholi bilan bunday ochiq muloqotlar ana shu vahimani arita oldimi? Umuman, bu yo‘nalishdagi ishlar qanday natija bermoqda? 

— Ochiq muloqot hamisha yaxshi natija bergan. Inson yuzma-yuz, ochiq muloqotdagina o‘zini emin-erkin tutadi. Ichidagi dardini bemalol ayta oladi. Aynan sayyor sud va sayyor qabullar odamlardagi o‘sha vahimani aritdi. Sud faqat jazolovchi organ emasligini, odil sudlovga erishish mumkinligini anglatdi. Ayniqsa, Oliy sud va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik Memorandumiga muvofiq olib borayotgan ishlarimizdan ota-onalar mamnun. Ilk marta jinoyat sodir etgan va qilmishidan pushaymon bo‘lganlar Yoshlar ittifoqining viloyat, tuman va shahar kengashlari tomonidan kafillikka olinib, sud zalidan ozod qilinyapti. Bu — xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimlilik va insonparvarlik namunasi. Shu bilan birga yoshlarning jamiyatga singishi, o‘z xatosini tushunib, bundan buyon to‘g‘ri yo‘lni tanlashi uchun katta imkoniyatdir. 

Endi natijalarga e’tibor qarataylik, joriy yilning to‘qqiz oyida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan barcha ishlarning qariyb 46 foizi sayyor sudlarda ko‘rib chiqildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan esa 62 657 ish shu tartibda ko‘rildi. Bundan tashqari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan aholi bilan 4 393 uchrashuv va ochiq muloqot o‘tkazildi. Shular natijasida nizolarni sudgacha hal qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, yurtdoshlarimizning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasida qulay imkoniyat tug‘ilayotir. Qolaversa, sayyor sud majlislari tufayli fuqarolar uzoq masofadan poytaxtga, viloyatlar markazlariga kelib-ketishga majbur bo‘lmayapti. Yuzaga keladigan noqulayliklar va ortiqcha xarajatlarning oldi olinayapti.

Oliy sudning yangilangan rasmiy veb-sayti ishga tushirilishi aholi uchun yana bir qulaylikdir. Unda fuqarolar va yuridik shaxslar uchun yangi interfaol xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud. Muhimi, sayt orqali sud majlislarining onlayn translyatsiyasi joriy etildi. Bu, albatta, fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlagan holda, sud ishtirokchilari roziligi bilan amalga oshiriladi. Bularning barchasi soha shaffofligini ta’minlab, adolat barqarorligiga xizmat qiladi. Prezidentimiz g‘oya va tashabbusi bilan amalda joriy etilgan bunday tizim o‘zining yuksak samaralarini berayotir

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida sud hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjudligi qayd etilgan...

— Farmon tizimdagi islohotlarning izchil, mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu hujjat odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Farmonda qator muammo va kamchiliklar mavjudligi alohida qayd etilgan. Xususan, sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash tizimi qoniqarsizligi shulardan biridir. OAV bilan hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani bois sud faoliyati lozim darajada matbuotda yoritilmasdi. Bu esa aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga sabab bo‘layotgan edi.

Farmon talablaridan kelib chiqqan holda yangicha ruhda ish olib borishga kirishdik. Avvalo, Oliy sud veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e’lon qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etildi. OAV bilan o‘zaro hamkorlik yangitdan yo‘lga qo‘yilib, sudda ko‘rilayotgan ishlar endilikda tezkorlik bilan  doimiy yoritib borilmoqda.  

Shuningdek, OAV vakillari bilan birgalikda ayollar va voyaga yetmagan yoshlar jazo o‘tayotgan muassasalarda uchrashuvlar o‘tkazdik. Bu uchrashuvlar videolavhalarda aholiga keng namoyish etildi. Ushbu lavhalarni ajralish arafasida turgan oila a’zolariga namoyish etish, ularga ajralish oqibati nimaga olib kelishini tushuntirish o‘ta samarali bo‘ldi. Shu orqali birgina joriy yilning 9 oyi mobaynida besh yuzdan ortiq oila yarashtirildi. 

