Taraqqiyot sari dadil qadamlar. Innovatsion g‘oyalar O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi erishayotgan yuksak muvaffaqiyatlarda muhim omil bo‘lmoqda

«O‘zbekiston tovar-xomashyo» birjasi (UZEX) da tovar bozorlari va elektron tijorat yo‘nalishida innovatsion g‘oyalar asosida shart-sharoit yaratilgan, unda savdolar ochiq-oydin, shaffof, oshkoralik, eng muhimi, barcha ishtirokchilar uchun tenglikni ta’minlash tamoyillari asosida o‘tkaziladi.

 ZINAPOYA

«O‘zbekiston tavor-xomashyo» birjasi 1994 yilda tashkil etilgan. O‘tgan yillar mobaynida rivojlanishning murakkab bosqichlarini bosib o‘tdi. Xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilib, amaliyotga tadbiq etildi. Brokerlik idoralari va savdo maydonchalari tarmog‘i yaratildi, ovoz berish yo‘li bilan auktsionlar o‘tkazilmoqda. Birja savdosining elektron tizimi joriy etilgan.

Shuningdek, tadbirkorlarning tovar resurslaridan erkin foydalanishini ta’minlash uchun valyuta savdo maydonchasi yaratildi. Birja mutaxassislari tomonidan internet savdo va kliring tizimlari modernizatsiya qilinib, elektron davlat va koorporativ xaridlar yo‘lga qo‘yildi hamda savdo-sotiqning yangi shakllari va yo‘nalishlari o‘zlashtirildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, valyuta maydonchasi asosan eksport bilan shug‘ullanuvchilar uchun yaratilgan.

2017 yilda birjaning Brokerlar zali zamonaviylashtirildi. Barcha xonalar texnologik asbob-uskuna va aloqa vositalari bilan jihozlandi. Bundan tashqari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va mehmonlarni qabul qilish zonalari, elektron terminal, ma’lumotlar uchun LED monitorlar va axborot kiosklar o‘rnatildi. Natijada birjaga tashrif buyurgan mijoz o‘zi uchun mutaxassis yoki broker bilan bevosita bog‘lanish imkoniga ega bo‘ldi.

 TUZILMADA NIMA GAP?

 Birjaning tarkibiy tuzilmasiga viloyatlar tizimidagi 13 hududiy filial va tumanlarda joylashgan uch yuzdan ziyod savdo maydonchalari kiradi.

Ayni vaqtda birjada 4 savdo platformasi mavjud. Bular birja savdolarining elektron tizimi, ko‘rgazma-yarmarka savdolari, avtoraqamlarni sotish bo‘yicha onlayn auktsion, elektron davlat xaridlaridir.

 YUTUQLAR SARHISOBI

 So‘nggi 10 yil ichida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 7 marta oshdi. 2017 yil yakuniga ko‘ra, savdo hajmi 13,8 trillion so‘mni yoki 3,1 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu esa mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 5 foiziga to‘g‘ri keladi.

UZEX mamlakatimiz tovar segmentida o‘tkaziladigan elektron savdolar operatori sifatida yuqori texnologik kompaniya hisoblanadi. Har kuni birjada 5 mingdan ziyod bitim tuzilib, savdolarda 4,5 mingdan ziyod mijoz qatnashmoqda. Birja orqali sotilgan tovarlarning hajmi va nomenklaturasi yildan-yilga ortib bormoqda.

Birjada o‘ttizdan ortiq axborot tizimlari, 8 vebsayt, 5 mobil ilova va yigirmadan ziyod interaktiv xizmat turlari mavjud. Elektron va onlayn savdolar jarayonida mijozlar raqamli imzodan keng foydalanadilar.

 BARAKALI SAVDO

 Birja faoliyati diversifikatsiya qilindi. Shunga qaramay, savdolar UZEXda qo‘llaniladigan asosiy vosita hisoblanadi. Tuziladigan bitimlarning 80 foizdan ziyodi birja savdolari orqali amalga oshiriladi. 

