Boychechakni ko‘rganlarning umri uzun bo‘lg‘usi

Navro‘z — yaxshilik, go‘zallik bayrami. Quvonchu shodlik, shukronalik ayyomi! Allaqachonlar xalqimizning qon-qoniga singib ketgan qadimiy, shu bilan birga bobolardan nevaralariga, nevaralardan kelajakka o‘tib boraveradigan umrboqiy qadriyatimizdir u. Azal-azaldan qish-qirovli kunlarda bir-birini yo‘qlay olmagan qarindoshlaru mahalladoshlar bayram bahona bir-birining diydoriga to‘yishgan. Xalq sayillari, “Darveshona” kabi milliy yig‘inlar, baxshilar bellashuvi, lapar aytishuvlar, kurashu ko‘pkarilar, xo‘roz, qo‘chqor urishtirish kabi milliy o‘yinlar Navro‘z shukuhidan darak bergan.

Zahmatkash olimlarimizning ilmiy izlanishlari shundan dalolat beradiki, Navro‘z uch ming yildan ortiqroq tarixga ega. Uning ildizlari neolit davriga borib taqaladi. Boshqacha aytganda, insoniyat o‘zi yashab turgan sayyora, uning koinotdagi o‘rni haqida mulohaza yurita boshlagan davrlardan boshlab bu bayramga ehtiyoj tug‘ilgan. Dastlab u o‘troq dehqonlar orasida rasm bo‘lgan, keyinchalik yarim o‘troq va ko‘chmanchi xalqlarning ham urf-odatiga aylangan. Shundanmi, xalq orasida Navro‘z bilan bog‘liq ertaklaru rivoyatlar talaygina. Bu ko‘hna ayyom haqida ilk yozma manbalar sifatida Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk”, Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Umar Hayyomning «Navro‘znoma», Firdavsiyning «Shohnoma», Alisher Navoiyning «Tarixi muluki Ajam», Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si, qolaversa, boshqa ulug‘ ajdodlarimizning asarlari tilga olinadi. “Avesto”da ham bahor ayyomi haqidagi mifalogiyaga asoslangan qarashlar mavjud. Jumladan, unda shunday fikrlar ilgari suriladi: «Qachonki, bug‘doy gurkirab ko‘karsa, devlar dahshatdan titray boshlaydilar. Qachonki, bug‘doy un bo‘lsa, devlar nola chekadilar. Qachonki, bug‘doy xirmonga uyulsa, devlar nobud bo‘ladilar. Qay bir xonadonda bug‘doy bosh chiqarsa, u xonadonga devlar yaqinlasha olmaydi».

Dehqonlar yerga urug‘ qadashi munosabati bilan «Dalaga qo‘sh chiqarish», «Shoxmoy», «Ekin sayli», «Qo‘sh oshi» nomlari bilan yuritiluvchi   marosimlar o‘tkazilgan. Hosilni yig‘ib olishda esa «Ona bug‘doy», «Xirmon to‘yi», «Hosil bayrami» kabi tantanalar bo‘lgan. «Ona bug‘doy» marosimida oxirgi tutam bug‘doy o‘rib olinganidan so‘ng u biror ibratli xonadonga olib borilib, uyning to‘riga osib qo‘yilgan va ko‘klamgacha avaylab saqlangan. Bahorda uning bir qismidan non yopilib, dalada ish boshlagan dehqonlarga ulashilgan. Qolgan qismidan esa urug‘lik sifatida foydalanilgan. o‘allakorlar «Ona bug‘doy»dan tayyorlangan nonni yeb: «Bu yil ham hosil mo‘l-ko‘l bo‘lsin!», «Navro‘zning qadami qutlug‘ kelsin!» deya duo qilib, yerga urug‘ sepishgan. Ayni marosimlar zamirida mehnat ulug‘ligi, non qadri kabi tushunchalar mujassamdir. 

Abu Bakr Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida ham bu haqda aniq ma’lumotlar bor. Uning yozishicha, o‘rta asrlarda Buxoroda bu bayram «Navro‘zi kishavorzon» — dehqonlar bayrami deyilgan. Zahmatkash dehqonlar aynan ushbu kunda dalaga qo‘sh chiqarib, dastlabki urug‘ni yerga qadaganlar. Yerni haydashdan oldin xo‘kizlarning shoxlari va bo‘yinturug‘ini yog‘ bilan moylaganlar va yangi yilning qut-barakali bo‘lishini Allohdan so‘raganlar.

