Uzuk ko‘zidagi gavhar. Poytaxtimizda bunyod etilgan “Humo Arena” sport koshonasi barcha yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch baxsh etmoqda

 

Toshkent shahrining qoq markazida yangi qurilgan “Humo Arena” sport kompleksining ochilish marosimini tomosha qila turib, ko‘z oldimdan bir paytlar televizor orqali namoyish etiladigan muz ustida figurali uchish bo‘yicha musobaqalar o‘tdi. Rahmatlik Sattor aka degan bir qadrdonimiz o‘sha musobaqalarni nihoyatda qiziqib, miriqib tomosha qilardi. Kimdir televizorni boshqa kanalga o‘tkazgudek bo‘lsa urushib: joyiga qo‘y. Agar bilsalaring, bunday uchishlar har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Bu ham bir iqtidor, kerak bo‘lsa, eng go‘zal san’at, deb tanbeh berardi. 

 

 “Sog‘ tanda sog‘lom aql”, deydilar. Mazkur naql ming yillar davomida o‘zining xalqchilligini isbotlab kelmoqda. Bugunni qo‘ya turaylik, sobiq sho‘rolar davrida ham mamlakatimizdan jahonga mashhur sportchilar yetishib chiqqan. Misol uchun, boks bo‘yicha jahon chempioni Rufat Risqievning shuhrati hamon tillardan tillarga o‘tib keladi. Uning jasoratini, ringdagi g‘olibona mushtlarini endilikda yurtdoshlarimiz Hasanboy Do‘stmatov, Fazliddin o‘oyibnazarov, Shaxram o‘iyosov kabi o‘nlab o‘zbek bahodirlari davom ettirmoqda. Yoki bo‘lmasam, o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida Toshkentda “Yubileyniy” muz sporti saroyi, “Binokor” xokkey jamoasi, Toshkent viloyatida esa tog‘-chang‘i trassasi mavjud bo‘lganini eslasak,  jismoniy tarbiya hamda sportning bu turlari biz uchun yangilik emasligi ma’lum bo‘ladi. Faqat ularni yanada rivojlantirish borasida bir muncha kechikib qolayotgan edik. Yangidan faoliyat yurita boshlagan “HUMO ARENA” majmuasi shubhasizki, sportchilarimizning bu sohada yanada yuksak marralarni egallashlariga katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, yaqinda Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan sport haftaligida 3 millionga yaqin xotin-qiz ishtirok etgan. Keyingi ikki yilda mamlaktimizda sport bilan doimiy shug‘ullanadiganlar soni ikki barobar ko‘paydi. Ular orasida figurali uchish bo‘yicha sport ustalari, nomzodlari anchagina. O‘zbekiston sportchilari qishki sport o‘yinlari, aytaylik so‘zimizning boshida keltirganimizdek, sportning eng qiziqarli turi hisoblangan figurali uchish, xokkey, tog‘-chang‘i va boshqa sport turlari bo‘yicha Vatanimiz sharafini baland shohsupalarga ko‘tarishga intilishmoqda. Jumladan, fristayl bo‘yicha qishki Olimpiya o‘yinlarida va figurali uchish bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari, shuningdek, boshqa xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan medallar buning dalilidir.  Ayniqsa, figurali uchish yosh sportchilarimiz orasida keng tarqalib bormoqda. Zotan, sportning bu turi shunchaki jismoniy tarbiya emas. Aksincha, o‘ta mahorat talab qiladigan san’at hamdir. O‘zbek yigit-qizlari esa o‘z san’atini nafaqat soz va ovozda, shuningdek, chuqur tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan tana harakatlari bilan ham namoyon etishga to‘la haqlidirlar. Shu bois bo‘lsa kerak, mamlakatimiz sportchilari o‘rtasida sportning figurali uchish turi ham keng tarqalgan. Jumladan, o‘tgan yili figurali uchish bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining yakkalik bahslarida Shohsanam Tohirova, Komila Faradaeva, Mariya Filipova chempionat shohsupasiga ko‘tarildi. “HUMO ARENA” sport kompleksining ishga tushirilishi bilan aytganimizdek, sport yulduzlarimiz endi dunyo talablariga to‘la-to‘kis javob beradigan mashg‘ulot maydoniga ega bo‘ldilar. 

