Xalqaro yuridik forumi – katta tajriba maktabi

“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturiga asosan Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma kompaniyasi, Xalqaro biznes markazi va Xalqaro savdo markazi hududlarida o‘tkazilgan “Tashkent Law Spring” – “Toshkent huquq bahori” xalqaro yuridik forumi samarali muloqotlarga boy bo‘ldi.

 

Ilk marotaba tashkil qilingan ushbu nufuzli tadbirdan maqsad jahon yuridik hamjamiyatini O‘zbekiston qonunchiligi bilan yaqindan tanishtirish, qatnashchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida aniq ma’lumotlar berishdan iborat. 

Bundan tashqari, huquq sohasidagi yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislar, ekspertlar, olimlarni bir joyga to‘plab, ular bilan birga, dunyoda kechayotgan huquq yo‘nalishidagi so‘nggi tamoyillarni muhokama qilish, zamonaviy yuridik fan va amaliyotning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish, eng muhimi, forum muhokamalari natijalaridan O‘zbekistonning huquq tizimini rivojlantirishda samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.

— Forumda milliy va xorijiy adliya, sud, prokuratura va boshqa davlat organlarining rahbar xodimlari, jamoat tashkilotlari, xalqaro tijorat va notijorat tashkilotlari, dunyoning yetakchi yuridik firmalari rahbarlari va vakillari, huquq hamda xalqaro munosabatlar bo‘yicha taniqli ekspertlar ishtirok etdi, — deydi Adliya vazirligi xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi bosh maslahatchisi Hurliman Aytniyazova. — Bu nafaqat tajriba almashish, balki tizimga endi qadam qo‘ygan yosh mutaxassislar uchun katta maktab bo‘ladi. Uning doirasida o‘tgan tadbirlarning natijalariga qarab, forumni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib borishni ham maqsad qilganmiz.   

Asosiy mavzu — “Huquq jadal modernizatsiya davrida!” Ushbu mavzu bejizga tanlanmadi. Forum qatnashchilari bilan birgalikda davlat va jamiyatning jadal o‘zgarishlari davrida huquq qanday bo‘lishi kerak, degan savolga javob topishga harakat qilindi. 

Forumda ishtirok etish uchun Singapur Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Rossiya Federatsiyasi, Afg‘oniston Islom Respublikasi, Belarus Respublikasi, Ozarboyjon Respublikasi adliya vazirliklari hamda Koreya Respublikasi Davlat qonunchiligi vazirligi delegatsiyalari tashrif buyurdi. Tadbir arafasida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov Saudiya Arabistoni Podshohligi adliya vaziri o‘rinbosari Alasim Yaser Hamad, Singapur Respublikasi Adliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklari Katta davlat vaziri Edvin Tong hamda Frantsiya Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Ushbu keng qamrovli anjumanda o‘ttizdan ziyod davlatdan 244 nafar xorijiy ishtirokchi, jami mingdan ortiq mutaxassis qatnashdi.

“Sifatli davlat boshqaruvi”, “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish”, “Faol investitsion siyosat” yo‘nalishlari bo‘yicha forumning asosiy tadbirlari doirasida 17 muhokama sessiyalari bo‘lib o‘tdi. Ularda 134 nafar ekspert ma’ruza qildi. Ma’ruzachilar orasida Amerika yuristlari assotsiatsiyasi Huquq ustuvorligi bo‘limi direktori, Garvard universiteti professori Alberto Mora, Mulk huquqi Alyansi ijrochi direktori (The Property Rights Alliance, PRA) Lorenzo Montanari, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining raisi, “White & Case” Xalqaro yuridik firmasi hamkori Kerolin Lemm, Yevropa nizolarni hal etish markazi prezidenti Alesh Zalar, Rossiya Federatsiyasi Advokatlar palatasi prezidenti Yuriy Pilipenko, Huquqiy rivojlanish xalqaro tashkiloti (HRXT) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Fred Xyuston singari taniqli ekspertlar bor.

“Sud ekspertizasi” va “Notariat” mavzulariga oid  davra suhbatlari, “Yuridik kompaniya boshqaruvi: muvaffaqiyat sirlari” va “Investitsiya loyihalarini boshqarish” mavzularida mahorat darslari o‘tkazildi.

— Turli davlatlardan mutaxassislar taklif etilgan ushbu nufuzli tadbirda qatnashganimdan mamnunman, — deydi Boston yuridik kolleji (AQSh) vakili Vinsent Rogeu. — Men tanlagan mavzu  advokatura yo‘nalishida bo‘ldi. Bizda, ya’ni Amerikada huquqiy tizim boshqacharoq. Masalan, sud jarayonida ishtirok etadigan advokatning maqomi hamma joyda bir xil. Britaniyada advokatlar barrister va solisitor (yurist-konsultant) yo‘nalishlarida ish olib boradi. Bizda esa har ikki vazifani bitta advokat bajaraveradi. Bu bilan demoqchimanki, ushbu forum tajriba almashish uchun katta imkoniyatdir. Bugungi tadbirda amerikalik yuristlar uchun ham muhim bo‘lgan masalalar xususida ma’ruzalar tingladik. Masalan, fuqarolarga huquqiy yordam, huquq-tartibot organlari tizimini takomillashtirish borasidagi mavzular menga juda ma’qul bo‘ldi. O‘rta Osiyo huquqiy tizimi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga esa men kabi ko‘pchilik qiziqdi. 

Forum doirasida “Yilning eng yaxshi advokati”, “Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi”, “Eng yaxshi korporativ yuridik xizmat” kabi nominatsiyalar bo‘yicha  o‘tkazilgan respublika tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. 

Xalqaro forum tadbirlari o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borildi. 

Xolida FAYZIYEVA.

Sholaziz Shoxidoyev 

fotosi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.