Xitoy muarrixlaridan biri Vey-Sze esa qadimgi samarqandliklarning Navro‘zi haqida shunday yozgan: «Oltinchi oyning birinchi kuni ularda yilboshi hisoblanadi. O‘sha kuni podsho ham, xalq ham o‘zlarining yangi liboslarini kiyadilar, soch-soqollarini oldirishadi. Ular shaharning kunchiqar tarafida bir daraxtzor yonidagi maydonda to‘planishib, bayram qiladilar. Yetti kun mobaynida mohir chavandozlar ot choptirib turib, o‘z kamonlaridan nishonni mo‘ljallab o‘q otish bahsida qatnashadilar».

Qadimdan O‘rta Osiyo va Eronda Navro‘z nafaqat xalq, balki davlat bayrami sifatida ham nishonlangan. Umar Hayyomning «Navro‘znoma»sida ta’kidlanishicha, ilk bahor bayramida Ajam podshohlari barcha zamonlarda iloji boricha dasturxonni yaxshiroq bezatishni odat qilganlar. Turli xildagi taomlar bayram qatnashchilariga tortiq qilingan.

Bunday qadimiy manbalar, chindan ham, bu ko‘hna bayramning xalqimiz ko‘ngil mulkiga aylanganini, asriy orzulari, o‘y-xayollari, tafakkuri mahsuli ekanini dalillaydi.

Navro‘z bilan bog‘liq manbalarni o‘rgana turib, xayolim bolalik damlarim tomon ketdi. Har yil ko‘klam nafasi sezila boshlagach, yodimga tushadi: “Kim birinchi boychechak topadi?” musobaqasini uyushtirardik. Birinchi bo‘lib, boychechakni topgan tengqurimizga havas bilan qarardik. Xuddi u bir gul emas, tilla topib olgan. Xullas, o‘sha boychechakli boyvachchaga qo‘shilib, kimning uyida momosi bo‘lsa, o‘sha uyni taqillatmasdan kirib boraverardik: “Boychechagim boylandi...” Momolar, bobolar ko‘zida yosh bilan boychechakni peshonasiga surtib, to‘yib-to‘yib hidlashardiyu bizga atashganini ulashardi. Darvozadan kuzata turib, “Ana endi o‘lmayman, bolalarim” deb qo‘yishardi ba’zan...

O‘shanda bu gapning ma’nosini tushunmaganimiz aniq. Ammo buni qarangki, tushunib-tushunmaganimiz shu gap shuurimizga muhrlanib qolgan ekanki, bugun eslab turibman...

Yana o‘sha paytlar mahallamizning oqsoqollariyu kayvonilari xalqqa jar solib, bir hovuchdan bug‘doy, bir siqimdan guruch yig‘ishardi. Birato‘lasi masalliqni olib bermoqchi bo‘lganlarga, albatta, rad javobini berishardi. Axir, bu ota-bobolardan qolgan udum. Mahalladan yig‘ilgan bug‘doyni kayvoni momolar sumalak uchun undirishar, bu orada bobolar o‘tinu, osh uchun sabzi, piyoz g‘amini yeyishardi. Xullas, oradan hafta o‘tib Navro‘z arafasida el orasida “Darveshona” deb ataladigan yig‘in o‘tkazilardi. Keng dashtda, lolaqizg‘aldoqlar orasida yerga sholcha to‘shab  o‘tirish, xotin-qizlarning biri qo‘yib, biri lapar aytib o‘ynashini tomosha qilish, bo‘z yigitlarning davra talashib, kurash tushishlariga guvoh bo‘lishning zavqi, gashti bo‘lakcha! 