Ha, ona diyorimizda barcha sohalar qatori sportda ham yuksak iqtidor egalari oz emas. Gap ularning saflarini kengaytirishda, buning uchun yangi sport inshootlari, jismoniy tarbiya komplekslarini ko‘paytirish, yangilarini qurishda qolgan edi. Kuzatuvchilar tomonidan MDHda muqobili yo‘q sport kompleksi sifatida ta’riflanayotgan “HUMO ARENA” majmuasining bunyod etilishi hech bir mubolag‘asiz tarixiy voqea bo‘ldi.   

Ma’lumki, shu yilning 15 mart kuni “HUMO ARENA” muz saroyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qatnashdi va nutq so‘zladi. Shuningdek, Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti Rene Fazel va boshqa chet ellik mehmonlar, diplomatlar, jahon sporti yulduzlari, dunyoga mashhur madaniyat va san’at namoyondalari, Respublikamizning keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Prezidentimiz o‘z nutqida yurtimiz sportchilari turli xalqaro musobaqalarda mingdan ortiq medallarni qo‘lga kiritgani, ular orasida 400 dan ortig‘i oltin medallar ekanini alohida ta’kidlar ekan, endilikda O‘zbekistonda boks, dzyudo, erkin kurash, badiiy gimnastika, shaxmat va sportning boshqa turlari bo‘yicha shakllangan maktablar butun dunyoga ma’lumu mashhurligini faxr bilan aytdi. Ushbu zamonaviy muz saroyining ishga tushirilishi, dedi mamlakatimiz rahbari. O‘zbekiston sporti tarixida yangi bosqichni boshlab beradi. Mazkur inshoot o‘zining ilg‘or me’moriy va muhandislik-qurilish yechimlari, texnik jihozlanish darajasiga ko‘ra noyobdir. Biz hamkorlarimiz — yetakchi kompaniyalarning eng so‘nggi ishlanmalarini jalb etishga harakat qildik.

Albatta, har qanday yangilikni bitta-yarimta o‘zicha “boshqacha” talqin qiladiganlar ham topilar. Ushbu inshootni ba’zan uzoqdan, hatto umuman ko‘rmay turib ham unga “baho” beradiganlar-da, uchraydi. Biz bir masalani yodda tutishimiz lozim. Bu masala o‘zbek xalqining nafaqat hayot tarzini, shuningdek, Respublikaning ijtimoiy infratuzilmasini ham yangi asosda qayta qurish masalasidir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zining dastlabki chiqishlaridanoq “bundan buyon eskicha yashab bo‘lmaydi” deya bejiz uqtirib kelayotgani yo‘q. Shunday ekan, Prezidentimizning yuqorida aytgan gaplarining mag‘zini tushunib yetish saodatini barchaga tilagan bo‘lar edik.  

Shubhasiz, o‘z-o‘zidan ayonki, bunday ulkan va betakror inshootlar katta xarajatlar, zahmatli mehnatlar evaziga yaratiladi. Ammo xalqning salomatligi yo‘lida qurilayotgan qanchadan-qancha sport inshootlari, kasalxonalar, poliklinikalar, maktab va boshqa o‘quv dargohlari har qancha xarajat talab qilmasin, hayotimiz uchun, kelajagimiz uchun o‘ta muhimdir. 