Asosiy zalda ikki yuzdan ziyod brokerlik idorasi ishlaydi. Boshqa brokerlar birjaning hududiy filiali va savdo maydonchalarida joylashgan. Har bir brokerlik idorasi alohida va mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadi.

Savdolar haftaning dushanbadan jumagacha, ya’ni kuniga 2 marta sessiyada amalga oshiriladi. Kunduzgisi soat 9:00 dan 11:50 gacha va kechkisi esa 14:00 dan 16:50 gacha o‘tkaziladi. Savdoga asosan yuqori likvid va monopol turdagi tovarlar qo‘yiladi. Shu jumladan, qurilish materiallari, oziq-ovqat, neft mahsulotlari, suyultirilgan gaz, qora va rangli metallar, paxta tolasi va momig‘i, mineral o‘g‘itlar, kimyo mahsulotlari, chorva uchun yemlar savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

Brokerlik idoralari o‘z mijozlarining elektron shaklida beriladigan buyurtmasiga muvofiq savdoda ishtirok etadi. To‘lovlar Hisob-kitob kliring palatasi orqali amalga oshiriladi hamda ushbu mexanizm yordamida tuzilgan bitimlarning ijrosi kafolatlanadi.

Birjada ishtirok etmoqchi bo‘lgan mijozlar bitim qiymatining 10 foizigacha garov mablag‘ini kiritadi. Ushbu avans to‘lovi shartnoma majburiyatlari bajarilmagan holda jabrlangan tomon foydasiga aybdor tomonidan undiriladi. 

 INTERNET BOZOR

 Birjaning birinchi internet savdo tizimi 2005 yilda yuridik shaxslar uchun tashkil etilgan. Mazkur tizimda istalgan turdagi tovarlar sotiladi, ular sirasiga qurilish materiallari, ehtiyot qismlar, iste’mol mahsulotlari, xo‘jalik mollari, kompyuter uskunalari singari tovarlar kiradi. Auktsionlar raqobat yoki raqobatsiz shaklda brokerlarning vositachiligisiz ham o‘tkazilishi mumkin. Joriy yilning o‘tgan davrida valyuta maydonchasi va internet savdosi orqali 87,1 million AQSh dollariga teng mahalliy mahsulotlar eksport qilindi, o‘sish darajasi 82 foizga teng bo‘ldi. Shu jumladan, eksportga polietilen (ulushi – 30 foiz), paxta tolasi (28 foiz), rangli metallar (18,5 foiz) va neft mahsulotlari (13 foiz) sotildi.

 XALQARO ALOQALAR

 — O‘tgan davrda O‘zRTXB xalqaro birjalar va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini kengaytirdi, — deydi Birja raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farohidin Ibrogimov. — Xususan, tajriba almashish maqsadida Qozog‘iston “YeST” tovar, Qirg‘iziston fond va Belarussiya universal tovar birjasi bilan hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Moskva birjasi, Sankt-Peterburg xalqaro tovar-xomashyo hamda Turkiya fond birjalari bilan biznes aloqalari o‘rnatildi.

Natijada ichki bozorda narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan yoki kam miqdorda ishlab chiqariladigan import tovarlar savdolarini tashkil etishning yangi mexanizmi tashkil qilindi. Ushbu mexanizm bevosita import tovar ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish orqali ichki tovar bozorlarida narxlarni barqarorlashtirish imkonini beradi.

 AVTORAQAMLAR SAVDOSI

 2017 yildan boshlab birjada avtotransport vositalari uchun davlat raqam belgilarini sotish mexanizmi ishga tushirildi. Raqamlarni onlayn savdoga qo‘yish O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakat xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Qulay tomoni auktsionda ishtirok etish jarayoni to‘la shaxsiy kabinet orqali masofadan turib amalga oshiriladi. Qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarni talab etmaydi. Auktsion davomida eng yuqori narx taklif qilgan ishtirokchi g‘olib, deb topiladi. Shu yilning o‘tgan 9 oyida onlayn auktsion orqali avtoraqam.uzex.uz vebsaytida 13,2 ming avtomobil raqami sotildi. Umumiy qiymati 75,8 milliard so‘mni tashkil qildi. Joriy yilda avtomobillar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilarining ikkinchi va uchinchi toifalarining boshlang‘ich narxlari pasaytirilishi avtoraqamlar tizimida sotuv darajasining keskin oshishiga sabab bo‘ldi.