Samarqandda bo‘lganimizda farzandlari voyaga yetib qolgan, ammo yetti yildan beri alohida yashayotgan er-xotinni qayta shar’iy nikohdan o‘tkazdik. Mana bu OAVning kuchi, odamlarning o‘z huquq va burchlarini anglashdagi muhim o‘rnidir.

Viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari har chorakda brifinglar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Oliy sud sudlov hay’atlari ko‘rayotgan nazorat tartibidagi ishlar hamda viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar ko‘rib chiqayotgan apellyatsiya va kassatsiya tartibidagi ishlar obzorlari ham har chorakda e’lon qilib borilayapti. Bu sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini yanada keng xabardor qilishning samarali usulidir. 

Ta’kidlaganimizdek, Oliy sud veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e’lon qilish tartibi joriy etildi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali sud qarorlaridan ma’lumot olgan fuqaro bir tomondan o‘zining huquqiy muammolariga yechim topsa, boshqa tomondan, yurtdoshlarimiz ularning mazmun-mohiyatidan muntazam xabardor bo‘lib boradi. Misol uchun, shu paytgacha ba’zi sudyalar sud qarorini o‘qib eshittirish bilangina chegaralangan bo‘lsa, endilikda uni qabul qilish uchun asos vazifasini o‘tagan holatlarni ham jarayon ishtirokchilariga tushuntirib berayotir.

— Islohotlar natijasi qanday, sizning bu boradagi xulosalaringiz-chi? 

— Ochiq aytish kerak, qonun ustuvorligiga erishish uchun, avvalo, eskicha fikrlash, qotib qolgan qarashlardan voz kechish zarur. Ayni paytda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasini ustuvor vazifa deb qarash, bu jarayonni tubdan tezlashtirish eng dolzarb masala bo‘lib qolyapti. Sud-huquq tizimining liberallashuvi bu shunchaki qonun talabining yumshatilishi yoki yengillashtirilishi emas, balki qonunlarning insoniylik va demokratik asoslari mustahkamlanishidir.

Konstitutsiyamizning 26-moddasiga muvofiq, sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilishi uchun sharoit yaratib beriladi. Bugungi kunda ushbu konstitutsiyaviy qoida amalda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Natijada noqonuniy va asossiz ayblangan yuzlab hamyurtlarimiz oqlanib, el-yurt, mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘larining oldida yuzlari yorug‘ bo‘lyapti. Islohotlar natijasini quyidagi raqamlarda ko‘rish mumkin. 

2018 yilning o‘tgan to‘qqiz oyida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 36 889 nafar shaxsga nisbatan 28 730 ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichlar 2017 yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo‘yicha 37,9 foiz, ishlar bo‘yicha esa, 36,5 foiz kamaygan. 590 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingan. 

Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 6 914 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda amalga oshirilgan natijalarga e’tibor beraylik. Muqaddam apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instantsiyalarida qabul qilingan qarorlar bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun yuborilgan va bu ishdagi taraflarning ortiqcha ovoragarchiligini keltirib chiqargan. Amaldagi Fuqarolik Protsessual kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi bu masalaga chek qo‘yib, endilikda har bir instantsiya o‘z vakolati doirasida ish bo‘yicha qaror qabul qilishi ta’minlanmoqda. Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning apellyatsiya va kassatsiya instantsiyasida ishlarni yangidan ko‘rish uchun yuborishiga barham berildi. Oliy sudda 2018 yilning 9 oyida jami 502 ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingani buning dalilidir.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yil 9 oyida jami 7539  ish taraflarni yarashtirish orqali tugatilgani, ya’ni nizoga barham berilib, taraflar o‘rtasidagi munosabatlar saqlanib qolgani katta ahamiyatga ega.

Muxtasar aytganda, oldimizda turgan vazifalar — sud tizimining bosqichma-bosqich demokratlashtirilishi, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy tamoyilga qat’iy rioya qilish, shubhasiz, doimo markaziy o‘rinda turadi.

Xolida FAYZIYEVA

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.