Ha, bir paytlar ham xokkey sporti uchun inshoot qurilgan edi. Aytarsiz: “o‘sha binoni tiklasa bo‘lmasdimi?” deb. Yo‘q bo‘lmasdi! Chunki o‘sha sport binosi o‘tgan yigirma besh yillik davrda butunlay boshqa maqsadlarda foydalanib kelindi. Undagi uskunalar zamonaviy sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun yaramaydi. Masalaning yanayam muhim tomoni shundaki, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bugungi ijtimoiy siyosatning asosida shahar va qishloqlarimizning, jumladan, poytaxt Toshkentning, oxir-oqibat butun Respublikaning xalqaro miqyosda jozibadorligini oshirish maqsadi mujassam. Bunday amaliyot esa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, kerak bo‘lsa katta xarajat talab qiladi. 

Mutaxassislarning ma’lum qilishlaricha, yangi sport kompleksi O‘zbekiston sportini yanada rivojlantirishga ijobiy turtki beradi. Jumladan, o‘z ichiga 12 ming 500 nafar kishini sig‘dira oladigan, qariyb 9 gektar maydonni qamrab olgan mazkur sport saroyi hududida muz arenasi, mashg‘ulotlar maydoni, bolalar o‘quv-ko‘ngil ochar parki, oilaviy dam olish markazlari, amfiteatr, favvorali hiyobonlar, restoran va rekreatsion zonalar, bog‘ va sayr qiladigan joylar, zamonaviy parking va boshqa ko‘plab binolar bo‘lib, ulardan imkoniyati cheklangan kishilar ham bemalol foydalanishlari mumkin. Kompleksning yana bir qulayligi shundaki, unda transformer-arena mavjud, o‘zining innovatsion texnologik yangiliklari bois, bu yerda bir vaqtning o‘zida bir necha tadbirni o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Masalan, muz bilan bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan sport musobaqalarini o‘tkazish hamda kontsert dasturlarini uyushtirish mumkin. Shuningdek, kompleks yil bo‘yi faoliyat ko‘rsatadi. Uning bazasida esa sport jamoalari tashkil etiladi.

Sport inshootining ochilishi haqida birinchilardan bo‘lib xabar bergan mamlakatimizning faol Kun.uz sayti ma’lumotlariga tayanib shuni aytish mumkinki, “HUMO ARENA” sport kompleksi birinchidan O‘zbekiston yoshlarida sport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha rag‘bat paydo qiladi. Qishki va yozgi sport turlarini rivojlantirish, xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlar imkonyatini tuhfa etadi.

Ikkinchidan, bunday keng ko‘lamli, ko‘plab tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan muhtasham saroy O‘zbekiston, xususan Toshkent shahrining bezagiga aylandi. Bunday fazilatlar esa nafaqat xalqimiz, balki yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar va mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “HUMO ARENA” sport kompleksining ochilish marosimidagi nutqida: “Bizning poytaxtimizga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib turgan, sizlarning ishtirokingizda foydalanishga topshirilayotgan bu zamonaviy sport saroyi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning dastlabki amaliy natijasidir” deb tadbir ishtirokchilarini, ko‘p millatli O‘zbekiston aholisini, barcha-barchani mamnun etdi. Davlatimiz rahbarining bunday ishonch bilan aytgan so‘zlari beqiyos uzukka mengzalgan yurtimizda uning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan bu singari duru javohirlar hali ko‘p bor bunyod etilishiga umidli ishoradir. 

... O‘zgarayotgan, yangilanayotgan, yanada chiroy ochayotgan, jahonaro olam ahlining e’tirofu olqishlariga sazovor bo‘layotgan yurtimizga hech qachon ko‘z tegmasin! Axir, so‘nggi ikki yil ichida nafaqat poytaxtimiz, balki mamlakatimizning barcha viloyatlari, shahar va qishloqlaridagi bunyodkorliklarga qarab, ona Vatanimizni sevadigan har bir odamning dilida faxru g‘urur, quvonchu shodlik barq urmasligi mumkinmi?!  

“HUMO ARENA” muhtasham saroyi kattayu kichikka ana shunday quvonch ulashuvchi ulkan yangilik bo‘ldi.

 

Abdurasul JUMAQUL.   

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.