 DAVLAT XARIDLARI

 Joriy yildan boshlab birja davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uz maxsus axborot portalining operatori etib belgilandi. Ushbu portal orqali davlat xaridlarining shaffofligi, ochiq-oydinligi va samaradorligi ta’minlanadi. Elektron xaridlar elektron do‘kon va auktsion shaklida amalga oshiriladi.

Buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar faqat elektron raqamli imzo yordamida ishtirok etadi. Xaridlar narxlar so‘rovi va teskari auktsion tarzida amalga oshiriladi. Tizimda Hisob-kitob kliring palatasi orqali bitimlar ijrosini kafolatlash mexanizmi qo‘llaniladi. Portal O‘zbekiston Respublikasida davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot resursi hamda davlat xaridlarini boshlang‘ich narxni pasaytirib borish mexanizmi asosidagi elektron auktsion va do‘kon shakllarida o‘tkaziladigan onlayn savdo maydonchasi hisoblanadi. Davlat xaridlari bo‘yicha elektron tizimda birjaning Hisob-kitob kliring palatasiga garov mablag‘ini kiritish orqali kafolat amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Prezidentimizning 2018 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori  asosida davlat xaridlari bo‘yicha elektron auktsion o‘tkazilish muddati 10 kundan 5 kungacha, portalda tanlov o‘tkazilishi haqidagi e’lonni joylashtirish muddati esa 30 kundan 10 kungacha qisqartirildi.

Joriy yilning may oyidan sentyabr oyigacha portalda 309 mingdan ortiq shartnoma imzolandi, ularning qiymati 917,6 milliard so‘mni tashkil qildi. Xususan, byudjet buyurtmachilar tomonidan umumiy qiymati 558,2 milliard so‘mlik 257 mingdan ziyod bitim tuzilgan bo‘lsa, koorporativ buyurtmachilar tomonidan 359,4 milliard so‘mga teng 51 mingta shartnoma elektron tarzda imzolandi. Elektron do‘konda tuzilgan bitimlarning umumiy qiymati 312,6 milliard so‘mni, elektron auktsion orqali esa 605,0 milliard so‘mni tashkil etdi. Tuzilgan bitimlarda  kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining ulushi 96 foizdan oshdi.

Shuningdek, elektron do‘kon orqali 30,8 milliard so‘mlik mablag‘ tejalgan bo‘lsa, elektron auktsion o‘tkazilishi natijasida 130,3 milliard so‘mlik mablag‘lar iqtisod qilindi.

 ISTIQBOLDAGI REJALAR

 Birjaning rivojlanish strategiyasi ustuvor yo‘nalishlari doimiy tarzda savdo tizimlarini takomillashtirish, sohaga aloqador barcha turdagi xizmatlarni taqdim etish, xorij birjalari bilan aloqalarni rivojlantirish va savdoning zamonaviy shakllarini joriy etishdan iboratdir.

Bir vaqtning o‘zida qo‘shni mamlakatlarning birjalari bilan elektron tizimlarni bog‘lash va jahonning ilg‘or birjalari ishtirokida o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. 

O‘z navbatida, jahonning yetakchi birjalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish tovar derivativalari bozorlarini yaratish va rivojlantirishda ularning boy tajribasini o‘rganish imkonini beradi. UZEX kelajakda jahon standartlariga to‘la javob beruvchi fyuchers shartnomalari orqali birja savdosini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.

Jobir RAZZOQOV

Sholaziz Shoxidoyev fotosi

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.