Darvoqe, kurash haqida. Kurash xalqimizning er-yigitlarni or-nomus, shijoat va halollikka undovchi musobaqasidir. Bu musobaqada nafaqat jismoniy kuch, balki zukkolik va chayirlik, ichki tuyg‘ularning sobitligi ham muhim. Bunda faqatgina kuchlar emas, iroda, shijoat va mardlik sinaladi. Shuning uchun ham polvon uchun yulduz sanash eng og‘ir siniqlikdir. Bir-birida “gapi bor” yigitlar uchun kurash ayni muddao. Shunday davralarda (hech esimdan chiqmaydi) hali o‘smirlik yoshiga ham yetmagan ukam o‘zidan yoshi kattaroqlar bilan ham kurashaverardi. Kuragi yer ko‘rmaganidan havolanibmi, jo‘raboshi bo‘lib olgan. Xullas, o‘sha yilgi Navro‘zda undan zo‘rroq polvon chiqdi. Aslida-ku u yangi polvon emasdi. O‘tgan yili ukam uni ikki yonbosh, bir halol bilan yiqitgandi. Ammo bu yil qarangki, ahvol chatoq! Xullas, katta polvonlarga hangoma topildi! Ukamning esa burni biroz qonagan. Men opalarcha girdikapalakman. Lekin u burni qonagani uchun emas, boshqa  — men u paytlar hali tushunmaydigan narsaga yig‘lardi. Yig‘lay turib, yig‘laganidan uyalibmi, menga zarda ham qilardi. Hangomatalab kattalarning orasidan chiqib, otam ukamning yelkasiga shapatiladi: “Xavotir olma, o‘g‘lim, Navro‘z yana keladi!”

Ha, undan keyin ko‘p Navro‘zlar keldi. Bugun ham bir qishloqning bo‘z yigiti kurash davrasida g‘ozday turgan bo‘lsa, ajab emas...

Navro‘z nishonalaridan biri sumalakdir. Aslida sumalak pishirish shunchaki bir taom tayyorlash emas, balki ko‘ngil ochish va ko‘ngil so‘rash marosimi deyish to‘g‘riroq bo‘lardi. Bunda qishning sovuqlaridan bezgan odamlar quyoshli kunlarga yetkazganiga shukrlar aytib, ilik uzildi paytda darmon bo‘luvchi ne’matni tayyorlashadi. Bu jarayonda har kimning o‘z yumushi bor. Er-yigitlar bir kechayu bir kunduz davomida o‘choqdan uzilmasligi kerak bo‘lgan o‘tinlarni g‘amlashadi. Kayvoni momolar bosh-qoshligida sarishtali ayollar sumalakning shirasini tayyorlab, bo‘y qizlar suv tashishni yelkasiga oladi. Gapga chechan xotinlar gurung berib, o‘lanchilar childirma chalib, sho‘x-sho‘x laparlardan ayta boshlaydi. Ichiga qish tutuni to‘lgan, g‘ayratini yuragiga sig‘dira olmagan xotin-qizlar davrada raqsga tushib, qiyqirishadi. Xullas, sumalakning shakarsiz ham shirin bo‘lishida sir ko‘p.

Tuni bilan qozon kovlab, bomdoddan keyin ko‘zi ilingan momolar bir xushxabardan quruq qoladiganday usti yopib qo‘yilgan qozon boshiga to‘planishadi. Ularning orasidan eng xosiyatli kampir yopqichni ochadi. U qozonga ko‘z tikib, sumalakka tushgan naqshlardan nimalarnidir o‘qimoqchi bo‘lgan yosh-yalangga tushuntirib qo‘yadi: “Bu chinor bargining surati. Umrimiz uzun, rizqimiz butun bo‘larkan. Bu yil barakali keladi, inshoolloh”. Yoki “Bu quyosh suratiku, ko‘rmayapsanmi, Bibish?! Bu yil hosil mo‘l bo‘ladi. Arzonchilik bo‘ladi, Xudo xohlasa”. 

Xullas, yig‘ilganlarning qalbi shirin orzu-umidlarga to‘lib, qo‘llarida “farishtalar mehri tushgan taom”ni ko‘tarib, uy-uylariga tarqalishadi. Ayniqsa, bolakaylar uyqu aralash ko‘zchalarini ishqalab, qozon atrofida aylanishib, “shirin ovqat”ni mazza qilib yalab olishadi. Keyin esa keksalaru bemorlarga g‘izillagan bolarilar kabi bahoriy taomni tarqatib yurishadi. Bu beg‘ubor ko‘zlarga boqib, “Farishtalar yuvib qo‘ysin yuzingdagi sumalakning yuqini” degingiz keladi!

Ha, bir taom bahona ahillik, birdamlik, mehr-oqibat tuyg‘ulari yerdan bosh ko‘tarayotgan maysalarday gurkirab o‘saveradi. Aslida Navro‘z shuning uchun ham qadrli emasmi! Shuning uchun ham uch ming yilda necha-necha  avlod almashdiyu, bu bayram xuddi mehr kabi, muhabbat kabi hamon bardavomdir. 

Aslida nafaqat bizda, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida bahoriy ayyomlar nishonlanadi. Misol uchun, yaponlarda — «Risson», xitoylarda «Chultsze», slavyanlarda «Maslennitsa» degan bayramlar bor. Hindistonliklar Navro‘zga o‘xshash «Divali», «Xoli», «Dashera» nomli tantanalar uyushtirishadi. Dog‘istonda «Birinchi shudgorlash kuni», avarlarda «Otsbay», darg‘inlarda «Kiu baxrumi», laklarda «Karas ishvu» deb atalgan bahoriy ayyomlar o‘tkaziladi. Dog‘istonda birinchi shudgorga butun ovul yig‘ilgan. Qo‘sh xo‘kizlar bamisoli qo‘g‘irchoqdek bezatilgan. Birinchi shudgorga sepiladigan bug‘doy har bir xonadondan bir siqimdan olingan ekan. Qadimgi Xitoyda esa qo‘shga xo‘kiz o‘rniga yangi kelin-kuyovlar qo‘shilgan. Shundan so‘ng ommaviy sayillar boshlanib, unda ko‘plab yoshlarning nikoh to‘ylari o‘tkazilgan.

Chindan ham, bahor har bir millat uchun uyg‘onish pallasi. Ammo biz, Markaziy Osiyo xalqlari uchun Navro‘z umumxalq bayrami, o‘xshashi yo‘q ayyom. Ayniqsa, uning odamlarga quvonch ulashuvchi, mehr-oqibat ko‘rsatuvchi xususiyati alohida e’tirofga loyiq. Misol uchun, bayram kunlari hokimliklar, mahalla faollari, xayr-ehson tashkilotlari xodimlari Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz keksalar huzuriga kelib, ularni qutlab, sovg‘a-salomlar ulashishadi. 

Keyingi yillarda yaxshi an’anaga aylanayotgan Navro‘z munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanayotgani bayram ruhining bardavom bo‘lishini ta’minlayotgandek. Qolaversa, aynan dam olish kunlari mamlakat ichida temir yo‘l transporti chiptalari va aviachiptalar narxida chegirmalar e’lon qilinishi nafaqat ichki turizm, balki mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga ham zamin yaratmoqda. Ayniqsa, oilaviy sayohatga chiquvchilar uchun 50 foizli chegirmalarning mavjudligi xalqimizni quvontirgani rost gap. 

Mana shularning o‘zi ham Navro‘z biz uchun nechog‘lik qadrli va bebaho shodiyona ekanidan dalolat. Yangilanish ayyomi bahona yurt kezib, diyorimizda bo‘y ko‘rsatayotgan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, oddiy odamlar orasiga kirib borib, elimiz hayotidagi o‘zgarishlar, ularning nigohidagi umid olovlarini ilg‘ash ham buyuk saodat. Bekorga Navoiy bobomiz, “Har kuning Navro‘z o‘lsun!” deya tilamagan.

Men ham yaxshi niyatlar ijobat bo‘ladigan dorulomon kunlarda, faqat quvonchlar, shodliku baxtiyorliklar yarashadigan bayramda o‘g‘il-qizimni olib ota tuproqqa sayohatu ziyoratga borishni ko‘nglimga tugdim. Shu bahona bemor keksa bobomga boychechak olib bormoqchiman. Axir, o‘sha o‘zidan ham so‘zi ko‘hna momo aytganlaridek, “Boychechakni ko‘rganlarning umri uzun bo‘lg‘usi”. Navro‘z barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!

Sitora TOJIDDINOVA,

jurnalist.

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30

.